Abdugʻafur Qosimov adabiyotlarni qiyosiy oʻrganishga, shuningdek, milliy maʼnaviy merosimizni targʻib qilishga munosib hissasini qoʻshib kelayotgan adabiyotshunos olim, Fargʻona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori.
A.Qosimov 1967-yil 16-dekabrda Fargʻona viloyati Oxunboboyev (hozirgi Yozyovon) tumanida tugʻilgan. 1986-yilda Andijon pedagogika bilim yurtini, 1992-yilda Moskva davlat pedagogika universitetini tamomlagan. Umumiy mehnat staji – 38 yil. 1995-yildan buyon Fargʻona davlat universitetida oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi oʻqituvchisi (1995–2001), aspirantura va ilmiy boʻlim boshligʻi (2001–2002), oʻzbek tilshunosligi kafedrasi doktoranti (2002–2005), Filologiya fakultetining oʻquv ishlari boʻyicha dekan oʻrinbosari (2005–2007), Filologiya fakulteti dekani (2007–2010), maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor (2010–2015), adabiyotshunoslik kafedrasi professori (2015–2017), Chet tillari fakulteti dekani (2017–2021) lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. 2021-yildan adabiyotshunoslik kafedrasi professori.
A.Qosimov 1999-yilda “Adabiyotda bolalik maʼnaviy-axloqiy kategoriya sifatida (A.de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” va Ch.Aytmatovning “Oq kema” asarlari misolida)” mavzusida nomzodlik, 2007-yilda “Tipologik oʻxshashliklar va oʻzaro taʼsirning nazariy muammolari (A.de Sent-Ekzyuperi va A.Kamyu ijodi misolida)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2020-yilda professor ilmiy unvonini olgan.
2006-2009-yillarda davlat ilmiy – texnika dasturlari doirasidagi "Ijtimoiy fikrning shakllanishida badiiy nasrning oʻrni va roli" mavzusidagi loyihaga rahbarlik qilgan.
Isteʼdodli olim 30 yillik ilmiy faoliyati davomida filologiyaning qiyosiy adabiyotshunoslik, jahon adabiyoti, adabiyot nazariyasi kabi sohalari boʻyicha tadqiqotlar olib borgan. Ayniqa, jahon adabiyotining yetuk vakillari Antuan de Sent-Ekzyuperi, Alber Kamyu, Chingiz Aytmatov ijodi yuzasidan olib borgan tadqiqotlari Oʻzbekistonda chet el adabiyotining oʻrganilishi boʻyicha muhim ilmiy ahamiyatga ega. Olim 100 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 3 ta monografiya muallifi. Olimning 20 ga yaqin ilmiy maqolalari nufuzli xorijiy jurnallarda chop etilgan.
A.Qosimov respublikamiz ilm-fanini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan harakatlarda faol ishtirok etib, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, yosh olimlarni yetishtirishda munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Xususan, olim 2008–2012-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi, 2011–2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti qoshidagi Birlashgan ixtisoslashgan kengash raisi oʻrinbosari, 2013–2016-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Oʻzbekiston Milliy universiteti qoshidagi ixtisoslashgan kengash aʼzosi. 2017–2024-yillar davomida Fargʻona davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019. Fil.05.02 raqamli kengashda rais, rais oʻrinbosari, seminar raisi sifatida faoliyat olib borgan.
A.Qosimovning ilmiy rahbarligida shu kungacha 1 ta filologiya fanlari doktori (DSc), 6 ta filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Shogirdlaridan R.Umrzoqov (2009), Q.Qaxxarov (2011), G.Ergasheva (2013) A.Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan. Olim “FDU ilmiy xabarlar”, “Filologik tadqiqotlar”, “QDPI ilmiy xabarlar” va “Komparativistika” ilmiy jurnallarida tahrir hayʼati aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
A.Qosimov oʻquv-uslubiy sohada ham samarali faoliyat olib bormoqda. Jumladan, jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik fanlari boʻyicha 1 ta darslik (“Jahon adabiyoti”. – Fargʻona, 2023), 3 ta oʻquv qoʻllanma (“XX asr chet el adabiyoti”. – Fargʻona, 2003; “Jahon adabiyoti”. – Toshkent, 2017; “Qiyosiy adabiyotshunoslik”. – Toshkent, 2019;), 3 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma (“Antuan de Sent-Ekzyuperi ijodi boʻyicha amaliy mashgʻulotlar”. – Fargʻona, 2008; “XX asr Gʻarb adabiyotidan amaliy mashgʻulotlar”. – Toshkent, 2011; “Jahon adabiyoti: Antik davrdan XVII asrgacha”. – Fargʻona, 2016) chop ettirgan. Mazkur ishlar filologiya ixtisosligidagi talabalar, magistrantlar, erkin tadqiqotchilarning nazariy bilimlarini oshirishga koʻmaklashmoqda.
A.Qosimov Fargʻona viloyati aholisi, ayniqsa yoshlar orasida “Til – millat ruhi”, “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga eʼtibor” mavzularida davra suhbatlarining faol tashkilotchilaridan hisoblanadi. Kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan “Oʻquv yilida oʻn kitob” loyihasi muallifi. Mazkur loyiha boʻyicha 2013–2017-yillarda Fargʻona davlat universitetining akademik guruhlarida 800 dan ortiq “mutolaa” soatlari tashkil etilgan.