Rustam Nizomov 2022 yili “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishoni, 2023-yili “Qishloq xoʻjaligi fidoyisi koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Umumiy mehnat staji — 24 yil. R.Nizomov mehnat faoliyati davomida 2007-2008 yillar Ekosan xalqaro tashkiloti Yunusobod tumani direktori, 2008-2009 yillarda esa Toshkent shahar va viloyat filiallari direktor oʻrinbosari lavozimida hamda 2009-2017 yillarda Oʻzbekiston Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti aspiranti va institutning texnologiya laboratoriyasida kichik ilmiy xodim, 2017-2018 yillarda institut direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, 2018 yilda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy ishlab chiqarish markazining bogʻdorchilik va sabzavotchilik seleksiyasi, urugʻchiligi va agrotexnologiyalari sohasida ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi lavozimlarida hamda 2018 yildan hozirgi kunga qadar Sabzavot,poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti direktori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. U turli tashkilotlarda ishlash bilan bir qatorda 2017 yildan hozirgi kunga qadar oʻrindoshlik maqomi asosida Toshkent davlat agrar universitetining Sabzavotchilik va issiqxona xoʻjaligini tashkil etish kafedrasida pedagogik faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda koʻplab telekoʻrsatuvlarda (Oʻzbekiston, Oʻzbekiston 24, Mahalla, Sevimli, Yoshlar, Milliy, Oʻzbekiston,) sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini innovatsion usullarda yetishtirish, urugʻchilikni tashkil qilish kabi masalalar bilan bogʻliq interfaol, yangi texnologik uslublarga tayangan holda ilmiy-amaliy, koʻp yillik xalqaro tajribaga asoslangan bilim va tafakkur bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
R.Nizomov oʻzining pedagogik faoliyati davomida bakalavrlarga Sabzavotchilik, magistrlarga Plyonka ostida sabzavot yetishtirish texnologiyasi, Kartoshka urugʻchiligi, Kartoshka tuganaklarini ekishga tayyorlash usullari fanlaridan maʼruzalar va amaliy mashgʻulot darslarini olib bordi.
R.Nizomov oʻzining koʻp yillik ilmiy faoliyati davomida bir qancha loyihalarda ishtirok etdi. 2008-2010 yillarda QXA-8-011 “Tomatdosh ekinlarning resurs tejamkor parvarishlash texnologiyasini va texnik vositalar kompleksini ishlab chiqish” loyihasida 2011-2012 yillarda QXI-1-15 “Sabzavot, poliz, kartoshka ekinlarining qurgʻoqchilikka va tuproq shoʻrlanishiga chidamli navlarini tanlash va fermer xoʻjaliklariga joriy qilish” amaliy loyiha ijrochisi, 2012-2014 yillarda QXA-7-051 “Sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirish uchun yuqori samarali suv tejamkor agrotexnologiyalarni va texnik vositalar kompleksini ishlab chiqish” innovatsion loyiha ijrochisi, 2014-2017 yillar uchun moʻljallangan QXA-9-036-2015 “Tomatdosh va ildizmevali sabzavotlarning yangi rayonlashgan istiqbolli navlaridan qurgʻoqchilikka, issiqlikka chidamlilarini tanlash hamda turli ekish usullari orqali resurstejamkor texnologiyalarni metodologiyasi” mavzusidagi amaliy loyiha ijrochisi, 2018-2020 yillar QHA-QH-117-2008 “Kartoshkaning yuqori hosilli, ertapishar, kasalliklarga chidamli navlarini yaratish va virusdan holi birlamchi urugʻchiligini tashkil qilish” mavzusidagi amaliy loyiha rahbari, 2018-2019 QH-I-QH-2018-24 “Bodringning issiqxona uchun moʻljallangan yangi Sardor F1 duragayi urugʻchiligini tashkil etish va ishlab chiqarishga joriy qilish” mavzusidagi innovatsion loyiha rahbari, 2020-2022 yillarda IZ-201911096 “Ochiq maydonlarda ekiladigan eksportbop qovunlarning yangi navlarini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha rahbari sifatida, 2022-2023 yillar uchun moʻljallangan IL-632204154 orolboʻyi hududida sabzavot (osh lavlagi, sabzi, oqbosh karam) va kartoshka navlarining birlamchi urugʻchiligini tashkil etish, mahsulot yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalarini joriy etish mavzusidagi innovatsion loyiha ijrochisi sifatida faoliyat yuritib mazkur loyihalarning muvaffaqiyatli bajarilishida oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan.
Hozirgi kunda R.Nizomov 2024-2026 yillarga moʻljallangan 2 ta loyihada yaʼni BMT ning EU-Agrin: qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv oʻtishini qoʻllab quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish loyihasi rahbari hamda Janubiy Koreyaning AFASI tashkiloti ni “Osiyo mintaqasida sabzavot yetishtirish texnologiyasini rivojlantirish” loyihasi rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.
R.A.Nizomov 2018–2024 yillar davomida olib borilgan ilmiy ish natijasida jami 12 ta patentning hammuallifi boʻldi, shundan oʻzi yaratgan navlari boʻyicha 6 ta patentga guvohnomalar olingan.
