Mamanazarov Abduhakim Bozorovich, 1960-yil 16-aprelda Surxondaryo viloyati Denov shahrida tugʻilgan. Millati – oʻzbek.
1967-1977-yillarda Denov shahridagi Gʻafur Gʻulom nomli 6-sonli (hozirgi 79-sonli) maktabda tahsil olgan. 1979-yil Samarqand qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish texnikumini bitirib, tovarshunos, 1984-yil Samarqand moliya texnikumini bitirib, moliyachi, 1995-yil Toshkent moliya institutini bitirib, iqtisodchi, 2003-yilda Fargʻona davlat universitetini bitirib, huquqshunos mutaxassisliklariga ega boʻlgan.
Abduhakim Mamanazarovning Moliya, byudjet va taʼlim sohalaridagi umumiy ish staji 45 yil. 1999-yildan 2006-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida boshqarma boshligʻi, 2006-yildan hozirgi kungacha M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi Filialida rahbar oʻrinbosari hamda 2011-yildan hozirgacha MDU filialida oʻrindoshlik asosida “Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Abduhakim Mamanazarov 2003-yilda Oʻzbekiston Bank-moliya akademiyasida “Mahalliy byudjetlarni barqarorlashtirishda soliqlarning rolini takomillashtirish masalalari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini ustozi – akademik Murod Sharifxoʻjayevning ilmiy rahbarligida muvaffaqiyatli yoqlab, iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishgan. 2016-yilda dotsent ilmiy unvonini olgan.
2023-yilda “Talabalarning iqtisodiy madaniyatini rivojlantirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi va pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga erishdi.
Abduhakim Mamanazarov Oʻzbekistonda birinchi boʻlib talaba-yoshlarning iqtisodiy madaniyatini rivojlantirish muammolari bilan bogʻliq tadqiqot olib borgan.
Uning asosiy maqsadi pedagogik, iqtisodiy va ijtimoiy-psixologik aspektlarni oʻz ichiga oluvchi fanlararo yondashuv doirasida oliy taʼlim muassasalari talabalarining iqtisodiy madaniyatini rivojlantirish jarayonlarini takomillashtirish texnologiyalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishdan iborat boʻlgan. Uzoq yillar davomida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida samarali yutuqlarga erishgan. Jumladan:
Shuningdek, u olib borgan ilmiy tadqiqotlarning nazariy va amaliy natijalari dunyo boʻyicha eng yaxshi universitetlar TOP-100 taligiga kiruvchi M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Iqtisodiyot fakultetida “Marketing” magistrlik dasturi boʻyicha magistrant talabalarini tayyorlash oʻquv jarayonida (M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining 2017-yil 9-oktabrdagi maʼlumotnomasi mavjud) hamda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali pedagoglari tomonidan qoʻllanilmoqda. Tadqiqot natijalari yuzasidan ustozi A.Oʻlmasov bilan hammualliflikda noiqtisodiy oliy taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun “Iqtisodiyot. Qisqacha kurs”, deb nomlangan (Oʻzbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligining 19.07.2017 yilda roʻyxatdan oʻtgan № DGU 04601-raqamli elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma mavjud) elektron oʻquv qoʻllanma tayyorlangan boʻlib, unda talabalarning iqtisodiy madaniyatini rivojlantirishga oid didaktik materiallar yoritilgan.
Uning noiqtisodiy taʼlim yoʻnalishlari talabalari iqtisodiy madaniyatining rivojlanganlik monitoringi iqtisodiy munosabatlardagi adekvatlik va mikrosotsiumga moslashuvshanlik hamda elektiv kurslar va mustaqil ishlarni kognitiv axborot, qadriyatli yoʻnalganlik va intellektual-ijobiy faoliyatining yaxlitligini intensiv taʼminlash asosida takomillashtirishga oid tavsiyalari “Makroiqtisodiyot: nazariya va amaliyot” nomli darslik mazmuniga singdirilgan (Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2021-yil 31-maydagi 237-son buyrugʻi asosida berilgan 237-453-raqamli nashr ruxsatnomasi mavjud). Natijada talaba-yoshlarning iqtisodiy madaniyati darajasini rivojlantirish imkoni kengaytirilgan.
U koʻpgina ustozlardan ilm va taʼlim sirlarini oʻrganish bilan birga, hozirda 4 nafar iqtisodiyot va pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasiga talabgor yosh olimlarga rahbarlik qilmoqda. Ilmiy-pedagogik va amaliy faoliyati davomida tayyorlagan oʻnlab shogirdlari respublikamizning turli oliy taʼlim muassasalari, ishlab chiqarish va nufuzli tashkilotlarida yuqori martabali lavozimlarda faoliyat yuritmoqdalar.
