Olim

MAGRUPOV TALAT MADIYEVICH

Texnika fanlari doktori, professor

Talat Madiyevich Magrupov 1946 yil 10 iyulda Toshkent shahrida tavallud topgan. U 1963-1968 yillar davomida Toshkent politexnika institutining Injener-fizika fakultetining “Matematik hisoblash asboblari va qurilmalari” ixtisosligi boʻyicha oʻqishni tugatib, 1968 yildan Oʻzbekiston fanlar akademiyasining Kibernetika institutida oʻzining ilmiy faoliyatini boshlagan.



Talat Magrupov 1969-1979 yillar davomida injener, kichik ilmiy xodim, aspirant, katta ilmiy xodim, 1979-1993 yillar davomida tarmoqlararo (Rossiya Federatsiyasining Elektronika ishlab chiqarish vazirligi) laboratoriya mudiri, 1993-1997 yillarda Toshkent davlat texnika universiteti “Mikroprotsessorlar va mikrokompyuterlar tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi mudiri, 1997-1998 yillarda Toshkent davlat texnika universiteti “Xalqaro aloqalar” boʻlimi boshligʻi, 1998-2000 yillarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi “Taʼlim tizimi marketingi” bosh boshqarmasi boshligʻi, 2000-2005 yillarda Toshkent davlat texnika universiteti “Elektron hisoblash vositalarini loyihalash va texnologiyasi” kafedrasi mudiri, 2005-2011 yillarda Toshkent davlat texnika universiteti “Asbobsozlik” kafedrasi mudiri, 2011-2016 yillarda Toshkent davlat texnika universiteti “Asbobsozlik” kafedrasi professori, 2017 yildan hozirgi vaqtgacha Toshkent davlat texnika universiteti “Biotibbiyot muhandisligi” kafedrasi professori lavozimlarida oʻz faoliyatini davom ettirgan.



Talat Madiyevich 1974 yilda Moskva elektron texnologiya institutida “Hisoblash mashinalari, majmualari, tizimlari va tarmoqlari” va “Loyihalashni avtomatlashtirish tizimlari” mutaxassisliklari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab texnika fanlari nomzodi va 1983 yilda Mikropriborlar ilmiy tekshirish institutida (Moskva-Zelenograd) “Hisoblash mashinalari, majmualari, tizimlari va tarmoqlari” va “Hisoblash texnikasi va boshqaruvning elementlari va qurilmalari” mutaxassisliklari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlab texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor boʻlgan.



 



Magrupov ilmiy faoliyat bilan bir qatorda yoshlarga zamonaviy kompyuter hamda mikroelektron texnika va texnologiyaning yutuqlarini oʻrgatish maqsadida Toshkent politexnika institutida pedagogik faoliyat olib borishi natijasida 1989 yili professor ilmiy unvoniga sazovor boʻlgan va 1991 yildan boshlab Xalqaro Muhandislik Akademiyasi akademigi hisoblanadi.



 



Magrupov Talat Madiyevich “Elektronika va asbobsozlik”, “Biotibbiyot muhandisligi” va “Texnologik mashinalar va jihozlar (tibbiyot sanoati)” taʼlim yoʻnalishlarini va ular asosida tashkil etilgan 5 ta magistratura mutaxassisliklarining asoschisi hisoblanadi. Uning tomonidan “Asbobsozlik” (1993 y.) va “Biotibbiyot muhandisligi” (2016 y.) kafedralari tashkil etilgan. Magrupov Talat Madiyevich – “Kompyuter texnologiyasi”, “Elektronika va asbobsozlik”, “Biotibbiyot muhandisligi” sohalarida taniqli olim — pedagog. Hozirgi kunda uning rahbarligida Toshkent davlat texnika universitetida “Tibbiyot texnikasi va texnologiyasi” yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekistonda yagona ilmiy-oʻquv maktabi tashkil etilgan va unga sogʻliqni saqlash vazirligining yetakchi mutaxassislari va olimlari jalb etilgan.



