Rahmonov Bahodir Sobirovich (1958. 13.06. Xorazm viloyati, Hazorasp tuman) mexanika sohasidagi olim, Urganch Davlat universiteti professori, texnika fanlari doktori.
1980yilda Toshkent Politexnika institutining “Fuqaro va sanoat qurilishi” fakultetini imtiyozli tugatgan, Oʻzbekiston FA M.T.Oʻrazboyev nomli mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutda injener(1980-1983), aspirant(1984-1987), kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim (1984-1991). 1991-1995yillarda Urganch davlat universiteti Hisoblash markazi injeneri, “Matematika va mexanika” kafedrasi dotsenti lavozimlarida, 1995-1999yillar VM huzuridagi Davlat Test markazining Xorazm viloyati boʻyicha vakili, Xorazm viloyati xokimi kotibiyat mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. 1999-2007yillarda “Qurilish va arxitektura” kafedrasi mudiri, 2008-2013 yillarda shu kafedra dotsenti, 2013-2019 yillarda shu kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat olib bordi. 2019 yildan boshlab “Qurilish” kafedrasi professori lavozimida faoliyat olib bormoqda. U 1990-yilda texnika fanlari nomzodi, 2022-yilda texnika fanlari doktori ilmiy darajalarini oldi.
U akademik M.T. Oʻrozboyev asos solgan bino va inshootlar seysmik mustahkamligi ilmiy yoʻnalishiga munosib hissa qoʻshdi. U akademik Yo.N.Muborakov rahbarligida yupqa devorli qobiqsimon fazoviy konstruksiyali yer osti inshootlarining seysmik-zoʻriqqan holatini yer osti seysmik-portlash toʻlqinlari yordamida asl naturaviy dala sharoitida tajribaviy tadqiq qilish borasida Respublikamizda birinchilardan boʻlib, ilmiy izlanishlar olib bordi.
Yupqa devorli qobiqsimon fazoviy konstruksiyali yer osti inshootlarining seysmik-zoʻriqqan holatini yer osti seysmik-portlash toʻlqinlari seysmik taʼsiridan foydalangan holda oʻrganish, grunt muhiti bilan oʻzaro taʼsirda boʻlgan yupqa devorli qobiqsimon fazoviy konstruksiyali yer osti inshootlarining seysmik-portlash toʻlqinlari taʼsiridan vujudga keladigan holatini toʻlqinlar energiyasi orqali baholash gʻoyasini ilgari surgan.
Ustozi vafotidan keyin u Sagʻdiyev H.Q ilmiy maslahati hamda prof. Safarov I.I. rahbarligida ilmiy izlanishlarini davom ettirib, ilmiy nuqtayi nazardan aytarli boʻlgan quyidagi natijalarni olishga erishdi: yer osti yupqa devorli silindrik inshootlarning seysmik-zoʻriqqanlik holati portlashlarning seysmik taʼsiri yordamida inshoot fazoviy ish sharoitini hisobga olgan holda asl naturaviy eksperimental tadqiq qilish metodikasini ishlab chiqildi va bir necha tajribalarni amalga oshirishda aprobatsiyadan oʻtkazildi; gruntning, unda seysmik-portlash toʻlqinlari tarqalgandagi tebranma harakati kinematik va dinamik parametrlarni aniqlash uchun empirik formulalar taklif qilindi; ilk bora, asl tabiiy dala sharoitida ochiq va yopiq profilli yer osti silindrik inshootlarining seysmik-zoʻriqqanlik holati yer osti portlashlari seysmik taʼsiri yordamida tajribaviy tadqiq etildi, ularning grunt bilan oʻzaro taʼsiri tahlil qilindi va “grunt-inshoot” dinamik tizimi holatini belgilovchi dinamik parametrlar aniqlandi. Ularning tebranma harakat parametrlarini aniqlash uchun empirik formulalar ishlab chiqilgan; seysmik–portlash toʻlqinlari taʼsiridan yer osti silindrik inshootlarining atrof-muhit grunti bilan boʻladigan oʻzaro taʼsir jarayoni energetik nuqtayi nazaridan aniqlandi, oʻzaro taʼsir parametr (koeffitsiyent)lari ilk bora ikki usulda: muvozanat tenglamalari(Dalamber prinsipi) va energiya saqlanish qonuni asosida aniqlandi. Ularning muhit tebranma harakati dinamik parametrlari bilan bogʻliqligi formulasi ishlab chiqilgan;seysmik-portlash toʻlqinlarining