Olim

SIDDIKOV RAVSHANBEK INOMJONOVICH

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

    R.I.Siddiqov 1952-yil 7-aprelda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy, 1975-yilda Andijon paxtachilik institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxasisligi-olim-agronom. Mehnat faoliyatini 1968-1985-yillarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Frunze” nomli davlat xo‘jaligi ishchisi, 2-brigada boshlig‘i,  jismoniy tarbiya bo‘yicha yo‘riqchi, fuqarolar mudofaasi boshlig‘i, komsomol komiteti mas’ul kotibi, muhandis-irrigatori, direktor  o‘rinbosari, bosh agronomi, partiya qo‘mitasi kotibi lavozimlarida faoliyat olib borgan. 1985-1986-yillarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Dzerjinskiy” nomli davlat xo‘jaligi partiya qo‘mitasi kotibi, 1987-1988 yillarda direktori, 1988- yilda  Andijon viloyati partiya qo‘mitasi tashkiliy ishlar bo‘limi yo‘riqchisi, 1988-1992-yillarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Dzerjinskiy” nomli davlat xo‘jaligi direktori, 1992-1994 yillarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Sh.Rashidov” nomli davlat xo‘jaligi direktori, 1994-1996-yillarda Andijon viloyati “Xo‘jaobod” dehqonchilik sanoati uyushmasi bosh boshqaruvchisi, 1996-1999-yillarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Hokimi, 1999-2002 yillarda Andijon viloyati “Xo‘jaobod mevalari” ixtisoslashgan agrofirmasi bosh direktori, 2002-2014-yillarda Sug‘oriladigan yerlarda g‘alla va dukkakli o‘simliklar ilmiy-tadqiqot instituti  direktori, 2014- yildan hozirgi vaqtga qadar Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda.



         Professor R.I.Siddiqov o‘z faoliyati davomida “O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni. “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni (2020- yil) hamda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan (2021-yil). 1996-yilda qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi ilmiy darajasini, 2008-yilda qishloq xo‘jaligi fanlari doktori ilmiy darajasini, 2012-yildan Rossiya fanlar akademiyasining akademigi, 2019- yilda katta ilmiy xodim ilmiy unvonini hamda 2022-yilda professor ilmiy unvonini olgan. Olim tomonidan bugungi kunga qadar 35 dan ortiq boshoqli don ekinlarining yangi navlari yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasiga topshirilgan. Ulardan kuzgi yumshoq bug‘doyning Chillaki, Andijon-4, Mars-1, Bobur, Andijon-2,  Matonat, Asr, Davr, Shodlik, Omad, Muftalo, Soxibkor, Zvezda (Yulduz) va qattiq bug‘doyning Qaxrabo navlari Davlat reestriga kiritilib O‘zbekiston xududida ekishga tavsiya etilgan.



   2021-yilda muallifligida yaratilgan kuzgi yumshoq bug‘doyning yuqori hosilli kasallik va zararkunandalarga bardoshli navlaridan Respublikada Asr navi 61,5 ming gektar maydonda, Zvezda navi 20,8 ming gektar maydonda, Davr navi 4,7 ming gektar maydonda, Bobur navi 18,6 ming gektar maydonda, O‘zbekiston-25 navi 10,0 ming gektar maydonda, Yog‘du navi 5,0 ming gektar maydonda, Navbahor navi 2,0 ming gektar maydonda  yetishtirilmoqda. Respublika viloyatlaridagi ilg‘or fermer xo‘jaliklari ushbu navlardan 80-100 sentnerdan ortiq g‘alla hosili olishmoqda. Yuqorida keltirilgan navlarni ekilishidan olinadigan iqtisodiy samaradorlik 600 mlrd. so‘mdan ortiqni tashkil etmoqda. Professor R.I.Siddikovning tashabbusi bilan institut Rossiya Federatsiyasining bir qator qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan “P.P.Lukyanenko nomli Krasnodar qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti”, “V.S.Pustovoyt nomli Butunrossiya moyli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti”, Zelinograd shahridagi “Don agrar ilmiy markazi”, Saratovning “Yugo-Vostok ilmiy-tadqiqot instituti” va Serbiya davlatining “Noviy sad” ilmiy tadqiqot institutlari bilan ilmiy hamkorlik o‘rnatilib, bu institutlar olimlari bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy tajribalar olib borilmoqda. Natijada Krasnodardagi “P.P.Lukyanenko nomli Krasnodar qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti”dan 200 ga yaqin, “V.S.Pustovoyt nomli Butunrossiya moyli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti”dan 30 ta, Zelinograd shahridagi “Don agrar ilmiy markazi”dan 20ta, Saratovning “Yugo-Vostok” ilmiy-tadqiqot instituti”dan 10 ta, Serbiya davlatining “Noviy sad” ilmiy tadqiqot institutidan”dan 10 dan ortiq boshoqli don, soya va moyli ekinlarning nav va namunalari keltirilib, institut olimlari tomonidan har tomonlama o‘rganilmoqda. Professor R.I.Siddikov 2012-2014 -yillarda QXA-8-099 “Sug‘oriladigan sharoitlarga mos, tashqi muhitni abiotik faktorlariga chidamli, ertapishar hosildorligi hamda don sifati yuqori kuzgi yumshoq hamda qattiq bug‘doyning ertapishar yangi nav va duragaylarini yaratish” hamda 2015-2017-yillarga belgilangan QXA-8-093-2015 “Respublikamizning sug‘oriladigan mintaqalariga mos sovuqqa, qurg‘oqchilikka, sho‘rga, kasalliklarga chidamli, hosildor, don sifati yuqori bo‘lgan kuzgi yumshoq bug‘doyning yangi nav va duragaylarini yaratish hamda ularni birlamchi urug‘chilik tizimini tashkil etish” mavzularidagi davlat granti bo‘yicha ilmiy-amaliy loyihasiga, 2018-2020-yillarda bajarilishi mo‘ljallangan MV-QX-A-QX-2018-39 raqamli amaliy loyihaga rahbarlik qilgan.



