Olim

MIRSAATOV RAVSHANBEK MUMINOVICH

Texnika fanlari doktori, professor

Fizika-matematika, texnika va qishloq xoʻjaligining ipakchilik sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan salohiyatli, yetuk olim, mahoratli pedagog, ustoz-murabbiy Mirsaatov Ravshanbek Muminovich 1961 yil 21 iyulda Toshkent viloyatining Piskent shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan, millati oʻzbek.



Otasi Mirsaatov Mumin – tumanlararo kadastr boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat olib borgan. Onasi Mirsaatova Muxarram Vaxobovna –  qahramon ona, Piskent tumani kommunal xoʻjaligi boʻlimi xodimi boʻlgan.



R.M. Mirsaatov oilali, uch farzandi, olti nabirasi bor. Turmush oʻrtogʻi – Mirsaatova Nasiba Surabovna oliy maʼlumotli mutaxassis, yuksak maʼnaviyatli, tajribali pedagog, Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 154- umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori lavozimida faoliyat olib boradi.



Mirsaatov R.M. 1975 yilda Piskent shahridagi 5-sonli Oybek nomli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 7-sinfini tugatib, Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Respublikasida yagona boʻlgan “Yosh fiziklar va matematiklar” maktab-internatining 8-sinfiga fizika yoʻnalishi boʻyicha kirish imtihonlarini aʼlo baholarga topshirib oʻqishga qabul qilinadi. 1978 yilida ushbu maktab-internatining 10-sinfini bitirib, Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) fizika fakultetiga oʻqishga kiradi. 1985 yilda ushbu universitetning “Yarimoʻtkazgichlar va dielektriklar fizikasi” ixtisosligini muvaffaqiyatli tamomlab, “Fizik.Oʻqituvchi” mutaxassisligiga ega boʻladi. 1985-1988 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida muhandis lavozimida ishlaydi. 1989-2004 yillarda Toshkent avtomobil-yoʻllar institutida fizika kafedrasi assistenti, katta oʻqituvchi, dotsent lavozimlarida, 2005-2015 yillarda esa fizika kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib boradi.



R.M.Mirsaatov fizika kafedrasini boshqargan paytida yangi pedagogik va axborot texnologiyalari  asosida fizika fanini oʻqitishning differensiallashgan usuli tashkil etildi, zamonaviy oʻquv-uslubiy majmualar tayyorlandi va institut axborot resurs markaziga talabalar foydalanishlari uchun joylashtirildi. Kafedraning ishlab chiqarish korxonalari, hamda  akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan aloqasi yaxshilandi. Avtokorxona muammolari boʻyicha xoʻjalik shartnomasini bajardi.



«Fizika» kafedrasida bakalavriat yoʻnalishlari uchun oʻquv dasturi, hamda maʼruza, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlari uchun «Klaster», «Bumerang», «3x4», «aqliy hujum» va boshqa yangi pedagogik va axborot texnologiyalari qoʻllanilgan holda taqdimot materiallari ishlab chiqildi va oʻquv jarayoniga tatbiq etildi. Yangi pedagogik va axborot texnologiya asosida fizika fanini oʻqitishning differensiallashgan usuli tashkil etildi, elektron formatda oʻquv-uslubiy majmualar tayyorlandi va institut axborot resurs markaziga talabalar foydalanishlari uchun joylashtirildi.



Zamonaviy fizikaning avtomobilsozlik,  qishloq xoʻjaligi uchun fizik asboblar va astrofizika yoʻnalishlari boʻyicha dolzarb savollar va mavzular banki yaratildi.



Mirsaatov R.M. turdosh oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tekshirish muassasalari mutaxassislari ishtirokida muntazam ravishda ochiq va muammoli darslar oʻtkazib turadi. Uning rahbarligida yosh oʻqituvchilarning malakaviy kompetentligini oshirish boʻyicha katta ishlar olib borilib, ilmiy faoliyatga jalb etilganlar. Axborot texnologiyalarini qoʻllash darajasini, hamda talabalar bilimi, malakasi va koʻnikmalarini oshirish uchun elektron kafedra yaratilgan.



