Qodirov Kamoliddin Botirovich 1974 yil 31 martda Termiz shahrida tugʻilgan. Millati oʻzbek.
1991-1996 yillar davomida M.T.Oybek nomidagi Termiz davlat universiteti Biologiya fakultetida tahsil olgan. Universitetni tugatgach Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi Respublika isteʼdod markazida kichik ilmiy xodim sifatida ham kasbiy, ham ilmiy faoliyat bilan shugʻullana boshladi.
1997 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining aspiranturasiga oʻqishga kirib, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, psixologiya fanlari doktori, professor Muhammad Gabdulgalimovich Davletshin rahbarligida bitiruvchi sinf oʻquvchilarida boʻlajak kasbni tanlashga psixologik tayyorlik muammosini oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan. 1998-2001 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi Respublika tashxis markazida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan va bitiruvchi sinf oʻquvchilarida kasbiy qobiliyatlar, layoqatlar, qiziqishlar, qadriyatlarni aniqlashga qaratilgan tashxis metodikalarini ishlab chiqish bilan shugʻullangan.
Maktab psixologlari faoliyatini metodik taʼminlash maqsadida psixologik tashxis metodikalarini standartlashtirish va ularni milliy muhit sharoitlariga moslashtirish ustida faol ish olib borgan. Ushbu uslubiy ishlanmalar maktab amaliyotiga joriy qilingan va hozirgi paytda maktab psixologik xizmatida keng qoʻllanilmoqda.
K.Qodirov 2001 yilda Respublika tashxis Markazi va aspiranturadagi ilmiy-metodik faoliyati doirasidagi ijodiy izlanishlari natijasida “Kasbiy tashxis va kasb tanlashga tayyorlikning psixologik jihatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
2002 yildan boshlab Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Falsafa fakulteti Psixologiya kafedrasida oʻqituvchi boʻlib ishlay boshlagan. 2006 yil fevral oyida dotsent ilmiy unvonini olishga muvaffaq boʻlgan. Hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Milliy universiteti Psixologiya kafedrasi dotsenti sifatida “Umumiy psixologiya” (“Diqqat va xotira”, “Ichki regulyasiya” boʻlimlari), “Eksperimental psixologiya va praktikum” (“Shaxs”, “Diqqat va xotira” boʻlimlari), shuningdek, “Etnopsixologiya va din psixologiyasi”, “Psixologik tadqiqot natijalarini qayta ishlash metodlari va texnologiyalari” va boshqa fanlar boʻyicha maʼruza va seminar mashgʻulotlarini olib borgan.
K.B.Qodirov 2003-2005 yillarda Qori-Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutida “5-7 yoshli bolalarning maktab taʼlimiga yetuklikning psixofiziologik mexanizmlari” mavzusida amalga oshirilgan yirik ilmiy-tadqiqot loyihasiga rahbarlik qilgan.
2008-2010 yillarda Oʻzbekiston futbol federatsiyasi huzurida tashkil etilgan kompleks ilmiy guruhi psixofiziologi sifatida elektroensefalografiya usulidan foydalanib, Oʻzbekiston professional futbol ligasi hamda Milliy terma jamoasi futbolchilarining asab tizimi xususiyatlari diagnostikasi bilan shugʻullangan. Futbolchilarda asab tizimi xususiyatlarini psixofiziologik oʻrganishning yangi usullarini ishlab chiqish maqsadida markaziy, vegetativ va asab-mushak tizimlari elektrofiziologiyasi sohasida kompleks ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan.
2015 yildan boshlab Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti psixologiya kafedrasining mustaqil tadqiqotchisi sifatida “Individual asimmetriya qiyofasi shaxs tipologik xususiyatlarini belgilovchi omil sifatida” mavzusidagi dissertatsiyasi ustida keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan va 2019 yil dekabr oyida dissertatsion tadqiqotlarini yakunlab, uni muvaffaqiyatli himoya qildi va psixologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan. 2022 yil oktyabr oyida esa professor ilmiy unvonini olishga muvaffaq boʻlgan.
2017 yil sentyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida “Boshqaruv psixologiyasi va liderlik” kafedrasi mudiri sifatida ishlay boshlagan.
Kafedra mudiri sifatida 4 oylik istiqbolli kadrlarni qayta tayyorlash kurslari tinglovchilari uchun “Liderlik psixologiyasi”, “Boshqaruv psixologiyasi” va “Muloqot psixologiyasi” kurslari boʻyicha maʼruza va seminar mashgʻulotlarini olib borgan.
Bundan tashqari, boshqaruv kadrlarining psixologik portretini yaratish maqsadida K.B.Qodirov shaxsning liderlik va rahbarlik sifatlarini oʻrganish boʻyicha bir qator psixodiagnostik testlarni ishlab chiqqan.
Hozirgi kunda ushbu metodikalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi faoliyatida joriy etilgan boʻlib, davlat xizmatchilarini psixodiagnostik tekshiruvlardan oʻtkazish natijalari asosida ularning psixologik portretini tuzishda foydalanilmoqda.
2020 yil noyabr oyidan boshlab K.B.Qodirov Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti “Boshqaruv koʻnikmalari va yetakchilik mahoratini rivojlantirish” kafedrasi professori sifatida ishlab kelmoqda. 2022 yil oktyabr oyidan eʼtiboran esa Innovatsion va ijtimoiy iqtisodiyot universitetining “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Hozirda Q.B.Qodirov 100 dan ortiq ilmiy ishlarning muallifidir. Ilmiy faoliyati natijalari monografiyalar, oʻquv qoʻllanmalar koʻrinishida, shuningdek, respublika va xalqaro ilmiy jurnallar va ilmiy-amaliy konferensiyalarda yoritilgan.