   R.I.Siddikovning Respublika g‘allachiligini rivojlantirish, don va dukkakli ekinlardan mo‘l xosil yetishtirishga yo‘naltirilgan 200 dan ortiq ilmiy-amaliy maqolalari, 35 dan ortik tavsiyalari e’lon qilingan va 2 ta monografiyasi chop etilgan. R.I.Siddikov institutdagi faoliyati davomida yosh kadrlarni tayyorlashga katta etibor bergan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakaliy ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2012-yil 28 dekabrdagi 365-sonli qarori asosida institutda 06.01.08-“O‘simlikshunoslik” va 06.01.05-“Seleksiya va urug‘chilik” ixtisosliklari bo‘yicha qishloq xo‘jalik fanlari doktori hamda qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajalarini olish bo‘yicha tayanch doktorantura va doktorantura bo‘limi 2018 -yil 4-aprel kuni tashkil etilgan. Hozirgi kunda doktoranturada  3 nafar doktorant, 11 nafar tayanch doktorant hamda 3 nafar mustaqil izlanuvchilar, shundan, R.I.Siddiqov ilmiy rahbarligida 1 nafar doktorant, 3 nafar tayanch doktorant hamda 2 nafar mustaqil izlanuvchilar ilmiy-tadqiqotlar olib borishmoqda. Shulardan 2021-2022- yillar davomida shogirdlaridan 1 nafari fan doktori DSc, 1 nafari falsafa doktori PhD ilmiy darajasini olishga erishdilar.Shu bilan birga professor R.I.Siddikov olib borilgan tadqiqotlar natijasida 2020- yilda 7 ta yangi kuzgi bug‘doy navlariga Intellektual mulk agentligi tomonidan patentlar olindi.



   2020-yilda institutda Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajariladigan fundamental, innovatsion va amaliy loyihalardan  4,4 mlrd. so‘m, xo‘jalik shartnomalar hisobidan 6400,0 mln. so‘m va xorijiy grantlar hisobidan 0,6 mlrd. so‘m mablag‘ jalb qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kuzgi boshoqli don ekinlarini ekishni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, don yetishtirish va davlat extiyojlari uchun xarid qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi har yili chiqadigan qarorining 3-4-ilovasida belgilab berilgan yuqori avlodli urug‘lik yetishtirish rejalari har yili ortig‘i bilan bajarib kelinmoqda. Respublikamizdagi klasterlar, elita urug‘chilik xamda urug‘chilik fermer xo‘jaliklariga 2017-yilda 6585 tonna, 2018-yilda 6585 tonna, 2019-yilda 6585 tonna, 2020-yilda 6585 tonna, 2021- yilda 7591 tonna, 2022-yilda 7681 tonna  yuqori avlodli ko‘paytirish ko‘chatzori hamda superelita avlodli urug‘liklar yetkazib berilgan.  



   Professor R.I.Siddikov rahbarligida Don va dukkali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tizimini moddiy-texnik bazasini mutahkamlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, ohirgi 3 yilda Bosh institutda 0,60 ga maydonda 4,5 mlrd. so‘mlik 1000 tonna hajmga ega  omborxona, laboratoriya binolari, don va dukkakli ekinlarning urug‘liklarini saralovchi,dorilovchi va qadoqlovchi kichik hajmdagi zamonaviy  urug‘lik sexi barpo qilindi. Institut laboratoriyalari 2 mlrd. so‘mlik zamonaviy jihozlar bilan to‘ldirildi. 4,5 mlrd.so‘mga 2 ta “klass dominator-130” rusumli don o‘rish kombayni, 2 ta “klass orion” rusumli yuqori unumli xaydov traktori, transport, chopiq traktori va tirkamalar sotib olindi. Shuningdek, ohirgi 3 yilda tizimdagi 10 ta ilmiy tajriba stansiyalarining 4 tasiga 1,2 mlrd. so‘mga yangi ma’muriy binolar qurish  uchun Bosh institutdan mablag‘lar ajratildi. Bundan tashqari, barcha ilmiy-tajriba stansiyalari 6,5 mlrd. so‘mlik turli rusumdagi qishloq xo‘jalik texnikalari bilan ta’minlagan. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining topshiriqlariga asosan Respublikamizning turli tuproq iqlim sharoitlarida yuqori va sifatli don hosili bera oladigan don va dukkakli ekinlarni yangi navlarini yaratish, hududlarda joylashtirish, parvarishlash agrotexnologiyalarini targ‘ib qilish  hamda qishloq xo‘jaligi sohasida hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda klaster va fermer xo‘jaligi rahbarlari orasida g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, parvarishlash, mo‘l va sifatli hosil olish mavzularida amaliy seminarlar hamda davra suhbatlarini o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlarni olib bormoqda