Botir Rahmonqulovich Qodirov 1943 yil Termiz shahrida tugʻilgan. Otasi Qodirov Rahmonqul oddiy ishchi edi va urush jarohatlari taʼsiri ostida ogʻir betobligi tufayli 1948 yili vafot etdi. Onasi Qodirova Qanoat bir oʻzi uch farzandi – opasi Sharofat, Botir va singlisi Tojigulni voyaga yetkazib oʻqitdi, mehnatga va odamlarga hurmat ruhida tarbiyaladi.
Qanoatning oʻzi savodsiz boʻlsa ham, juda koʻp sheʼrlarni, hikmatli soʻzlarni, maqollarni yoddan bilardi. Baʼzi paytlarda yoddan oʻqiydigan bu sher va maqollar Botirda juda chuqur iz qoldirgan. Ularning baʼzilarini Botir yozib olib yodlab yurardi, chunki bu sheʼr va hikmatli soʻzlar koʻp narsalarga oʻrgatar, toʻgʻri tushunishga yordam berar edi. Qanoat 1986 yil vafot etdi.
1950-60 yillarda “Pravda” nomli oʻrta maktabda oʻqigan Botir 1961 yili Samarqand tibbiyot institutining davolash fakultetiga oʻqishga kiradi. Shu paytdan boshlab u ilmga katta ixlos qiladi va psixiatriya toʻgaragida katta havas bilan ilmiy ishlarga berilib ketadi. Uchinchi kursdaligida uni Samarqand viloyat nevropatologlar va psixiatrlar jamiyatiga aʼzo qilib olishdi. Bu jamiyat aʼzolariga u bir necha marta ilmiy-klinik kuzatishlari va tajribalaridan maʼruza qiladi, jami ilmiy toʻgarakda va boshqa joylarda u 46 marta referativ maʼruzalar tayyorlagan va bular uchun taxminan 500 dan ortiq ilmiy adabiyotlarni mutolaa qilgan.
1967 yil institutni tugatish bilan birgalikda, nevropatologlarning 6 oylik maxsus kursini tugatgani haqida ham hujjat oladi va Termizdagi oblpsixonevrologik dispanserga vrach-psixiatr boʻlib ishga keladi. Oʻsha yilning sentyabr oyida, 4 oylik psixiatrlar tayyorlaydigan maxsus kursni oʻtash uchun Toshkentdagi vrachlar malakasini oshirish institutiga ketadi.
1967-69 yillar institutlarda olgan bilimlarini amaldagi tatbigʻi sifatida turli xil ruhiy va asabiy kasalliklarni davolash bilan juda qattiq shugʻullanadi. Shu payt ichida Moskvadagi 1-tibbiyot institutining psixiatriya kafedrasining mudiri, mashhur psixiatr olim, professor V.M.Banshikov bilan yaqindan tanishadi. U kishining maslahati bilan baʼzi ruhiy kasalliklar jarayonining oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganish maqsadida ancha adabiyotlar bilan tanishadi. Jumladan, gerantopsixiatriya sohasida oʻz saviyasini oshiradi. Soʻng Moskvada, aspirantlik davrida poliklinikalarda ishlagan paytlarida unga juda qoʻl keladi.
Shu orada uni Termiz davlat pedagogika institutiga psixologiyadan maʼruza oʻqishga taklif qilib qolishadi. Psixologiya kafedrasining mudiri dots.nt Z.S.Axmerov uning birinchi maʼruzasiga kirib oʻtiradi va maʼruza tugagach uni yetaklab rektorning xonasiga olib kiradi. Botir Qodirovni koʻrsatib, shu kishini ishga olishimiz kerak, deb turib oladi. Rektor, dotsent X.X.Xolyorov, telefonda, oʻsha paytning oʻzida viloyat sogʻliqni saqlash boʻlimining mudiri K.T.Toʻlaganov bilan gaplashib, uni ishga olishlari va bu voqeani rasman hujjatlashtirish yoʻllari haqida kelishib oladilar.
