1967-yili Toshkent shahrida tugʻilgan. 1990-yili Toshkent davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) sharq fakulteti arab filologiyasi kafedrasini tamomlab, oʻsha yildan boshlab 2018 — yilgacha Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turli lavozimlarda ishlagan: 1991-yildan arab filologiyasi kafedrasi oʻqituvchisi, 1995-yildan katta oʻqituvchi, 2005-yildan dotsent, 2006 -2007 yillar kafedra mudiri, 2017-2018-yillar arab filologiyasi kafedrasi professori vazifasini bajargan. 2018-2023 yillar Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Mumtoz sharq adabiyoti va manbashunosligi” kafedrasi mudiri.
Nasirova Malika ilmiy faoliyati davomida arab tilshunosligi masalalari, arab tilshunosligiga oid qoʻlyozmalar bilan bogʻliq ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. U arab filologiyasining dolzarb masalalariga bagʻishlangan koʻplab ilmiy maqola va oʻquv adabiyotlari muallifidir. M.Nasirova universitet, respublika va xalqaro miqyosdagi , jumladan Rossiya, Turkiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Turkmaniston, Ozarbayjon, Dog‘iston kabi davlatlarda oʻtkazilgan ilmiy-nazariy va amaliy anjumanlarda oʻz maʼruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Nasirova Malika Anvarovna Arab tilining nazariy grammatikasi, Arab tili tarixi, Arab tili stilistikasi, Arab mamlakatlaridagi til vaziyati va siyosati boʻyicha yetakchi mutaxassislardan. U 120 dan ortiq ilmiy, oʻquv-uslubiy ishlar eʼlon qilgan, shulardan 2 ta monografiya, 6 ta darslik, 6 ta oʻquv qoʻllanma, 2 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 70 dan ortiq ilmiy maqola chop etgan. Ayrim maqolalari Islom ensiklopediyasiga kiritilgan. M.Nasirova tomonidan tayyorlangan barcha darslik va oʻquv qoʻllanmalar Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi Muvofiqlashtiruvchi kengashining grifini olgan.
Hozirda bu oʻquv adabiyotlari chop etilib, xorijiy va sharq filologiyasi yoʻnalishida oʻquv jarayoniga tatbiq etilgan. Shuningdek, uning ilmiy tadqiqotlari yuzasidan 50 dan ortiq ilmiy maqola mamlakatimiz va chet el ilmiy jurnallarida, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar toʻplamlarida chop etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan EHM dasturlari va elektron maʼlumotlar bazasi uchun 7 ta mualliflik guvohnomasi olingan. 2013-yil “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” respublika tanlovining gʻolibi boʻlgan.
M.A. Nasirova 2003-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Ixtisoslashgan kengashda Mahmud Zamaxshariyning ‘Al-Unmuzaj fi-n-nahvʼ risolasi arab tili grammatikasiga oid asar mavzusida 10.02.22- “Osiyo, Afrika xalqlari, Amerika va Avstraliya tub xalqlari tillari” ixtisosligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2007-yilda dotsent unvonini olgan.