Abduhakim Mamanazarovning “Микроэкономика”, “Макроэкономика”, “Микро-Макроэкономика”, “Глобальна економiка: становлення, трансформацii, виклики” (ukrain tilida), “Swiatowa gospodarka: formacja, przemiany, wyzwania” (polyak tilida), “Global Ekonomy: Evolution, Transformations, Challenges” (ingliz tilida) nomli 6 ta darsliklari xalqaro mualliflar bilan hamkorlikda Praga (Chexiya) shahridagi “OKTAN PRINT” nashriyotida chop etilgan. Undan tashqari 4 ta oʻquv qoʻllanma, 5 ta monografiya, 1 ta ilmiy-ensiklopedik lugʻat hamda 150 ga yaqin ilmiy-uslubiy maqolalar va tezislar muallifidir. Shu jumladan, 2 ta maqolasi Scopus va 1 ta maqolasi Web of Science xalqaro bazasida indekslanadigan jurnallarda chop etilgan.
U 5 ta xalqaro ilmiy jurnallarda tahririyat aʼzosidir, jumladan:
Abduhakim Mamanazarov Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzuridagi PhD.12/30.12.2019.Ped.80.01-raqamli Ilmiy Kengash qoshidagi Metodologik Seminarning aʼzosi.
U 2016-2017-yillarda M.V.Lomonosov nomli MDU ning Toshkent shahridagi filialiga jalb etilgan I-2016-1-10 “Talabalarning iqtisodiy madaniyatini shakllantirish va yuksaltirish mexanizmini ishlab chiqish va tatbiq etish” mavzusidagi innovatsion loyihaga rahbarlik qilgan.
Hozirda Moskva davlat universitetining Iqtisodiyot fakulteti qoshidagi Tarmoq iqtisodiyoti tadqiqotlari markazida “Rossiya va Markaziy Osiyo yoshlarining iqtisodiy madaniyati” maxsus xalqaro loyihasining rahbaridir.
Abduhakim Mamanazarov M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali ilmiy maydonida anʼanaviy oʻtkazib boriladigan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarning Tashkiliy qoʻmitasida doimiy ravishda raislik qilib, ularning Xalqaro darajalarga mos ravishda oʻtishida oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. A.Mamanazarov tashkiliy qoʻmita raisi sifatida M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida 2012-yildan buyon har yili dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bagʻishlab, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: yoshlar taʼlimi va tarbiyasi” mavzusida anʼanaviy ilmiy amaliy konferensiya oʻtkazadi. Aprel-may oylarida esa har bir yilning nomiga bagʻishlangan anʼanaviy Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiyalar oʻtkazib kelmoqda. Jumladan, 2022-yil “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”ga bagʻishlab, shu yilning 27-28-may kunlari “Tizimli oʻzgarishlar va raqamlashtirish sharoitida taʼlim va madaniyatni rivojlantirish: muammolar va istiqbollar”, 2024-yil “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash” yiliga bagʻishlab, joriy yilning 14-15-iyun kunlari “Taʼlim tizimidagi innovatsiyalar: ilm-fan, texnologiya va biznesda yoshlarning yangi imkoniyatlari” mavzularida anʼanaviy Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiyalari oʻtkazildi. Umuman, A.Mamanazarovning tashabbusi va bevosita rahbarligida 5 ta xalqaro va 20 ga yaqin respublika ilmiy-amaliy konferensiyalari oʻtkazilgan.
Abduhakim Mamanazarov doimiy ravishda oʻz malakasini oshirish, siyosiy, ijtimoiy va ilmiy-metodik saviyasini yuksaltirish, taʼlim-tarbiya jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni qoʻllab, vijdonan va masʼuliyat bilan faoliyat yuritishga intiladi. Shuningdek, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida ilmiy-tadqiqot, pedagogik, ijodiy faoliyatni yoʻlga qoʻyishda munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
A.Mamanazarov Respublika va Xalqaro (Rossiya, Chexiya, Latviya, Polsha, Turkiya, Portugaliya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Ukraina va boshqalar) ilmiy anjumanlarda ham oʻz maʼruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Chet ellik taniqli, buyuk olimlar bilan ilmiy aloqalar oʻrnatib, ilm-fan va taʼlim sohasida xalqaro va ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. U 2014-yilda Xalqaro pedagogika taʼlimoti Fanlar akademiyasi (МАНПО) haqiqiy aʼzoligiga saylangan.
Abduhakim Mamanazarovning tashabbusi va tashkilotchiligi tufayli 2019-yilda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti bilan Oʻzbekiston milliy universiteti va Buxoro davlat universitetlari oʻrtasida magistratura mutaxassisliklari boʻyicha “Amaliy matematika va informatika” hamda “Psixologiya” sohalarida Qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, 2020-2021-oʻquv yilidan boshlab M.V.Lomonosov nomidagi MDUning Toshkent shahridagi filialida “Reklama va jamoatchilik bilan aloqalar” va “Filologiya” bakalavr yoʻnalishlari, 2023-2024-oʻquv yilidan “Menejment” bakalavr yoʻnalishi hamda “Reklama va jamoatchilik bilan aloqalar” va “Taʼlimda boshqaruv” magistratura mutaxassisliklari ochildi.
