Rizayev Anvar Abdullayevich mexanizm va mashinalar nazariyasi, qishloq xoʻjalik mashinalari, xususan paxta hosilini terish, uni qayta ishlash mashinalari nazariyasi va amaliyoti sohalarining tadqiqotchisi texnika fanlari doktori, professor.
U 1952 yili Toshkent shahrida tavallud topdi. Ilmga qiziqishi otasi mexanik muhandis. Abdulla ota va onasi Nafisa onadan boshlangan va shahardagi 131- va 162-sonli oʻrta maktablardagi ustozlaridan olgan bilimlarga asoslanadi.
1969 yil maktabni tugatib, Toshkent politexnika institutining mexanika fakultetiga oʻqishga kirdi va uni 1974 yili “Avtomobil va traktorlar” yoʻnalishida imtiyozli diplom bilan tamomlab, mexanik muhandis mutaxassisligini egalladi. Institut fakulteti ilmiy kengashi va professor A.X.Xamidov tavsiyalari bilan Oʻzbekiston fanlar akademiyasining M.T.Oʻrazboyev nomidagi mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti kunduzgi aspiranturasida tahsil oldi.
Soʻng 1978-1990 yillarda shu institutning “Paxta terish apparatlari nazariyasi” laboratoriyasini kichik, katta ilmiy xodimi, 1990-1991 yillarda laboratoriya mudiri, 1991-1997 yillarda institut direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va 1997-2015 yillarda institut direktori lavozimlarida ishladi.
Uning institutga rahbarlik davri ilm-fan uchun moliyaviy chegaralash, 2003 yildan esa butunlay tanlov asosida grantlar yutib olgan jamoalargina muhim kifoya koʻrinishida moliyalashtirilishiga toʻgʻri keldi.
Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2008 yildan boshlab ilmiy ishlar natijalari yarmarkalarining tashkil etilishi bilan oʻz davrining muhim yechimlariga aylandi. Institutning tadqiqot natijalari Olmaliq, Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatlari, Paxtasanoat, ayrim loyiha va qurilish tashkilotlari buyurtmalari asosida ishlab chiqarishga joriy etila boshladi.
Respublika iqtisodiyotidagi reforma va strukturaviy o‘zgarishlar FAsini ham chetlab o‘tmadi.Prezident I.A. Karimov qarori bilan 2014 yil 8 iyuldan boshlab institut ikkiga, ya’ni Toshkent davlat texnika universiteti qoshida “Tadqiqot markazi” va FAsida “Zilzilabardoshlik” institutiga ajratildi. Lekin bundan kutilgan natijaga erishilmadi.
Bu sharoitda institutdagi ilmiy maktablarni saqlab qolish va salohiyatini yanada rivojlantirish, “fundamental tadqiqotlar – amaliy ishlanmalar – innovatsiya ishlari” boʻyicha olingan natijalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish va yuqori malakali ilmiy xodimlar tayyorlash boʻyicha faol ishlar olib borildi.
Yangilanayotgan Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2016 dekabrida akademik ustozlar bilan tarixiy uchrashuvi va 2017 yil 7-fevralidagi qarori bilan Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi va undagi ilmiy tadqiqot institutlari faoliyatlarini qayta tiklanishi muhim tarixiy jarayonga aylandi, hamda FAsini 2020 yildan toʻgʻridan toʻgʻri davlat budjetidan moliyalashtirilishi ilmiy jamoalar salohiyatini yuksaltirish va ayniqsa iqtidorli yoshlarni ilmga jalb etishni jadallashtirdi, kelajakka ishonch kuchaydi. Stajyor-tadqiqotchi va tayanch doktorant, doktorantlar institutlari tashkil etilishi esa yosh olimlar sonining keskin oshishiga olib keldi.