1973-76 yillari Moskvada, SSSR pedagogika fanlar akademiyasining umumiy va pedagogik psixologiya ilmiy-tekshirish instituti qoshidagi aspiranturani oʻtaydi. Botir Qodirovning ilmiy rahbarlari psixologiya fanlari doktorlari E.A.Golubeva va N.S.Leyteslar edilar. Ularni Botir Qodirovning oʻzi tanlagan boʻlib, bular buyuk I.P.Pavlov yoʻnalishidagi Teplov maktabining yirik namoyandalari edilar. N.S.Leytes bilan Botir Qodirov 1971 yil psixologiyadan malaka oshirish kursiga kelganida tanishgan edi. Oʻshanda Botir Qodirov, “agar shularga shogird tushsam baxtli boʻlardim”, deb niyat qilgan edi. Chunki, bularning ilmiy tadqiqotlari eng sof, qalloblikdan uzoq boʻlgan fundamental ishlar ekanligidan xabari bor edi. 1973 yili aspiranturaga kirganida ijtimoiy psixologiyadan P.M.Yakobson laboratoriyasiga tasdiqlangan edi. Lekin bir oylarcha davom etgan rahbariyat bilan munozaralardan soʻng u E.A.Golubevaning laboratoriyasiga oʻtadi va N.S.Leytes bilan ikkalalari katta bir ilmiy sohani ochishda unga rahbarlik qila boshlaydilar. Bu – insoniyat faolligining tabiiy asoslarini ochish edi. Olingan dalillar, avvalo, bu sohaning behisob keng va murakkabligini koʻrsatgan boʻlsa, ikkinchi tomondan bolalar faolligining tabiiy asoslarini maʼlum bir fiziologik koʻrsatkichlaridan toʻgʻri diagnoz qoʻyish va maʼlum darajada prognoz qilish mumkin boʻldi. Bu esa pedagogik amaliyotga toʻgʻridan toʻgʻri aloqasi bor boʻlgan dalillar edilar.
Botir Qodirov 1977 yilning boshida bu ishni SSSR pedagogika fanlar akademiyasining umumiy va pedagogik psixologiyasi ilmiy tekshirish institutining olimlar kengashida muvaffaqiyatli himoya qiladi. Oʻsha yilning oʻzida E.A.Golubeva laboratoriyasi bilan Termiz pedagogika instituti orasida ilmiy aloqani rasmiylashtirish uchun shartnoma tuziladi va uning har tomonlama amalga oshishini nazarga tutadigan uzoq yillarga moʻljallangan tadbirlar rejalashtiriladi. Shu tufayli bir-ikki marta Moskvadagi laboratoriyaga oʻz qilgan ishlari yuzasidan Botir Qodirov hisobot bergani borib turadigan boʻladi. Shu yillardan boshlab u Termizdagi psixofiziologik ilmiy-tekshirish laboratoriyasiga har xil asbob-uskunalar yigʻa boshlaydi. Va shu davrda markaziy nashriyotlarda qilingan ilmiy tadqiqot ishlari yuzasidan yozilgan maqolalari chop boʻla boshlaydi.
1980 yil Botir Qodirovga dotsentlik unvoni beriladi. 1981 yilning mart oyida Afgʻonistonning ogʻir tushkunlik kunlari Qobul universitetiga psixologiyadan mutaxassis maslahatchi va oʻqituvchi sifatida SSSR oliy taʼlim vazirligi tomonidan besh yilga yuboriladi. Lekin, onasi Qanoat juda ogʻir kasal edi, shuning uchun u besh yillik vazifasini tez bajarib, barvaqt qaytish payiga tushadi. Shu sababli toʻliqsiz ikki yillik oʻta noqulay sharoitda dari tilida ikki oʻquv qoʻllanma yozadi, toʻrt maqola yozib universitet oynomasining 2-3 sonida chop qildiradi, toʻrt mutaxassis Botir Qodirov oʻqiyotgan kurslarni oʻzlashtirib, oʻzlari mustaqil dars bera oladigan holga keladilar. Ana shularni hisobga olib Sovet hukumati elchixonasining mutasaddi xodimlari istisno sifatida 22/XP-1982 yili Afgʻonistondan chiqishga ruxsat beradilar. Oʻshanda u Qobuldan Moskvaga kelib ZO/XP-82 gacha bilet yuqligi sababli qolib ketgan, uyga yangi yil kechasi kirib kelgan. “1 yanvar 1983 yil ishga chiqqanman va oʻsha yil 789 soat dars bajarganman” – deydi u. Botir Qodirov 1983-1984 oʻquv yilining sentyabr oyida paxta terimiga chiqqanligini va 30 dekabr kuni kechqurun yakunlab qaytib kelganligini — planni bajarish oʻsha yil juda qiyin boʻlganligini eslaydi.
Paxta yigʻim terimi paytida yangi tayinlangan institut rektori — Nazar Yuldoshevich Toʻrayev tashabbusi bilan Botir Rahmonqulovich Qodirovni ikki yillik katta ilmiy xodimlikka chiqarishni muvofiq koʻrishdi. Shu sababli, u 1 yanvar 1984 yildan boshlab Moskvaga ketishga taraddud koʻra boshladi. Aslini olganda Botir Qodirov bunday burilishga tayyor emas edi, ayniqsa, ikki yil Afgʻonistonda va 1983 yilning ish borasida unga juda ogʻir kelishi ilmiy yoʻnalishdan ancha chetlatib qoʻygan edi. Moskvada u birinchi navbatda oʻzining avvalgi rahbarlari N.S.Leytes va E.A.Golubevalar bilan oʻz rejalari haqida uzoq davom etgan suhbatlarda boʻldi va taxminan qilinadigan ishning asosiy konturini belgilab chiqdi. Yaʼni ular yana fundamental tadqiqotlar bilan shugʻullanadigan boʻldilar. Lekin, hali fanda odamning pinhoniy imkoniyatlari nimalarga qodir ekanligi ochilmagan, bu sohada hech kim fikr yuritmagan edi. Shu sababli rahbarlari, avvaliga, bu ishning amalga oshishiga va shu haqdagi rejalarga yaxshi munosabat bildirmadilar. Ikki, uch marta Botir Rahmonqulovich Qodirov yozgan asoslarini xomxayol deb qaytarib berishdi. Shu orada u sinov tadqiqotlarini Moskvaning 175-sonli oʻrta maktabida boshlab yuboradi. Maktabda darslar tugashi bilan toʻplangan minglab raqamlarni katta hisoblash mashinalarida tartibga keltirib, bolalar isteʼdodining tabiiy asoslari borligini isbot qiladigan dalillar olinganidan Botir Rahmonqulovich rahbarlarini ham voqif qildi. Bu va boshqa dalillar ostida rahbarlari ham yangi sohaning ochilganligining guvohi boʻldilar.
Shunday qilib 1984-85 oʻquv yili jarayonida ikkita 8-sinf oʻquvchilarining har biridan 28 ta metodika ishlatib, mingdan ortiq sonlar bilan taʼriflanadigan dalillar olindi. Poydevor keng tashlangan ekan, bu olingan dalillarning hammasi ham kerak boʻlavermadi, atigi toʻrtdan bir qismigina ish berdi, xolos. Bolalar layoqatini taʼriflaydigan 34 ta son, miya ish faoliyatini taʼriflaydigan yuzdan ortiqroq koʻrsatkichlar va yana bir nechta boshqa koʻrsatkichlarning oʻzi toʻla kifoya qildi. Lekin bu fikrga kelguncha olingan juda koʻp miqdoriy koʻrsatkichlarni birma-bir koʻrib chiqishga toʻgʻri keldi, katta hisoblash mashinalaridan oʻtkazib maʼlum bir qonuniy bogʻlanishlarning borligini oʻrganishga toʻgʻri keldi. Shu keng koʻlamda oʻylangan ishdan maqsadga loyiq kamgina qismini olib nazariy jihatdan asoslab berish uchun yana taxminan uch yil kerak boʻldi. Va faqat 1988 yilning oxirida butkul tugatib, yozib boʻlindi. Afsuski, qolgan materialni ishlashga boshqa vaqt yetmadi. 1989 yil matnni ishlash, uni pardozlashga ketdi.
