Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich 1954 yil 10 mayda Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani Avtonomov nomidagi Surxon xoʻjaligi 5—boʻlimi Qoʻmqishlogʻida, oddiy dehqon oilasida tugʻilgan, 1970 yil 20-son oʻrta maktabni bitirgach, shu yili SamarqandQXI iga oʻqishga qabul qilinib, 1975 yil imtiyozli diplom bilan tugatgan.
1976-1979 yillarda Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti kunduzgi boʻlim aspiranturasida tahsil olgan. 1976 yildan SamarqandQXI paxtachilik, genetika, seleksiya va urugʻchilik kafedrasi assistentligiga saylangan. 1980 yilda “Zarafshon vodiysi oʻtloq-boʻz tuproqlari sharoitida turli sugʻorish rejimlari va mineral oʻgʻitlar meʼyorlarida kartoshka oʻrtapishar navlarining mahsuldorligi va urugʻlik sifati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1989 yil Sankt – Peterburg shahridagi Butunrossiya Oʻsimlikshunoslik ITI iga doktoranturaga akademiklar K.Z.Budin va D.T.Abdukarimovlar rahbarligida qabul qilinib,1991 yilda “Особенности селекции, семеноводства и агротехники картофеля в Зарафшанской долине” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1992 yil qishloq xoʻjaligi fanlari doktori ilmiy darajasiga, 1993 yil professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan. 1992 yildan 2002 yilgacha genetika, seleksiya, urugʻchilik, meva-sabzavotchilik va uzumchilik kafedrasi mudiri, 2002-2004 yillar agronomiya fakulteti dekani, 2005-2011 yillar institut oʻquv ishlari boʻyicha 1-prorektori, 2011-2018 yillar rektor lavozimida faoliyat koʻrsatgan.
U kishi rahbarlik faoliyati davomida institut moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, professor-oʻqituvchilar salohiyatini oshirishga, talabalar uchun oʻquv jarayoni sifatini oshirish maqsadida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etishga tajriba almashinishga, xorijiy yetuk olimlarni taʼlim-tarbiya jarayoniga jalb etishga, chet elda oʻqish, malaka va stajirovka oʻtashga, jahon oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida institut reytingini oshirishga alohida eʼtibor qaratdi va muayyan yutuqlarga erishildi.
2018 yildan innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy-amaliy loyihasi rahbari va Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ITI ilmiy maslahatchisi, seleksiya va urugʻchilik laboratoriya mudiri sifatida, 2021 yildan boshlab, Qarshi DU agronomiya fakulteti meva-sabzavotchilik, agrokimyo va ekologiya kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
Professor T.E.Ostonaqulov koʻp yillik ilmiy faoliyatida 12 ta ekin turini tadqiq etib, eng muhim natijalari sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin;
-bahorgi muddatda oʻta ertagi va ertagi kartoshka yetishtirish texnologiyasi;
-odatdagi va ikki hosilli ekinlar sifatida tovar va urugʻlik kartoshka yetishtirish texnologiyasi;
-tuganakasiz oʻsimtalaridan kartoshkani koʻpaytirish usuli;
-sugʻoriladigan yerlarda ertagi va
ikki hosilli ekinlarga asoslangan jadallashgan seleksiya va urugʻchilik uslublari;
- shirin (sabzavot) va tishsimon makkajoʻxori nav va duragaylarini yaratish, asosiy va takroriy ekinlar sifatida agrotexnologiyasi va birlamchi urugʻchiligi;
-batat (shirin kartoshka) genofondini oʻrganish, yangi navlarini yaratish, jadal koʻpaytirish va oʻstirish agrotexnologiyasi;
-shoʻrlangan va shoʻrlanmagan yerlarda oʻstirishga mos pomidor navlarini tanlash, yaratish, birlamchi va elita urugʻchiligini tashkil etish, asosiy va takroriy ekinlar sifatida oʻstirish agrotexnologiyasi;
-eksportbop qovun qoqi tayyorlashga yaroqli qovun Novotkalla, tarvuzning Dehqon va Fermer navlari yaratildi, Davlat reyestriga kiritilib, birlamchi va elita urugʻchiligi tashkil etilib, keng amaliyotga joriy etilmoqda. Qovun qoqi tayyorlashning gelioquritish moslamasi va texnologiyasi takomillashtirildi.
Professor T.E.Ostonaqulov tomonidan 1000 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan: 40 dan ziyod patent va mualliflik guvohnomalari, 39 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalari,36 ta ilmiy monografiyalar,69 ta tavsiyanomalar,65 ta uslubiy qoʻllanmalar nashr etilgan. U kishi rahbarligi va bevosita ishtirokida qishloq xoʻjalik ekinlarining 33 ta navlari yaratilgan muallif, hammuallifidir.
T.E.Ostonaqulov rahbarligida 5 nafar fan doktori (DSc) va 24 nafar fan nomzodlari, falsafa fanlari doktori (PhD) tayyorlangan, 40 nafardan ziyod dissertatsiya ishlariga rasmiy opponent sifatida xolisona baholash amalga oshirilgan.
Professor T.E.Ostonaqulov ishtirokida 39 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalari (Genetika asoslari, 2003, Biologiya va genetika, 2014,2023, Seleksiya va urugʻchilik asoslari, 2002, 2004, 2013, 2016, 2018, Umumiy seleksiya va urugʻchilik asoslari, 2022, Qishloq xoʻjalik mahsulotlarining veterinariya sanitariya ekspertizasi va gigiyenasi, 2013, Oʻzbekiston kartoshkachiligi, 2014, Sabzavotchilik, 1997, 2008, 2018, 2019, Mevachilik, 2010, 2011, 2018, 2019, Mevachilik – sabzavotchilikdan amaliy mashgʻulotlar, 2016, mevachilikdan amaliy mashgʻulotlar, 2021, sabzavotchilikdan amaliy mashgʻulotlar, 2022, Polizchilik, 2023, Kartoshkachilik, 2023 kabilar) oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoniga keng tatbiq etilgan. Ushbu darslik va oʻquv-qoʻllanmalarning 9 tasi Respublika eng yaxshi darsliklar tanlovida sovrinli 1, 2, 3-oʻrinlarga va qimmatbaho sovgʻalarga sazovor boʻlgan.
Bundan tashqari 36 ta ilmiy monografiyalar (Oʻzbekistonda kartoshka seleksiyasi, urugʻchiligi va oʻstirish texnologiyasi, 1991, 2018; Togʻli mintaqalarda kartoshkachilik, 2004; Janubiy kartoshkachilik, 2010; Oʻzbekiston kartoshkachiligining ilmiy asoslari, 2008, Shirin makkajoʻxori, 2008, Oʻzbekistonda tuganak mevali ekinlar, 2020 ; Shirin va tishsimon makkajoʻxori seleksiyasi, birlamchi urugʻchiligi va agrotexnologiyasining dolzarb masalalari, 2022, Qovun navlarini oʻstirish va quritish texnologiyasini takomillashtirish, 2019, Qovun yozgi navlarining agrotexnologiyasida urugʻni ekisholdi tayyorlash va ekish muddatlarini belgilash, 2019, Zarafshon vodiysi sharoitida batat (shirin kartoshka) seleksiyasi va oʻstirish texnologiyasining masalalari, 2001, Kartoshkachilikda siderat ekinlarni qoʻllashning ilmiy asoslari, 2022, Kartoshka yetishtirish, 2021, Kartoshka navlarini ertagi va ikkihosilli ekinlar sifatida oʻstirilganda qulay ekish usulini belgilash, 2022, Batat navlarini asosiy va takroriy ekinlar sifatida oʻstirilganda qulay ekish muddatlarini asoslash, 2022, Takrjriy ekin sifatida pomidor oʻstirish agrotexnologiyasida nav-duragay,oʻtmishdosh va ekish muddatlarining oʻrnini belgilash, 2023 va h. z) tayyorlangan. Ular ilmiy xodim va doktorantlar uchun keng foydalanilmoqda.
220 dan ziyod ilmiy maqolalar ingliz va rus tillarida dunyoning nufuzli jurnallari (Skopus, WoS, Картофель и овощи, Селекция и семеноводство, Oʻzbekiston FA Biologiya jurnali, Болгария – Растениеводческих наук kabilar)da nashr etilgan.
