Olim

SAFAROV SHAXRIYOR SAFAROVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

1946-yil sentabr oyida Samarqand viloyati Urgut tumanida tugʻilgan. 1968-yili Samarqand davlat universiteti chet tillar fakultetini aʼlo baholi (qizil) diplom bilan tugatganidan soʻng, “Ingliz filologiyasi” kafedrasiga oʻqituvchi sifatida ishga qoldirilgan. 1970-1972-yillar davomida sobiq Sovet Ittifoqi fanlar akademiyasi Tilshunoslik institutining Leningrad shahridagi boʻlimida ikki yillik stajirovka oʻtaganidan soʻng, shu institut qoshidagi kunduzgi aspiranturaga qabul qilingan. Aspirantura davomida Sh.Safarov qadimgi german tillarining sistem-struktur va derivatsion xususiyatlari rivojini mukammal oʻrgandi va tadqiqot ishini oʻz muddatida yakunladi. 1976-yil may oyida Leningrad tilshunoslik institutida uning “Управления приставочных глаголов в древнеанглийском языке” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasining himoyasi boʻlib oʻtdi.



German tillari ixtisosligi boʻyicha filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan Sh.Safarov 1976-yilda Oʻzbekistonga qaytganidan soʻng, Samarqand shahrida yangidan tashkil topgan Sadriddin Ayni nomidagi Pedagogika institutiga ishga taklif qilindi va institut tugatilganiga, aniqrogʻi 1992-yilga qadar “Ingliz tili” kafedrasini boshqardi.



Shu yillar mobaynida Sh.Safarov kafedra oʻquv jarayonini tashkil qilish, chet tillarni oʻqitish amaliyotini keng yoʻlga qoʻyish va ushbu jarayonni oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash faoliyati bilan bir qatorda ilmiy izlanishlarini izchil davom ettirdi va 1991-yil oktabr oyida Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda tilshunoslik nazariyasi (10.00.19.) ixtisosligi boʻyicha “Этносоциопрагматика речевого общения (сопоставительно- типологическое описания)” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur dissertatsiya doirasida ingliz, rus, oʻzbek, tojik lingvomadaniyatlarida yuritiladigan nutqiy muloqot tizimining lisoniy, madaniy, etnopsixologik xususiyatlari oʻrganilib, ular oʻrtasidagi universal hamda idioetnik koʻrsatkich-belgilarni qiyosiy-tipologik tahlili tamoyillari ishlab chiqilgan.



1991-yilning oxirida Rossiya Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga tasdiqlangan Sh. Safarov 1993-yilda professor unvonini olgan.



Professor Sh.Safarov 1992-2005-yillarda mehnat faoliyatini Samarqand davlat universitetida davom ettirdi. U SamDUda mintaqaviy til oʻrgatish markazi direktori, ingliz tili kafedrasi mudiri, xalqaro aloqalar markazi boshligʻi, xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor kabi turli lavozimlarda ishladi. 



Shu davrda Sh. Safarov universitetning xorijiy oʻquv muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan aloqasi rivojiga katta hissa qoʻshdi. Ayniqsa, Milan politexnika universiteti, London (Buyuk Britaniya), Alborg (Daniya), Barseloniya (Ispaniya), Dublin (Irlandiya), Boloniya (Italiya) universitetlari bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqi taʼlim komissiyasi homiyligida bajarilgan loyihalar katta miqdorda xorijiy investitsiyalar kiritishga sabab boʻldi. Natijada, universitetning alohida boʻlimlari zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanib, qaytadan jihozlandi.



Sh.Safarovning tashkilotchilik qobiliyatini kuzatgan rahbariyat 2005-yilda uni Samarqand davlat chet tillar instituti rektori lavozimiga tayinladi. 2005-2012-yillar davomida shu lavozimda ishlagan Sh.Safarovning tashabbuskorlik va ijodkor rahbarlik xislatlari toʻliq namoyon boʻldi. Uning bevosita tashabbusi bilan 21 ta yirik chet el taʼlim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari tuzildi; bir qator xalqaro miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazildi, ilk bor roman-german tillari boʻyicha dissertatsiyalar himoyasiga moʻljallangan ixtisoslik kengashi ish boshladi va ushbu dargoh mamlakatimiz yuksalishiga samarali hissa qoʻshish imkoniyatiga ega yetuk kadrlar tayyorlash markaziga aylandi.



Professor Sh.Safarov chet tillar taʼlimida uzluksizlikni taʼminlash, oʻquv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarni, innovatsion metodlarni tatbiq qilishning tashabbuskori, targʻibotchisidir. Uning bevosita tashabbusi bilan institutda 6 ta yangi yoʻnalish (italyan, ispan, yapon, xitoy, arab tillari va tarjimashunoslik) joriy qilindi. Shuningdek, turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil qilingan oʻnlab lingvomadaniyat markazlari, kompyuter laboratoriyalari taʼlim va axborot manbasi xizmatini oʻtab kelmoqda.



