Olim

MUSAYEVA NODIRA MAXMUDOVNA

Falsafa fanlari doktori, dotsent

Nodira Musayeva 2012 yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Tashakkurnomasi, 2016 yili “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 25 yil” koʻkrak nishoni, 2022 yili “Maʼnaviyat fidoiysi” koʻkrak nishoni va 2022 yili “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 30 yil” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Umumiy mehnat staji — 48 yil. Respublika Oila va Xotin-qizlar davlat qoʻmitasi eksperti, Senat qoshidagi Xotin-qizlar Kengashi aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda.



N.Musayeva oʻz mehnat faoliyatini 1986-yili Buxoro viloyati Qiziltepa tumani E.Sachoqov nomli 21-son oʻrta maktabi rus tili va adabiyoti fani oʻqituvchiligidan boshladi. 1994 yili Buxoro tibbiyot instituti Tarix kafedrasi oʻqituvchisi sifatida pedagogik faoliyatini davom ettirdi. U 1996-1999 yillarda Toshkent davlat universiteti falsafa yoʻnalishiga aspiranturaga qabul qilindi. 1999-2004 yillarda Toshkent davlat universiteti Falsafa fakulteti Fakultetlararo falsafa kafedrasi oʻqituvchisi, katta oʻqituvchisi, 2004-2006-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi falsafa va huquq instituti doktoranti, 2006-2007-yillarda Tadbirkorlar  va ishbilarmonlar harakati Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi (UzLiDeP) Siyosiy Kengashida Mafkura boʻlimi bosh konsultanti, 2007-2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasida “Fraksiya va partiya ishini muvofiqlashtirish” boʻlimi boshligʻi, 2010-2016-yillarda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashida Siyosiy taʼlim markazi rahbari, 2016-2020-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti “Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat” boʻlimi boshligʻi, 2020-yildan hozirga qadar  “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika Boshqaruvining “Nuroniylarning yoshlar taʼlim-tarbiyasida faolligini oshirish va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish” boʻlimi boshligʻi kabi turli lavozimlarda oʻz mehnat faoliyatini davom ettirdi. U turli tashkilotlarda ishlash bilan bir qatorda nomzodlik (1999 y.) va doktorlik (2021 y.) dissertatsiyalarini himoya qildi. Shuningdek, u hozirda “Nuroniy” Jamgʻarmasi nazorat Kengashi aʼzosi. N.Musayeva «Nuroniy» jamgʻarmasi Respublika boshqaruvi boʻlim boshligʻi sifatida turli davlat tadbirlarida faol qatnashib kelmoqda, respublika boʻylab, barcha viloyatlarda boʻlib mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, keng koʻlamli bunyodkorlik islohotlarini targʻib etishdagi faolligi uchun “Maʼnaviyat fidoiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.   Shuning bilan bir qatorda, xalqaro va millatlararo munosabatlarni shakllantirish va kuchaytirishda bir qancha mamlakatlar vakolatxonalarida doʻstona hamda bagʻrikenglik aloqalarini oʻrnatishda faol qatnashib keladi. Xususan, Oʻzbekistondagi Ozarbayjon elchixonasi va Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi hamda Oʻzbekistondagi Tojikiston elchixonasi va Tojik Milliy-madaniy markazi tomonidan ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlariga qoʻshgan hissalari uchun Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.



Hozirda koʻplab telekoʻrsatuvlarda (Oʻzbekiston, Madaniyat va maʼrifat, Mahalla, Oilaviy, Yoshlar, Milliy) oila,  xotin-qizlar, nuroniylar va yoshlarning jamiyat ravnaqidagi oʻrni, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, gender tengligi, korrupsiyaga qarshi kurash, yoshlar tarbiyasi, besh tashabbus kabi masalalar bilan bogʻliq interfaol, yangi texnologik uslublarga tayangan holda ilmiy, amaliy,  koʻp yillik xalqaro tajribaga asoslangan bilim va tafakkur bilan faol ishtirok etib kelmoqda.



N.Musayeva koʻp yillik maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi faolligi uchun turli vazirliklar va tashkilotlar tomonidan Faxriy yorliqlar va Tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.



N.Musayeva, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Germaniya, Misr, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tojikiston, Armaniston kabi dunyoning 10 dan ortiq davlatlarida turli anjumanlarda boʻlib, Oʻzbekistonda yoshlarning, xotin-qizlarning  hamda keksa avlod vakillarining ijtimoiy-siyosiy faolligi, keng dunyoqarashi va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasiga bagʻishlangan maʼruzalari bilan ishtirok etgan va eʼtirof etilgan.



N.Musayeva oʻzining kasbiy hamda jamoatchilik faoliyati bilan birgalikda ilmiy salohiyatini ham namoyon qilib kelmoqda.  Uning 2 kitobi chop etilgan, 70 dan ortiq maqolalari eʼlon qilingan.   Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toshkent shahri va viloyatlarda “Yangi Oʻzbekistonda El aziz-Inson aziz” shiori ostida oʻtkazilgan “Madaniyat va maʼrifat Karvoni”, “Maʼnaviyat” festivali doirasida aholi bilan, minglab insonlar bilan muloqotda faol targʻibotchi sifatida qatnashib, xalqimizning, xususan nuroniylarning  samimiy mehr-muhabbatini qozondi.



N.Musayeva respublikaning turli hududlarida boʻlib, oilaviy ajrimlar, oilaviy zoʻravonliklarni oldini olish, mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash,  oilalarda ahillik va oʻzaro mehr-oqibatni kuchaytirishda nuroniylarning faolligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlarda oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.



N.Musayeva oʻzining samimiyligi, kamtarligi, fidoiyligi, xalqparvarligi, mehnatsevarligi, tashabbuskorligi, oʻz kasbiga muhabbati va sadoqati tufayli, xalqimizning, xususan keksa avlod vakillari va yoshlarning mehrini qozongan.