Inson hayotini tibbiyotsiz tasavvur qilib boʻlmagandek, tibbiyot-tabobat dori-darmonsiz faoliyat yuritolmaydi.Shu maʼnoda tibbiyot bilan dorishunoslikni bir-biridan ajratib boʻlmaydi, ular bamisoli aka-uka, opa-singil. Biroq ilm-fan taraqqiyotning oʻziga xos qonuniyati ham mavjud: fan va uning amaliyoti taraqqiy eta borgani sayin undan yangi-yangi ilmiy yoʻnalishlar vujudga kelishi davom etadi. Vaqt-soati bilan yangi yoʻnalishlar yangi fan sohasiga aylandi.
Oʻtgan asrning 70-yillarida Toshkent farmasevtika instituti jadal qanot yozayotgan oliy oʻquv yurtlaridan biri edi. Institutni imtiyozli bitirgan Mirjamol Miralimov moʻljalni katta oldi, yaʼni, bugungina emas, ertangi balki indingi kun talabidan kelib chiqdi.1971 yilda Sechenov nomidagi Moskva Tibbiyot akademiyasi Farmasevtika fakulteti aspiranturasiga oʻqishga yoʻl oldi. Nufuzli ilmiy dargohning Dori turlari kafedrasida ilmiy izlanishlar boshlab yubordi.
M.M.Miralimov 1942 yil 23-fevral, Toshkent shahrida, Mirahmad ota va Saodat ona oilasida tavallud topgan.10ta farzanddan 4 chisi. Toshkentdagi 89-maktabni aʼlo baholarga tamomlagan.
M.Miralimov oʻz mehnat faoliyatini 1959-yili Toshkent shahar “Mirobod Raypishetorg”da sotuvchi lavozimida boshladi. U 1962-1964-yillarda Toshkent Farmasevtika instituti talabasi. 1964-1967 yillarda Sovet armiyasi хizmatida boʻldi. Mirjamol Miraxmedovich Miralimov Toshkent farmatsevtika institutida boʻlajak turmush oʻrtogʻi Miralimova Mashkura Nabiyevna bilan birga taʼlim olgan va 1970 yilda imtiyozli diplom bilan bitirgan. Aynan shu yili birinchi farzandi Miralimova Barno Mirjamolovna dunyoga kelgan.
Mirjamol Miraxmedovich 1971 yili I.M.Sechenov nomli Moskva tibbiyot akademiyasi farmatsevtika fakultetining Dori turlari texnologiyasi kafedrasiga aspirant boʻlib oʻtdi va 1974 yilda Moskva tibbiyot akademiyasi farmatsiya fakulteti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda “Onkologiyada qoʻllaniladigan tabiiy va sintetik aktinomitsinlarning inyeksion dori shakllarini yaratish va tahlil qilish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Mirjamol Miraxmedovich Miralimov 1974 yildan Toshkent farmatsevtika instituti Dori turlari texnologiyasi kafedrasida assistent, katta ilmiy xodim, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritib keldi.
M.M.Miralimov oʻz mehnat faoliyati davomida pedagogik ishni ilmiy izlanishlar bilan uzviy bogʻlab olib bordi. U mahalliy xom ashyolardan dori preparatlarini olish texnologiyasi, ularni sifatini nazorat qilish, standartlash, dorixona sharoitida tayyorlanadigan dorilar texnologiyasini takomillashtirish, turgʻunligini oshirish borasida qilgan ilmiy izlanishlar natijalaridan darsliklar, uslubiy qoʻllanmalar yaratdi. Ulardan tinglovchilar va talabalar hozirgi kungacha keng foydalanib kelmoqdalar.
2008 yilda M.M.Miralimov Toshkent farmasevtika instituti huzuridagi 087.12.01 ixtisoslashgan kengashda “Abu Ali ibn Sino nazariyasi asosida dorilar texnologiyasini yaratish nazariy-amaliy asosini optimizatsiyalash” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bordi va dori texnologiyasi va farmatsiya ishini tashkil qilish boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
M.M.Miralimov Ibn Sino tabobatini yangi qirralarini ochib, uni amaliy tibbiyotga zamonaviy talqinda foydalanishni tavsiya qildi. Ibn Sinoni “Mijoz” nazariyasi xususan “Dori mijoz” ni taʼriflab, “Birlamchi mijoz”-dori substansiyasi, “Ikkilamchi mijoz”-dori preparati degan talqinni kiritdi.