Nihoyat yilning oxirida laboratoriyada ish muhokama qilindi va himoyaga tavsiya etildi. 1989 yilning oʻzida avtoreferat ham tasdiqlandi va chop etilishiga ruxsat berildi. Himoya 1990 yilning apreliga belgilandi.
Ish mazmuniga qarab va tegishli oʻzgartirishlar evaziga uch xil Kengashda yoqlanishi mumkin edi. Birinchisi, tibbiyotdan, aynan, neyrofiziologiya fanidan, chunki, ishda birinchi marta inson tendensiyalarining neyrofiziologik mexanizmlari aniq elektrofiziologik tadqiqotlarga asoslanib ochib berilgan edi. Tibbiyotda bu ishning ahamiyati shundan iborat ediki, bu ishda har bir bola, yoki katta yoshdagi kishining miya xususiyatlariga qarab uning qaysi kasallikka moyilligini aniqlash mumkin. Jumladan, alkogolizm, tutqanoq va boshqalar haqida gap ketgan boʻlardi. Bundan tashqari bu ishning asosida nozik metodik uslub ishlatilganki, uni bemalol, umuman neyrofiziologik diagnostikada ishlatish mumkin edi. Har qanday holda ham – tibbiyot nuqtai nazaridan ham, nazariy tomondan ham ishning ilmiy-amaliy talablarga javob bera olishini muhokama paytida taʼkidlab oʻtishdi.
Ikkinchidan, bu ishni psixologiyaning psixofiziologiya sohasidagi olimlar kengashida ham (MGUda) himoyaga qoʻyish mumkin edi. Va bu eng optimal yoʻl boʻlgan boʻlardi. Chunki, ishda birinchi marta bola layoqatlarining (yaʼni professional intilishlarining) tabiiy asoslari ochib koʻrsatilgan edi va shu yoʻnalishda kompleks metodikalar taklif qilingan edi.
Lekin, uchinchi variant har ikkala yoʻnalishdan ham qiziqroq tuyuldi. Bu umumiy psixologiyadan olimlar Kengashiga qoʻyish bilan bogʻliq boʻlgan edi. Bunda, asosan, ishdagi falsafiy maʼnoni chertib koʻrsatishga qaratilgan edi. Keyinchalik, himoya paytida, opponentlardan biri – akademik L.I.Ansiferova aynan shu tomonini boʻrttirib, “inson faoliyatining tabiiy ramzi bilan tugʻilishini bu ish isbot qiladi”, deb aytdi. Mazkur fan hozirgi paytda shunday darajaga erishdiki, nozik texnik vositalari faoliyati natijasida olingan noyob dalillar bilan qanoatlanmaydi. Ehtimol, nihoyat darajada chuqur metodologik, umumbashariyat rivojlanishiga nima hissa qoʻshgan-qoʻshmaganligi bilan qadrlanadi.
Muhokama paytida olimlar umumiy psixologiya Kengashiga tavsiya etishni maslahat berishdi va shu bilan yana koʻp tomonlarni nazarga olishdi. Bu davrga kelib Termiz davlat pedagogika instituti qoshida 140000 soʻmlik ilmiy tadqiqot qilish uchun asbob uskunalar bilan jihozlantirilgan yirik bir laboratoriya norasmiy ravishda ishlab turgan edi. Jumladan, institut 60000 soʻmlik Ay-Bi-Em kompyuterini sotib olib bergan edi. Laboratoriyani soʻngroq 1990 yildan boshlab Oʻzbekiston maorif vazirligi tan oldi va boshlangʻich faoliyat uchun bir yilga 20000 soʻm pul ajratdi.
