Olim

MADRAXIMOVA FERUZA RUZIMBAYEVNA

Pedagogika fanlari doktori, dotsent

Madraximova Feruza Ruzimbayevna 1988-yil 7-martda Toshkent shahrida tugʻilgan. Oilali, 3 nafar farzandi bor.



2007-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibasi, 2018-yil Istiqbolli kadrlar “Taraqqiyot” Respublika tanlovi gʻolibi, 2021-yil “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishoni, 2024-yil “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Respublika “Kelajak liderlari” klubi aʼzosi.



Pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent. Ozarbayjon-Turkiya hamkorligida tashkil etilgan BZT Turon akademiyasi Faxriy doktori.



 



Madraximova Feruza Ruzimbayevna mehnat faoliyatini 2011-2013-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti stajyor-tadqiqotchisi, universitet oʻqituvchisi;



2013-2014-yillarda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi Maʼnaviy-maʼrifiy boʻlim boshligʻi;



2014-2019-yillarda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston” teleradiokanali” bosh muharriri oʻrinbosari;



2019-2020-yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi;



2020-2023-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor;



2023-yil 2-avgustdan hozirgi kunga qadar Urganch davlat pedagogika instituti rektori lavozimida faoliyat olib bormoqda.



Feruza Madraximova 2021-yil 24-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini oʻtkazishda 14-Toshkent shahar saylov okrugida OSK komissiya aʼzosi, 2023-yil 30-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Referendumini oʻtkazishda 14-Toshkent shahar okrugida OSK masʼul kotibi hamda 2023-yil 9-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini oʻtkazishda 14-Toshkent shahar saylov okrugida OSK masʼul kotibi boʻlib faoliyat yuritgan.



Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetidagi faoliyati davomida F.Madraximova tashabbusi bilan “Korreksion rivojlantirish markazi”, “Yoshlar psixologik markazi”, “Turon” sport klubi, “Besh tashabbus” xonasi, “Yoshlar markazi”, “Shaxmat” xonasi, “Boks” xonasi, “Musiqa” muzeyi, “Namunaviy MTT” kabi toʻgaraklar tashkil etilgan. Shuningdek, “Oltin meros” maqomchilar ansambli, “Dilnavo” estrada va vokal instrumental ansambli, Talabalar teatr studiyasi aʼzolari uchun “Ijodxona” tashkil etilgan.



F.Madraximova tomonidan talabalarning mustaqil fikrlashini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Qadam”, “Ilm nuri”, “Men pedagogman” loyihalari, “Munavvar navolar” xalqaro koʻrik-tanlovlari, “Milliy liboslar” festivali, Yoshlar forumlari tashkil etilgan. Shuningdek, universitetning 50 nafar eng faol lider talabalaridan iborat “Universitet liderlari” saralanib, ular bilan muntazam ravishda seminarlar tashkil etib kelingan.



F.Madraximova jamiyatning faol aʼzosi sifatida mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy va ijtimoiy-siyosiy ishlar samaradorligini oshirish, keng koʻlamli bunyodkorlik islohotlarini targʻib etishda faol tashabbuskor olimalardan biri hisoblanadi.



Shuning bilan bir qatorda, F.Madraximova rahbarligida xalqaro maydonda Oʻzbekiston taʼlimini keng yoyish va jahon taʼlimi tajribasini oʻrganish maqsadida bir qancha mamlakatlar bilan Urganch davlat pedagogika institutining hamkorlik memorandumlari imzolangan.



Urganch davlat pedagogika institutiga rektor etib tayinlanganidan boshlab F.Madraximova boshchiligida 30 ga yaqin oʻzaro xalqaro hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasining 4 ta, Rossiya Federatsiyasining 7 ta, Turkiyaning 6 ta, Ozarbayjonning 6 ta, AQSh, Janubiy Koreya, Belarussiya, Iordaniya va Qozogʻiston davlatlarining 1 tadan nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolangan.



QS va Times Higher Education jahon universitetlari reytingida TOP-1000 talikdan joy olgan Turkiyaning Istambul, Nejmiddin Erbakan va Bartin universitetlari hamda Rossiya Federatsiyasining Qozon Federal universiteti va Astraxan davlat universitetlari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatilgan.



Feruza Madraximovaning Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston va boshqa mamlakatlarga xizmat safarlari davomida ushbu davlatlarning OTM va ilmiy tashkilotlari bilan oʻzaro shartnomalar asosida professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, stajirovkalar oʻtash boʻyicha kelishuvlarga erishilgan. Natijada Urganch davlat pedagogika institutiga ushbu mamlakatlardan 10 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilar kelib dars berishi yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, institutning 20 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilari xorijda malaka oshirgan va stajirovkalar oʻtab kelishgan.



F.Madraximova tashabbusi bilan institutda talabalarining mustaqil fikrlashini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Besh tashabbus markazi”, “Psixologik markaz”, “IT Inkubatsiya markazi”, “Musiqa markazi” kabi toʻgarak xonalari, maʼrifatparvar jadidlarimizning siymolari va hikmatli soʻzlarini oʻzida jamlagan “Jadidlar bogʻi”, birinchi va ikkinchi Renessans siymolari aks etgan “Maʼrifat maydonlari” bunyod etildi.



Shuningdek, talaba-yoshlarni ilmga yoʻnaltirish iqtidorli talabalar safini kengaytirish uchun “Lider” talabalar klubi hamda inklyuziv taʼlim boʻyicha logopediya va surdotarjimonlikdan bepul toʻgaraklarni yoʻlga qoʻygan.



Hozirda koʻplab telekoʻrsatuvlarda (“Oʻzbekiston 24”, “Oʻzbekiston”, “Madaniyat va maʼrifat”, “Mahalla”, “Yoshlar”, “Xorazm MTRK” telekanallari) taʼlim jarayoni, taʼlim sifatini yaxshilash, oila, xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy oʻrni, iqtisodiy erkinligi, gender tengligi, korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatdagi faol siyosiy oʻzgarishlar, besh tashabbus va iqtisodiy strategiya, inson, bolalar hamda ayollar huquqlari va ularni himoya qilish kabi masalalar bilan bogʻliq interfaol, yangi texnologik uslublarga tayangan holda ilmiy-amaliy, koʻp yillik xalqaro tajribaga asoslangan bilim va tafakkur bilan faol ishtirok etib kelmoqda.



F.Madraximova oʻz kasbiy hamda jamoatchilik faoliyati bilan birgalikda ilmiy salohiyatini ham namoyon qilib kelmoqda. Xususan, olima ayol 3 ta darslik, 2 ta oʻquv qoʻllanma, 2 ta monografiya, 3 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma va 80 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi.



Feruza Madraximova tashabbusi bilan Urganch davlat pedagogika institutida “Taʼlimda turkiy xalqlar milliy mentalitetini mustahkamlashning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro, shuningdek, “Uchinchi renessans poydevorini qoʻyishda ijtimoiy-gumanitar fanlarni oʻqitishning nazariy va amaliy ahamiyati”, “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti davrida pedagogika, maktabgacha va boshlangʻich taʼlimning rivojlanish tendensiyalari: muammo va yechimlar”, “Globallashuv jarayonida talabalar sporti va jismoniy tarbiya taʼlimining dolzarb muammolari va yechimlari” mavzularida respublika ilmiy-amaliy anjumanlari oʻtkazilgan. F.Madraximova 10 ga yaqin xalqaro forum va simpoziumlar, 15 dan ortiq respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan.