Olim

MUHIDDINOV MUSLIHIDDIN QUTBIDDINOVICH

O‘zbеkistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor

Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich — filologiya fanlari doktori,  professor, navoiyshunos, adabiyotshunos olim. 1945 yil 5 mayda Samarqand viloyati Urgut tumanida ziyoli oilasida tavallud topgan. Mehnat staji 56 yil.



2016 yilda «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni, 2020 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.



Muslihiddin Muhiddinov oʻzbek adabiyoti tarixi boʻyicha yetuk mutaxassis, Samarqand adabiyotshunoslik maktabining faol davomchilaridan biri, bu sohada amalga oshirilgan ishlari bilan ilm ahli nazariga tushgan yetuk navoiyshunos olim. Mamlakatimizda sodir boʻlayotgan buyuk oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlaridan ruhlanib, uning mohiyati va ahamiyatini talabalar ongiga singdirish, taʼlim va tarbiyani uygʻunlashtirib olib borishni bosh vazifa deb biladigan faol jamoatchi va fan fidoiysidir.



M.Q.Muhiddinov «Oʻzbek klassik adabiyotida «Bahrom va Dilorom» hamda «Bahrom va Gulandom» siklidagi dostonlar («Oʻzbek klassik adabiyotida «Bahrom Goʻr» syujetining evolyutsiyasi») mavzusida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, professor Gʻulom Karimov rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini 1972 yilda, «Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi («Xamsa»larning birinchi dostonlari asosida)» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini esa akademik Botirxon Valixoʻjayev ilmiy maslahatchiligida 1995 yilda himoya qilgan.



M.Q.Muhiddinov oʻz mehnat faoliyatini Samarqand davlat pedagogika institutida kabinet laboranti lavozimidan boshlab, mazkur institutda 1992 yilgacha oʻqituvchi, dotsent, professor vazifasini bajaruvchi, oʻquv-tarbiyaviy ishlar boʻyicha prorektor kabi vazifalarni bajardi. 1992-2020 yillarda SamDU oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi professori, «Samarqand universiteti» gazetasi muharriri, SamDU qoshidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya etiladigan ixtisoslashgan kengash ilmiy kotibi, ilmiy kengash raisi, 1998 yildan 2003 yilga qadar maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha SamDU birinchi prorektori, 2003-2004 yillar oraligʻida rektor vazifasini bajaruvchi, 2004 yildan 2011 yilning may oyigacha mazkur universitetning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori lavozimida ishlagan. 2011 yildan SamDU filologiya fakultetining oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritmoqda.



M.Q.Muhiddinov oʻz tadqiqotlarida komil inson gʻoyasining mumtoz adabiyotdagi talqinlariga katta eʼtibor berdi. Chunki oliyjanoblik, saxovat, shijoat, yaratuvchanlik va bunyodkorlikka asoslangan – komil inson gʻoyasi  istiqlolga erishgan mamlakatimizning moddiy-maʼnaviy taraqqiyotini belgilovchi omil sifatida oʻrganilishi dolzarb masalaga aylandi. Olimning ilmiy faoliyati davomida 15 ta monografiya, 10 ta darslik va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, 400 ga yaqin ilmiy-nazariy maqolalari eʼlon qilingan. Jumladan, «Talqinlarda olamcha maʼno», «Barhayot anʼanalar», «Oʻzbek klassik adabiyotida gumanizm masalasi», «Ikki olam yogʻdusi», «Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida komil inson talqini», «Xamsa»larning birinchi dostonlarida komil inson tasviri», «Adabiy anʼana va ijodiy oʻziga xoslik», «Komil inson – adabiyot ideali», «Nurli qalblar gulshani», Gʻaribiyning «Shoh Bahrom va Dilorom» dostoni, «Navobaxsh hikmatlar», «Xalq kitoblari va mumtoz adabiyot», «Fors-tojik shoirlari ijodida komil inson talqini», «Koʻngil hayratlari», Germaniyaning «Lambert» nashriyotida nashr etilgan «Perfect human concepts in the first novels of the «Hamsa», «Alisher Navoiʼs epic «Sabʼai sayyar» tradition and originality» va Turkiyaning «Akademik kitablar» nashriyotida nashr etilgan «Hikmetlerde dünyaca manȃ» kabi monografiyalari navoiyshunoslik, adabiyotshunoslik ilmi rivojiga katta hissa qoʻshmoqda. Uning bevosita rahbarligi ostida nomzodlik va filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori(PhD) 11 ta, 5 ta filologiya fanlari boʻyicha fan doktori (DSc) dissertatsiyalari himoya qilingan. 30 ga yaqin magistrlik va oʻnlab bakalavrlik ishlari tayyorlangan.



