Olim

MO‘MINOVA LOLA RAXIMOVNA

O‘zbеkistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, pedagogika fanlari doktori, professor

O‘zbеkistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, olima maxsus pedagogika fanining rivojiga va Oʻzbekistonda defektolog-kadrlar, logopediya, oligofrenopedagogika, surdopedagogika yoʻnalishi boʻyicha yuqori malakali kadrlarni, magistrlarni tayyorlashda katta hissa qoʻshib kelmoqda.



Lola Raximovna Moʻminova 1970 yilda Moskva davlat pedagogika institutini tugatib, 1974 yilgacha Toshkent psixologiya dispanserida logoped boʻlib ishlagan. Soʻng “Kibernetika” birlashmasining aspiranturasida oʻqigan va 1979 yildan boshlab Nizomiy nomidagi davlat pedagogika instituti (hozirda universiteti) qoshidagi “Oʻzbekistondagi bolalar bogʻchasi va maktablarida bolalarga rus tilini oʻrgatish” boʻyicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri lavozimida ishlagan. 1985-1999 yillarda mazkur oliy taʼlim muassasasida defektologiya fakulteti dekani, 1999-2001 yillarda kafedra mudiri va hozirgi kunda professor lavozimida ishlab kelmoqda.



1984 yilda L.Moʻminova nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʻldi.



1992 yil “Maktabgacha yoshdagi bolalarda nutq buzilishlarini bartaraf  etish boʻyicha korreksion-pedagogik ishlarning ilmiy-nazariy asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini oldi va 1995 yilda professor unvoniga ega boʻldi.



Lola Raximovna Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim muammolari institutida ilmiy kengash aʼzosi sifatida oliy taʼlim tizimini takomillashtirish ishida faol ishtirok etib kelgan. Oʻquv pedagogik ishlarni rivojlantirishda L.R.Moʻminova xorij mamlakatlari tajribasidan, jumladan, Isroildagi dunyo andozasiga mos tarzda olib boriladigan defektologiya faniga oid dasturlardan va maktabgacha yoshdagi bolalarni savodga oʻrgatish uslubiyotidan muvaffaqiyatli foydalanib kelmoqda. Bundan tashqari, xalqaro jamgʻarmalar bilan yaqindan aloqa oʻrnatgan.



 



Professor L.R.Muminova koʻp yillar davomida jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etgan. OAKning psixologiya va pedagogika eksport kengashining aʼzosi boʻlgan, bir necha pedagogika, psixologiya mutaxassisligi – kandidatlik va doktorlik dissertatsiyasini yoqlash boʻyicha ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi, maxsus pedagogika ixtisoslashgan kengashning rais oʻrinbosari, Respublika taʼlim markazi defektologiya boʻlimidagi oʻquv-metodik kengashning raisi sifatida ham faoliyat koʻrsatib, rejadagi ilmiy-nazariy va ilmiy-uslubiy ishlarni oʻz muddatida bajarib, uning natijalarini taʼlim jarayoniga tatbiq etib kelmoqda. Kup yillar Qozoqstonda davomida Almata shahrida ayollar pedagogika institut qoshidagi maxsus pedagogika ixtisoslashgan kengashning aʼzosi ham boʻlgan.



L.Moʻminova 1990 yildan boshlab maxsus pedagogika – logopediya muammolari boʻyicha Respublika fan va texnologiyalar qoʻmitasidan qator fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tayyorlab, mazkur grantlarga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.



Lola Raximovna magistraturaning logopediya mutaxassisligi defektologiya fani metodologiyasi, nutq buzilishlarining nazariyasi va metodologiyasi, maxsus pedagogika va psixologiyadagi tadqiqotlar metodologiyasi fanlaridan maʼruzalar oʻqiydi. L.R.Moʻminova bitiruv malakaviy ishlariga va magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilib kelmoqda. L.Moʻminova ustoz sifatida shogirdlari bilan universitetning ilmiy salohiyatini yanada koʻtarish uchun tinimsiz mehnat qilmoqda. Shogirdlari oʻz ustozlarining izidan borib ketma-ket fan nomzodi ilmiy darajasiga sazovor boʻldilar va oʻz maktabiga ega boʻlib ilmiy-pedagogik faoliyatini oʻz shogirdlari bilan birgalikda oʻquv, metodik, ilmiy-tadqiqotlar tinimsiz olib bormoqda.



Professor L.R.Moʻminova oʻz maktabiga ega boʻlib, uning ilmiy rahbarligida maxsus pedagogika yoʻnalishida 13 ta fan nomzodi, 2 ta fan doktori tayyorlagan, 30 dan ortiq talaba magistrlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli yoqlab, mamlakatning ilmiy salohiyatini boyishiga hissa qoʻshib, bugungi kunda 3 nafar doktorant va 3 nafar mustaqil tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqdalar.



Lola Raximovna Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida 2006 yildan beri ilmiy-tadqiqot loyihalarida, 2014 yildan buyon esa ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.