M.M.Miralimovning 200 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan,shulardan 11 tasi darslik, 136 tadan ortiq ilmiy, 40 ga yaqin oʻquv-uslubiy ishlardir.3 ta ixtiro patent olingan. Ikkita vaqtinchalik Farmakopeya maqolasi muallifidir.
M.M.Miralimovning ilmiy-uslubiy ishlarida zamonaviy farmasevtika amaliyotida boʻlayotgan yangiliklar, dori taʼminoti sifati, uni koʻpaytirish masalalari malaka oshirish bilan bogʻliqligini koʻrsatib, unga eʼtibor kuchaytirilishini, malaka oshirish maskanida yangi pedagogik texnologiyalarni joriy qilinishi zarurligi haqida ta’kidlab, “Masofaviy taʼlim”-tizimlarini va M.M.Miralimov tashabbusi bilan “Farmasevtlar malaka oshirish fakulteti” da internet tizimida “Farmasevt.uz” saytini yaratilib, unda “Masofaviy taʼlim” tizimi boʻyicha Respublikamiz farmasevt kadrlarning malakasi oshirildi.
“Farmasevt.uz”-malaka oshirish taʼlim dasturi asosida tinglovchilarga saboq berish uslubi 22-23 noyabr 2005 yil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayonida pedagogik va axborot –komunikatsion texnologiyalarni qoʻllash muammolari” ilmiy-amaliy konferensiyasida taqdimot oʻtkazildi, 8-fevral 2008 yil OʻROUMTB oʻtkazilgan amaliy-uslubiy seminarda esa uni amaliyotga kiritish tavsiyalari berildi.
2010-yilda Davlat patent idorasi tomonidan farmasevt mutaxassislari malakasini oshirish uchun “Farmasevt.uz” masofaviy taʼlim tizimi dasturi rasmiy roʻyxatdan oʻtkazildi.
M.M.Miralimov rahbarligida 3 ta fan nomzodi tayyorlandi.1994 yili Yusupova Gulmira Sultonovna “Научные основы интенсификации технологии и биофармацевтическое изучение производства порошков в условиях аптек” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Aholini yuqori taʼsirli dori–darmonlar bilan taʼminlashda mahalliy resurslardan foydalangan holda yangi dori shakllarini yaratish va ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish Respublikamiz farmatsiya sanoatni asosiy masalalaridan biri hisoblanadi. M.M.Miralimov rahbarligida Yusupova G.S. “Propolis xom ashyosidan dori preparatlari yaratish muammolari va uni nazariy asoslari” mavzuida doktorlik ishi olib borildi. Ishning asosiy maqsadi asalari mahsuloti hisoblangan propolis xom ashyosini standartlab, undan hozirgi zamon tibbiyoti talabiga javob beruvchi, ishlatish uchun qulay, yuqori taʼsirli, kam sarfli preparat yaratildi. M.M.Miralimov hammualliflar bilan birgalikda propolisni fizik kimyoviy tarkibini oʻrganish, ulardan dori shakllarini yaratish, ishlab chiqarish va meʼyoriy-texnik hujjatlarni yaratishda ilmiy izlanishlar olib bordi va amalda qoʻllash mumkinligini aniqladi.