Talat Madiyevich Magrupov 1996-2011 yillar davomida Qozogʻiston fanlar akademiyasining Matematika va informatika institutida doktorlik dissertatsiyalarining himoyasi boʻyicha ilmiy kengash aʼzosi sifatida faoliyat olib borgan, 2015 yilda esa Muhandislik taʼlimi dasturining sifati va akkreditatsiyasi boʻyicha Xalqaro ekspert etib tayinlangan. U “Muhandislik taʼlimi uyushmasini Markaziy Osiyo federatsiyasi” vitse prezidenti, Rossiya Federatsiyasi Oliy oʻquv yurtlarining “Biotibbiyot muhandisligi” va “Avtomatlashtirish” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv-uslubiy kengash aʼzosi. U Yevropa davlatlari: Germaniya, Shveysariya, Avstriya, Portugaliya va Rossiya universitetlari bilan uzviy aloqalar oʻrnatgan. 1996 yili AO SIEMENS (Germaniya) bilan hamkorlikda SIMUZ oʻquv-texnika markazini tashkil etgan va hozirgi kungacha markaz oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.



Talat Madiyevich Magrupov 2012-2016 yillar davomida Tempus dasturining “QUEECA – Markaziy Osiyoda muhandislik taʼlimi sifati” loyihasida respublika boʻyicha koordinator sifatida faoliyat olib bordi.  



Respublikada muhandislik bilimi va ilmini jadal suratlar bilan rivojlanishini hisobga olib, 2015 yil QUEECA granti asosida, Talat Magrupov tomonidan “Toshkent shahar muhandislik taʼlimi assotsiatsiyasi” tashkil etildi va hozirgi kungacha oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Talat Madiyevich Magrupov xalqaro va respublika grantlari gʻolibi va quyidagi loyihalar rahbari:



2023 yil — “Maʼlumotlarning yetarli emasligi sharoitida oʻpka kasalliklarini erta tashxislash uchun biotibbiy tasvirlar va signallarni birgalikda tahlil qilish uchun neyron tarmoq kompleksini ishlab chiqish” mavzusidagi fundamental loyiha (Belorussiya-Oʻzbekiston dasturi asosida);



2021 yil — Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi Davlat byudjeti tomonidan moliyalashtirilgan № MRB-2021-542 “Zamonoviy sunʼiy intellekt usullari asosida elektrokardiografik signallarni tahlil etish, ishlov berish va masofali monitoringini algoritmik va dasturiy komplekslarini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyiha (Belorussiya-Oʻzbekiston dasturi asosida);



2021 yil — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi “Oʻquvchilarni kasbiy mahoratini, intellektual salohiyatini oshirish va kasbiy faoliyatga boʻlgan qobiliyat va kompetensiyalarni shakllantirish” mavzusidagi loyiha (18 ta seminar treninglar va xalqaro konferensiya, ishtirokchilarning umumiy soni 4580 nafar, shu jumladan oʻquvchilar- 2370 nafar, oʻqituvchilar- 2210 nafar);



2018 yil — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Jamoat fondi: “Yangi texnika va texnologiyani loyihalash mahoratini oshirishda olim-muhandis- texnik uchligi hamkorligi” mavzusidagi loyiha;



2016 yil — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Jamoat fondi: “Muhandislik taʼlimi va muhandislik faoliyatini sifatini oshirish” mavzusidagi loyiha;



2012-2015 yillar — Tempus dasturida: “QUEECA — Markaziy Osiyoda muhandislik taʼlimining sifati” mavzusidagi loyihani respublika boʻyicha koordinatori sifatida Italiya, Germaniya, Portugaliya, Belgiya davlatlari hamkorligida olib borilgan;



2015 yil — Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati GIZ: “Yuqori texnologiyali tibbiyot jihozlarini qoʻllanilishi” loyihasi ishtirokchisi;



2003 yil — Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika komiteti: “Tibbiy axborot-oʻlchov texnologiyalari va diagnostik usul va tizimlarni tadqiqoti” mavzusidagi loyiha;



1996-2005 yillar — AO SIEMENS – Germaniya: “Yangi elektron texnika va texnologiya va loyihalashni avtomatlashtirish” mavzusidagi loyiha.



U ilmiy-pedagogik tadqiqotlar boʻyicha quyidagi sertifikatlar muallifi:



2021 yil — Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi.



2021 yil — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqorolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi.



2016-2018 yillar — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Jamoat fondi.



2015 yil — Xalqaro ekspert — Muhandislik taʼlimi dasturini akkreditatsiyasi (Evropa, ENAEE).



2015 yil — Yuqori texnologiyali tibbiyot qurilmalarini qoʻllanilishi (Germaniya, GIZ).