Shuningdek, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori tomonidan 2024 yil 21 fevralda tasdiqlangan “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida seleksiyaning yangi usul va uslublarini qoʻllagan holda sabzavot, poliz va kartoshkaning yuqori hosildor, qurgʻoqchilikka, shoʻrga va kasalliklarga chidamli, meva sifati yuqori boʻlgan F1 duragaylarini yaratish va birlamchi urugʻchiligini tashkil etish boʻyicha 2024-2026 yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq sabzavot va polizning 8 ta turi duragaylari seleksiyasi va 3 turi duragay urugʻchiligi boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, R.Nizomov va institut olimlari tomonidan amalga oshirilgan seleksiya ishlari natijasida qovunning “Qizil magʻiz”, baqlajonning “Barhayot”, “Qutlugʻ navlari va “Barkamol” F1 duragayi, sarimsoqning “Termiz-2020”, bamiyaning “Shafaq” va “Zamin”, achchiq qalampirni “Niyat” va “Dilnoz-2019” singari jami 9 ta yangi nav va duragay ixtiro qilindi va Davlat nav sinash markaziga va Intellektual mulk agentligiga topshirildi.
Ushbu navlari Respublika qishloq xoʻjaligi sohasida ishlab chiqarishiga joriy qilindi. Yangi navlarni yaratish, sabzavot assortementini koʻpaytirish maqsadida xorijiy germoplazmalarni jalb etish natijasida Butunjaxon Sabzavotchilik markazidan — achchiq qalampirni 48 ta, shirin qalampir 41 ta, pomidor — 11 ta, jami 100 ta; Janubiy Koreyadan sabzavotni – 13 ta ekin turini 21 ta; Rossiya Federasiyasidan sabzavotni 36 ta ekin turini boʻyicha 250 ta; Vetnamdan sabzavot va polizni 51 ta ekin turini 82 ta; Turkiyadan sabzavot va polizni — 14 ta ekin turini 35 ta nav namunalari (germoplazmalar) olib kelindi
Hozirgi kunda institutning Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari genbanki laboratoriyasi genofondini boyitish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2024 yil 1-yarim yillikda Vyetnam meva-sabzavotchilik ilmiy-tadqiqot institutidan sabzavot va polizning 18 ta turidan 85 ta nav namunalari urugʻlari R.Nizomov boshchiligida olib kelindi va institut laboratoriyalariga taqdim etildi hamda mazkur laboratoriyada sabzavot va poliz ekinlarining 52 ta ekin turi boʻyicha 1171 ta nav namunalari saqlanmoqda.
R.A.Nizomov Koreya, Amerika, Yaponiya va Vengriya kabi mamlakatlarining 10 dan ortiq Xalqaro konferensiyalarda maʼruzalar bilan ishtirok etdi. R.A.Nizomov barcha institut tadbirlarida faol qatnashmoqda va tashkil etmoqda.
Bundan tashqari R.Nizomov yosh olimlarni ilm olib chet el davlatlaridagi olimlar bilan tajribalar almashinishida Vengriya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belorussiya, Turkiya, Yaponiya, Koreya, Xitoy kabi davlatlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.
Ilmiy faoliyati davomida u jamoa ishlarida faol qatnashib, Ilmiy Kengashi raisi, uslubiy komissiya raisi, tahririyat-nashr komissiyasi raisi va boshqa kengashlarda ekspert sifatida faoliyat koʻrsatdi. Hozirgi paytda u Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi qishloq xoʻjaligi fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.05/30.09.2022.Qx.152.01-raqamli Ilmiy kengashi raisi hisoblanadi.
R.A.Nizomov ilmiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etmoqda. 2020-2022 yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligining Qishloq xoʻjaligi va atrof muhitni muhofaza qilish fanlari ilmiy texnik kengash aʼzosi boʻlgan. R.A.Nizomov ilmiy va jamoat xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining (2021, 2022), Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining (2021), Xalqaro Qishloq xoʻjaligi Universitetining (2022) tashakkurnomalari bilan taqdirlandi. Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Ilmiy kengashi (2022 yil 17 noyabrdagi 15-son) yigʻilishining qarori bilan 06.01.06. — “Sabzavotchilik” ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvoniga tavsiya etildi va professor unvoni bilan taqdirlandi.
R.Nizomov oʻz kasbiy hamda jamoatchilik faoliyati bilan birgalikda ilmiy salohiyatini ham namoyon qilib kelmoqda. Turli ilmiy nashrlarda uning maqolalari eʼlon qilingan.
R.Nizomov tomonidan hozirgi kunga qadar 115 ta ilmiy ishlar chop etilgan. Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishdan oldin R.A.Nizomov 31 ta maqola chop etdi. Shu davrda ilmiy xodim lavozimida ham ishlab u dissertatsiya mavzusiga aloqador boʻlmagan boshqa ekinlar boʻyicha yana 40 dan ortiq maqola chop etdi.
Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgandan soʻng, R.A.Nizomov mahalliy va xorijiy jurnallarda jami 84 ta ilmiy ishlarni nashr etdi. Shu jumladan, monografiyalar — 1 ta, maqolalar ilmiy jurnallarda — 32 (shundan xorijiy — 10), tavsiyanomalar — 11 simpoziumlar va konferensiyalar toʻplamlarida ilmiy maqolalar – 23 (shulardan xorijiy — 3). Nizomov R.A. ning 115 ta nashridan 20 % xorijiy nashrlarda nashr etildi, shundan 15% ingliz tilida.