Olim

JOʻRAYEV OLIMJON

Filologiya fanlari doktori, professor

Olimjon Joʻrayev 1939 yil 17 aprelda Samarqand viloyati Gʻallaorol tumani (hozirgi Jizzax viloyati Baxmal tumani) Barlos qishlogʻida ziyoli oilada tavallud topgan.



1948-1953-yillarda Baxmal tumani Alisher Navoiy nomidagi 32-oʻrta maktabda, 1953-1958-yillarda Toshkent viloyati Boyovut tumani A. Matrosov nomidagi 19-oʻrta maktabda oʻqidi.



1960-1963-yillarda Toshkent madaniy-oqartuv texnikumida oʻqigan.



1963-1968 yili Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetini “Imtiyozli diplom” bilan tugatgan.



1968-1974 yillarda Samarqand Davlat pedagogika institutida turli lavozimlarda ishlagan. 1974 yili ishlab chiqarishdan ajralmagan holda Beruniy nomidagi Oʻzbekiston davlat mukofoti laureati, professor Hamid Sulaymon rahbarligida “Oʻzbek klassik adabiyotida falsafiy-taʼlimiy dostonchilik va uning taraqqiyotida Alisher Navoiyning roli va oʻrni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.



1974-yil 1 sentyabrdan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyrugʻi bilan yangi tashkil etilgan Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutining Oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida dekan oʻrinbosari.



1976-1981-Jizzax davlat pedagogika instituti “Boshlangʻich taʼlim uslubiyati” kafedrasi mudiri.



1981-1983 Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti dekani.



1983-Jizzax davlat pedagogika instituti oʻzbek adabiyoti kafedrasi dotsenti.



1983-85-Jizzax davlat pedagogika instituti sirtqi boʻlim prorektori.



1985-1988-Jizzax davlat pedagogika instituti boshlangʻich partiya komiteti raisi.



1988-91-Jizzax davlat pedagogika instituti oʻzbek adabiyoti kafedrasi dotsenti.



1992-Jizzax davlat pedagogika instituti oʻzbek adabiyoti kafedrasi professori.



1993-“Ziyokor” koʻp nusxali institut gazetasi tashkilotchisi.



1993-2005-Institut “Ziyo chashmasi” (Ziyokor) gazetasi bosh muharriri.



2005 — Jizzax davlat pedagogika instituti oʻzbek adabiyoti kafedrasi professori.



Olimjon Joʻrayev oʻquv-tarbiyaviy ishlar bilan birga oʻzbek adabiyotiga oid turli dolzarb masalalar boʻyicha risola, monografiya, maqolalar chop ettirgan. Uning 300 ga yaqin publitsistik va ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari “Sharq yulduzi”, “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Guliston”, “Fan va turmush”, “Sirli olam”, “Adabiyot koʻzgusi”, “Adabiy meros”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Maʼrifat”, “Qalb koʻzi”, “Sohibqiron yulduzi”, “Ishonch”, “Zarafshon”, “Xorazm haqiqati”, “Jizzax ovozi” singari gazeta va jurnallarda hamda “Oʻzbek adabiyoti masalalari”, “Oʻzbek adabiyoti boʻstoni”, “Asrlar nidosi”, “Muborak maktublar” va boshqa toʻplamlarda dunyo yuzini koʻrgan.



“Haydar Xorazmiy”, “Qiymati oʻksurmu necha sinsa siym?”, “Qalb darchasin qoqayotgan oʻylar”, “Asrlarni dogʻda qoldirgan qissalar”, “Navroʻz dillar va fasllar tarovatini ochuvchi fasl” , “Sirlar gulshani”, “Andalib-Turonzamin yoxud turkiy xalqlar bulbuli”, “Baxodirlik va adalotni kuylovchi qissalar” singari oʻnlab dolzarb mavzuga bagʻishlangan maqolalari respublikamiz olimlari tomonidan qizgʻin kutib olingan.



Olimjon Joʻrayev mumtoz adabiyotimizning jonkuyar-fidoyisi. Uning oʻtmish adabiyotimizning oʻta muhim mavzulariga bagʻishlangan. “Oʻzbek klassik adabiyotida falsafiy-didaktik dostonchilik tarixidan” (1974), “Oʻzbek klassik adabiyotida falsafiy-didaktik dostonchilik” (1985), “Majoziy-didaktik talqinlar”(1989), “Alisher Navoiyning epik poeziyadagi turkigoʻy salafi” (1990), “Maʼnisiga yetganlar yerga qoʻyar burkini”, “Amir Temur tuzuklarida “Qurʼon oyatlari va insoniy qadriyatlar”(1997) singari qator risola va monografiyalari mazkur janrga oid masalalarni oʻrganishda nazariy asos boʻlgan.



Shuningdek, “Qadimgi Afandi latifalari” (1993), “Qissai Zufunun”, “Qissai Zarqum” (1993), “Qisasi Rabgʻuziy” (Rabgʻuziy) “Donishmand Malika va uning ming bir savoli”, Gulshan ul asror” (Haydar Xorazmiy), “Zayn ul -Aʼrab”(1993), “Bobo Ravshan” (Andalib) (1993), “Ahtamnoma” (Sayqaliy) kabi 20 dan ortiq qadimiy qoʻlyozmalar ham O.Joʻrayevning tinimsiz izlanishlari va mehnati tufayli xalq maʼnaviy mulkiga aylandi.



O.Joʻrayev sinchkov va noziktaʼb murabbiy edi. U yosh-iqtidorli qalamkashlar: Abulqosim Muhammad Rasul, Abdulla Qoʻshboq, Xoʻjabek Tursun, Abduxalil Sattor oʻgʻli, Zulfiya Boʻriyeva, Sayid Azim Ravshan, Zuxra Mamadaliyeva, Norboʻta Shodiyorov, Oydin Donisheva, Olimjon Ochilov va boshqa oʻnlab yosh ijodkorlarning toʻplamlariga “oq yoʻl” tilab, soʻz boshi yozgan. Muharrir va adabiyotshunos olim sifatida Zebiniso Lapasova, Gulnoza Qodirova, Sanobar Qayumova, Omonulla Boyjigitov, Nigora Alishboyeva, Shoira Qozoqova, Narzulla Qashamov, Xolniso Rahmonqulova, Gulsara Qoraboyeva, Shohida Mamayusufova, Muhayyo Rashidova, Manzura Joʻrayeva, Orif Rajab, Ziyodulla Ostonoqulov, Rustam Borot, Nurali Odil singari yosh ijodkorlarni kashf etdi.



O.Joʻrayev Oʻzbekiston Respublikasi Jurnalistlari uyushmasi aʼzosi oʻlaroq ham bir qator ishlarni amalga oshirgan. Ayniqsa, institutda “Ziyo chashmasi” gazetasini tashkil etish, talabalar orasida keng yoyish hamda taʼlim tarbiyaning muhim masalalarini koʻtarib chiqishda jonbozlik koʻrsatgan.



Olimjon Joʻrayev ozarbayjon, turkman, qozoq, qoraqalpoq, tojik va boshqa xalqlar adabiyoti vakillari ijodidan qissa, hikoya, doston va sheʼrlar tarjima qilgan.



Ustozning uzoq yillik mehnatlari hukumatimiz tomonidan “Respublika Xalq taʼlimi aʼlochisi” (1980), “Mehnat faxriysi” medali (1991), “Doʻstlik” ordeni (1995), Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti (1996) kabi mukofot, orden va medallar bilan taqdirlangan.