2015 yil — Muhandislik taʼlimi dasturini xalqaro akkreditatsiyasi (Belgiya — ENAEE).



2015 yil — Muhandislik taʼlimi dasturini xalqaro akkreditatsiyasi (Rossiya, AIOR — Belgiya, ENAEE).



2004 yil — Biotibbiyot muhandisligi (Rossiya-Sankt Peterburg davlat elektrotexnika universiteti).



1998 yil — Mehnat bozori va taʼlim tizimi muammolari (Xalqaro rivojlanish nemis fondi). Talat Magrupov “Texnika amaliyoti boʻyicha talabalar almashinuvi xalqaro Assosiasiyasi (IAESTE-The international association for exchange of students for technical experience)” ning taʼsischisi sifatida respublika oliy tizimi talabalarini texnika amaliyotini dunyoning, xususan Yevropaning yetuk universitetlarida va tashkilotlarida olib borish va olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotda sinab koʻrish hamda ilmiy – amaliy ishlarni bajarish metodikalarini oʻrganib, oʻz qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyatlariga ega boʻlishlari va oʻquv-amaliyoti yakuni asosida xalqaro sertifikat olish imkoniyatiga ega boʻlishlari taʼminlanib kelmoqda.



Talat Magrupov 2017 yildan “Markaziy Osiyo federatsiyasi injener taʼlimi jamiyati” taʼsischisi va 2023 yildan Injener taʼlimi sohasi akkreditatsiyasining Yevropa tarmogʻi (ENAEE) va Rossiya injener taʼlimi assosiatsiyasi (AIOR) tashabbusi bilan tashkil etilgan “Injener taʼlimi va injener faoliyati sifatini taʼminlash Markaziy Osiyo Federatsiyasi” taʼsischisi.



Hozirgi vaqtda uning ilmiy ishlari “Tibbiyot texnikasi va texnologiyasini qurilmali va dasturiy vositalarini loyihalash metodlari, algoritmlari va tizimlari”ni ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan va bu sohada Lyubek universiteti (Germaniya), Porto universiteti (Portugaliya), Belgrad universiteti (Serbiya), Sankt-Peterburg elektrotexnika universiteti (Rossiya), Moskva davlat texnika universiteti (Rossiya), Milliy tadqiqot universiteti “Moskva elektron texnika instituti — MIET” (Rossiya) va boshqalar bilan aloqalar oʻrnatilgan.



Talat Madiyevich Magrupov boshchiligida olib borilayotgan pedagogik, ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar natijalari Fransiya, Germaniya, Portugaliya, Italiya, Belgiya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlarida oʻtkazilgan xalqaro konferensiya va seminarlarda maʼruza qilingan va chop etilgan.



Yoshlarni zamonaviy texnika, texnologiya, ishlab-chiqarish va kasbga yoʻnaltirish maqsadida tashkil etilgan 10 dan ortiq xalqaro va respublika seminarlar, konferensiyalar va forumlar tashkilotchisi hamda ishtirokchisi.



Magrupov Talat Madiyevich ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 200 dan ortiq ilmiy va oʻquv-uslubiy ishlarni nashr etgan, shu jumladan, 8 ta monografiya, 30 tadan ortiq darslik va oʻquv qoʻllanmalar, hamda 10 dan ortiq ixtiroga mualliflik guvohnomalari va patentlar olgan. U 10 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalariga rahbarlik va 2 ta doktorlik dissertatsiyalariga ilmiy maslahatchi boʻlgan.



Talat Madiyevich Magrupov koʻp yillik tajribaga tayangan holda, yoshlarga bilim berishda, hamkasblariga yordam berishda oʻz kuch-gʻayrati va mahoratini ayamaydi. U universitet, fakultet va kafedra pedagoglari orasida salohiyatli oʻrinni egallaydi, oʻziga va boshqalarga nisbatan talabchan, har bir ishni oʻz vaqtida bajarilishini yaxshi koʻradi. U insonparvarligi, samimiyligi va toʻgʻri soʻzligi bilan boshqalardan ajralib turadi, hamda har bir ishni chuqur oʻrganadi, vijdonan va sidqidildan bajaradi.



Magrupov Talat Madiyevich ushbu buyuk xususiyatlari bilan barkamol avlodni tayyorlashga oʻz hissasini qoʻshib, hamda yoshlarga va hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelmoqda.