Olim

MUSTAFAKULOV SHERZOD IGAMBERDIYEVICH

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Mustafakulov Sherzod Igamberdiyevich 1977 yil 27 sentyabrda Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahrida tugʻilgan. Millati – oʻzbek. U 1991 yilda Kattaqoʻrgʻon shahar 2-IDUMning 9-sinfini aʼlo baholar bilan tamomlagan. 1991-1994 yillarda Kattaqoʻrgʻon tijorat texnikumida oʻqigan.



1994-1999 yillarda Samarqand davlat arxitektura qurilish institutining bakalavriat bosqichida taʼlim olgan. 1999-2000 yillarda ushbu institutning izlanuvchi-tadqiqotchisi sifatida ilmiy faoliyat olib borgan. Iqtisodiyot sohasiga katta ishtiyoqi tufayli 2000-2003 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida aspiranturada ilm olgan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi qurilish iqtisodi va uni boshqarish, hududlar iqtisodiyoti va investitsiyalarni boshqarishdir.



U ilmiy faoliyatini izchil davom ettirib, 2005 yilda Bozor islohotlari ilmiy tadqiqotlar institutida Makroiqtisodiyot ASM ixtisosligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U pedagog sifatida yuqori kasbiy layoqatga ega boʻlib, 2005-2006 yillarda universitetning TDIU “Agroiqtisodiyot” kafedrasi assistenti, katta oʻqituvchisi sifatida mehnat qilgan. 2009-2012 yillarda TDIU “Tarmoqlar iqtisodiyoti” kafedrasi dotsenti boʻlgan.



Sherzod Mustafakulov 2012-2013 yillarda TDIU “Sanoat iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri masʼul vazifasida mehnat faoliyatini amalga oshirib, davlatimiz rivoji yoʻlida ilmli, fidoyi kadrlar tayyorlashga oʻz hissasini qoʻshgan. Yuqori intellekti bilan olgʻa intiluvchi bu yosh rahbar kadrga 2013-2017 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-Moliya akademiyasi “Investitsiyalar” kafedrasi mudiri lavozimi ishonib topshirildi. 2016-2017 yillarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bank-Moliya akademiyasi Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakulteti dekani sifatida sohaga yangiliklarni tezkor joriy etish yoʻlida fidoyi mehnatlari bilan jamoaga oʻrnak boʻldi.



U qator xorijiy mamlakatlarda “Erasmus+” loyihasi doirasida malaka oshirgan, xususan, 2011 yilda Germaniyada, 2013 yilda Luksemburgda, 2014-2015 yillarda esa Aleksandr nomidagi Texnologiyalar va taʼlim instituti (Gretsiya)da ilmiy stajirovka oʻtagani eʼtirofga loyiq.



Yosh olim 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi huzuridagi Ilmiy kengashda Makroiqtisodiyot va moliya, pul muomalasi va kredit ixtisosliklari kesimida doktorlik dissertatsiyasini (DSc) himoya qilishga muvaffaq boʻldi. 2017 yil 12 sentyabrdan TDIUda “Universitet 3.0” xalqaro oʻquv va ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi direktori etib tayinlanib, talabchan, izlanuvchan, tashabbuskor yosh rahbar sifatida oʻz vazifalariga sidqidildan yondashgan. Uning rahbarligida universitetda fan-taʼlim bilan bir qatorda innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, ishbilarmon doiralar vakillari bilan samarali muloqot oʻrnatish, texnologik startaplar yaratish, shu asnoda oliygohning xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori oʻrinlarni egallashiga shart-sharoitlar yaratish, raqamlashtirish va avtomatlashtirish jarayonlariga tayyorlashga katta eʼtibor qaratilgan. U 2017-2019 yillarda TDIU Ilmiy ishlar prorektori masʼul lavozimida mehnat qildi.



Shundan soʻng Sherzod Mustafakulov 2020-2022 yillarda Qoʻqon universiteti rektori va iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat olib bordi. Unga 2022 yilda OAK tomonidan professor ilmiy unvonini tasdiqlovchi diplom taqdim etilgan. Uning rahbarligida Qoʻqon universitetida ilmiy salohiyat va taʼlim sifatini oshirish, modernizatsiyalash, innovatsiyalarni keng tatbiq etish, taʼlimni ishlab chiqarish bilan integratsiyalash, oʻquv jarayonini ish beruvchi talablariga moslashtirish hamda talabalarning oʻz ustilarida ishlashi uchun qulay muhit yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.