M.M.Miralimov rahbarligida uning shogirtlaridan X.Q. Abdullaeva 1997 yilda “Geterogen tizimli dori shakllarini texnologik parametrlarini sirt-faol moddalar yordamida boshqarish” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Dissertatsiya ishida Toshkent farmasevtika instituti Fizik kolloid kimyo kafedrasi olimlari tomonidan sintez qilingan sirt faol moddalar: malein, itakon, sitrakon kislotalarining geptil, decil va setil efirlarini emulsiyalash, gidrofillash, solyubilizatsiyalash xossalarini ularning fizik-kimyoviy xususiyatlariga bogʻlab oʻrganildi. Oʻrganilgan SFM larning vazelinni gidrofillash xossasi ular gidrofob radikalning tabiatiga bogʻliqligini aniqlandi. Natijada yangi surtma dori asosi yaratildi va uni surtma dori tarkibida qoʻllash imkoniyatlari oʻrganib chiqildi. Tarkibida Gyurza zahari saqlovchi “Viproton” surtmasi texnologiyasi yaratildi va dastlabki patent olindi.
Azimova N.A. “Nikotin kislotasi trendemal terapevtik sistemasi yaratishning texnologik va biofarmasevtik aspektlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini M.M.Miralimov rahbarligida 2001 yilda himoya qildi. Ilmiy tadqiqot natijasida Oʻzbekistonda birinchi bor nikotin kislotasining teri orqali soʻrilib tanaga tizimli taʼsir koʻrsatuvchi dori shakli yaratildi. Bajarilgan ilmiy ishlar boʻyicha xorijda, MDX da, Respublikamizda 10 dan ortiq maqolalar chop etildi va dastlabki patent olindi.
M.M.Miralimov rahbarligida Sodiqova N.A. “Shifoxona dorixonalarida steril dorilar tayyorlash holatini tahlil qilish va uni takomillashtirish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borildi. Ishning asosiy maqsadi shifoxona dorixonalarida steril dorilar tayyorlash holatini tahlil qilish asosida ushbu faoliyatning takomillashtirish yoʻllarni aniqlashdan iborat boʻlgan. Shifoxonada davolanayotgan bemorlarning dori vositalari bilan taʼminoti shifoxona dorixonalari faoliyatining holatiga uzviy bogʻliqdir. Shularni hisobga olgan holda shifoxona dorixona xodimlarini mehnatini meʼyorlashtirish boʻyicha uslubiy koʻrsatma ishlandi. Steril eritmalarni tayyorlash hisobi dasturi yaratildi va patent olindi.
M.M.Miralimov tomonidan 2001 yilda oʻzbek tilida “Dori turlari texnologiyasi” fanidan darslik yaratilgan va 2009 yilda qayta nashr etilgan. Bundan tashqari M.M.Miralimov tomonidan “Gomeopatiya” oʻquv qoʻllanmasi, “Dorilar biofarmatsiyasi”, ”Технология лекарств из растений”, “Dorilardan toʻgʻri foydalanish”,”Aptechkalar va ulardan foydalanish” singari 10 dan ortiq ilmiy-ommabop kitobchalar chop etgan.
M.M.Miralimov Oʻzbekiston Respublikasi ensiklopediyasi va Salomatlik ensiklopediyasi nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan, farmatsiyaga oid oʻnlab maqolalar bilan qatnashgan.
M.M.Miralimovning mehnat faoliyati davomida minglab talabalar dori turlari texnologiyasidan bevosita maʼruzalar tingladilar, yuzlab malaka oshirish kurslari tinglovchilari oʻz malakalarini oshirdilar. Tajribali va mahoratli pedagog M.M.Miralimov talabalarga maʼruza oʻqish jarayonida mavzuni har doim amaliy farmatsiya bilan bogʻlab, farmatsiyaning dolzarb muammolari va ularni yechish yoʻllarini koʻrsatib kelgan.
M.M.Miralimov tashabbusi va faol ishtirokida Toshkent shahridagi 150-dorixona qoshida birinchi marta oʻquv-ishlab chiqarish dorixonasi tashkil etilgan. Oʻquv-ishlab chiqarish dorixonasida talabalar bevosita dori tayyorlash sir asrorlarini oʻrgana boshlagan. Bundan tashqari oʻquv ishlab chiqarish dorixonasi oʻquv va ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashda asosiy baza boʻlib xizmat qilgan. M.M.Miralimov 1978-1980 yillari Toshkent shahar Markaziy dorixona binosidagi Farmatsiya muzeyini tashkil etishda, uni eksponatlar bilan toʻldirish va jihozlashda jonbozlik koʻrsatdi. Oʻzbekiston farmatsiyaning tarixi va rivojlanishiga doir qimmatli maʼlumotlar toʻpladi.