L.R.Moʻminova maxsus pedagogika fanining rivojlanishiga va yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan hukumatning “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” toʻgʻrisidagi qarorini ijrosi yoʻlidagi saʼy-harakatlariga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Shuningdek, L.R.Moʻminova hozirgi kunda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universiteti va Kasb-hunar mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutining Ilmiy darajaga talabgorlar ishlarini koʻrib chiquvchi Ixtisoslashtirilgan kengashlari va seminar aʼzosidir. L.R.Moʻminova AQSH davlat Merilend shtatidagi Lyusvill universitetida malaka oshirgan, Germaniyaning Bonn shahrida maʼruzalari bilan chiqishlar qilgan. Bugungi kunda xizmat safarlari asnosida Isroil, Amerika, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Litva, Xitoy davlatlaridagi defektologiya faniga oid jahon andozalariga mos keladigan zamonaviy innovatsion texnologiyalar,  taʼlim-tarbiya usullaridan samarali foydalanib kelmoqda.



Lola Moʻminova respublikamizdagi “Bola va Zamon” ilmiy-ommabop jurnali, Qozogʻistondagi “Maxsus pedagogika” (“Spetsialnaya pedagogika”), Rossiyadagi “Defektologiya”, “Almanax” jurnallarida tahririyat hayʼati aʼzosi. L.R.Moʻminovaning tashabbusi bilan nogironligi boʻlgan bolalarga yordam koʻrsatuvchi nodavlat oʻquv korreksion-reabilitatsion markaz tashkil etgan boʻlib, ushbu markazda oxirgi uch yil davomida 850 nafar nutqi, eshitishi, koʻrishida muammolari boʻlgan, aqli zaif bolalarga korreksion-pedagogik yordam koʻrsatish bilan birga shu sohada taʼlim olayotgan talabalar, amaliyotda faoliyat yuritayotgan  1000 dan ortiq mutaxassislarning malakasini oshirishga ham sezilarli ulush qoʻshib kelmoqda. Pedagogik faoliyatini ilmiy faoliyat bilan oʻzaro uygʻunlikda olib borayotgan nafaqat oʻziga, balki shogirdlari-yu, xodimlariga nihoyatda talabchan olima 300 dan ortiq ilmiy-ommabop maqola, monografiya, darslik, oʻquv dasturlari muallifidir. L.R.Moʻminova 150 ga yaqin respublika va xalqaro ilmiy-amaliy, ilmiy-uslubiy anjumanlarda oʻz chiqishlari, maʼruzalari, respublika televideniyasi va radiosi orqali mazmunli chiqishlar bilan qatnashib, oʻz pedagogik bilimlarini mutaxassislar oʻrtasida targʻib etib kelmoqda.



Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markaz tomonidan uyushtiriladigan barcha ilmiy-amaliy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda L.Moʻminovaning tashabbuskorligi sezilib turadi. Alohida ehtiyojli bolalarning ota-onalari orasida bolalarning ijtimoiy moslashuvidagi masʼuliyati xususida 300 dan davra suhbatlari va seminarlar oʻtkazdi.



Lola Raximovna Moʻminova imkoniyati cheklangan bolalarni ijtimoiy himoyalash, respublikaning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan olima, koʻp yillik va fidokorona faol mehnati, jonkuyarligi va talabchanligi, tashkilotchilik qobiliyatlari, mehribon va shirinsoʻzligi bilan barcha xodimlar, ota-onalar va sherik tashkilotlar orasida hurmat-eʼtibor qozongan.



MDX  mamlakatlarining inklyuziv taʼlim masalalari boʻyicha eksperti, amaliyоtchi  oʻqituvchi logoped (45 yil ish tajriba), «BOLA VA ZAMON»  jurnalining tahririyat aʼzosi. “Logopediya”, “Maxsus psixologiya”, “Logopedik tekshirish”,  “Logopedik albom”, “Nutq oʻstirish” ,“Savodga tayyorlash”  kompyuter dasturi “Koʻramiz, eshitamiz, gapiramiz» kabi qoʻllanmalar muallifi



Asosiy  ish faoliyatidagi  yoʻnalishlari:




  • Bolalar va kattalardagi nutq buzilishlarini tuzatish;

  • Bolalar va kattalardagi duduqlanishni tuzatish;

  • Logopediyadagi yangi texnologiyalar;

  •  “Nutqsiz bolalar “ nutqini shakllantirish, NTR (nutqning toʻliq rivojlanmaganligini ) mualliflik metodikasi asosida  rivojlantirish;

  • Mualliflik metodikasi boʻyicha  savodga oʻrgatish;

  • Kompleks ravishda maktabga tayyorlash;

  • Bolalarni oʻqishga oʻrgatish.



Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim sohasidagi koʻp yillik sermahsul mehnati tufayli L.R.Muminova 2001 yilda “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan va unga 2018 yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” fahriy unvoni berilgan.



Professor L.R.Muminova rahbarligida shogirdlari oʻz ustozlarining izidan borib ketma-ket fan nomzodi ilmiy darajasiga sazovor boʻldilar.  Jumladan: M.Yu.Ayupova, P.M.Poʻlatova, X.M.Poʻlatova, D.A.Nurkeldiyeva, M.P.Hamidova, L.Sh.Nurmuxamedova, Z.M.Axmedova, D.Nazarova, U.Yu.Fayziyeva, N.X. Dadaxodjayeva, D.B.Yakubjanova va boshqalardir.



Uning ilmiy rahbarligida maxsus pedagogika yoʻnalishida 13 ta fan nomzodi va 1 fan doktori tayyorlangan. Hozirgi kunda 3 nafar doktorantga va 3 nafar mustaqil tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.