Olim

KAYIMOV ABDIXALIL

Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor

Qayimov Abdixalil qishloq xоʼjaligi fanlari doktori, professor, Oʻrmonchilik sohasi va fanining yetakchi olimi, uning ilmiy asarlari nafaqat Oʻzbekiston miqyosida, balki hamdoʻstlik va uzoq xorijiy davlatlarda ham maʼlumdir. A.Qayimov – oliyjanob inson, taniqli olim, ilm-fan tashkilotchisi, yuksak martabali pedagog, ustoz va murabbiy.



Qayimov Abduxalil 1947 yilning 10 yanvarida Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, Oftobrо‘ya qishlogʻida tavallud topgan. 1969 yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini (hozirda Toshkent davlat agrar universitetini) Oʻrmon xoʻjaligi muhandisi ixtisosligi boʻyicha bitirib, Yakkabogʻ oʻrmon xoʻjaligida oʻrmonchi muhandis boʻlib ishlagan. 1969-1972 yillari Oʻrta Osiyo Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1973-1979 yillarda shu institutda kichik ilmiy xodim vazifasida ishladi. 1978-yili, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori A.I.Molchanovaning ilmiy rahbarligida Rossiyaning Volgograd shahridagi Butunittifoq agrooʻrmonmelioratsiya ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda “Sugʻorish tizimlarida ixotazorlar barpo qilish uchun tuproqqa ishlov berish uslublari» (Способы подготовки почвы под ирригационные лесные насаждения) mavzusi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.



1979-1985 yillarda Oʻrta Osiyo Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutida katta ilmiy xodim, 1985-1990 yillarda shu institutning ilmiy ishlar boʻyicha rahbar oʻrinbosari, 1990-2000 yillarda institut direktori, 2000-2004 yillari institut direktorining birinchi oʻrinbosari vazifalarida ishladi.



1995 yilda “Sug‘oriladigan yerlarda о‘rmon agrar landshaftining ekologik va meliorativ asoslari» («Экологические и мелиоративные основы лесоаграрного ландшафта орошаемых земель») mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi.



1996 yilda qishloq xоʼjaligi fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor bоʼldi. 2002 yildan 2012 yilgacha Toshkent davlat agrar universiteti “Oʻrmonchilik” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat kоʼrsatdi. Xozirgi paytda “Oʻrmonchilik va landshaft dizayn” kafedrasida professor lavozimida faoliyat kоʼrsatmoqda.



A.Qayimov tomonidan bir qancha ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilgan, bular oʻrmon ixotazorlarini barpo etish texnologiyasi, ularning meliorativ, ekologik, sanitar-gigiyenik, estetik va iqtisodiy ahamiyati kabi masalalarga bagʻishlangan. Uning rahbarligida sugʻoriladigan yerlarda sunʼiy agrofitotsenozlarning tabiiy shakllanishi bо‘yicha yirik ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi.



Ilmiy ishlar natijasida Oʻzbekistonda agro о‘rmon meliorativ landshaftning oqilona tizimi ishlab chiqildi va tavsiya qilindi. Oxirgi Oʻn besh yil davomida u mahalliy mevali Oʻsimliklar navlarini topish, saqlash va kо‘paytirish strategiyasi bо‘yicha xalqaro loyihalarda ishtirok etib, juda kо‘p amaliy yutuqlarga erishdi. Oʻrmon va mevali Oʻsimliklar genetik resurslarini oʻrganib, ularni bioxilma-xilligini tadqiqot qilishda katta yutuqlarga erishdi.



Ilmiy-pedagogik faoliyati davrida olimning 300 ga yaqin ilmiy, Oʻquv-uslubiy ishlari nashr etilgan: 7 ta monografiya, 4 ta risola, 7 ta darslik, 8 ta Oʻquv qoʻllanma, 8 ta Oʻquv-uslubiy qо‘llanmalar, 8 ta tavsiyanoma hamda mamlakatimizda va xorijda chop etilgan bir qancha ilmiy maqolalar shular jumlasidandir. Ishlab chiqilgan tavsiyalar mamlakatimizda ixotazorlar barpo qilishda va “Oʻrmon loyiha”, “Giprozem” institutlari orqali loyihalash ishlarida katta maydonlarda tadbiq etilgan.



A.Qayimov rahbarligida 3 ta fan doktori (DSc) va 10 ta qishloq xо‘jaligi fanlari bо‘yicha falsafa doktori (PhD) tayyorlandi. Hozirgi vaqtda tadqiqotchilar va magistrlar ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda. Respublika ilmiy-texnika davlat dasturlari doirasidagi ilmiy loyihalarda rahbar va maʼsul bajaruvchi sifatida samarali mehnat qilmoqda.



Oʻzbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida yuqori malakali mutaxassislarning shakllanishida katta hissa qо‘shmoqda. A.Qayimov tashabbuskorligi va rahbarligida kafedra bilan Qozogʻiston va Qirgʻiziston agrar universitetlari Oʻrmonchilik kafedralari bilan, shuningdek, Xalqaro Oʻsimliklar genetik resurslari instituti (Italiya), Ukraina va Belorussiya Oʻrmonchilik ilmiy tadqiqot institutlari, Butun Rossiya agroо‘rmonmelioratsiya ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtalarida ilmiy hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.



 



Sо‘ngi besh yil ichida 14 ta xalqaro va 12 ta respublika miqyosidagi Oʻtkazilgan simpozium va konferensiyalarda, shu jumladan: Avstriya, Italiya, Iordaniya, Bolgariya, Xitoy, Hindiston, Nepal, Tailand, Polsha, Qozogʻiston, Rossiya, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina va Belorussiya davlatlarida ilmiy maʼruzalar bilan qatnashgan. A.Qayimov Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi dissertatsiya himoya qilish bо‘yicha ixtisoslashgan kengashi aʼzosi, Markaziy Osiyoda Oʻrmon genetik resurslarini saqlash ishchi guruhi rahbari sifatida faol ishtirok etadi.



2010-2014 yillar davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida qishloq xoʻjaligi sohasida yosh olimlarning ilmiy-amaliy konferensiyalarini tashkil etgan hamda yoshlarning ushbu sohadagi ilmiy ishlarini ragʻbatlantirish va qoʻllab quvvatlashga hissa qoʻshgan.



U oʻzining mehnatsevarligi, kamtarligi, izlanuvchanligi va yurtiga boʻlgan mehri bilan jamoasi va shogirdlari oldida katta hurmat qozongan.