Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, pedagogika fanlari doktori Muxitdinova Xadicha Sobirovna Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakulteti oʻzbek tili va adabiyoti boʻlimini imtiyozli diplom bilan tugatib, oʻz mehnat faoliyatini 1971- yilda Respublika rus tili adabiyoti pedagogika institutining (hozirgi OʻzDJTU) oʻzbek tili kafedrasida oʻqituvchi lavozimidan boshlagan. Umumiy mehnat staji 53 yil.
1977-1980 yillarda Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida avval kichik, soʻngra katta ilmiy xodim, 1991-1996 yillarda Jahon iqtisodi va diplomatiya institutining oʻzbek va rus tillari kafedrasi dotsenti, 1996-2001 yillarda Oʻzbekiston Bank-moliya akademiyasida oʻquv boʻlimi boshligʻi, 2001-2012 yillarda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻzbek tili kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat olib borgan, hozirgi kunda umumiy tilshunoslik kafedrasi professori.
Koʻp yillik samarali mehnatlari va erishgan yutuqlari uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan Faxriy yorliqlar bilan, 2014- yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, 2021- yilda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.
1980-yilda filologiya fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, filologiya fanlari ilmiy darajasiga, 2011- yilda oʻzbek tilini oʻqitish metodikasi ixtisosligi boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi. 1984-yilda dotsent unvonini, 2019- yilda professor unvonini oldi.
Ilmiy izlanishlari sohasi – oʻzbek tilini mamlakatimizda yashovchi turli millatlar vakillariga ikkinchi til sifatida hamda xorijiy tillarda soʻzlashuvchilarga xorijiy til sifatida oʻqitishning intensiv metodikasini yaratish maqsadidan kelib chiqib, doktorlik ishining amaliy tatbiqi sifatida taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim bosqichlarida rus guruhlari uchun “Oʻzbek tili” fanidan 10 dan ortiq oʻquv dasturlarini tuzdi va amaliyotga tatbiq etdi. Uning bosh muallifligida taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 6-, 7-sinflari uchun (2013, 2018), 8-sinfi uchun (yakka mualliflikda, 2004, 2006, 2019), 10-, 11- sinflari uchun (2017, 2018, 2020) imkoniyati cheklangan va aqli zaiflar maktablarining 9-sinfi uchun (2016, 2021), “Oʻzbek tili” darsliklari, oliy taʼlim muassasalarining rus guruhlari uchun “Oʻzbek tili” (2006, 2012), “Ilmiy ish asoslari” (2021, 2021) darsliklari yaratilgan.
Shuningdek, u kasb-hunar kollejlarining rus guruhlari uchun “Oʻzbek tili” (2013), va oliy oʻquv yurtlari milliy guruhlari uchun “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” (2004, 2006) oʻquv qoʻllanmalari, 6-, 7- 8-sinf darsliklari uchun “Oʻqituvchi kitobi” metodik qoʻllanmalari (2013), 8-sinf darsliпi uchun “Oʻqituvchi kitobi” metodik qoʻllanmalari (2004, 2008), oʻzbekcha-ruscha, oʻzbekcha-ruscha-inglizcha, oʻzbekcha-nemischa, oʻzbekcha-xitoycha, oʻzbekcha-koreyscha oʻquv lugʻatlari hamda soʻzlashgichlarning ham bosh muallifi hamdir. Ushbu darsliklarning har biri 2-3 martadan qayta nashr qilingan, boshlangʻich sinflar uchun tuzilgan 1.700 soʻzli va 4 ming soʻzli “Oʻzbekcha-ruscha-inglizcha lugʻat”lari esa 2011- yildan beri talab va taklif asosida har yili koʻp nusxada qayta-qayta nashr etilib kelinmoqda.
Xadicha Muxitdinova kitobni va kitob yozishni sevadigan, ilm sohasida sermahsul ijodkor. U 200 dan ortiq ilmiy va oʻquv-metodik ishlar, shu jumladan, 3 ta monografiya, 10 dan ortiq darsliklar, 20 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va lugʻatlar, 150dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Ushbu maqolalardan 3 tasi Scopus va Web of Science jurnallarida, 30 ga yaqini Angliya, Rossiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tojikiston, Moldaviya va boshqa MDH davlatlari jurnallarida, konferensiyalari materiallari toʻplamlarida chop etilgan.
Uning muallifligida yaratilgan qator darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan eʼlon qilingan tanlovlar gʻolibi boʻlgan. Jumladan, 2005- yilda yakka mualliflikda yozgan taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan umumtaʼlim maktablarining 8-sinfi uchun «Oʻzbek tili» darsligi va «Oʻqituvchi kitobi» metodik qoʻllanmasi, 2013- yilda esa taьlim boshqa tillarda olib boriladigan umumtaʼlim maktablarining 6- va 7-sinflari uchun uning bosh muallifligida yozilgan «Oʻzbek tili» darsligi va «Oʻqituvchi kitobi» metodik qoʻllanmalari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan eʼlon qilingan tanlov gʻolibi boʻlgan.
2007- yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan eʼlon qilingan “Eng yaxshi oʻquv qoʻllanma” tanlovida oliy oʻquv yurtlarining milliy guruhlari uchun chop etilgan “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” oʻquv qoʻllanmasi uchun 3-darajali diplom bilan, 2008- yilda esa boshlangʻich sinflar uchun “Oʻzbekcha-ruscha, ruscha-oʻzbekcha rasmli lugʻat” uchun 2-darajali diplom bilan taqdirlangan. Yakka mualliflikda yaratilgan “Oʻzbek tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish metodikasi” oʻquv qoʻllanmasi 2021- yilda OʻzR Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti va OOʻMTV hamkorligida oʻtkazilgan “Oʻzbek tilini oʻqitishning eng yaxshi metodikasi” ilmiy-ijodiy ishlari tanlovining 2-darajali diplomi bilan taqdirlangan.
2020-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi buyurtmasi asosida amalga oshirilgan “Xorijiy tillarda soʻzlashuvchilarga oʻzbek tilini intensiv oʻrgatish uchun multimedia mahsulotlari” amaliy loyihasi asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar: 1 ta patent, 5 ta elektron darslik, koʻp tilli lugʻatlar, soʻzlashgichlar va milliy-madaniy soʻzlar majmuasi uchun mualliflik guvohnomalari olingan va ular 1-darajali diplom bilan taqdirlangan. Muxitdinova Xadicha Sobirovna malakali pedagog sifatida koʻp yillar davomida Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi Respublika Taʼlim markazi ilmiy-metodik kengashi aʼzosi, respublika fan olimpiadalari, “Oʻzbek tili” doimiy anjumanlari, maktab oʻqituvchilarining avgust kengashlari, ilmiy-amaliy seminarlarning muntazam va faol ishtirokchisi boʻlib kelgan.
Respublikamizda davlat tili taʼlimini takomillashtirish, oʻzbek tili fani uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash, oʻquv dasturlarini takomillashtirish hamda umumiy oʻrta taʼlim uchun kompetensiyaviy yondashuv asosida takomillashtirilgan Davlat taʼlim standartlarini yaratish boʻyicha Respublika taʼlim markazi va Taʼlim sifati inspeksiyalari qoshida tuzilgan ishchi guruhlar rahbari sifatida ham faoliyat yuritib kelgan.
Xadicha Sobirovna Muxitdinovaning saʼy-harakati bilan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻzbek tili kafedrasi bilan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, boshqa oliy taʼlim muassasalari hamda taʼlim tizimining quyi bosqichlari: umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻrtasida muntazam innovatsion korporativ hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, 2004- yildan beri Janubiy Koreyadagi Pusan xorijiy tillar universiteti, 2009- yildan esa Rossiya Federatsiyasidagi M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Sankt-Peterburg pedagogika universiteti, Moskva davlat lingvistik universitetlari oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. U tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻzbek tilini xorijiy til sifatida oʻqitish” intensiv oʻquv dasturi OʻzDJTU oʻzbek tili kafedrasi qoshida oʻzbek tilini xorijiy til sifatida oʻqitish ishlarining boshlanishiga asos boʻlgan.
