Olim

PОʻLATOV ABDIMAJID QAYUMOVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Yirik matematik olim, ingliz tili va kompyuter lingvistikasi boʻyicha mutaxassis, mohir pedagog va maʼrifatchi, oʻzbek xalqining chin ziyolisi va taraqqiyparvari, fizika-matematika fanlari doktori, professor, 1994-1998 yillari Xalqaro informatika jamiyati(Germaniya), 1993-yildan Oʻzbekiston matemetiklar jamiyati aʼzosi, 2002-yilda Londonda nashr etilgan “2000 Outstanding Scientists of the 21st Century” – 21-Asrning 2000 ta Atoqli Olimlari” roʻyxatiga kiritilgan Poʻlatov Abdimajid Kayumovich 1949-yil Toshkent viloyatida ziyoli oilada tavallud topgan. 1966-1971-yillari Novosibirsk Davlat Universitetining Matematika fakultetida tahsil olgan. 1971-1979-yillari Novosibirskdagi SSSR Fanlar akademiyasining Sibir matematika institutida ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Sof va amaliy matematikaning turli sohalarini ifodalovchi ziyolilar muhitida yashab ijod qildi. Matematikani chuqur tushunish davri, shuningdek, mantiqiy funksiyalarni kodlash va murakkablik nazariyasi boʻyicha tadqiqotlar olib bordi. 1971-yilda Moskva davlat universitetida Akademik C. V. Yablonskiyning matematik kibernetika seminaridagi birinchi ilmiy maʼruzasi boʻlib oʻtdi. 1978-yilda Chiziqli kodlarning xarakterli mantiqiy funksiyalarini formulalar bilan tavsiflashning murakkabligi boʻyicha fan nomzodi dissertatsiyasini himoya qildi.



Olim: “Asosiy matematikadan tashqari, menda uning tarixi (kelib chiqishi), metodologiyasi va falsafasi (asoslari) bilan qiziqish paydo boʻldi. Menga bilim bergan olimlardan: Jahonga mashhur “Aksiomatik geometriya” kitobi muallifi A. D. Aleksandrov, Nobel mukofoti laureati, akademik, matematik iqtisodiyotning yangi yoʻnalishi yaratuvchisi Leonid Vladimirovich Kantorovich, shuningdek, Diskret Matematika boʻyicha taniqli mutaxassis, Yu.L.Vasilyevlar hayotimning oʻzgarishiga kuchli taʼsir qilganlar” deya eslab oʻtadi.



 



1979-1994-yillarda ToshDu Amaliy matematika va mexanika fakulteti dotsenti sifatida faoliyat olib bordi. A.Poʻlatov Diskret Matematikadan Oʻzbekistondagi yagona mutaxassis edi, u atrofiga iqtidorli yoshlarni toʻplab Toshkentda Diskret Matematika ilmiy maktabiga asos soldi.



Shuningdek, u 1984/9/15-1984/12/15 davomida Stefan Banach xalqaro matematika markazining kuzgi semestrida Diskret Matematika boʻyicha oʻqituvchilik qildi (Varshava, Polsha). 1981–1992-yillarda “Olmos ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va optimallashtirish” boʻyicha matematik loyiha rahbari sifatida ish olib bordi. Mijoz: GinAlmazZoloto, SSSR.



1993-yil A.Poʻlatov Novosibirskda 3D qavariq politoplarning kombinatorial-metrik xarakteristikalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Fizika-matematika fanlari doktori unvonini oldi. Mamlakatimiz mustaqil boʻlganidan keyin olim yana tezlik bilan kelajakni koʻrdi: ingliz tilini oʻrganish kerak. U paytda A.Poʻlatov yosh emas edi. Lekin ingliz tilini oʻrgandi. Shunday oʻrgandiki, ingliz tili oʻrganuvchilari uchun oʻxshashi yoʻq “Английский язык. Учебное пособие & справочник” Aкадемик нашр, Шарк нашриети, 1998” oʻquv qoʻllanmasini yaratdi. Mazkur kitobning oʻzbekcha variantini 2011-yilda “Инглиз тили. Мустакил урганувчилар учун. Академик нашр. Шарк нашриети” yaratdi.



1994-2000-yillarda ToshDU Mexanika-matematika fakulteti professori hamda bir muddat dekan oʻrinbosari lavozimlarida ishladi. 2000-yillardan boshlab Kompyuter Lingvistikasi sohasi boʻyicha ilmiy izlanish boshladi, 1999-yil “Kompyuter Lingvistikasi” oʻquv qoʻllanmasini yaratdi. 2000-2002-yillarda OʻzMU Kompyuter texnologiyalari fakultetida professor, 2002-2006-yillarda esa OʻzMU Oʻzbek filologiyasi fakulteti Kompyuter Lingvistikasi kafedrasi mudiri sifatida faoliyatini olib bordi. Ingliz va oʻzbek tilini chuqur oʻrganish jarayonida 2003-yilda uning hamkorlikdagi “Pulatov, Abdimajid, Tabassum Muminova and Iroda Pulatova. Dunyoviy oʻzbek tili va ularning rus, ingliz tillaridagi koʻrinishlari. Universitet Press” qoʻllanmasi vujudga keldi.



