Olim

MAHKAMOVA MAMLAKAT ABDUQODIROVNA

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor

   Mamlakat Abduqodirovna Mahkamova 1965-yilning 13-iyunida Toshkent shahrida tarix fanlari doktori, professor Uralov Abduqodir oilasida tug‘ildi. 1988-yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent Politexnika institutini muhandis–iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatdi. 1988-yilning dekabridan 1992-yil fevraligacha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Iqtisodiyot institutining kunduzgi aspiranturasida o‘qidi. 1994-yil mart oyida “Bozor munosabatlarida o‘tish sharoitida O‘zbekiston Respublikasining mashinasozlik korxonalarida ishchilarni moddiy rag‘batlantirish” mavzusidagi nomzodlik dissertasiyasini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Iqtisodiyot institutida himoya qildi. 1992-yilning fevralidan 2002-yilgacha TDTU “Mashinasozlik iqtisodiyoti va uni boshqarish” kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi, kafedra mudiri vazifasini bajaruvchi, kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. Ko‘p yillar davomida universitetning “Sanoat iqtisodiyoti va menejmenti” fakultetida ilmiy kengash kotibi, fakultet murabbiylar kengashi raisi, fakultet o‘quv-uslubiy kengashi a’zosi, xotin–qizlar qo‘mitasi a’zosi va Universitet ilmiy kengashi a’zosi bo‘lib ishladi.



   2002-yilda Toshkent davlat texnika universiteti qoshida  respublikaning ko‘plab viloyatlari qishloq yoshlarini tadbirkorlik faoliyati va biznes menejmenti bilimlari va ko‘nikmalariga o‘rgatuvchi O‘zbekistondagi davlat akkreditasiyasidan o‘tgan birinchi Biznes maktabni tashkil etdi va muvaffaqiyatli boshqardi. 2004-2005-yillarda Toshkent davlat texnika universitetining “Biznes boshqaruvi” fakulteti dekani lavozimida ishladi. Olima “O‘zbekiston Respublikasi sanoat korxonalarida innovatsion faoliyatni boshqarishning tashkiliy iqtisodiy mexanizmini shakllantirish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bordi. 2017-yil sentyabr oyidan umrining oxirigacha Toshkent davlat texnika universitetida yangi tashkil etilgan “Korporativ boshqaruv” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi. Ilmiy maqolalari Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Malayziya, Eron, Hindiston, Polsha, Germaniyava boshqa mamlakatlarda chop ettirilgan ularning aksariyati nufuzli va yuqori impakt faktorga ega bo‘lgan jurnallarida chop etilgan. M.A.Mahkamova muallifligida 30 dan ortiq o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, 9ta monografiya, 5ta darslik hamda respublika va xalqaro konferensiyalarida, ilmiy jurnallarida 300 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan.



   Mahkamova Mamlakat ilmiy faoliyati davrida o‘zining respublikada sanoat korxonalarida innovatsion jarayonlarni rivojlantirish va boshqarish muammolari tadqiqoti bo’yicha ilmiy maktabini yaratdi. M.Mahkamovaning ilmiy maktabini o‘g‘li Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Mahkamov Baxtiyor davom ettirmoqda.