2009-2011 yillarda jahondagi eng nufuzli universitetlardan hisoblanuvchi Rossiya Federatsiyasining Moskva davlat universiteti va Moskva davlat lingvistik universitetlariga xizmat safari bilan borib, rossiyalik talabalarga oʻzbek tili oʻqituvchisi sifatida faoliyat olib borgani ushbu hamkorlik aloqalarini yanada yuqori darajaga olib chiqdi. Ushbu faoliyat natijasida Moskva davlat lingvistik universitetida oʻzbek tili boʻlimi ochildi va X.S.Muxitdinova tomonidan tuzilgan “Практический курс узбекского языка” va “Профессиональная коммуникация” fanlari boʻyicha oʻquv dasturlari asosida oʻzbek tilining ikkinchi til sifatida bakalavr darajasida oʻqitilishi yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu mashgʻulotlar samarali natijalar bergani uchun Xadicha Muxitdinovaning ish tajribasi 2010- yil Bokuda oʻtkazilgan “Диалог языков и культур” VI xalqaro forumda master-klass sifatida taqdim etildi.
2010- yil Bokuda oʻtkazilgan “Диалог языков и култур” VI xalqaro forumi yalpi yigʻilishi va seminar treninglarida MDH davlatlari vakillari qatorida Oʻzbekiston vakili X.S.Muxitdinovaning ishtiroki ham yuqori eʼtirofga sazovor boʻldi.
2012- yilda esa Moskva davlat universiteti professori, taniqli turkolog olim D.M. Nasilov bilan hammualliflikda MDH davlatlari uchun “Учебник узбекского языка” darsligi ham nashr qilindi.
Oʻzbek tilini xorijiy til sifatida oʻqitish, oʻzbek tilini intensiv oʻrgatuvchi zamonaviy metodikani yaratish masalalaridagi uzoq yillik izlanishlari 2020- yilda OʻzR innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan tanlovda “Xorijiy tillarda soʻzlashuvchilar uchun oʻzbek tilini intensiv oʻrgatuvchi multimedia mahsulotlari majmuasi” amaliy loyihasini qoʻlga kiritilishiga olib keldi. Mazkur loyiha doirasida 5 ta til – ingliz, nemis, rus, xitoy va koreys tillarida soʻzlashuvchilar uchun multimedia ishlanmalaridan iborat elektron darslik, koʻp tilli lugʻatlar va soʻzlashgichlar, milliy-madaniy soʻzlarning glossariysidan iborat majmua yaratildi va 2022- yilda Rossiya Federatsiyasida, 2024- yilda Amerika Qoʻshma Shtatlari taʼlim muassasalarida aprobatsiya qilindi.
Loyiha tarkibidagi “Xorijliklarga oʻzbek tili” (A1-A2) elektron darsligi Rossiyaning Moskva davlat lingvistik universiteti, AQShning Indiana universitetida yuqori eʼtirofga sazovor boʻldi va amaliy qoʻllash uchun olib qolindi. Bu jahonning eng rivojlangan mamlakatlari bilan oʻzbek tili taʼlimi sohasida mustahkam koʻprik oʻrnatilishiga sabab boʻldi.
“Xorijliklarga oʻzbek tili” (A1-A2) elektron darsligi materiallari rossiyalik mutaxassislar tomonidan ham qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. 2023- yil yanvarda MDLU rektori prof. I.A.Krayeva va xalqaro boʻlim rahbarlari bilan uchrashuvda oʻzbek tilini oʻqitish bakalavr darajasidan magistratura darajasiga olib chiqish masalalarida ham kelishib olindi.
