Olim

KADIROVA MUNIRA RASULOVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor

Kadirova Munira Rasulovna 1984-yilda Fargʻona viloyati Quvasoy shahrida tugʻilgan. 2009-yildan Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filiali oʻqituvchisi, 2014-yildan Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filiali “Tillar va taʼlim texnologiyalari” kafedrasi mudiri hamda 2021-yildan Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan. 2022-yildan boshlab, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor lavozimida ishlab kelmoqda.



2018-yilda PhD dissertatsiyasini himoya qildi. 2019-yilda dotsent ilmiy unvonini olgan. 2022-yilning aprel oyida “Tibbiy taʼlim jarayonida kasbiy kompetentlikni metodik takomillashtirish texnologiyalari (tibbiyotda pedagogikani oʻqitish misolida)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2023-yilda professor ilmiy unvoniga ega boʻldi. Uning tadqiqot ishlari yuzasidan olib borgan tadqiqot natijalari Respublikamiz va xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tatbiq qilinmoqda.



Kadirova Munira Rasulovna tomonidan 70 dan ortiq ilmiy materiallar va 4 ta monografiya, 5 ta darslik, 6 ta oʻquv qoʻllanma chop ettirgan. Shundan 50 dan ortiq ilmiy maqolalari xorijiy va 4 ta scopus bazasidagi jurnallarda, mustaqil davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlari va respublikamizning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilgan. Shu bilan birga Intellektual mulk agentligi tomonidan 5 ta dasturiy mahsulotga guvohnoma olingan. Xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan ilmiy – amaliy anjumanlarda faol ishtirok etib kelmoqda. M.Kadirova Belorussiya davlati olimlari bilan hamkorlikda Tibbiy taʼlim talabalari uchun “Taʼlim texnologiyalari” fanidan darsligini chop etgan.



Kadirova Munira Rasulovna A-1-100 “Tibbiyot xodimlari uchun chet tili, axborot kommunikatsion va taʼlim texnologiyalari boʻyicha uzluksiz malaka oshirish tizimini yaratish va uning samaradorligini oshirish” mavzusidagi 2015 – 2017 yillarga moʻljallangan amaliy loyihada ilmiy xodim va BYOA 1-012 “Oliy taʼlim muassasalarida talabalarni chet tili boʻyicha ekologik madaniyatini faollashtirishning uslubiy asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi 2017-2018-yillarga moʻljallangan yosh olimlar amaliy loyihasida rahbar sifatida ish olib borgan. Bugungi kunda M.Kadirova Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan olima ayollar ilmiy loyihalari tanlovida qatnashib 2021 – 2022-yillar uchun moʻljallangan “Tibbiy taʼlim pedagoglari uchun “Tibbiyot pedagogikasi” elektron metodik portalini yaratish” nomli IZ-2020041512 amaliy loyihani qoʻlga kiritdi va amaliy loyiha rahbari sifatida Germaniyaning University of Applied Sciences ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda ish olib borgan. 202-yilda oʻtkazilgan tanlovda shogirdi T.Kaxarova bilan “Talabalarga ingliz tilini oʻrgatishda interaktiv 3D adabiyotini yaratish”nomli Start up loyihasi gʻolibi.



Kadirova Munira Rasulovna “Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” II Respublika tanlovida “Eng samarali innovatsion loyiha” nominatsiyasi gʻolibasi boʻldi va diplom bilan taqdirlandi.



Kadirova Munira Rasulovna 2019-yilning iyul – avgust oylarida Maksim Tank nomidagi Belorussiya davlati pedagogika universitetida malaka oshirib keldi hamda 2020-yil mart oyida Istambuldagi Sulton Abdulxamid nomidagi Soglik Bilimlari Universitetida tibbiy taʼlimga kredit – modul tizimini tatbiq etish boʻyicha tajriba almashib keldi. 2021-yilning noyabr oyida Germaniyaning Akkon Hochschule für Humannwissenschaften institutida tibbiy taʼlimda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha tajriba almashib oʻzining ilmiy tadqiqot ishini amaliyotga joriy etib keldi.



2022-yilda TOR – 1000 talik universitetlarida ham tajriba almashib maʼruzalar oʻqigan jumladan Qozogʻistonning Al – Farobiy nomidagi universitetida, Turkiyaning Izmir shahridagi Ege universitetida, Birlashgan Arab amirligidagi Gulf tibbiyot universitetlarida tajriba almashib kelgan.



Kadirova Munira Rasulovna Oliy Majlis Senatining Xotin – qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan “Yetakchi ayollar muloqoti platformasi” ning Ilm – fan yoʻnalishidagi masʼuli sifatida viloyatdagi ilmiy tadqiqotchilarga amaliy yordam berib kelmoqda. Shuningdek Fargʻona viloyatidagi Oqila ayollar harakati aʼzosi.



Kadirova Munira Rasulovna Namangan davlat universiteti qoshidagi Ped.03/04.06.2020. Ped.76.02 raqamli ilmiy kengash aʼzosi, Fargʻona davlat universiteti qoshidagi PhD.03/30.11.2021.Ped.05.07 raqamli ilmiy kengash aʼzosi, Qoʻqon davlat pedagogika instituti huzuridagi Ped.03/29.12.2022 ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutining PhD.04/30.09.2020.Tib.122.01raqamli ilmiy kengash qoshida tibbiy pedagogikaga yoʻnaltirilgan tadqiqot ishlarini muhokamalarida oʻtkazishda hamda amaliyotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda.



Kadirova Munira Rasulovna faoliyati davomida 2016-yilda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan “Eng faol kafedra mudiri” sifatida taqdirlangan shuningdek Sogʻliqni saqlash vazirligi, Viloyat va shahar hokimliklari tomonidan ham taqdirlangan. 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 30 yilligi koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.



M.Kadirova prorektor sifatida institut professor – oʻqituvchilarni ilmiy izlanishidagi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratib, yosh pedagoglarning ilmiy — tadqiqot ishlariga amaliy yordam bermoqda hamda biriktirilgan maktablarda ham oʻquvchilarni oliy taʼlimga yoʻnaltirish boʻyicha samarali ishlarni amalga oshirmoqda va institutda xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻygan xorijiy davlatlardan professor – oʻqituvchilarini maʼruzalarga jalb etishda bir necha samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek fan olimpiada gʻoliblarini, nomdor stipendiantlarni, davlat mukofotiga nomzodlarni tayyorlashda ham qator samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunga qadar Kadirova Munira Rasulovna rahbarligida 2 nafar falsafa doktori, 3 nafar fan doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi.



Kadirova Munira Rasulovna oilali 3 nafar farzandning onasi.