Shunday qilib, himoya 1990 yilning aprel oyiga belgilandi. Bunga katta tayyorgarlik koʻrish kerak edi. Jumladan dissertatsiya matnini toʻliq holatga keltirib, uni yaxshilab oʻqib chiqildi. Qoʻl mashinasida chop etildi, muqovalandi va taqrizchilarga uch donasi berildi. Kutubxonalarga taqdim etildi. Xullas, 17 aprelga obdon tayyorgarlik koʻrildi.
Himoya kutilganidan ham muvaffaqiyatli oʻtdi. 13 ta savol tushdi. Taqrizchilar juda jiddiy va yuqori baholadilar.
Shundan soʻng, Botir Rahmonqulovichning hayotida yangi soha boshlandi. Moskvadan Toshkentga kelaturib Botir Rahmonqulovich Oʻzbekiston SSR Maorif vazirligining oʻrinbosari Yu.N.Abdullayev bilan muloqotda boʻldi. Oʻshanda ular kelajak rejalari haqida suhbatlashib oldilar. Asosiy mavzu – Toshkentda isteʼdodli bolalar tashxis markazini tashkil qilish haqida edi. Endilikda markazning toʻliq loyihasini tuzib berish vazifasi Botir Rahmonqulovichga yuklatildi. Dastur va tuzilmasi tasdiqlandi. Yangi yildan boshlab bu markaz moliyaviy mustaqil boʻlib kuchga kirdi.
Lekin Botir Rahmonqulovichni Termizda yangi ishlar kutardi. Jumladan, laboratoriya rasmiy tus olganligi sababli, yangi xodimlar olinishi kerak edi. Ishlarni boshlash kerak edi… Laboratoriyada oltita xodim ishlardi, “Oʻzbekistonning isteʼdodli bolalari” dasturi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishardilar. Laboratoriya xodimlari ishni maktabdan boshladilar. Psixologlari ikki guruhga boʻlinib, 8-9-sinf oʻquvchilarining aqliy faoliyat saviyasi va shaxsiy xususiyatlarini tadqiq qiladigan metodikalar ishlatib Termiz shahar maktablarini oʻrganib chiqdilar. Jami toʻrt yarim ming oʻquvchidan 2-3 metodika ishlatib axborot olingan edi. Bosh vazifa tadqiqotlarni davom etdirish bilan birga minglab olingan sonlarda ifodalangan axborotlarni ishlash edi. Oʻta qobiliyatli bolalarni ajratish, aqliy qobiliyatlarning shu yoshdagi normasini aniqlash, uning oʻziga xos ichki qonuniyatlarini tushunish ham shular jumlasidan edi. Shu bilan birga laboratoriyada respublika ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa ilmiy tadqiqot ishlari ham olib borildi. Xususan, chet ellarda mashhur boʻlgan intellektni tekshiradigan G.Ayzenk metodikasi oʻzbek tiliga tarjima qilindi.
Botir Rahmonqulovichning tadqiqotlari shuni koʻrsatdiki, shu besh sohadagi inson faoliyatining har birining miyada tabiiy ramzi boʻlarkan va koʻpchilik yoshlarda bir yoki ikki sohaning maʼlum darajada rivojlangan tabiiy ramzi u yoki bu asabiy xislatlarda oʻz aksini topgan boʻlarkan. Aynan shu miya xususiyatlari yaxlit va toʻliq tadqiq qilindi. Izchillik bilan har bir layoqatning tegishli sohalariga aloqasi borligi isbot qilindi. Fanda miya xususiyatlariga qarab kishi layoqatlarini va kelajakda oʻziga xos kasb-hunar yoʻnalishlarini aniqlash sharoiti ochilgani birinchi marta qayd qilindi. Lekin, aytish kerakki, bu ixtiro hali tadqiqot darajadagi fanga qoʻyilgan bir qadamdir. Bu ilmiy qadamning hayotga, har kungi tajribaga aylantirish uchun amaliyotda koʻplab psixologlar ishlata oladigan holatga keltirish uchun yana tadqiqotlar olib borilishi kerak. Yangi, oson metodikalar ishlab chiqish kerak. Chunki, maʼlumki, elektroneyrofiziologik asboblarni har qanday “men psixologman” degan kishi na ishlata oladi va na ensefalogrammani oʻqiy oladi. Demak, hali bu ish yakun boʻlgani yoʻq, ehtimol, endi boshqatdan, yangi sohada isteʼdodli bolalarda layoqat va qobiliyatlarning tabiiy asoslarini oʻrganish jarayonida Botir Rahmonqulovichning shogirdlari olimning niyatlarini amalga oshirar.