gruntda tarqalishidan muhitda vujudga kelgan seysmik maydonda joylashgan ochiq va yopiq profilli silindrik inshootlarga maydon energetik zoʻriqqanligining taʼsirini belgilovchi “reduksiyalanish” koeffitsiyenti hamda inshoot tebranma harakat dinamik parametrlari ilk bora naturaviy sharoitda aniqlandi va tahlil qilindi, hamda empirik formulalar taklif etildi; silindrik shakldagi yupqa devorli yer osti inshootlar (AES, GES va tonnel elementlari) seysmik portlash toʻlqinlari taʼsiridagi turgʻunligini taʼminlovchi asosiy parametrlar aniqlandi; murakkab relefli va bino yoki inshoot asosi bortlardan iborat xududlarda sanoat portlatishlari amalga oshirilganda seysmik taʼsir intensivligini baholash, muhit tebranma harakat kinematik parametrlarini aniqlash va binolarga boʻladigan seysmik taʼsirni prognoz qilish uslubiyati ishlab chiqildi va amaliyotga tadbiq etildi;
B.S.Rahmonovning ilmiy ishlari natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining tizimiga kiruvchi korxonalarida, jumladan Qorakalpogʻiston Respublikasi Qoratov “Djamansay-2” va Jumurtov “Keklik-tov” tosh karerlarida olib borilgan yer osti sanoat portlatishlarini seysmik xavfsiz amalga oshirishda; Qoʻytosh volfram yer osti shaxtalarida yer osti konstruksiyalarini hisoblash va loyihalashda, harbiy ahamiyatga ega boʻlgan maxsus inshootlar va boshqa koʻpgina obyektlarni loyihalashda, qurilishida va mustahkamligini taʼminlashda tavsiyanoma, qoʻllanma va tajribaviy natijalar sifatida keng miqyosda tatbiq qilingan.
B.S.Rahmonovning ilmiy ishlari 280dan ortiq ilmiy maqola, 2 ta monografiya, 5ta oʻquv qoʻllanma, 10dan ortiq uslubiy qoʻllanma hamda matbuotda chop etilmagan 15 tomlik yopiq ilmiy hisobotlarda mujassamlashgan. Bulardan tashqari Respublika miqyosidagi (Toshkent, Samarqand, Nukus,Fargʻona, Qarshi, Navoiy) Ilmiy-texnik va ilmiy-amaliy anjumanlarida oʻz ilmiy tadqiqot ishlari natijalari bilan qatnashib kelmoqda.
U Germaniya, Slaveniye, Italiya, Shvetsiya, Rossiya, Mongoliya kabi koʻpgina davlatlarda ilmiy safarda boʻlib, Oʻzbekiston ilmini dunyo miqyosidagi xalqaro ilmiy anjuman va boshqa tadbirlarda koʻpchilikka tanitdi.
B.S.Rahmonov quyidagi nufuzli xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy tadbirlar qatnashchisi hamda shogirdlari bilan birgalikda quyidagi ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha tadqiqotlar olib bormoqda:
-Sobiq Ittifoq miqyosidagi Dastur doirasida yer osti portlashlarining seysmik taʼsirini asl naturaviy sharoitda oʻrganish borasida olib borilgan dala ekspeditsiyalari qatnashchisi (1983,1984,1988,1990yy.);
-yirik masshtabli sekinlashtirilgan portlashlar (2070T.)seysmik taʼsirini oʻrganish boʻyicha olib borilgan xalqaro ekspeditsiya qatnashchisi(1990y. Qirgʻiziston, Uch-terak);
-Oʻzbekiston FA mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti olimlari bilan hamkorlikda Jumurtov va Qoratov tosh karerlaridagi sanoat portlashlarining seysmik taʼsirini oʻrganish boʻyicha olib borilgan dala ekspeditsiyasi tashkilotchisi(1996);
-“Xiva «Ichon-qalʼa» zapovednigi tizimidagi meʼmoriy obidalar texnik xolatini oʻrganish, ular qurilishida qoʻllanilgan antiseysmik tadbirlar” mavzusidagi tadqiqotlar(AQSH Koliforniya Berkliy universiteti olimlari bilan hamkorlikda);
-Xiva meʼmoriy obidalar konstruktiv tizimi holatini lazer skanerlash yordamida oʻrganish (AQSH Koliforniya Berkliy universiteti olimlari bilan hamkorlikda);
-sanoat yer osti portlashlari seysmik taʼsirini baholash;
-yer osti qobiqsimon inshootlarida seysmik-portlash toʻlqinlari taʼsiridan vujudga keladigan zoʻriqish-deformatsiyalanish holatini asl naturaviy oʻrganish.