M.Q.Muhiddinov davlat fan-texnika qoʻmitasining «Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi» (2001-2006), «Qoʻlyozma manbalarning milliy-maʼnaviy va adabiy meros targʻibotidagi ahamiyati» (2007-2011), OT-F-138 raqamli «Temuriylar davrida yaratilgan «Xamsa»larning komparativistik tadqiqi» (2017-2020)  mavzularidagi fundamental grantlar sohibi boʻlgan. Grantlar asosida olib borilgan tadqiqotlar natijasida 10 ga yaqin  kitoblar nashrdan chiqarildi. Mazkur grantlar doirasida Respublika va Xorijiy nashrlarda 80 ga yaqin  ilmiy maqola, 1 ta maqolalar toʻplami chop etildi. Hamda loyihalar doirasida 20 dan ortiq (PhD), (DSc) dissertatsiyalari  himoya qilindi.



M.Q.Muhiddinov ayni paytda SamDU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi  DSc.03/05.05.2023.Fil.02.11 raqamli ilmiy kengash raisi,  «Oʻzbekiston ovozi»  gazetasi, «SamDU axborotnomasi», «Til, taʼlim va tarjima» Respublika va «Alisher Navoiy», «Buyuk ipak yoʻli», «Turkologik tadqiqotlar» xalqaro jurnallari tahrir hayʼatining aʼzosi sifatida samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Ispaniya, Belgiya, Turkiya kabi mamlakatlar ilm-fanining yuqori infafaktorli, Web of Science, Ssopus xalqaro bazasi tarkibidagi nufuzli jurnallarda maqolalari eʼlon qilindi.



Shuningdek, u «Oʻzbekiston Mustaqilligining 15, 20, 25 va 30 yilligi», «Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. 2015 yil yakunlari boʻyicha Samarqand viloyatida oʻtkazilgan ikkinchi anʼanaviy «Samarqand iftixorlari» tanlovining «Viloyatimiz taraqqiyotiga qoʻshgan samarali hissasi hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faol ishtiroki uchun» nominatsiyasi boʻyicha viloyat hokimining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi. 2016 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan Oʻzbekiston Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni va 2018 yilda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Oʻzbekiston gerbi aks etgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oltin qoʻl soati bilan taqdirlandi. 2020 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan Oʻzbekiston Mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan «El-yurt hurmati» ordeni, 2022 yilda «Maʼnaviyat fidoiysi» koʻkrak nishoni sohibi boʻldi.



M.Muhiddinov respublikamizning markaziy gazeta hamda jurnallarida «Navoiy va Gʻaribiy», «Soʻz fazilati», «Ulugʻlik ziynati», «Milliy gʻoya – yoshlar ongiga», «Inson hayotining maʼnosi», «Ani ismi el tiligʻa mashhur boʻlgʻay», «Davrimizni harakatlantiruvchi kuch», «Mamlakat kelajagi ilmli va maʼrifatli yoshlarga bogʻliq», «Taʼlim ham tarbiya – tarbiya ham taʼlim» kabi taʼlim-tarbiyaga doir hamda yoshlarning kiyinish madaniyatiga oid qator maqolalarida yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, maʼnaviy-mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish kabi masalalarni ilgari surdi.



Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bagʻishlangan tadbirda soʻzlagan maʼruzasi yuzasidan «Millat masʼuliyati» (Oʻzbekiston ovozi gazetasi, 2017 y, 1 yanvar), «Odamiylik taʼrifida», «Yaxshi xulq – saodat kaliti» (OʻzA. 2017 y, 7 fevral, «Oʻzbekiston ovozi», 2017, 7 fevral), «Ilmiy maktab anʼanalari davom etmoqda» («Oʻzbekiston ovozi», 2017, 18 iyul), «Prezident murojaatnomasi 2017 yilning eng muhim voqeasi sifatida tarixda qoladi» («Oʻzbekiston ovozi», 2018 yil, 1 yanvar), «Buyuk maʼrifat ziyosi» («Oʻzbekiston ovozi», 2018, 7 aprel), «Insoniy burchimiz» («Oʻzbekiston ovozi», 2018, 15 may),  «Baxtli hayot strategiyasi» («Oʻzbekiston ovozi», 2018, 26 iyul), «Kim kelsa imoratki, kadr topgay...» («Jamiyat», 2018 yil, 28 sentyabr), «Oliy taʼlim sohasidagi islohotlar» («Oʻzbekiston ovozi», 2018 yil     11 dekabr), «Jahon hamjamiyati eʼtirofida» (Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, 2019 yil 5 mart), «Maʼrifat mutaassiblikka qarshi kurash demakdir» («Oʻzbekiston ovozi», 2019 yil 5 noyabr), «2020 yil — orzu umidlar yili» («Oʻzbekiston ovozi», 2020 yil 1 yanvar), «Prezident Shavkat Mirziyoyev  – kambagʻallikni kamaytirish gʻoyasining asoschisi» («Oʻzbekiston ovozi», 2020 yil 11 fevral),  «Turk alfozi bila surdum maqol», «Tong yaqin, oppoq tong yaqin» (OʻzA. 2020 y, 13 aprel, «Oʻzbekiston ovozi», 2020 y., 12 aprel), «Til – millat koʻzgusi»  («Yangi Oʻzbekiston», 2020 y. 18  aprel), «Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori, milliy maʼnaviyatimiz quyoshi» («Yangi Oʻzbekiston», 2020 yil 19 iyun), «Samarqand adabiyotshunoslik maktabi» («Yangi Oʻzbekiston», 2020 yil 23 oktyabr), «Mehr-muhabbat mamlakati («Xalq soʻzi», 2021), «Bugungi mahalla – kechagi mahalla emas» (OʻzA, 2021), «Xalq roziligi yoʻlida» («Oʻzbekiston ovozi», 2021), «Eʼtibor va gʻamxoʻrlikni hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi» («Xalq soʻzi», 2022, 4 yanvar), «Samarqand adabiy muhiti muttasil rivojlanib, takomillashmoqda» («Yangi Oʻzbekiston», 2022 yil 8 yanvar),  «Taʼlimsiz taraqqiyot, ilm-fansiz yuksalish boʻlmaydi» («Yangi Oʻzbekiston», 2022 yil 15 yanvar), « Badiiy tafakkur va talqinda izdoshlik» («Xalq soʻzi», 2023 yil 6 may), «Murojaatnoma taraqqiyotga munojotdir» («Jamiyat», 2023 yil 1 may), «Mening Prezidentim» («Xalq soʻzi», 2023 yil 11 iyul) kabi maqolalari Respublikaning markaziy nashrlarida chop etildi.



Qolaversa, Alisher Navoiyning toʻrt jildlik «Xazoyin ul-maoniy» (2011) devoni, ikki jildlik «Alisher Navoiy qomusiy lugʻati» (2016. 100 b.t.), «Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi» (2022. 30 jild)  tahrir hayʼati aʼzosi, «Alisher Navoiy va XXI asr».  Respublika ilmiy-nazariy anjumani materiallariga (Toshkent, 2016 yil, 23 may. 17.5 b.t.) taqrizchi, «Alisher Navoiy ijodi va qiyosiy tahlil masalalari» (2017) ilmiy maqolalar toʻplamiga masʼul muharrir va soʻzboshi muallifi, «Mavlono Sakkokiy devoni»ga (Nashrga tayyorlovchi M.Hasanova, 2017 yil), «Gadoiy sheʼriyatida maʼnaviy va lafziy sanʼatlar» (H.Aslanova, 2017) kitobiga, «Boburnoma»da gʻolib va magʻlub shaxs ruhiy holatining badiiy tasviri» (Isroil Sulaymonov, 2019 yil) monografiyasiga, «Ibni Davlat. «Devon»» (nashrga tayyorlovchi D.Toshniyozova, 2019 yil), «Maʼnolar mahzani» (Alisher Navoiy gʻazallariga sharhlar)» (Olimjon Davlatov, 2020 yil), «Oqqoʻyunli muxlislar devoni» (Nashrga tayyorlovchilar A.Erkinov, R.Jabborov, 2020 yil) kitoblariga masʼul muharrir, «Zoti bobarakot» (2020 yil) kitobining tuzuvchisi sifatida ham faoliyat koʻrsatdi.