A.R.Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari akademik H.H.Usmonxoʻjayev, texnika fanlari nomzodlari Q.M.Inogʻomov, I.X.Fayziyevlar tomonidan yaratilgan tarkibiy shpindellar apparatlarining asosiy ishchi organi boʻlib, u mustahkam, bikr oʻzak (sterjen) va uni harakatlantiradigan gʻaltak hamda unga yuqorigi uch xalqasidan tashqari qolgan xalqalari erkin oʻrnatilgan silindrsimon tishli prujinadan iboratdir.
Paxtani ilib va oʻziga oʻraydigan lentali prujina tishlari paxta sanoatidagi XCHO-43 arrachadan olingan (sanoatda unifikatsiya talabi boʻyicha) boʻlib, prujinani oʻzakda erkin oʻrnatilishi hisobiga (dunyoda oʻxshashi yoʻq innovatsion yechim) shpindel sirtining paxta tolasi va chirklardan ifloslanishini keskin kamayishiga va mashinaning terim sarfiga vaqtini orttirib ish unumini 18-34% oshirgan. Shu bilan birga uzun tolali paxtani terish jarayonida tolalardagi iflos aralashma va nuqsonlarning vazniy ulushi seriyadagi shpindelga nisbatan koʻpayishi davlat sinovlarida qayd etilgan.
Bu muammoni yechish boʻyicha ustozlari aspirant A.A.Rizayev oldiga tadqiqot ishlarini olib borish vazifalarini qoʻydilar va natijada “Paxta terish mashinasi agrotexnik koʻrsatkichlariga tarkibiy shpindel va siquvchi silindr oʻrni parametrlari taʼsiri” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini 1983 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi kengashda himoya qilishiga olib keldi.
Tarkibiy shpindelning texnologik va dinamik parametrlarini optimallash boʻyicha tadqiqot ishlarini A.A.Rizayev ustozlari H.H.Usmonxoʻjayev, Q.M.Inogʻomovlar bilan “Texnolog” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi olim va mutaxassislari bilan birgalikda olib borib, uning massa va tannarxini 1,3-1,5 barobargacha kamaytirishga erishildi. Bunday shpindelli mashinani SAMIS tomonidan oʻtkazilgan sinovlar natijalarida, ishlab chiqarishga tavsiya berish va “Toshqishloqmash” zavodi tomonidan ularni 50 ta XNP-1,8 turdagi mashinalarga joriy etish bilan yakunlandi. Tarkibiy shpindelli barabanga moslashtirilgan shakli giperbola koʻrinishidagi choʻtkali ajratkich konstruksiyasi, hamda shogirdlari bilan terim apparatining ish jarayonida shpindelli barabanlar juftligini paxta hosili bilan yuklanishi boʻyicha tadqiqotlar olib bordi va parametrlari ilmiy asosladi.
Bu yechimlarga davlat sinovlari natijalari asosida paxta terish mashinalarida qoʻllash uchun tavsiyalar berildi.
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi buyurtmasi bilan A.A.Rizayev tomonidan ilmiy asoslangan universal tarkibiy shpindel 1992- 1993 yillarda “Texnolog” IIB tomonidan ishlab chiqarildi va paxta terish mashinasiga oʻrnatilib 1993 yilda davlat sinovlaridan oʻtkazilishi natijalari asosida uzun tolali paxtaga eng kam mexanik shikast yetkazadigan shpindel ekani isbotlandi va “Paxta sanoat ilmiy markazi” tomonidan shpindelning yangi oilasi yaratilgani eʼtirof etildi. Oʻz MIS,“Paxtasanoat ilmiy markazi” tavsiyalari asosida akademik Sh.U.Yuldashev rahbarligidagi davlat komissiyasi bu shpindellarni ishlab chiqarishga joriy etishini va mashinalarga oʻrnatilishini qoʻllab quvvatladi.
Bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsiya ishlari “gʻoʻzapoya-terim mashinasi – paxta, tola, chigit” tizimidagi biologik (tabiiy) sifatni taʼminlashga qaratilgan yoʻnalishning ilmiy asosiga aylandi va 1996 yilda A.A.Rizayev tomonidan “Paxta terish apparati texnologik jarayonlarining samaradorligini oshirish ilmiy asoslari va paxta, tolaning biologik sifatlarini taʼminlash” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoyasi bilan yakunlandi. Dissertatsiya ishiga akademiklar H.H.Usmanxoʻjayev, A.D.Glushenko va prof. X.Turanovlar maslahatchi boʻldilar.
A.A.Rizayev rahbarligida yuqorida qayd etilgan ilmiy yoʻnalish boʻyicha Oʻzbekiston “Fan va texnologiyalar agentligi” keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligining qoʻllab- quvvatlashlari asosida 2 ta fundamental, 3 ta amaliy va 2 ta innovatsiya loyihalar bajardi.
Akademik A.D. Glushenko rahbarligida tizimli yoʻnalish doirasida olim qator hamkasblari bilan birga zamonaviy gorizontal shpindelli paxta terish apparatlaridagi dinamik jarayonlarni modellashtirish, bunda terilgan paxta tolasidagi mexanik shikastlanishni hisoblash usullarini ishlab chiqish ustida tadqiqotlar olib bordilar. Natijada Case-2022 mashinasi uchun Oʻzbekiston sharoitida samarali ishlashini taʼminlovchi ish rejimlariga tavsiyalar Qishloq xoʻjalik vazirligiga topshirildi.
Vatanimizda ishlab chiqarilayotgan yarim osma paxta terish mashinalari texnik koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha A.A. Rizayev rahbarligida 2017-2024 yillarda tarmoqlararo amaliy va innovatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bunda Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti xodimlaridan tashqari Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish ITI, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat axborot texnologiyasi universiteti qoshidagi Innovatsion ishlanmalar markazi, MCHJ “Agrixim” qoʻshma korxonasi, Bosh maxsus konstruktorlik byurosi (BMKB) AJ, MCHJ “Konstruktorlik-texnologik markazi” (KTM) va Qishloq xoʻjalik texnika va texnologiyalarini sertifikatsiyalash va sinash markazlari (QXTTSSM) ishtirok etdilar. Bajarilgan fundamental loyihalar natijalari yangi amaliy va innovatsiya loyihalarni shakllantirish va bajarishga asos boʻlmoqda. Tadqiqotlar va tajriba ishlari asosida MX-1,8 ikki qatorli (90 sm qator orasi uchun), MX-2,4 toʻrt qatorli yarim tirkama mashinalar uchun 14 shpindelli baraban va universal shpindelli terim apparati parametrlari asoslandi, hamda havo transport tizimining maqbul konstruksiyasi yaratildi va oʻtkazilgan qiyosiy dala sinovlari natijasida mashinalarning tajriba-sanoat namunasini ishlab chiqarishga tavsiya etildi.
2020-2022 yillarda KTM MCHJ tomonidan 12 ta MX-2,4 mashinalarining sanoat-tajriba namunalari ishlab chiqarildi va xoʻjalik sinovlarida keng ishlatildi.
A.A. Rizayev 4 ta monografiya, 2 ta oʻquv qoʻllanma, 300 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. U 40 ortiq ixtiro va hisoblash dasturi guvohnomalariga ega, koʻplab ilmiy toʻplamlarga masʼul muharrirlik qilgan. Uning rahbarligida 2 ta fan doktori, 7 ta fan nomzodlari, 10 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalarini himoya qildilar va tadqiqotlar olib bormoqdalar.
Olim O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining “Texnika fanlari” yo‘nalishidagi ilmiy-texnik kengashning bir necha bor a’zosi, ilmiy daraja beruvchi 2 ta Kengash va seminarlar a’zosi sifatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlarida faol qatnashmoqda. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash instituti” milliy tadqiqot universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo texnologiyasi instituti kafedralarining oʻrindoshlik asosida professorlari boʻlib, oliy toifadagi mutaxassislar tayyorlashda faol ishtirok etmoqda.