2024- yil 1-2-fevral kunlari Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi Indiana universiteti CeLCAR (Oʻrta Osiyo tillar markazi)da oʻtkazilgan ilmiy-amaliy seminarda loyiha natijasida yaratilgan elektron darslik yuqori baholanib, amerikalik talabalarga oʻzbek tilini oʻqitish uchun qabul qilindi. Mazkur uchrashuvda X.Muxitdinova oʻz darsliklarini Indiana universiteti fondiga taqdim etdi. 9 qavatli binoda joylashgan Herman B Wells kutubxonasida oʻzbek tili va adabiyotidan ham oʻquv qoʻllanmalar, lugʻatlar mavjudligi maʼlum boʻldi. Xadicha Muxitdinova taqdim etgan darsliklar ham mazkur kutubxona fondiga kiritildi. Ayni vaqtda Indiana universiteti tomonidan sovgʻa qilingan “Oʻzbek tili” va “Uygʻur tili” darsliklari ham Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining axborot-resurs markazi fondiga topshirildi.
Muxitdinova Xadicha Sobirovna bir necha yil universitet iqtidorli talabalariga rahbarlik qilib, 10 dan ortiq stipendiatlar chiqishiga, 200 ortiq talabalarning ilmiy maqolalari chop etilishiga koʻmak bergan. Uning tashabbusi bilan universitetda iqtidorli talabalarining muntazam faoliyat olib boruvchi ilmiy-amaliy seminar, oʻzbek tili kafedrasi tomonidan “Istiqlol va til”, “Izlanish va ijod” toʻplamlarini muntazam chop etib turilishi yoʻlga qoʻyildi, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalarning “Zakovat” klubi tashkil etildi.
Shuningdek, u oliy taʼlim – maktab – mahalla bilan hamkorlikdagi ishlarning ham faol ishtirokchisi. Jumladan, universitet yaqinidagi mahallada ochilgan SHIFO-FAYZ-ZIYO markaziga oʻzbek tili va ingliz, rus, koreys tillaridan dars berish uchun iqtidorli talabalarni jalb qilishda hamda mahalla – maktab – universitet hamkorligini yoʻlga qoʻyishga bevosita hissa qoʻshib, talabalarni amaliy pedagogik faoliyatlarini boshlashlariga ham undab kelmoqda.
Muxitdinova Xadicha Sobirovna koʻp yillar davomida Respublika Taʼlim markazi Ilmiy-metodik kengashi aʼzosi, Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Dss.27.o6.2017. Ped.26.01 raqamli ilmiy kengash va uning qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi DSc 03/30.12.2019. Fil.19/01 raqamli ilmiy kengash asosida tuzilgan bir martalik ilmiy kengash va ilmiy seminar aʼzosi, Jizzax davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD. 03/04.06.2020. Fil.113/02 raqamli ilmiy kengash asosida tuzilgan bir martalik ilmiy kengash aʼzosi.
U 1 ta fan doktori, 7 ta fan nomzodi yetishtirgan, 20 dan ortiq magistrlarga ilmiy rahbarlik qilgan olima. Hozirgi kunda uning bevosita rahbarligida 4 ta doktorlik, 8 ta nomzodlik dissertatsiyasi tayyorlanmoqda.
Muxitdinova Xadicha Sobirovna yaxshi tashkilotchi, malakali mutaxassis, tajribali pedagog, halol va toʻgʻri soʻz inson. Oʻz kasbiga sadoqatliligi, masʼuliyatliligi, jonkuyar, fidoyiligi bilan universitet jamoatchiligi, talabalar, hamkasblari hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻlgan inson. Uning hayot yoʻli, pedagogik tajribasi Oʻzbekiston Markaziy televideniyesining “Saodatli umr”, “Shukrona” koʻrsatuvlarida yoritilgan, koʻplab radio va telekanallarning dolzarb eshittirishlarining faol ishtirokchisi.
Oliy maqsadi va shiori: “Ona tilimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va nufuzini yuksaltirish, jamiyatimizda til madaniyatini oshirish, Oʻzbekistonni jahonga tanitish”dir.