Universitetda ilmiy va pedagogik faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida uning tashabbusi bilan AQSH(Kaliforniya Berkliy universiteti), Germaniya(Berlin texnika universitet), Rossiya(Moskva, Qurilish fizikasi instituti, Mordova davlat universiteti, Astraxan davlat arxitektura-qurilish universiteti, Kazan davlat arxitektura-qurilish universiteti) kabi nufuzli ilmiy pedagogik markazlar bilan xalqaro hamkorlik oʻrnatilgan hamda dunyo fani darajasidagi ilmiy yutuqlarga erishayotgan faol va tajribali olimlardan biri hisoblanadi.
B.S.Rahmonovning 4 nafar talabasi Respublika olimpiadasida ikkinchi (2nafar) va uchinchi (2 nafar) sovrindori, 2 nafar talabasi Respublika Davlat stipendiyasi sovrindorlari boʻlishgan.
Bulardan tashqari B.S.Rahmonov bir necha xorijiy va Respublika (4ta)miqyosidagi ilmiy dastur va Loyiha(Grant)larida faol qatnashib kelmoqda, jumladan:
• 574049-EPP-1-2016-1-IT-EPPKA2-CBHE-JP GREB: Yuqori texnologiyali uy-joy va jamoat qurilishi sohasida oʻquv dasturini modernizatsiya qilish. Ekologik sof qurilish (2017-2019. 998000 yevro).
• Markaziy Osiyo shaharlarida barqaror (harakat) trafikni oʻrganish. («Sustainable Mobility Research in Asia (SUMRICA)(2018-2022.411000 yevro).
• Markaziy Osiyo universitetlari bilan hamkorlik dastur: UniCEN (Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika Kengashlari, AQSH) (2020-2022. 29000 dollar)
• Integratsiyalashgan transport tizimlari (Aqlli shahar tamoyillaridan biri sifatida) RISMUz (Research on Integrated Sustainable Mobility in Uzbekistan). (2023yildan, 70000 yevro)
Ushbu xorijiy Grant va ilmiy dasturlar doirasida qator xorijiy davlatlar nufuzli ilmiy markazlarida, jumladan Berlin Texnika universiteti (Germaniya), Moskva davlat qurilish universiteti, Kazan davlat arxitektura-qurilish universiteti (Rossiya), Shvetsiya qirolligi texnologik instituti (Shvetsiya), Mongoliya davlat fan va texnologiyalar universiteti (Mongoliya), Lakuilla universiteti (Italiya), Lyublyana universitet (Slaveniya)larida boʻlib, anjuman va seminar-treninglarda maʼruzalar bilan faol qatnashdi.
B.S.Rahmonov Oʻzbekiston ilmini tashkil qilishda va rivojlantirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Koʻp yillar deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi va nazariy mexanika boʻyicha PhD doktorlik dissertatsiyalarni himoya qilish maxsus kengash aʼzosi, Astraxan davlat arxitektura-qurilish universiteti “Prikaspiy muxandis-qurilish xabarlari” (Injenerno-stroitelniy vestnik Prikaspiya) ilmiy-texnik jurnali redkollegiya aʼzosi sifatida ilmiy – tashkiliy ishlarni bajarishda samarali mehnat qilib kelmoqda.
Universitet va boshqa jamoat tashkilotlardagi faoliyati, jamoatdagi mehnatlari uchun bir necha bor oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, shahar, tuman hokimiyati, Respublika yoshlar ittifoqi tomonidan Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan, universitet Ilmiy kengashi tomonidan unga “Universitet faxriy professori” unvoniga loyiq topilgan.