Shukrullo Qoʻldoshevich Mardonov 1952 yil 20 mayda Samarqand viloyati Gʻallaorol tumanining Chuvulloq qishlogʻida oʻqituvchi oilasida tavallud topgan.
U 1959-69 yillarda shu tumandagi 31-son umumiy oʻrta taʼlim maktabda oʻqidi va aʼlo baholarga bitirdi.
Shukrullo Mardonov 1969-74 yillarda Saratov davlat pedagogika institutining filologiya fakultetida oʻqidi va uni muvaffaqiyatli tamomladi. 1974 yilning 1 sentyabridan boshlab yosh mutaxassis sifatida Jizzax davlat pedagogika institutida oʻz faoliyatini boshladi.
Shukurullo Mardonov 1974-76 yillarda rus tili kafedrasi oʻqituvchisi hamda institut yoshlari yetakchisi lavozimida faoliyat olib bordi.
1976-77 yillarda harbiy xizmatdan qaytgach u 1977-79 yillarda rus tili kafedrasi oʻqituvchisi sifatida faoliyat yuritdi.
Ilmga boʻlgan chanqoqlik uni sobiq ittifoq Fanlar Akademiyasi Tilshunoslik institutiga yetakladi va u 1979-82 yillarda Moskvada aspiranturada oʻqidi. Taniqli turkolog olim Nikolay Aleksandrovich Baskakov rahbarligida Shukurullo Mardonov “Semantiko-stilisticheskie osobennosti russkix leksicheskix zaimstvovaniy v uzbekskom literaturnom yazыke” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini shu institut qoshidagi doktorlik kengashida 1983 yilda muvofaqqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. 1896 yilda u dotsentlik unvonini oldi.
Shukurullo Mardonov 1984-86 yillarda rus tilshunosligi kafedrasi katta oʻqituvchisi, kafedra mudiri; 1986-1998 yillarda rus tili va adabiyoti fakulteti dekani; 1998-2001 yillarda institutining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori lavozimida faoliyat yuritdi.
2001-2004 yillarda Shukrullo Mardonov Jizzax viloyat pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori lavozimida ishladi.
Shukrullo Mardonov faol jamoatchi hamdir. U xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati sifatida Jizzax shahar Kengashi qoshidagi Yoshlar bilan ishlash komissiyasiga rahbarlik qildi va yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlariga oʻz munosib hissasini qoʻshdi (1999-2004 yy.).
Shukurullo Mardonov 2005-2014 yillarda T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Pedagogika-psixologiya boʻlimi boshligʻi, bosh ilmiy xodimi, Laboratoriya mudiri, direktorning ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida, shuningdek “Uzluksiz taʼlim” jurnali masʼul kotibi, “Xalq taʼlim jurnali” bosh muharrir oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritdi.
Shukurullo Mardonov 2015-2017 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining “Pedagogika” kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritdi hamda fakultet, kafedra ilmiy salohiyatining koʻtarilishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshdi.
2017-2022 yillarda Shukurullo Mardonov Chirchiq davlat pedagogika universitetida Pedagogika, Maktabgacha va boshlangʻich taʼlim, Maktabgacha taʼlim, Boshlangʻich taʼlim fakultetlari dekani lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Shukurullo Mardonov 2006 yilda T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy kengashda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2007 yilda doktorlik diplomini olgach qator yillar T.N.Qori Niyoziy nomidagi OʻPFITI, Nizomiy nomidagi Toshkent DPU, Toshkent DJTU qishidagi pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha Ixtisoslashgan ilmiy kengashlarda masʼul kotib, aʼzo sifatida faoliyat olib bordi.
OʻzPFITI qoshida Shukurullo Mardonovning rahbarligida ikkita ilmiy-amaliy loyiha bajarilgan hamda olingan natijalar respublika umumtaʼlim maktablariga tarqatilgan.
Sh.Q.Mardonov 2019 yilning 28 martidan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti (hozirda ChDPU) huzuridagi PhD/28.03.2019.Ped.82.01 raqamli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash raisi; 2021 yilning 30 aprelidan 2022 yilning avgust oyiga qadar Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi DSc.03/30.04.2021.Ped.82.01 raqamli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat yuritdi.
Ustoz Shukurullo Mardonov oʻz hayotining katta qismini shogirdlariga yaxshilik qilish bagʻishlagan nodir xislatli inson hisoblanadi. Olimning ulkan muvaffaqiyati shundaki, u oʻz faoliyatida Oʻzbekistonda bir qator ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va pedagogika fanini rivojlantirishda salmoqli mehnat qilgan olim sifatida el-yurt hurmatiga ega boʻldi.
Ustoz Shukurullo Mardonovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi 2018 yilda professor ilmiy unvoniga tasdiqladi.
Shukurullo Mardonov 2022 yilning iyul oyidan T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Tillarni intensiv oʻqitish texnologiyalari boʻlim mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Shukurullo Mardonov yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni pedagogika fani asosida taʼlim-tarbiya jarayonlariga tatbiq etishda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. U nihoyatda talabchanlik bilan oʻz shogirdlariga nisbatan doimo ijobiy munosabatda boʻlishni, ularda har qanday ishni uddalay olish, muvafaqqiyat qozonish, qatʼiy boʻlish, kelajakka ishonish, har qanday vaziyatda toʻgʻri yoʻl tutish xususiyatlarini rivojlantirishda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.
Shukurullo Mardonov pedagogika nazariyasi va tarixini juda chuqur bilgan respublikamizning koʻzga koʻringan olimlaridan biri sifatida shogirdlar bilan oʻta masʼuliyat bilan ish olib bormoqda.
Shukurullo Mardonov oʻzining bilim va tajribasini hech kimdan ayamaydigan qalbi pok, bagʻri keng, saxovatli, kamtarin inson boʻlib tanish-bilishlariga, doʻst-birodarlariga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Undagi insoniylik fazilatlari juda yuqori hisoblanadi.
Prof. Shukrullo Mardonov 10 dan ziyod monografiya, 4 ta darslik va oʻquv qoʻllanmasi, 24 ta uslubiy qoʻllanma, 300 dan ziyod ilmiy-metodik va 40 dan ziyod ilmiy-ommabop maqolalar muallifidir. U respublika va mahalliy matbuotlarda oʻz mulohazalari bilan muntazam qatnashib kelmoqda. Bugungi kunga qadar ustoz Shukurullo Mardonovning 2 nafar shogirdi fan doktori (DSc) va 17 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi, 5 nafari himoya qilish arafasida.
Shukrullo Mardonov 4 nafar farzandning otasi va 10 nafar nabiraning suyukli bobosidir.