Xalqaro Xirsh indeksi 10 ni tashkil etadi. Ishlab chiqarishga ishlanmalar 69 ta tavsiyalar, 65 ta uslubiy qoʻllanmalarda oʻz aksini topgan.
Kartoshkaning 10 ta (Quvonch-16/56m, Baxro-30, Hamkor-1150, Bardoshli-3, Surxon-1, Yaroqli-2010, Bogʻizogʻon, Ultraeshim, Yangi Oʻzbekiston, Ustoz), pomidorning 1 ta (Mustaqillik-28), tarvuzning 2 ta (Dehqon va Fermer), qovun 1 ta (Novotkalla), shirin (sabzavot) makkajoʻxorining 4 ta (Sherzod, Zamon, Zamin, Yangi hayot ), tishsimon makkajoʻxorining 4 ta (Samarqand tishsimoni, Oqpari, Qoʻmqishloq, QarDU-1000), batatning 4 ta (Sochakinur, Toyloqi, Filial, NEW- Yangi Samarqand), topinamburning 1 ta (Eʼtirof), kungaboqarning 3 ta (SamQXI-20-80,Ilm, Mashʼal F1), yumshoq bugʻdoyning 3 ta (Amira, Farboma, Jasmina, ) navlari yaratildi, Davlat reyestriga kiritildi, amaliyotga 12300-12500 gektar maydonga har yili joriy etilmoqda.
2004 yilda Rossiya Federatsiyasi Peterburg Fanlar Akademiyasi akademikligiga, 2015-2019 yillar Samarqand viloyati Xalq deputatlari Kengash deputatligiga hamda viloyat kengashi qoshidagi agrar soha va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisligiga saylangan.
Professor T.E.Ostonaqulov Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari hamda Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tekshirish institutlari huzuridagi ilmiy darajasi beruvchi Ilmiy Kengash aʼzosi, “Oʻzbekiston qishloq va suv xoʻjaligi” jurnali ilmiy ilovasi “Agroilm” jurnali tahririyati aʼzosi. U kishi tomonidan yetuk ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqot natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2022-2025 yillar davomida ham qiymati 1,2 mlrd. soʻm boʻlgan “Kartoshka serhosil, ertapishar, fuzarioz va fitoftorozga bardoshli navlarini yaratish” mavzusida amaliy loyihaga rahbarlik amalga oshirilmoqda.
Muntazam ravishda qishloq xoʻjalik ekinlarining yangi navlari va agrotexnologiyalarini respublika fermer xoʻjaliklarida keng joriy etish boʻyicha Davlat ilmiy grantlari bajarilib kelinmoqda.
“Hayotda va ilm fanda toʻgʻri borishimda ota-akam, maktabim, mahallam, ustozlarim va oilamning oʻrni nihoyatda katta. Kichik akam Eshimov Chori maktabda oʻqituvchi, soʻngra direktor boʻlib, faqat oʻqishga yoʻnaltirgan. Kirish imtihonlarini barchasini yaxshi topshirib, byudjetga talabalikka qabul qilinganman. Institutda ilmiy sohaga yoʻnalishimda ustozlarim S.B.Bekmurodov, Ye.F. Tarasova, I.X.Hamdamov, P.U.Uzoqov, Sh.N.Nazarov, Q.Tagayev, F.Tagayevalar, K.Shutova, I.I.Boboxoʻjayev, I.S.Sulaymanov, Ye.P.Gorelov, R.O.Oripov, Ya.X.Gorenberg va albatta D.T.Abdukarimov kabilarning oʻrni alohida boʻlgan. Ilmiy ishlarimni baholab, toʻgʻri yoʻnalish berishda akademiklar S.M.Bukasov, K.Z.Budin, B.A. Pisarev, A.G.Zikin, V.I.Zuyev, A.Ya.Kameraz, professorlar S.Xushvaqtov, A.Xamdamov, A.T.Toshxoʻjayev, S.N.Karmanov, A.V.Korshunov, N.P.Sklyarova kabi fan fidoyilarining hissalari oldida bosh egaman. Mahallam, qoʻni-qoʻshnilar shu kungacha katta eʼtibor va izzat-hurmat bilan qarashadi” -deydi, professor T.E.Ostonaqulov.