Mirsaatov R.M. oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalariga uslubiy yordam koʻrsatdi. TAYI qoshidagi AL va Toshkent axborot texnologiyalari KXK da fanlarni oʻqitish darajasini oshirishda faol ishtirok etdi. Laboratoriya mashgʻulotlarini oʻtkazish boʻyicha uslubiy yordam koʻrsatdi, fizika va astronomiya fanlaridan maʼruza darslarini oʻtkazdi. Shu bilan birga AL va KXK da kasbga yoʻnaltirish ishlarini olib bordi. AL va KXK talabalari uchun kafedrada «Fizika-avtomobil» toʻgaragi tashkil etdi.



Mirsaatov R.M. kafedrada ishlash davrida oʻzini yaxshi tashkilotchi va masʼuliyatli rahbar ekanligini koʻrsatdi. Uning tashkilotchilik qobiliyati natijasida oxirgi 3 yilda kafedraning ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish darajasi keskin ortdi. U kafedrada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun ilmiy laboratoriya tashkil etdi. 2012-2013 yillarda ushbu laboratoriyada 90 mln. soʻmlik «Quyosh energiya manbai bilan taʼminlanuvchi yarimoʻtkazgichli diodlar asosida yoʻl belgilari va yer osti kommunikatsiya tizimlarini yorituvchi qurilmalarni yaratish va ishlab chiqarishga tatbiq etish» mavzusidagi innovatsion loyiha va 140 mln. soʻmlik  «Kam quvvatli gorizontal va vertikal aylanish oʻqli shamol stansiyalarini yaratish» mavzusidagi amaliy-tadqiqot loyihasi bajarildi.



Uning rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi buyurtmasiga koʻra  tirik pillalarni kesmasdan ularning ipak miqdorini aniqlaydigan qurilma yaratish ustida ilmiy – tadqiqot ishlari olib borildi. Ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha 2014 yilda ushbu qurilmani qoʻllash asosida 32 mln. soʻm iqtisodiy samara olindi.



Mirsaatov R.M. 2015-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestasiya komissiyasi kotibiyatining fizika-matematika fanlari boʻyicha bosh inspektori lavozimida faoliyat olib bordi.



R.M.Mirsaatovning fizika-matematika sohasidagi ilmiy faoliyati kremniy va kremniy-germaniy qotishmalardagi chuqur aralashma markazlariga elektromagnit nurlanishlarning taʼsirini tadqiq etish bilan bogʻliq. U kremniy va kremniy-germaniy qotishmalardagi chuqur aralashma markazlarining nobarqaror holatlari uchun yorugʻlik taʼsiridagi reaksiyalar borish mexanizmini taklif etdi.



1991-1994 yillarda Sankt-Peterburg shahridagi Rossiya Fanlar akademiyasi A.F.Ioffe nomidagi Fizika-texnika institutida aspiranturada tahsil olib, nomzodlik dissertatsiyasi ustida tadqiqotlar olib borgan.



1995 yilda R.M.Mirsaatov Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fizika-texnika” instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengashda “Kremniy va kremniy-germaniy qoshmalaridagi chuqur aralashma markazlarini tadqiq etish” mavzusida tayyorlagan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻladi.



Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti fizika kafedrasidagi koʻp yillik ilmiy-uslubiy faoliyati natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestasiya komissiyasining 2002 yil 27 iyundagi 89/1 –son bayonnomasi bilan fizika kafedrasi boʻyicha dotsent ilmiy unvonida tasdiqlandi.