Samarqand shahri navoiyshunoslikning asosiy markazlaridan biri boʻlib qolishida olimning xizmatlari katta. Olim ushbu yoʻnalishda qator monografiya va ilmiy maqolalar yozish, yosh avlodga Alisher Navoiy hayoti va ijodi boʻyicha saboq berish barobarida tadqiqotchilarni ushbu sohaga yoʻnaltirib turibdi. M.Muhiddinov raisligida faoliyat koʻrsatayotgan SamDU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi  DSc.03/05.05.2023.Fil.02.11  raqamli Ilmiy kengashda 2017 yildan buyon  navoiyshunoslikka oid 10 ta falsafa doktori (RhD) hamda 4 ta fan doktori (DSc) ilmiy darajasi boʻyicha dissertatsiya himoya qilindi.



Maʼlumki, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, yuksalish davriga kirgan yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy qudratini oshirish – bugungi yosh avlodning bilimi, imon-eʼtiqodi, jismonan hamda maʼnan barkamolligi, davlatparvarlik, vatanparvarlik ruhiyatida nechogʻli tarbiya topganligi bilan bogʻliq. Bu borada M.Muhiddinov oʻz vazifasiga jiddiy yondashadigan, murakkab masalalarni hal etish qobiliyatiga ega, bahs va tortishuvlarda xotirjam, hamkasblar va atrofdagilar orasida kamtarin, ish bilan bogʻliq muammolarni vazminlik bilan hal etadigan, respublikamizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar mazmunini chuqur anglagan holda, uning muvaffaqiyatini taʼminlashga intiladigan shaxs sifatida oʻzini namoyon etgan. U ishdagi tartib-intizomga rioya qiladi va boshqalardan ham shuni talab qiladi, yaxshi kadrlarni qadrlaydi, ularni professional oʻsishini qoʻllab-quvvatlaydi. Respublika va viloyatning maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarida faol ishtirok etadi.



Shuningdek, M.Muhiddinovning ijodiy faoliyati haqida vaqtli matbuotda ham bir qancha munosabatlar bildirildi. Xususan, Sultonmurod Olim. Komillikka oshno koʻngil («Maʼrifat», 2015 yil, 10 oktyabr), Akbarov H. Komillik boʻstonida. (Ustozlik) («Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati», 2015 yil, 2 oktyabr), Joʻraqulov M, Salohiy D. Muslihiddin Muhiddinov. (Oʻzbek tili va adabiyoti, 2015 yil, 2-son, 107-108 b), Komillik sulolasi («Naqshbandiya» jurnali, 2016 yil, 1 (15), 2-16 b), Yoʻldoshev B, Sulaymonov I. Mehribon ustoz. («Samarqand», 2015 yil, 2 may), «Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi («Xamsa»larning birinchi dostonlari asosida)» (Alisher Navoiy qomusiy lugʻat. II jildlik. «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tahririyati. Toshkent, 2016 y, 420-b), Komil inson – adabiyot ideali (Alisher Navoiy qomusiy lugʻat. II jildlik. «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tahririyati. Toshkent, 2016 y, 346-347-b), Nurli qalblar gulshani   (Alisher Navoiy qomusiy lugʻat. II jildlik. «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tahririyati. Toshkent, 2016 y, 347-348-b), Humoyun. Komillik istab... «Quyosh huzuriga yoʻl olgan karvon» (Toshkent, 2017, 165-170-b.), Koʻngil hayratlari. (Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi. Toshkent, 2022 yil. 9-jild) kabilar shular jumlasidandir.



Umuman olganda, M.Q.Muhiddinov oʻz ilmiy-pedagogik faoliyatida maʼnaviyatimizni yuksaltirishga, ajdodlarimizning boy adabiy merosini yoshlarga yetkazishda, ularni vatanimizning sodiq, idrokli, isteʼdodli farzandlari qilib tarbiyalashda butun vujudi bilan intilib fidoyilik koʻrsatib ishlamoqda. Ishda tashkilotchi, katta hayotiy tajribaga ega, maʼnaviy yetuk murabbiy, oliyjanob kamtarin inson.