1995 yilga kelib VM qarori va XTV maxsus buyrugʻi bilan Termiz psixologiya laboratoriyasi Toshkentga koʻchirildi va uning kadrlari va moddiy-texnikasi asosida Respublika isteʼdod Markazi ochildi. Prof. B.R.Qodirov Markazning direktori etib tayinlandi.
2000 yilning fevral oyida OʻzMU rektori, akademik T.N.Dolimov B.R.Qodirovning “Tafakkur” jurnalidagi maqolasidan taʼsirlanib, uni Milliy universitetga maxsus laboratoriya ochib, qobiliyatlar psixologiyasi va psixofiziologiyasini yoʻlga qoʻyish ishlarini hamda kafedrani boshqarishni taklif etdi. 2014 yilgacha B.R.Qodirov Oʻzbekiston Milliy universitetida professor, kafedra mudiri vazifalarida ishlab keldi. 2014 yilning sentyabr oyidan eʼtiboran MDUning Toshkentdagi filialining rahbariyati taklifi bilan psixologiya kafedrasida professor vazifasida ishlab kelmoqda. Professor B.R.Qodirov keng qamrovli ilmiy qiziqishlarga ega boʻlib, psixologiya fanining 20 dan ortiq sohalaridan maʼruzalar oʻqib talabalar va hamkasblari orasida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan olimdir. B.R.Qodirov rahbarligida koʻplab talabalar, magistrant va aspirantlar ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan. U 140 dan ortiq ilmiy asarlar chop ettirdi, shu sohalardagi ishlarga ilmiy rahbarlik qildi.
Har xil yillarda Sifat komissiyasi raisi va aʼzosi, himoyalar boʻyicha Ilmiy Kengash aʼzosi va raisi, OAK ekspert kengashi aʼzosi, Fan va texnologiyalar qoʻmitasida ekspert komissiyasi raisi kabi jamoat ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Moskva ilmiy muhiti taʼlimini olgan prof. B.R.Qodirov, Oʻzbekistonda ham jiddiy psixologik tadqiqotlarni davom ettirish bilan
bir vaqtda, xalqaro ilmiy aloqalar oʻrnatdi. Oxirgi yillarda chet el tadqiqotchi olimlar va ilmiy tashkilotlar bilan aloqalarini kengaytirdi: Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy, Gretsiya, Turkiya kabi mamlakatlar shular jumlasidan.
Ilmiy-pedagogik kadrlar yetishtirishda, bajargan fundamental va amaliy tadqiqotlari koʻlami va oʻquv-metodik ishlari sohasidagi yutuqlarini inobatga olib, hamda prof. B.R.Qodirovning oʻta kamtarinligi, oʻziga va shogirdlariga nisbatan talabchanligi, mehnatkashligi, ilmiy-pedagogik salohiyati yuqori va kengligi bilan uni Oʻzbekistonda zamonaviy psixologiya fanining yorqin va jiddiy namoyandasi sifatida tan olish mumkin.
B.R.Kodirov nomzodining Davlat mukofotiga tavsiya etilishi, MDU filiali mehnat jamoasi yigʻilishida muhokama qilindi va qoʻllab-quvvatlandi.
Botir Raxmonkulovich Qodirovning ilmiy faoliyati ommani qiziqtirib, hujjatli filmlar tayyorlanib maʼnaviy-maʼrifiy kanallarda bir necha bor uzatildi.