2007–2009-yillarda Koʻzi ojizlar uchun kompyuterlardan foydalanish imkoniyati va samarali foydalanish boʻyicha loyiha rahbari sifatida ish olib bordi. (Buyurtmachi: Oʻzbekiston Respublikasi Koʻzi ojizlar jamiyati). Shuning asosida Kompyuter Lingvistikasi fani va kafedrasiga asos solindi. 100 ga yaqin malakali mutaxassislarga (doktorlik, fan nomzodi va magistratura nomzodlari) maslahat berdi. 1988 -yildan umrining oxirigacha uning rahbarligi ostida 14 nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. 2011-yilda “Poʻlatov, Abdimajid. Kompyuter Lingvistikasi” Akademnashr nashr” oʻquv qoʻllanmasini yaratdi.



Shu bilan birga u Falsafa fani bilan ham chuqur shugʻullana boshladi, natijada uning 2009-yilda keng jamoatchilik va kitobxonlar munozarasiga sabab boʻlgan uch tilda yozilgan “Poʻlatov, Abdimajid. Hayot formulalari. Inson hayoti falsafasining 3 ta tezislari, 5 ta tamoyillari va 99 ta formulalarida jamlangan (rus, oʻzbek, ingliz tillarida) Nasaf Press” kitobi keng ommaga taqdim etildi .



A.K. Poʻlatov oʻz pedagogik va ilmiy faoliyati davomida yuzlab yoshlarga ingliz tilini oʻrgatdi, TOEFL va IELTSdan saboq bedi. 1995-yildan 2017-yilgacha Matematika, ingliz tilini oʻqitishning innovatsion usullarini taqdim etuvchi va oʻquvchilarning dunyoqarashini shakllantirishga yordam berish uchun tashkil etilgan Poʻlatov nomidagi oʻquv markazi rahbari sifatida faoliyat olib bordi. “Poʻlatov maktabi” universitet va yurtimiz uchun Oʻzbek tili va kompyuter texnologiyalari sohalarning kesishmasi asosidagi yangi yoʻnalish boʻldi. Shuning asosida Kompyuter Lingvistikasi fani va kafedrasiga asos solindi. 100 ga yaqin malakali mutaxassislarga (doktorlik, fan nomzodi va magistratura nomzodlari) maslahat berdi.



Abdimajid Poʻlatov bundan 25-30 yil oldin sohaning kelajakdagi ahamiyatini tushungan va shu sohada ilmiy ishlar boshlagan. U kishi ana shunday uzoqni koʻra biluvchi olim edi.



Professor Abdimadjid Poʻlatov tabiatan oʻqituvchi, malakasi boʻyicha matematik-tadqiqotchi. U matematika boʻyicha tadqiqotlar, oliy taʼlim, oʻqituvchilik va yoshlar uchun murabbiylik sohasida 45 yildan ortiq tajribaga ega.



U oʻzi rahbarligida doktorlik, magistrlik va bakalavriat dissertatsiyalarini tamomlagan, oʻz taʼlim markazini



tamomlagandan soʻng kollej va oliy oʻquv yurtlarida tahsil olgan 300 dan ortiq talabalarga maslahat bergan va ularga dars bergan. Uning shogirdlari hozirda kollej va universitetlarda tahsil olishadi va 30 dan ortiq mamlakatlarda texnologiya va tadqiqot tashkilotlarida ishlaydi (Oʻzbekistonda 100 dan ortiq, AQShda 60 dan ortiq, boshqa mamlakatlarda 100dan ortiq).



A.Poʻlatov umrining soʻnggi yillarida butun dunyodagi maktab matematikasini islohot qilish niyatida “Matematika butun goʻzalligi bilan” (“Matematics in All its Beauty”-“Математика во всей красе”) kitobini yoza boshlagan edi. Chunki, hozirda butun dunyo maktablarida, universitetlarda oʻrgatiladigan matematikaning katta qismini differensial-integral hisob tashkil qiladi. XX asr oʻrtalariga kelib davr oʻzgardi — kompyuterlar yaratildi. Kompyuterlar uzluksizlik bilan chiqishmaydi. Kompyuterlar ishlash prinsipi diskretlikka asoslangani uchun ham keyingi oʻn yilliklarda diskret matematika keskin rivojlanib boryapti. A. Poʻlatov taʼlimda hali hamon differensial-integral hisobni oʻqitish salmoqli boʻlib qolayotgani uchun maktab matematikasini isloh qilish kerak deb hisobladi. Afsuski, A.K. Poʻlatov 2017-yil 23-mayda ogʻir kasallikdan AQSHning San Fransisko shahrida 68 yoshida vafot etdi. Oʻz oila aʼzolari va shogirdlari tomonidan Kaliforniyaning San Mateo shahriga dafn etildi. Uning kitobini qizi Shahina Pulatova davom ettirmoqda.