Qodirov Dilshod Botirovich “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida kafedra mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
U 1987-yilda Namangan viloyatining Chortoq tumani Koroskon qishlogʻida ziyoli oilasida tugʻilgan. Shu qishloqdagi 1-oʻrta maktabning 6-sinfini tugatib, 2000-yildan Chortoqdagi Ixtisoslashgan internat litseyida oʻqishni davom ettirgan. Litseyni 2005-yilda aʼlo baholar bilan tamomlagan. Yoshligidan texnikaga boʻlgan qiziqish va intilishlari sabab 2005-yilda Toshkent davlat texnika universitetiga Elektr energetikasi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirgan. Universitetni 2009-yilda tamomlagach, shu yili magistratura bosqichida oʻqishini davom ettirib, 2011-yilda magistr darajasiga ega boʻlgan.
Mehnat faoliyatini 2011-yilning sentyabr-dekabr oylarida Namangan muhandislik pedagogika instituti Elektrotexnika va energetika kafedrasi assistenti lavozimida boshlagan. D.Qodirov oʻzining ilmiy izlanishlarga boʻlgan qiziquvchanligi va intilishlari sababli 2012-2016 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika institutida stajyor-tadqiqotchi izlanuvchisi va kichik ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan. 2016-2018 yillarda “Oʻzbekenergo” AJ Ilmiy-texnika markazining Qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasida katta ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan.
D.Qodirov 2018-yildan to hozirgi kungacha “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining “Elektr taʼminoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalari” kafedrasiga rahbarlik qilish bilan birga oʻzining pedagogik faoliyatini muntazam ravishda davom ettirib kelmoqda. U faoliyati mobaynida 2 ta PhD va 16 magistrlik dissertatsiyalariga hamda 21 ta bakalavrlarning diplom loyihalari va malakaviy bitiruv ishlariga rahbarlik qilgan.
2018-yilda 05.05.01-Energetika tizimlari va majmualari ixtisosligi boʻyicha “Past bosimli suv oqimlari uchun energiya samarador mikrogidroelektrstansiya” mavzusidagi dissertatsiyasi ishini muvaffaqiyatli himoya qilib texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻlgan. 2022 yilda “Elektr taʼminotida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishga tizimli yondashuv” mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan.
D.Qodirov tomonidan 120 dan ortiq ilmiy ishlar, shulardan 60 dan ortigʻi Scopus va Web of Science bazasidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan. Bundan tashqari 4 ta monografiya, 7 ta oʻquv qoʻllanmalar, 20 tadan ortiq avtorlik guvohnomalarning muallifidir.
D.Qodirov “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish” sohasida xalqaro ekspert hisoblanadi. Xorijiy mamlakatlarda jumladan, Germaniya, Fransiya, Singapur, Italiya, Avstriya, Rossiya, Turkiya, Polsha, Chexiya, Malayziya va boshqa koʻplab davlatlarda ilmiy stajrovkada boʻlgan. U tomonidan Polshaning Krakov texnologiya universiteti, Malayziyaning Perlis Malayziya universiteti, Italiyaning Turin politexnika universiteti hamda Germaniyaning Ingolshtadt texnika universitetlarida talabalar va magistrlarga maʼruzalar oʻqilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Energetika muammolari instituti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/30.12.2021.T.143.01 raqamli hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.T.10.01 raqamli Ilmiy Kengashlar aʼzosidir.
D.Qodirov Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG), Germaniya Akademik Almashinuv Xizmati (DAAD) va boshqa xorijiy grantlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Bundan tashqari, bugungi kungacha 20 ga yaqin fundamеntal, amaliy, innovatsion loyihalar hamda tarmoq korxonalarining ilmiy-texnik muammolari yechimiga qaratilgan ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirishda rahbarlik qilgan va ularni amaliyotga joriy etishda oʻz hissasini qoʻshgan.
D.Qodirov tashabbusi bilan 2019-yildan boshlab xar yili oʻtkazilib kelinayotgan Scopus va Web of Science xalqaro maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi “International Conference on Energetics, Civil and Agricultural Engineering” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda 2023-yilda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Kvant texnologiyalar markazi” tashkil etilgan.
U oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga boʻlgan muhabbati, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, zimmasiga yuklatilgan vazifalarga sidqidildan yondashishi, hamkasblariga munosabati va namunali xulqi bilan jamoatchilik oʻrtasida hurmat va eʼtiborga ega.