Raxmankulov Murod Said-Akbarovich 1968 yil 12 mayda Toshkent viloyati, Qibray tumanida ziyolilar oilasida tugʻildi.
1986-1991 yillari Toshkent qishloq xoʻjalik institutining Agronomiya fakulteti talabasi boʻlib, 1991-1993 yillari Oʻzbekiston Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutining Gʻoʻza biotexnologiyasi laboratoriyasida avval oliy maʼlumotli katta laborant, 1993-1994 yillari esa kichik ilmiy xodim lavozimida ishlab keldi.
1994 yildan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining «Seleksiya va urugʻchilik» kafedrasi assistenti, 2002 yildan dotsent, 2003-2004 yillari universitet Oʻquv va uslubiy boʻlim boshligʻi, 2004-2014 yillari «Qishloq xoʻjaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urugʻchiligi» kafedrasi mudiri lavozimida ishladi. 2014 yildan boshlab Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining katta ilmiy xodim-izlanuvchisi, 2017-2018 yillari OʻzR FA Genetika va oʻsimliklarni eksperimental biologiyasi instituti ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, 2018 yildan «Qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi» kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
2001 yilda «Биология культивируемых клеток Gossypium hirsutum L. на селективных средах с NaCl» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini 03.00.05 – Botanika, 03.00.23 – Biotexnologiya ixtisosliklari boʻyicha biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim Azizxodjayev Anvar Raxmatovich rahbarligida himoya qilib, 2002 yilda biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. 2016 yilda “Katta ilmiy xodim” ilmiy unvonini oldi. 2017 yilda «Создание скороспелых, высокопродуктивных сортов и линий хлопчатника вида G.hirsutum L. на основе новых методов селекции» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini 06.01.05 – Seleksiya va urugʻchilik ixtisosligi boʻyicha Kim Robert Grigorevich maslahatchiligida muvaffaqiyatli himoya qilib, 2021 yilda shu ixtisoslik boʻyicha professor ilmiy unvoniga sazovor boʻldi.
M.S. Raxmankulovning ilmiy ishlari gʻoʻza navlarning morfobiologik xususiyatlari, ularning kallusogenezi, agarli muhitdagi subkulturalari, Gʻoʻzaning somatik embrioidogenezining yetishtirish sharoitiga bogʻliqligi, somatik embrioidlarning shakllanishi, ularning morfo-anatomik xususiyatlari, avtonom oʻsishga oʻtish bosqichlari, shoʻrlanish sharoitida gʻoʻza toʻqimalaridan kallusogenez olish, NaCl konsentratsiyasini oshirilgan sari suspenziya sharoitida erkin yashovchi gʻoʻza kallus hujayralarining oʻsishi va rivojlanishini oʻrganish, shoʻrlangan suspenziya sharoitida hujayralarning morfobiologik tavsifi, tuzga chidamli hujayralarni aniqlash va xloridli shoʻrlanishining sezilarli darajada yuqori konsentratsiyasiga chidamli boʻlgan hujayra tizmalarini olishga bagʻishlangan. Shu bilan birga gʻoʻza amfidiploidlari va ularning bekkross-avlodlarini olish hamda ularning avlodlarida qimmatli-xoʻjalik belgilar hamda tolaning texnologik koʻrsatkichlarini aniqlash; bir xillik, tezpisharlik va viltga chidamlilik boʻyicha molekular markerlarni aniqlash; Verticillium dahliae Kleb. va Fusarium oxysporum f. sp. vasinfectum (Atk.) Snyder et. Hansen zamburugʻlarining virulent patogenlari bilan inokulyatsiya qilish orqali oʻsimliklarning bardoshliligini aniqlash; seleksiyaning yangi usullarini qoʻllab qimmatli-xoʻjalik belgilar majmuasiga ega boʻlgan, tezpishar, viltga chidamli nav va tizmalarni yaratish ustida ilmiy izlanishlarini olib borgan.
M.S.Raxmankulov tomonidan ilk bor NaCl lik selektiv ozuqalarda hujayra seleksiyasi olib borilib, laboratoriyada in vitro sharoitida seleksion materialni xloridli shoʻrlanishga chidamliligini baholashning uslubi ishlab chiqilgan; embriokultura usuli orqali amfidiploidlarni olish sxemasi ishlab chiqilgan; har xil xromosomali G. hirsutum L., G. raimondii Ulbr., G. thurberi Tod., G. anomalum Waw., G. sturtii F.Muell., G. davidsonii Kell., G. harknessii Brand. turlar orasida amfidiploidlar va ularning bekkross avlodlari G. sturtii F.Muell., G. raimondii Ulbr., G. harknessii Brand., G. aridum Skov., G. triphyllum Horch. turlar ishtirokida yaratilgan; molekular markerlar asosida, tezpishar, viltga bardoshli va genotipik bir xil boʻlgan gʻoʻzaning oila va tizmalari yaratilgan; V.dahliae va F.oxysporum vilt patogenlarining izolyatlari bilan oʻsimliklarni inokulyatsiya qilish asosida tezpishar, yuqori hosildor, vilt bilan zararlanishga majmuaviy bardoshli yangi gʻoʻza tizmalari yaratilgan.
Ilmiy faoliyatini olib borishda bir qator fundamental, amaliy loyihalarda ilmiy rahbar va aʼzo sifatida ishtirok etgan, jumladan Toshkent davlat agrar universiteti va Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining P-17.59-raqamli «Gʻoʻzaning qimmatli xoʻjalik belgilari majmuasiga ega boʻlgan istiqbolli tizmalarini takomillashtirish hamda Davlat nav sinoviga va ishlab chiqarishda koʻpaytirishga berish» (2003-2005 yy.), AQSHni Qishloq xoʻjalik Departamentining Section-416 2S-raqamli «Gʻoʻzaning 4 ta yangi tizmalarini takomillashtirish va koʻpaytirish hamda xloridli shoʻrlanishga bardoshliligiga baho berish (L-1, L-2, L-3, L-4)» (2005-2006 yy.), A-11-109-raqamli «Gʻoʻzaning ilgari yaratilgan yuqori moyli tizmalari asosida yuqori tola chiqimi, sifati jahon bozori andozalari talablariga javob beradigan yangi navini yaratish va DNS ga topshirish» (2006-2008 yy.), QXA-9-045-raqamli «Gʻoʻzaning shoʻrga chidamli, serhosil «Umid» navini va yangi tizmalarining (L-5, L-6, L-7, L-13) navdorligini yaxshilash hamda Davlat nav sinoviga toshirish» (2009-2011 yy.), QXA-9-049-raqamli «Gʻoʻzaning hosildor, tola sifati va chigit tarkibida yogʻ miqdori (20-22 %) yuqori, viltga bardoshli tizmalarini meʼyoriga yetkazib, Davlat nav sinoviga topshirish» (2009-2011 yy.), KXF-5-029-raqamli «Serhosil, tezpishar, vertitsellez va fuzarioz viltga kompleks bardoshli transgressiv gʻoʻza navlari va tizmalarini yaratish uslubini biokimyoviy va molekular testlar asosida ishlab chiqish» (2012-2016 yy.).
Koʻp yillik tadqiqotlari natijasida asosiy va hammualliflikda yaratilgan gʻoʻza navlari uchun 6 ta patent egasidir. Jumladan, “Istiqlol-13”, “SU-1001”, “Istiqlol-14”, “S-2118”, “Mangʻit-1”, “Mangʻit-2”, “S-2120”.
Ish faoliyati davomida 100 dan ortiq ilmiy ish chop etilgan boʻlib, ular orasida muallif va hammualliflikda chop etilgan
“Qishloq xoʻjaligi ekinlari sitologiyasi va embriologiyasi” va “Seleksiya va urugʻchilikda noanʼanaviy usullar” darsliklari, “Qishloq xoʻjaligi ekinlari sitologiyasi va embriologiyasi” oʻquv qoʻllanmalarini qayd etish mumkin. Shu bilan birga “Нетрадиционные методы в селекции хлопчатника” nomli monografiyasi chop etilgan.
Uning rahbar va maslahatchiligida bitta fan doktori (DSc) va bitta falsafa fanlari doktori (PhD) dissertatsiyalar himoya qilindi. Hozirgi kunda 3 nafar (1 ta DSc, 2 ta PhD) doktorantga rahbarlik qilmoqda.
M.S.Raxmankulov ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash va uning qoshidagi Ilmiy seminarlarda ham faol ishtirok etib, Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01 raqamli ilmiy kengash raisi oʻrinbosari hamda shu kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi boʻlib faoliyat yuritib kelmoqda.
Raxmankulov Murod Said-Akbarovich Toshkent davlat agrar universitetidagi pedagogik faoliyati davomida Biologiya va genetika, Qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi, Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻshunosligi, Qishloq xoʻjaligi ekinlari sitologiyasi va embriologiyasi, Seleksiya va urugʻchilikda noanʼanaviy usullar kabi fanlardan maʼruza, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlarini olib borgan.
Shu bilan birga TOP-1000 talik universitetlari qatorida turuvchi M.Auyezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti talabalari hamda shu universitetda har yili tashkil etiladigan yozgi maktabda maʼruzalar oʻqib kelmoqda.