Olim

SADIKOVA ZUMRAT SHAVKATOVNA

Tibbiyot fanlari doktori, professor

Sadikova Zumrat Shavkatovna 1955-yil 20-yanvarda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan. Millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.



1963-yildan 1974-yillargacha Toshkent shahar Shofayz mahallasidagi 136-sonli oʻrta maktabda tahsil olib, aʼlo baholarga bitirgan.



1975-1981 yillarda Toshkent tibbiyot instituti stomatologiya fakultetida tahsil oldi.



1981-yil oliygohni muvaffaqiyatli bitirgandan soʻng bir yillik internaturani 9- stomatologiya poliklinikasida oʻtadi.



1984-yildan boshlab Toshkent tibbiyot institutida “Anatomiya” kafedrasida avval assistant, keyin katta oʻqituvchi, 1997-yildan soʻng dotsent boʻlib faoliyatini davom ettirdi.



1995-yilda “Oyoq son qismining jarohatlanishida qon toʻxtatish uchun jgut qoʻyiladi, shundan keyin son arteriyasi va son quymich nervining morfologik holatini oʻrganish” mavzusida 7-aprel kuni nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Soʻng kafedrada katta oʻqituvchi lavozimida ishini davom ettirdi. Shu yildan boshlab, kafedra oʻquv ishlariga masʼul etib tayinlandi. Ushbu vazifani uddalashda akademiya miqyosida kafedra nufuzini koʻtarishda barcha xodimlarning, xususan, kafedra mudirlari professor N. K. Ahmedov (1997 yilgacha), professor Oʻ. M. Mirsharapov (2012 yilgacha), professor T. A. Sagatov (2012 yildan keyin) larning hissalari katta.



2000-yilda yangi innovatsion texnologiyalar konkursida gʻolib boʻlib, 1-oʻrin diplomi bilan taqdirlandi.



2008-yilda “Oʻpka qon tomirlari va bronxial daraxtining postnotal ontogenezida morfologik va morfometrik oʻzgarishlarini oʻrganish” mavzusida doktorlik ishini himoya qildi. Sadikova Z.SH ning doktorlik dissertatsiyasiga anatomiya kafedrasi mudiri, professor Oʻ. M. Mirsharapov rahbarlik qildi.



2008-2012 yillarda tibbiy-profilaktika fakulteti xotin- qizlar qoʻmitasi raisi boʻlib ishladi. Xotin qizlar qoʻmitasi raisi sifatida olima ayol professor Stalina Salixovnaga atalgan Anjuman qatnashchisi boʻldi.



2004-yilda ustozi professor N. K. Ahmedov tahriri ostida birinchi marta lotin alifbosida tibbiyot kollejlari oʻquvchilari uchun “Odam anatomiyasi” darsligi yaratildi, bu darslikni 3 yil ichida ustoz shogird birgalikda chop etishdi. Hozirgi kunda bu darslik yana 2 marta qayta ishlab chiqildi.



Olima ayol 1997-yildan 2017-yilgacha boʻlgan ish faoliyatini Toshkent tibbiyot akademiyasi Anatomiya kafedrasida oʻquv ishlariga masʼul xodim sifatida olib bordi. Hozirgi kunda kafedrada professor, tibbiyot fanlari doktori boʻlib faoliyat yuritmoqda.



2008-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, “Anatomiya” fani boʻyicha mustaqil Oʻzbekistonda birinchi fan doktori oʻzbek ayoli boʻldi.



Sadikova Z.SH oʻz ilmiy faoliyati davomida xorijiy va mahalliy anjumanlarda qatnashib, 45 dan ortiq maʼruza qilgan. 10 dan ortiq oʻquv qoʻllanma, 20 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 180 dan ortiq maqola va tezislar nashr qilgan.



4 ta fan nomzodi va 2 ta fan doktori shogirdlari oʻz ilmiy ishlarini ustoz bilan birgalikda davom ettiryaptilar. Ustozning shogirdlari S. D. Xoʻjanazarovaning ilmiy seminardan chiqib xursandchiliklarini birgalikda nishonlash, shogirdning ustozga boʻlgan hurmati va mehrini yanada oshirdi.



2023-yilda yana bir shogirdi Sultonov R.K nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.



Zumrat Shavkatovnani talabalarga munosabatlari, taʼlim berish jarayonlarida dars amaliyotga aylanib ketishi, har bir talabaning ustozdan mamnunligi  va har bir talabaning oʻqish jarayonida yuqori natijalar koʻrsatishi professorning uzoq yillik malakasi va pedagoglik mahorati oliy darajada ekanligini koʻrsatadi.



Sadikovaning oʻz ustozlariga boʻlgan hurmati beqiyosdir. Shu sababli har bir maʼruza va darslarda oʻz shogirdlari va talabalarga ustozlarga boʻlgan hurmatini koʻrsatadi.



2021-yil eng sara yosh olimlar xalqaro anjumanida yoshlarga koʻrsatilgan rahbarligi uchun diplom va medal bilan taqdirlandi.



2024-yilda Sadikova Zumrat Shavkatovna tomonidan yangi “Odam anatomiyasi” darsligi va “Ichki aʼzolarning tuzilishi va funksional anatomiyasi” nomli oʻquv qoʻllanmasi nashrdan chiqdi.