M.M.Miralimovning tashabbusi va rahbarligida kafedraning yetakchi olimlari bilan hamkorlikda Dori turlari texnologiyasi yangi tarmoqlari “Biofarmatsiya” va “Gomeopatiya” yoʻnalishlari boʻyicha koʻplab ilmiy izlanishlar olib borilgan. Bu izlanishlar natijasida dasturlar yaratilgan va oʻquv jarayoniga tatbiq etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 1993 yil 17- fevraldagi 95-sonli buyrugʻiga asosan provizor-farmasevtlar malaka oshirish kurslari tashkil etilgan va bu kurslarni asosiy tashkilotchisi va yetakchi pedagogi M.M.Miralimov edi.
M.M.Miralimov Oʻzbekiston farmasevtlar ilmiy jamiyatining faol tashkilotchisi. Toshkent shahri, Viloyatlarda Oʻzbekiston farmasevtlar ilmiy jamiyatining konferensiyalarida faol ishtirok etib Oʻzbekiston farmasevtlarini yutuqlarini targʻib etishda oʻz hissasini qoʻshdi.
M.M.Miralimov farmatsiya sohasidagi ilmiy ishlari, talabalarga bilim berishligi, ilmiy pedagogik mahorati, jamoat ishlaridagi faoliyati instituti rahbariyati, Sogʻliqni saqlash vazirligi va hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.
Respublikada malakali mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash, farmasevtika sohasini rivojlantirishda koʻp yillik samarali mehnati va jamoat ishlarida faol ishtiroki uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy kengashi hayʼatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
2001 yilda samarali mehnati, xalqimizni ayniqsa yosh avlodni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qoʻshgan hissasi, ijtimoiy hayotda faol ishtiroki, ibratli turmush tarzi bilan jamoatchiliknining hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻlganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov farmoniga binoan Mustaqillikning 10 yilligida Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Toshkent farmasevtika instituti tarixida Miralimovlar sulolasi oʻz oʻrni, oʻz nufuziga ega. Turmush oʻrtoqlari Miralimova Mashkura Toshkent farmasevtika instituti tugatgan, nafaqaga chiqqunga qadar xususiy dorixona mudiri lavozimda ishlaganlar. Akalari Mirsoat Miralimov, Mirodil Miralimov lar mamlakatimiz dorishunoslik fani va amaliyotida oʻz oʻrniga ega.Mirjamol Miraxmedovichning ogʻil qizlari ota kasbini davom ettiruvchi munosib vorislar boʻlib yetishdi. Barno Miralimova taniqli oliy toifali shifokor, Shaxlo Miralimova-mikrobiolog olima, fan doktori, professor, Qodirova Dono farmasevt, Miralimov Mirnabi xususiy dorixona mudiri, Saidova Iroda biologiya fanlari nomzodi. Barchasi otalaridan olgan ham ilmiy, ham amaliy tajribalarni oʻz faoliyatlarida atroflicha qoʻllab, mehnat qilmoqdalar.
M.M.Miralimov 15 nabira va 7 evaraning bobosi.
M.M.Miralimov qayerda qaysi lavozimda ishlamasin el-yurt, xalq manfaatlarini koʻzlab yurdi, yoshlar tarbiyasiga katta eʼtibor berdi. Oʻzbekiston Respublikasida malakali farmasevtlar yetilib chiqishiga katta hissa qoʻshdi. Mehribonligi, adolatliligi, samimiyligi, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi bilan hamkasblari ichida katta hurmatga sazovor boʻldi.
2012 yil 1-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Provizor-farmasevtlari uchun katta yoʻqotish boʻldi, M.M.Miralimov bu yorugʻ olamni tark etdi. U umrining soʻnggi damlarigacha Toshkent farmasevtika institutida sadoqat ila faoliyat yuritdi. Toshkent farmasevtika institutida 41 yil mehnat qilib malakali provizor-farmasevtlarni yetkazib chiqardi.