Professor Qoraboyev Ikromjоn Toʻrayevich 1973-yilning 8-avgust sanasida Toshkent viloyatining Qibray tumanida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. 1980-yildan 1990-yilgacha Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 17-oʻrta maktabda tahsil olgan. Birinchi ustozi otasi Qoraboyev Toʻra boʻlib, oʻrta maktabda tahsil olish davrimda dehqonchilik ilmiga boʻlgan muhabbatini oshirib borganlar.
Oʻrta maktabni bitirganidan soʻng, 1990-yilda sobiq Oʻzbekiston Paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutini “Tuproqqa ishlov berish va jadallashtirilgan texnologiyalar” boʻlimiga laborant lavozimiga ishga kirgan. Laborant lavozimida ishlab yurgan chogʻida 1993-yilda Toshkent Davlat Agrar Universitetining “Agrokimyo va tuproqshunoslik” fakultetiga oʻqishga kirib, 1998-yilda muvaffaqiyatli tamomlagan.
Qoraboyev Ikromjon Toʻrayevich 1997-2014 yillarda Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti tuproqqa ishlov berish boʻlimi katta ilmiy xodimi, 2014-2016 yillarda Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti “Ishlab chiqarish” boʻlim boshligʻi, 2017-2023 yillarda shu institutining “Tuproqqa ishlov bering va uning texnologiyasini takomillashtirish” laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, yetakchi ilmiy xodimi lavozimlarida ishlagan.
Qoraboyev Ikromjon Toʻrayevich Ilmiy faoliyatini 1998-yilda ustozi professor F.M.Xasanova boshchiligida Toshkent viloyatining tipik boʻz tuproqlar sharoitida “Tuproq unumdorligi, asosiy va takroriy ekinlar hosildorligini oshirishda resurstejamkor agrotexnologiyalarni ishlab chiqish” boʻyicha ilmiy ishlar olib borib, 2017-yilda qishloq xoʻjalik fanlari boʻyicha falsafa (PhD) doktori, 2021 yilda qishloq xoʻjaligi fanlari (DSc) doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, 2023 yilda 06.01.01 – “Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik” ixtisosligi boʻyicha professorlik unvonini olgan.
Professor I.T.Qoraboyevning ilmiy izlanishlari asosiy hamda takroriy ekinlarni parvarishlashda ekish oldidan tuproqqa ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish, oʻsimlik qoldiqlaridan samarali foydalanish orqali tuproq unumdorligini saqlash hamda ekinlardan moʻl hosil yetishtirishda manba tejovchi agrotexnologiyasini ilmiy asoslash boʻyicha izlanishlarni oʻz ichiga oladi.
Ilmiy izlanishlarida gʻoʻza, kuzgi bugʻdoy hamda takroriy ekin sifatida soya, mosh, makkajoʻxori ekinlarini parvarishlashda yerga ishlov berishning resurstejamkor agrotexnologiya elementlari takomillashtirilib, oʻsimlik qoldiqlaridan oqilona foydalanishda tuproq unumdorligidagi afzalliklari aniqlangan.
Yerga ishlov berishni yil oralatib haydov oʻtkazish texnologiyasini qoʻllash orqali ekinlarni parvarishlash uchun traktor bilan ishlov berishni 3-4 martagacha kamaytirib, tuproqning strukturasi, zichlanishini kamayishiga, suv-fizik xossalari hamda agrokimyoviy xususiyatlariga, oʻsimlik qoldiqlarini qoldirib, yil oralatib haydov oʻtkazish texnologiyasini qoʻllab parvarishlangan gʻoʻza, kuzgi bugʻdoy, takroriy ekinlarning unib chiqishi, oʻsish, rivojlanishi va hosildorligiga taʼsiri tatbiq etilgan.
Professor I.T.Qoraboyev ish davri jarayonida Respublikaning paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari rahbarlariga hamda paxtachilik-toʻqimachilik klasterlarining masʼul xodimlariga gʻoʻza va gʻalladan yuqori hosil olish boʻyicha olib boriladigan reserstejamkor agrotadbirlar majmuasi qoʻllash boʻyicha seminar-treninglar tashkil etib, oʻzining bor bilimlarini sarflab ilmiy-amaliy yordam berib kelmoqda.
Ikromjon Toʻrayevich Qoraboyev tomonidan soʻnggi oʻn yilda 4 ta davlat granti asosidagi ilmiy loyihalarda ilmiy izlanishlar olib borgan. Oʻzining qishloq xoʻjaligi fani borasida oʻtkazilgan koʻp yillik tadqiqotlari natijalari asosida 150 dan ortiq ilmiy ishi chop etilgan. Jumladan, 80 ta ilmiy maqola jurnallarda, shundan 20 tasi nufuzli xorijiy (AQSh, Hindiston, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston) jurnallarda, 4 ta monografiya, 20 dan ortiq tavsiyanomalar hamda oliy taʼlim tizimida bakalavr hamda magistratura talabalari uchun 1 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar nashr etilgan.
