Karimova Vasila Mamanosirovna 1955 yil 18 avgustda Fargʻona viloyatida xizmatchi oilasida tugʻilgan, maʼlumoti oliy, Moskva davlat universitetining psixologiya fakultetini 1977 yilda tamomlagan, 1988 yilda psixologiya fanlari nomzodi, 1994 yilda – psixologiya fanlari doktori ilmiy darajasini, 2000 yilda professor unvonini olgan.
V.Karimova psixologiya fanlari doktori, professor sifatida Oʻzbekistonda psixologiya sohasida oliy malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda; 40 dan ziyod shogirdlari bor, psixologiya boʻyicha besh nafar fan doktori, 28 nafar fan nomzodi boʻlgan shogirdlari ilmiy daraja beruvchi diplom sohiblaridir;
400 dan ziyod monografiya, darslik, oʻquv qoʻllanma, risola, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi; nopedagogik hamda nopsixologik yoʻnalishda taʼlim olayotgan oliy oʻquv yurtlarining talabalariga moʻljallab yozilgan “Psixologiya” nomli oʻquv qoʻllanmasi bir necha yillar mobaynida “Yilning eng yaxshi kitobi” tanlovi gʻolibi (2001 va 2002 y.y.) boʻlgan, u barcha oliy oʻquv yurtlarida asosiy qoʻllanma sifatida oʻqitilib kelinmoqda. 2012 yilda chop etilgan “Ijtimoiy psixologiya” nomli darsligi barcha oliy oʻquv yurtlari magistrlari uchun moʻljallab yozilgan yagona darslik hisoblanadi. Muallifning qator ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari “Xalq soʻzi”, “Maʼrifat” kabi yetakchi gazetalarda “Yilning eng yaxshi maqolasi” tanlovlarining bir necha marotaba gʻolibi boʻlgan (2005, 2008, 2012).
Oʻtgan yillar mobaynida V.Karimova tomonidan jami 49 nomli oʻquv qoʻllanmalar, 5 ta monografiya, 2 ta darslik, 42 ta Xalqaro va Respublikaning nufuzli ilmiy-amaliy anjumanlarida ilmiy maqolalar chop etilgan, Xalqaro va respublika ilmiy-amaliy grantlarining rahbari va ishtirokchisi sifatida oʻzi va shogirdlari bilan ilmiy izlanishlar olib borgan, 20 dan ziyod fundamental, amaliy, innovatsion, Xalqaro ilmiy tadqiqot loyiha-grantlarning rahbari va ijrochisi boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 7 iyun qaroriga koʻra tuzilgan “Milliy istiqlol gʻoyasi konsepsiyasi”ni tayyorlovchi ishchi guruh aʼzosi sifatida ilmiy jurnallar hamda Respublika matbuotida 100 dan ortiq maqolalar chop ettirgan va “Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” kitobining mualliflaridan biri hisoblanadi. “Oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar qayta koʻrib chiqish va yangilarini yaratish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi komissiyasi” ishchi guruhi aʼzosi (Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 29 may qarori) sifatida koʻplab yangi avlod darslik va qoʻllanmalarining muallifi va taqrizchisi sifatida tanilgan.
Professor V. Karimova ilmiy-pedagogik faoliyatini jamoatchi-tashkilotchilik bilan uygʻunlashtirilgan: 1994 yilda “FarDU xabarlari”, 2004 yilda “Oila” ilmiy-maʼrifiy, ijtimoiy psixologik, rangli-bezakli jurnalning asoschilaridan, “Oila” jurnalining bosh muharriri boʻlib ishlagan. V. Karimova oʻtgan yillar mobaynida Respublikaning koʻzga koʻringan jamoatchi faoli sifatida 30 ga yaqin jamoat tashkilotlari va jamgʻarmalarning taʼsischi – aʼzosi sifatida yoshlar, xotin-qizlar, mahalla faollari oʻrtasida katta faollik koʻrsatgan; milliy mafkura, oila psixologiyasi, sogʻlom turmush tarzini targʻib etuvchi 50 dan ziyod maqola va koʻrsatuvlar muallifi, ishtirokchisidir.
V.M. Karimova 1994 yildan buyon psixologiya boʻyicha Ixtisoslashgan ilmiy kengashlarning aʼzosi, rais oʻrinbosari, raisi sifatida mamlakatimizda yuqori malakali psixolog kadrlar tayyorlashga katta hissa qoʻshib kelmoqda: turli yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Qozogʻiston Milliy universiteti qoshidagi Ixtisoslashgan Kengashlarda rais (2007 yil OʻzMU. 2022 yil TDPU), rais oʻrinbosari (1998 — 2007) va aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan.
1991 yilda Fargʻona davlat universitetida ochilgan birinchi psixologiya va amaliy sotsiologiya fakultetining asoschisi va professori vazifasini bajarib keldi, 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshida ilk marotaba ochilgan Ijtimoiy psixologiya kafedrasi va aspiranturaning asoschisi va professori boʻlib faoliyat yuritgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra 2000 – 2011 yillarda Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazining direktori sifatida tanildi va markaz qoshidagi Ilmiy-uslubiy kengashning raisi sifatida oilashunos kadrlar tayyorlash, aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini sifat jihatdan yuqoriga koʻtarishga hissa qoʻshgan olima-rahbardir. V.M. Karimova oilali, ikki farzandning onasi, toʻrt nabiraning buvisi. Hozirda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti “Amaliy psixologiya” kafedrasi (0,5 stavka) hamda FarDU “Psixologiya” kafedrasi professori (0,5) sifatida ishlab kelmoqda. U Xalqaro Psixologiya fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzosi hamda “Oliy taʼlim aʼlochisi, bir nechta koʻkrak nishonlari sovrindori hisoblanadi.