Olim

JOʻRAYEV TOSHBOLTA TOʻXTAYEVICH

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Toshbolta Toʻxtayevich Joʻrayev iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Oliy taʼlim aʼlochisi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Toshbolta Toʻxtayevich katta hayot yoʻlini bosib oʻtib, Oʻzbekistonda ilmiy maktab yaratgan, taniqli iqtisodchi olim va koʻplab shogirdlarning ustozi, mahoratli pedagog, katta nufuzli ilmiy jamoa rahbari darajasiga erishdi.



Joʻrayev Toshbolta Toʻxtayevich 1956 yil 10 mayda Jizzax viloyati Baxmal tumanida dehqon oilasida tugʻilgan. 1973-1977 yillarda Toshkent Xalq xoʻjaligi institutining “Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti” fakultetida tahsil olgan.



T.T.Joʻrayev 1977-1983 yillarda Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi turli davlat qurilish va qishloq xoʻjalik korxonalarida hisobchi, katta hisobchi, bosh iqtisodchi lavozimlarida ishlagan.



1983-1987 yillar Toshkent Xalq xoʻjaligi instituti Jizzax shahridagi filialida ishlash uchun assistent lavozimiga saylangan.



1987-1989 yillarda Toshkent Xalq xoʻjaligi institutining “Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti” kafedrasida aspiranturada oʻqigan.



1989-1991 yillarda Toshkent Xalq xoʻjaligi institutining “Siyosiy iqtisod” kafedrasi assistenti, 1991-1992 yillarda Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti “Siyosiy iqtisod” kafedrasi katta oʻqituvchisi, 1992-1994 yillarda mazkur kafedra dotsenti, lavozimlarida faoliyat yuritgan.



1994-1996 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasida doktoranturani tugatgan.



1996-2000 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat yuritgan.



2000-2017 yillar mobaynida Toshkent Moliya instituti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib borgan.



Joʻrayev Toshbolta Toʻxtayevich 2017 yildan Toshkent Moliya instituti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi professori, hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.



U 1990 yilda “Qishloq xoʻjalik maqsadlaridagi asosiy ishlab chiqarish fondlaridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini hamda 2007 yilda “Iqtisodiy resurslar doiraviy aylanish jarayonining nazariy asoslari va samaradorligini oshirish omillari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va 2009 yilda professor ilmiy unvonini olgan.



Joʻrayev Toshbolta Toʻxtayevich iqtisodiyot nazariyasi boʻyicha iqtidorli olim, Respublika va xalqaro miqyosida juda koʻplab ilmiy maqolalar, monografiyalar, uslubiy qoʻllanma va darsliklar chop ettirgan. T.T.Joʻrayev 5 ta darslik, 10 ta oʻquv qoʻllanma, 50 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 5 monografiya, 7 ta ilmiy risola, 300 dan ortiq ilmiy maqola, maʼruza tezislar muallifi hisoblanadi. U iqtisodiyot nazariyasining zamonaviy muammolarini, shu jumladan, asosiy ishlab chiqarish fondlari, iqtisodiy-tabiiy va mehnat resurslaridan unumli, samarali foydalanish masalalarini chuqur tadqiq etgan. Shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning muhim omili boʻlgan iqtisodiy resurslardan tejamkorlik asosida oqilona foydalanishning nazariy jihatlari va ustuvor yoʻnalishlarini tadqiq etishga bagʻishlangan koʻplab ilmiy ishlarini eʼlon qilgan. T.T.Joʻrayev talabalar uchun “Iqtisodiyot nazariyasi” va boshqa iqtisodiy fanlardan darslik, oʻquv qoʻllanma va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar muallifidir. Uning D.Tojiboyeva bilan birgalikda nashr ettirgan “Iqtisodiyot nazariyasi (koʻrgazmali va tarqatma materiallar” mavzusidagi oʻquv qoʻllanmasi 2013 yilda ijtimoiy-gumanitar fanlari boʻyicha eng yaxshi darslik va oʻquv qoʻllanmalari nominatsiyasi boʻyicha respublika tanlovida faxrli ikkinchi oʻringa sazovor boʻldi. T.T.Joʻrayev oliy malakali iqtisodchi kadrlar tayyorlash, “Iqtisodiyot nazariyasi” fanidan oʻquv adabiyotlar yaratish borasidagi xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “Oliy taʼlim aʼlochisi” nishoni bilan taqdirlangan.



Soʻnggi yillarda T.Joʻrayev sheʼriyatning muvashshax yoʻnalishida qalam tebratmoqda. Ushbu badiiy ijod natijasi sifatida 4 ta sheʼriy va 5 ta nasriy kitob chop etilgan. Ular qatorida “Yaxshilarga qalbim tilaklari”, “Yaqinlarimga dil izhorlarim”, “Tabriklar, qutlovlar va muvashshax bagʻishlovlar”, “Otam-davlatim, onam-jannatim”, “Ibratli hayot va sermazmun umr daftari”, “Hayotimdagi ilohiy lahzalar”, “Shajaramiz tafsiloti”, “Futbolga ogʻushtva hayot” ka’bilar nashr etilgan. Shuningdek, hammualliflikda “Iqtisodchi olimlar” nomli Oʻzbekiston iqtisodchi olimlarining avtobiografik toʻplami chop etilgan. T.T.Joʻrayev 2023 yildan buyon Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosidir.



Toshbolta Toʻxtayevich Toshkent moliya institutining xalqaro aloqalarini oʻrnatishga ham munosib hissa qoʻshib kelgan. Bevosita uning tashabbusi bilan M.V.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universiteti, Moskva ijtimoiy iqtisodiy instituti hamda Sankt-Peterburg iqtisodiyot va moliya universiteti bilan hamkorlik shartnomalari oʻrnatilib, bir necha bor ular bilan birgalikda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil qilingan. U xoʻjalik shartnomalari va davlat granti doirasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarida ham faol ishtirok etib keladi. Uning rahbarligida 5 ta davlat granti loyihasi doirasida tadqiqot ishlari amalga oshirilgan va koʻplab xoʻjalik shartnomalari bajarilgan.



Shuningdek, T.T.Joʻrayev rahbarligida 7 nafar fan nomzodi tayyorlangan boʻlsa



hozirgi kunda qator ilmiy-tadqiqotchi izlanuvchi va mustaqil tadqiqotchilar doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy tadqiqot ishini olib bormoqda.



Toshbolta Toʻxtayevich 1997-2012 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida (hozirgi Davlat boshqaruvi akademiyasi)da oʻrindoshlik asosida ishlab respublikaga rahbar xodimlarni tayyorlash ishiga ham munosib hissa qoʻshgan.



Joʻrayev Toshbolta Toʻxtayevich iqtisodiyot nazariyasi fanini rivojlantirish va yangi pedagogik texnologiya asosida oʻqitish boʻyicha bir qancha ishlarni amalga oshirib kelmoqda. U 2010-2012 yillarda Toshkent moliya instituti huzuridagi, 2013-2016 yillar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va 2017 yildan buyon Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashgan kengash va uning qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U “Moliyachi” ilmiy jurnali tahririyat kengashi aʼzosi sifatida ham muayyan ishlarni bajarib keladi.



Joʻrayev Toshbolta Toʻxtayevich namunali oila boshligʻi, u rafiqasi Qurbonoy ona bilan 3 nafar farzand va 9 nafar nabilarni tarbiyalab kelmoqda. Rafiqasi Qurbonoy ona uzoq yillar davomida sogʻliqni saqlash tizimida ishlab, sogʻlom avlodni tarbiyalash ishiga munosib hissa qoʻshib keladi.