Shu bilan birga koʻplab xorijiy va mahalliy jurnallarda sohaga oid ilmiy maqolalarni eʼlon qilish bilan birga “Paxtachilik va donchilik”, “Oʻzbekiston agrar fan xabarnomasi” hamda “Xorazm maʼmun akademiyasi xabarnomasi” jurnallari tahririyati aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Professor I.T.Qoraboyev uzluksiz ravishda amaliy hamda innovatsion loyihalarda hamijrochisi sifatida ishlab kelmoqda. 2006-yildan A-8-021 “Gʻoʻza va izdosh ekinlarni yetishtirishda minimallashtirilgan ishlov berib tuproqni muhofaza qiluvchi texnologiya va texnik vositalarni qoʻllashni ishlab chiqish” (2006-2008 yy.), KXA-8-024 “Gʻoʻza majmuidagi ekinlarni parvarishlashda tuproqqa minimal ishlov beruvchi resurstejamkor texnologiyalarni va texnik vositalarni takomillashtirilgan ishlanmalarini ishlab chiqish” (2009-2011 yy.), CRDF №UZB2-31032-TA-10 “Almashlab ekish tizimida parvarishlangan ekinlarning hosildorligiga hamda namlikni bugʻlanishi va suv iste’moliga asosiy va tuproqni muhofaza qiluvchi ishlov berish texnologiyalarni taʼsiri (2009-2012 yy.), KXA-7-011 “Gʻoʻza-gʻalla majmuidagi ekinlarni parvarishlashda tezpishar va yuqori hosil olishni taʼminlaydigan, resurstejamkor tuproqqa differinsial ishlov berish tizimini ishlab chiqish” (2012-2014 yy.), QXA 7-040-2015 “Respublikaning turli sharoitlarida tuproqqa minimal ishlov berish texnologiyasining gʻoʻza va bugʻdoy hosildorligiga taʼsirini oʻrganish” (2015-2017 yy.), MV-QX-A-QX -2018-192 “Yangi yuqori unumli kombinatsion texnikalar yordamida yerga ishlov berishning tuproq zichlanishiga taʼsiri va gʻoʻza, kuzgi bugʻdoy, takroriy ekinlarning hosildorligini oshirish usullarini ishlab chiqish” (2018-2020 yy.), IL442105895 “Qishloq xoʻjaligi ekinlari orasida uchraydigan begona oʻtlarga qarshi kurashishning samarali yangi agrotexnologiyasini ishlab chiqish” ( 2021-2023 yy), AL 442105717 “Texnik ekinlarni parvarishlashda Mini-till ishlov berish va No-till usulida ekish va axborot texnologiyasini ishlab chiqish” (2022-2024 yy), ALM-202202129 “Toshkent viloyati paxta-toʻqimachilik klasterlari maydonlarida gʻoʻzadan yuqori va sifatli paxta hosili yetishtirishning yangi agrotexnologiyasini yaratish” (2022-2023 yy) amaliy hamda innovatsion loyihalar ijrochisi sifatida faoliyat olib borgan.
Shuningdek professor I.T.Qoraboyev Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi DSs.05/30.12.2019.Qx.42.01 raqamli, Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi DSs.05/04.03.2022.Qx.13.01 raqamli ilmiy kengashlar aʼzosi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining 2023-yil 9-oktyabrdagi 450-son buyrugʻiga asosan “Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari boʻyicha”, Qishloq xoʻjaligi vazirligining 2024-yil 9-fevraldagi 39-sonli buyrugʻiga asosan Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar markazining ilmiy-texnik kengashlari aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Professor I.T.Qoraboyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga asosan Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashining Andijon viloyatining Ulugʻnor tumanidagi ishchi guruh aʼzosi sifatida gʻoʻzani innovatsion texnologiyalar asosida parvarishlash boʻyicha ilmiy amaliy yordamlar koʻrsatib kelmoqda.
Professor I.T.Qoraboyev respublikamiz agrar sohasida ayniqsa paxtachiligidagi ilmiy-amaliy ishlari va yosh kadrlarni tayyorlashdagi samarali mehnatlari uchun Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Faxriy Yorliqlari hamda ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishda keng miqyosda joriy etishdagi ishtiroklari uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligining 2022-yil 1-dekabrdagi 312-sonli buyrugʻiga asosan “Qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Oilali, 3 nafar farzandning otasi. Hozirgi kunda, professor I.T.Qoraboyev Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Texnik ekinlar va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash sohasida ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish boʻlim boshligʻi lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kungacha I.T.Qoraboyev rahbarligida 1 ta fan doktori (DSc) hamda 2 ta qishloq xoʻjaligi boʻyicha falsafa (PhD) doktorlik dissertatsiyalarini shogirdlari muvaffaqiyatli himoya qilishgan. Hozirda uning rahbarligida 3 nafar tayanch doktorant (PhD), 1 nafar doktorant (DSc), 2 nafar mustaqil izlanuvchilar dissertatsiya tadqiqotlari boʻyicha izlanishlar olib borishmoqda.