Kurbaniyazova Zamira Kalbayevna 1972-yil 1-mayda Kegeyli tumanida tugʻilgan. 1989-yili T.G.Shevchenko nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga oʻqishga kirib, 1994-yili Ajiniyoz nomidagi Nukus pedagogika institutini muvaffaqiyatli tamomlagan. Oʻzining mehnat faoliyatini Kegeyli tumanidagi 20-son umumiy oʻrta taʼlim maktabida rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi sifatida ishlashdan boshlagan.
1995-yili J.Orinbayev nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpogʻiston filiali “Pedagogika” boʻlimida kichik ilmiy xodim sifatida, 1995-1998 yillarda esa Qori-Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutining kunduzgi boʻlim aspiranti sifatida ilmiy ish bilan shugʻullangan. 1998-1999 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi “Oʻrta va oliy pedagogik taʼlim” boʻlimi bosh metodisti, 2000-2009 yillarda esa “Ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishlar boʻyicha innovatsion metodik” boʻlimi, soʻngra “Maʼnaviy va tarbiyaviy ishlar” boʻlimlarining boshligʻi lavozimlarida, shu bilan bir qatorda Markazda tashkil etilgan “Pedagogika” boʻyicha ilmiy kengashning ilmiy kotibi sifatida pedagogika institutlari va umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun Davlat taʼlim standartlari, darsliklar va qoʻllanmalar tayyorlashda faollik koʻrsatgan. 2002-yili “Tarbiyaviy ishlar jarayonida oʻquvchilarda milliy oʻzlikni anglashni shakllantirishning pedagogik asoslari” mavzusidagi nomzodlik ishini himoya qilgan.
Z.K.Kurbaniyazova 2009 yildan bugungi kunga qadar Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti katta oʻqituvchisi, dotsenti va kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritib, taʼlimning sifatini oshirishga doir turli tashkilotlar bilan hamkorlik ishlarini yoʻlga qoʻygan va jamoatchilik ishlarida ham faollik koʻrsatib kelgan.
Shuningdek, Z.K.Kurbaniyazova 2017 yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixida ilk bor tashkil etilgan Nukus davlat pedagogika instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Urganch davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy darajalar beruvchi DSc.28.12.2017.Ped.58.01 raqamli ilmiy kengash qoshidagi 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik taʼlimotlar tarixi (pedagogika fanlari) ixtisosligi boʻyicha ilmiy seminarning ilmiy kotibi sifatida, 2019 yildan Nukus davlat pedagogika instituti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019. Ped.34.01 raqamli Ilmiy kengashning ilmiy kotibi sifatida hamda Respublikadagi pedagogika fani boʻyicha boshqa da ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash va seminar aʼzosi sifatida ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashda fidoyilik koʻrsatib kelmoqda.
Shuningdek u “Ilim hám jámiyet”, “Ilm-fan va texnologiyalar” va “Elektron pedagogika” jurnallarining tahririyat aʼzosi vazifani ham bajarib kelgan. 2021 yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2022 yili esa “Aralash taʼlim sharoitda boʻlajak oʻqituvchilarning kasbiy kompetentligini rivojlantirish” mavzusidagi doktorlik ishini himoya qilgan. Z.K.Kurbaniyazova “Taʼlim sifati monitoringini olib borishda assessment texnologiyalari, “Joqarı oqıw orınları pedagog kadrlarınıń kásiplik kompetentligi hám pedagogikalıq sheberligin jetilistiriw”, Pedagogikaǵa kirisiw”, “Oqıtıw teoriyası: Didaktika”, “Boshlangʻich sinflarda ota-onalar bilan ishlash metodikasi”, “Методика преподавания родного языка: обучение грамоте. 1-часть”, “Tárbiya teoriyası” singari koʻplab oʻquv qoʻllanmalarning hamda “Pedagogika teoriyası”, “Pedagogik kompetentlik” va “Sociallıq pedagogika” singari darsliklarning, shuningdek oʻzbek, rus va ingliz tillarida yaratilgan “Pedagogik atamalar lugʻati”ning muallifi hisoblanadi. U Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash aʼzosi sifatida ham faollik koʻrsatib kelmoqda.
Z.K.Kurbaniyazovaning ilmiy rahbarligida koʻplab magistrantlar oʻzlarining magistrlik dissertatsiya ishlarini himoya qilgan, bir qancha mustaqil izlanuvchi va tayanch doktorantlar oʻzlarining ilmiy ishlarini olib bormoqda va pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʻlishgan. Pedagogika ixtisosligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan dissertantlarning ilmiy ishlariga ilmiy opponentlik qilib, yurtimizda pedagogika ilmining rivojlanishiga va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashdi fidoyilik koʻrsatib kelgan.