M.A. Nasirova 33 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Filologiya va tillarni oʻqitish (sharq tillari) taʼlim yoʻnalishi bakalavr bosqichi talabalariga Arab tili, Arab tilini oʻqitish metodikasi, Arab tili leksikologiyasi, Arab tilshunosligi, Mutaxassislikka kirish fanlaridan, Lingvistika (sharq tillari boʻyicha), Falsafa, Tarix (yoʻnalishlar va faoliyat turlari boʻyicha) mutaxassisliklarida Mutaxassislikka oid maxsus adabiyot tahlili, Oʻrganilayotgan til (arab) tarixi, Tilshunoslik bilimlari tarixi, Oʻrta asr arab nahvidan namunalar, Arab tili stilistikasi, Oʻrganilayotgan mamlakatda til vaziyati va siyosati (arab mamlakatlari) kabi fanlardan oʻzbek va rus guruhlarida dars berib kelmoqda. Shuningdek, Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik mutaxassisligida Sharq matnshunosligi, Adabiy manbaning filologik tadqiqi fanlarida talabalarga qoʻlyozma oʻqish sirlarini oʻrgatadi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Sifat hayʼati” kengashi raisi (2008-2018- yillar) sifatida faoliyat yuritib universitet va kafedralar oʻquv-uslubiy salohiyatini sifatini yaxshilash, oshirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalari borasidagi faoliyatini kuchaytirish yuzasidan yuqori natijalarga erishishga muvaffaq boʻlgan. U pedagog-olim sifatida kafedra tomonidan oʻqitiladigan sharq tillari va mutaxassislik fanlari boʻyicha oʻquv dasturlari va oʻquv adabiyotlarini yaratish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Uning yakka mualliflikda tayyorlagan fan dasturlari, oʻquv-tarqatma materiallaridan TDSHU, OʻzXIA va Oriental universitetlari oʻquv jarayonida foydalanib kelinmoqda. Shuningdek, bir qator oʻquv adabiyotlari va monografiyalarga masʼul muharrirlik, oʻquv adabiyotlari va dasturlari, dissertatsiya, avtoreferat, bitiruv loyiha ishlari va ilmiy maqolalarga xulosa va taqrizlar bergan.
M.A. Nasirova rahbarligida 30 dan ortiq bakalavr, 40 dan ortiq magistr, shuningdek, filologiya fanlari boyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Ayni vaqtda ham tayanch doktorantlar va magistrlik ishlariga ilmiy rahbar.
U 2006, 2019 va 2022-yillarda Misr Arab Respublikasi Qohira universitetida, Saudiya Arabistonida “Arab tili va adabiyoti boʻyicha pedagog kadrlar malakasini oshirish” kurslarini, 2022-yili Podshox Salmon nomidagi Xalqaro arab tilini oʻqitishni oʻrgatish markazi hamkorligida “Arab boʻlmaganlar uchun arab tilini oʻqitish” onlayn malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan va shuningdek, oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan.
M.A. Nasirova oʻzining kasbiy faoliyati bilan bir qatorda Ilmiy Kengash va Ilmiy seminarlarda ham faoliyat olib bormoqda. U Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DK 067.70.02 raqamli Ixtisoslashgan kengash aʼzosi (2004-2006) hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar aʼzo sifatida ishtirok etib kelmoqda.
M.A. Nasirova ‒ 2010-2021 yillar mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida xorijiy diplomlarni nostrifikatsiya qilish boʻyicha ekspert boʻlib ishlagan. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy–texnik instituti hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari uchun “Arab tili” darsligi muallifi (2018).
M.A.Nasirova tashabbusi bilan Oriental universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida roʻyxatdan oʻtgan ilmiy “Al-Buxoriy” va “Iqtisod, menejment va pul” jurnallar joriy etilib, hozirda universitetning professor-oʻqituvchilar oʻzlarining ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini ushbu jurnallarda eʼlon qilib borishmoqda.
Bundan tashqari M.A.Nasirova Oriental universitetining “Al-Buxoriy” ilmiy jurnalining bosh muharrir oʻrinbosari va “PEDAGOGY SCIENTIFIC JOURNAL” xalqaro jurnali tahrir hayʼati aʼzosi.
Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgani, oʻzining samarali mehnati bilan barkamol avlodni voyaga yetkazish, uylarni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib qilish borasida ibratli faoliyat olib borayotganligi uchun “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” koʻkrak nishoni (2021-yil), Oʻz R Bosh vaziri oʻrinbosari Z.B.Maxkamov (2022), Olmazor tumani hokimi A.Umarxonov (2024), Respublika yosh ijodkorlari kengashi raisi (2018), TDSHU va OʻzXIA rektorlari tomonidan faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.
2023-yil sentyabr oyidan hozirgi vaqtga qadar Oriental universitetida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor lavozimida ishlab kelmoqda.