Qisqa vaqt ichida istiqbolli xalqaro hamkorlik aloqalari oʻrnatilib, ilmiy-akademik koʻrsatkichlar oshdi, oliygoh nufuzli delegatsiyalarning muhim tashriflariga mezbonlik qildi. Yoshlar taʼlimi barobarida tarbiya ishlarida ijobiy natijalarga erishildi.



Shuningdek, oliygohda oʻquv-uslubiy va ilmiy tadqiqotlar sohasida professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarga keng yoʻl ochib berildi. Sherzod Mustafakulov “Qoʻqon universiteti xabarnomasi” ilmiy-amaliy jurnaliga bosh muharrirlik qilib, tadqiqotchilarga ilmiy faoliyatlarini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarida yuzaga chiqayotgan muammolarni ilm asosida yechish boʻyicha qimmatli tavsiya va maslahatlarini berib bordi.



Ayni damda Sherzod Mustafakulov davlatimiz rahbari boshchiligida oliy taʼlim tizimida taʼlim sifatini oshirish bilan bogʻliq islohotlarda tashabbuskorlik namunasini koʻrsatib, mamlakatni yetuk kadrlar bilan taʼminlash yoʻlida sidqidildan mehnat qilmoqda. 2022 yildan Xalqaro Nordik universiteti rektori masʼul lavozimida oliygoh jamoasiga rahbarlik qilib kelmoqda. U XNU huzuridagi iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengashga raislik qilmoqda. Uning bosh muharrirligida “Nordik” ilmiy-amaliy elektron jurnali, “Nordik life” broshyurasi nashr etib kelinmoqda.



Uning serqirra faoliyati samarasida Nordik universiteti yurtimiz va xorijiy talabalarga yuqori sifatli taʼlim xizmatlari va imkoniyatlarini taqdim etmoqda. Milliy, mintaqaviy va xalqaro koʻlam va darajada kengayib boryapti. Xorijiy hamkorliklar bois xalqaro imkoniyatlar ortib, istiqbolli dastur va loyihalar amalga oshirilyapti. Taʼlim jarayoniga qulayliklar va innovatsiyalar tizimli joriy etilyapti. Universitet oʻz qadriyatlariga ega boʻlib, talabalarga qaratilgan strategik maqsad va vazifalarini yuqori darajada uddalamoqda. Nordik mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari orasida taʼlimni tashkil etish xususiyatlari va faoliyat trayektoriyasi bilan oʻziga xoslik kasb etmoqda.



Sherzod Mustafakulov tashabbuslari asosida Nordikda Foundation maktabi, 12 ta zamonaviy bakalavriat yoʻnalishi (kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllari), 6 ta magistratura mutaxassisliklari, 4 ta PhD dasturi amalga oshirilib, doktorantura va mustaqil izlanuvchilar uchun olimlikka qadar barcha sharoitlar yaratilgan.



Sherzod Mustafakulov muallifligida 170 dan ziyod ilmiy, xronolik va ommabop maqolalar, tezislar toʻplamlari, darsliklar, monografiyalar, oʻquv qoʻllanmalari, lugʻatlar, ilmiy-ommabop risolalar nashr etilgan. Scopus bazasi tarkibiga kirgan xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalari chop etib kelinmoqda. Uning rahbarligi ostida oʻnlab fan doktorlari (DSc), iqtisodiyot boʻyicha falsafa doktorlari (PhD) dissertatsiyalarini himoya qilishmoqda.  Uning, ayniqsa, “Mikroiqtisodiyot: masalalar, namunalar, topshiriqlar, testlar”, “Iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlarini modernizatsiyalashda olib borilayotgan faol investitsiya siyosati: asosiy jihatlar va istiqbollar”, “Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz va Oʻzbekistonning moliya sektori: tahlillar, natijalar, xulosalar”, “Ekonometrika I” oʻquv qoʻllanmalari, “Makroiqtisodiyot”, “Moliya bozorlari va institutlari”, “Xalqaro moliya” darsliklari, “Xalqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar” dayjesti, “Investitsion jozibadorlikning nazariy, metodologik va amaliy talqini” monografiyasi, “Iqtisodiyot ilmi osmonida yulduzga aylanganlar” ilmiy-ommabop risolasi kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganilmoqda va fanning oʻziga xosliklarini oʻzlashtirishda dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.



Sherzod Mustafakulov oilali, 3 nafar farzandi bor.