1967- yil 29-avgustda Buxoro shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. U 1984-yil Buxoro davlat pedagogika institutining oʻzbek filologiyasi va chet tillar fakultetida tahsil olib, 1988 yilda institutni imtiyozli diplom bilan tugatdi. 1991-yildan buyon Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti “Oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili, pedagogika, psixologiya” kafedrasida turli lavozimlarda faoliyat olib bordi.1997-2000 yillarda Buxoro davlat universiteti kunduzgi aspiranturada tahsil olib, 2000-yilda Nizomiy nomidagi pedagogika universitetida “Tibbiyot instituti rus guruhi talabalarining ixtisosiy nutqini oʻstirish imkoniyatlari” mavzusida pedagogika fanlari nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
2010-yilda Buxoro tibbiyot instituti “Oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili, pedagogika kafedrasi dotsenti, 2018-yilda ushbu kafedra mudiri lavozimida faoliyat olib bormoqda.2022-yilda Samarqand davlat universiteti qoshidagi Ilmiy kengashda “Tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalarida pedagogik muloqot vositasida kasbiy tafakkurni rivojlantirish imkoniyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan.
Gulnoz Negmatovna Institutda 2018 yildan buyon Institut xotin — qizlar kengashi raisi lavozimida faoliyat koʻrsatmoqda. 2019 yilda “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.G.Kurbanova doimiy ravishda oʻz malakasini oshirish, siyosiy, ijtimoiy va ilmiy nazariy saviyasini yuksaltirish, yangi ilmiy-pedagogik texnologiyalarni puxta egallab, vijdonan, masʼuliyat bilan ishlashga harakat qilmoqda. Jamoat ishlarida ham muntazam qatnashib kelmoqda. Shu sababli instituti professor- oʻqituvchilari orasida alohida hurmat-eʼtiborga ega.
2022 yil yanvar oyida 13.00.01.- Pedagogika nazariyasi va pedagogik taʼlimotlar tarixi ixtisosligi boʻyicha “Tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalarida pedagogik muloqot vositasida kasbiy tafakkurni rivojlantirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilinib, pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega boʻldi.
2022-yilda Turon fanlar akademiyasi akademigi koʻkrak nishoni, 2023-yilda professor ilmiy unvonini olgan.2023-yilda Oliy taʼlim aʼlochisi koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
TOP 1000 talikka kirgan oliy taʼlim muassasalarida Kurbanova Gulnoz Negmatovna muntazam seminar-treninglar, masterklass, mahorat darslarini oʻtib kelmoqda.
Gulnoz Negmatovna “Yosh pedagoglar” maktabini boshqarib, yosh olim va olimalarning tashkilotchisi, oʻquv, ilmiy, maʼnaviy — maʼrifiy ishlarning faol ishtirokchisi. Gulnoz Kurbanova oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashib, kafedrada shogirdlar faoliyatining sidqidildan bajarilishini, kafedra ilmiy salohiyati va jahondagi nufuzini oshirishga kamarbasta boʻlib, taʼlim sifatini va samaradorligini koʻtarishi bilan ajralib turadi.
Gulnoz Negmatovna 10dan ortiq shogirdlarning talabchan, jonkuyar, mehribon ustozi hamdir, ulardan 3 nafari pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori boʻlib, yurtimiz ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Kurbanova Gulnoz Negmatovna oliy malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlashda faol ishtirok etib kelmoqda, mehnatsevar, kamtarin, insonparvar, fidoiy, masʼuliyatli, talabchan, mehribon,bilimdon yetakchilik, kompetentlik qobiliyatiga ega boʻlgan komil inson tarbiyachisi sifatida ilmini, mahoratini salohiyatini tinimsiz oshirib boradigan rahbardir. Ibratli oila bekasi, 3 nafar farzandning onasi, 6 nafar nevaraning buvijonisi.