R.M.Mirsaatovning texnika va  qishloq xoʻjaligining ipakchilik sohasidagi ilmiy faoliyati tut ipak qurti pillalarinig sifat koʻrsatkichlarini aniqlash boʻyicha zamonaviy texnologiyalar va qurilmalarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan bogʻliq. Uning ilmiy rahbarligida 2015-2017 yillarda KA-4-001-raqamli «Quyosh elektr manbai bilan taʼminlanuvchi avtomatlashtirilgan mobil qurilmaning tajriba namunasini yaratish va pillalar ipakchanligini aniqlash texnologiyasini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy loyiha, 2018-2019 yillarda F-I-2018-001-raqamli «Pillalarni ipakchanligini aniqlaydigan quyosh elektr manbai bilan taʼminlanuvchi avtomatlashtirilgan mobil qurilmani kichik hajmlarda ishlab chiqarishni tashkillashtirish» mavzusidagi innovatsion loyiha, hamda 2020-2023 yillarda esa MU-FZ-2019080922-raqamli «Quyosh energiyasi yordamida pillalar gʻumbagini jonsizlantiruvchi qurilmaning takomillashtirilgan tajriba namunasini yaratish va gʻumbagi jonsizlantirilgan pillalarni quritish texnologiyasini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy loyihalar bajarildi. Ilmiy loyihalar natijalarini amaliyotga joriy etish orqali 2 milyard soʻm iqtisodiy samaradorlikka erishildi.



2016 yilda R.M.Mirsaatov Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengashda “Pillalar sifatini nazorat qilishga moʻljallangan statistik usullarni va avtomatlashtirilgan qurilmalarni ishlab chiqish” mavzusida tayyorlagan doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻladi. 2017 yilda esa 05.03.01-“Asboblar. Oʻlchash va nazorat qilish usullari” ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvonida tasdiqlandi.



R.M. Mirsaatovning koʻp yillik samarali ilmiy va ilmiy-uslubiy faoliyati davomida 200 dan ortiq ilmiy ishlari, jumladan, ilmiy maqolalari xalqaro va milliy jurnallarda chop etilgan, 30 dan ortiq uslubiy qoʻllanma va uslubiy koʻrsatmalari, hamda monografiyasi nashr etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentlidan 12 ta ixtiroga patent olingan, 5ta dasturiy taʼminot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilgan. 6 ta maqolasi Scopus bazasida, 2 ta WOS bazasidagi jurnallarda chop etilgan.



Faoliyati davomida 1 ta fan doktori, 2 ta texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) tayyorlagan. Sankt Peterburg shahridagi Rossiya Fanlar akademiyasi A.F.Ioffe nomidagi Fizika-texnika institutida, A.S.Pushkin nomidagi Sankt Peterburg davlat universitetida,Sankt Peterburg politexnika universitetida malaka oshirib qaytgan.



R.M. Mirsaatov 2020-2023 yillar davomida Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash aʼzosi sifatida, 2022-2024 yillar davomida Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash aʼzosi va ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat olib bordi. Texas Journal of Medical Science va “of American Journal of Technology and Applied Sciences” xalqaro jurnallarining hamda, “Transport vositalari va yoʻllari” ilmiy jurnalining redkollegiya aʼzosi.



2020 yil 2 sentyabrdan xozirgi vaqtgacha R.M.Mirsaatov Toshkent davlat transport universiteti “Tabiiy fanlar” kafedrasi professori lavozimida faoliyat olib bormoqda.



U 2005 yilda  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Isteʼdod» jamgʻarmasida masofali oʻqitish, yangi pedagogik, axborot va innovatsion texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha malakasini oshirgan.



R.M.Mirsaatov barcha ilmiy-pedagogik pogʻonalarda ishlash davrida yetuk mutaxassis, oʻziga va atrofdagilarga nisbatan talabchan, vaziyatni obyektiv baholash hamda qaror qabul qilishda masʼuliyatni oʻz zimmasiga oluvchi hamda yuqori muloqot madaniyatiga ega pedagog-xodim sifatida jamoa hurmatiga sazovor boʻlib kelgan.