A.Mamanazarov deputatlik faoliyati davomida oʻzi saylangan Toshkent shahri, Mirobod tumani, 3-“Movarounnahr” saylov okrugi hududida “Obod mahalla” loyihalariga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan kam taʼminlangan oilalarga koʻmak berish va yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi, ijtimoiy adolat, oʻzaro mehr-oqibat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya bilan bogʻliq milliy qadriyat va urf-odatlarimizni keng targʻib qilishda, ularni asrab-avaylashga oʻz eʼtiborini qaratib, tegishli chora-tadbirlar koʻrib chiqishda faol ishtirok etib kelmoqda. Uning bevosita yordami bilan Mirobod tumanidagi “Movarounnahr” hamda “Mingoʻrik” mahalla fuqarolari yigʻini binolari toʻliq yangidan qurildi. “Movarounnahr” mahallasi hududida joylashgan 1-oilaviy poliklinika filialida 12 oʻrinlik kunduzgi statsionar tashkil etildi va uni jihozlashga xomiylik qildi. Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashining sessiyasida Ikkinchi Jahon urushi veteranlarini otaliqqa olish yuzasidan qabul qilingan qarorining tashabbuskorlaridan biri boʻlgan A.Mamanazarovning oʻzi hozirgi kunda Mirobod tumanida yashovchi urush qatnashchisi M.I.Filanovichni otaliqqa olgan. Shuningdek, 2020-yilda pandemiya sharoitida tumandagi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat, dori-darmon vositalari bilan, Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani hududida roʻy bergan texnogen fojiadan aziyat chekkan aholini issiq kiyim, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda ham tashabbus va oʻrnak koʻrsatdi. Undan tashqari ruhiy tushkunlikka tushib qolgan Sardoba aholisi uchun Filialning psixolog professor-oʻqituvchilaridan iborat guruh tuzib, joylarda birinchi psixologik yordam koʻrsatilishi tashkil etildi.
A.Mamanazarov 2007-yildan buyon mamlakatimizda oʻtkazib kelinayotgan saylovlarda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali binosini Respublikada eng namunali saylov uchastkalaridan biriga aylanishida oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.
Abduhakim Mamanazarov 2020-yil 21-dekabrda “NEW SCIENSE International Center for Scientific Partnership” tomonidan eʼlon qilingan xalqaro tanlovda oʻzining “Влияние финансовой грамотности на повышения уровня экономической культуры молодежи” mavzusidagi ilmiy maqolasi bilan qatnashib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Xalqaro tanlov natijasiga koʻra “Yil iqtisodchisi — 2020” sertifikati bilan taqdirlandi.
U 2023 yilda “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali va UzReportTV telekanali hamkorligida eʼlon qilingan tanlovda ham oʻzining ilmiy ishlari va yangi darsliklari bilan ishtirok etib, “Yil olimi-2023” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topildi.
Abduhakim Mamanazarov jamoatchilik ishlarida ham faol. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasining Mirobod tuman Kengashi (OʻzLiDeP) aʼzosi. 2018-yildan hozirgacha Toshkent shahri, Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati. 2018-yildan buyon mazkur Kengash huzuridagi “Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi”ning raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2024-yildan boshlab esa OʻzLiDeP partiyasining Mirobod tuman Kengashi raisi lavozimiga (jamoatchilik asosida) saylandi va Kengashga rahbarlik qilmoqda.
Abduhakim Bozorovich Mamanazarov jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni yoshlar ongiga singdirish borasidagi munosib xizmatlari uchun 2016-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi va 2021-yilda 30 yilligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi munosabati bilan koʻkrak nishonlari, 2014-yilda “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. U Czestochowa shahridagi (Polsha) Poloniya universiteti hamda Buxoro davlat pedagogika institutlarining Faxriy professori hisoblanadi.
U fidoiy va malakali iqtisodchi va pedagog sifatida koʻp yillardan beri oliy taʼlim tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan rahbar, boshqaruvchi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oliy taʼlim tizimidagi islohotlarning faol targʻibotchisidir.
Abduhakim Mamanazarov tashabbuskorligi, mehnatsevarligi, faolligi va fidoiyligi, oʻziga va jamoa aʼzolariga nisbatan talabchanligi bilan Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va uning Toshkent shahridagi filiali talabalari, professor-oʻqituvchilari va mehnat jamoasi orasida alohida hurmatga sazovor.
Oilali, 5 nafar farzandning mehribon otasi hamda 10 nafar nevaralarning suyukli bobosi.