Institutda OAK roʻyxatiga kiritilgan “Xorijiy filologiya” jurnalining nashri yoʻlga qoʻyilgan. Xorijlik va mahalliy olimlar, izlanuvchilarning ilmiy ishlari muntazam chop qilinib kelinayotgan mazkur jurnal nufuzi va salohiyatining barqarorligini taʼminlashda uning maʼlum muharriri Sh.Safarovning xizmati alohida ahamiyatga egadir.



Sh.Safarovning mamlakatimizda tilshunoslik, shu jumladan, roman-german filologiyasi fani rivojiga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidlash lozim. Uning rahbarligida 60 dan ortiq magistrlik, 38 ta fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) va 10 ta filologiya fanlari doktori dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Ayni paytda ham doktorlik ishlariga rahbarlik qilib, yosh mutaxassislarga ilmiy maslahat berish amaliyotini davom ettirib kelmoqda.



Hozirgi paytda “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi professori, Konfutsiy instituti direktori lavozimida ishlayotgan Sh.Safarov oʻzining kasbiy faoliyati bilan birgalikda bir nechta Ilmiy Kengash va ilmiy seminarlarda ham faoliyat olib bormoqda. U Oʻzbekiston milliy universiteti qoshidagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30. 12.2019.Fil.01.10 raqamli hamda Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti huzuridagi DSc. 03/30.12.2019.Fil/Tar 21.01 raqamli ilmiy kengashlar aʼzosi. Olim, shuningdek, Samarqand davlat chet tillar instituti huzuridagi PhD.03/30.12.2019.Fil.83.01 raqamli ilmiy kengash aʼzosi hamda kengash qoshidagi 10.00.04-Yevropa, Amerika, Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti va 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi boʻyicha ilmiy seminar raisi.



Professor Sh.Safarov semantika, pragmalingvistika, kognitologiya, tarjimashunoslik kabi zamonaviy fan sohalari boʻyicha ilmiy maktab yaratgan olimdir. U olib borgan ilmiy tadqiqotlar milliy tilshunosligimizning samarali taraqqiyotiga oʻziga xos turtki berish bilan bir qatorda xorijlik mutaxassislar tomonidan eʼtirof etilgan. Olimning Tsukuba, Shanxay, Bamberg, Rim, Barselona, Kuban va boshqa xorijiy universitetlarda oʻqigan maʼruzalari, tashkil qilgan seminarlari asosan ilmiy tadqiqot metodologiyasiga oid boʻlib, ularda ajdodlarimizning boy ilmiy merosini targʻib qilish maqsadi asosiy oʻrinni egallaydi.



Sh.Safarovni chet ellik hamkasblari; turli soha mutaxassislari yaqindan biladi, uning ilmiy salohiyatini hurmat qiladi. U butunjahon kommunikativ tilshunoslik assotsiatsiyasi, Yevropa frazeologlar jamiyati, Koreya tilshunoslar uyushmasi, Xitoy tarjimashunoslik birlashmasi kabi qator xalqaro tashkilotlar aʼzosi, bir nechta xorijiy universitetlar faxriy professoridir. Olim Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Italiya, Ispaniya, Koreya, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarda oʻtkazilayotgan konferensiyalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.



Sh.Safarov Yaponiyaning Tsukuba universitetida tashkil qilingan “Global Negotation Program”, Barselona texnologiya universitetida o‘tkazilgan “Key issues in library management” hamda Sinszyan pedagogika universitetida olib borilgan “Shanxay hamkorlik tashkiloti aʼzo mamlakatlari taʼlim tizimi rivoji” va boshqa koʻplab xalqaro seminarlarda trener-maʼruzachi sifatida taklif qilinmoqda.



Sh.Safarov umumiy tilshunoslik, tarjimashunoslik, nazariy grammatika, sotsiolingvistika, pragmalingvistika, kognitiv tilshunoslik, german tillari, chogʻishtirma tilshunoslik sohalari boʻyicha yurtimizda yetakchi mutaxassislardan biridir. Olimning 300 dan ortiq ilmiy, oʻquv-uslubiy ishlari eʼlon qilingan. Shulardan 10 ta monografiya, 2 ta darslik, 6 ta oʻquv qoʻllanma, 3 ta lugʻat va 250 dan ortiq ilmiy maqola chop etilgan. Olimning 60 dan ortiq ilmiy ishlari xorijiy nashrlarda eʼlon qilingan. Jumladan, uning bevosita ishtirokida tuzilgan “Xitoycha-oʻzbekcha rasmli lugʻat” 2017-yilda Pekin shahridagi The commercial Press nashriyoti tomonidan chop qilindi. Uning 1918-yilda Chelyabinsk madaniyat instituti nashriyotida chop qilingan “Лингвистика дискурса” nomli monografiyasi rossiyalik va boshqa xorijiy mutaxassislar tomonidan diskurs, nutqiy muloqot tizimi tahlili boʻyicha muhim ilmiy manba sifatida eʼtirof etilgan.



Umuman, olimning turli nashriyotlarda nashrdan chiqarilgan “Принципы системно-семантического анализа синтаксических единиц” (1983), “Система речевого общения: универсальное и этноспецифическое” (1991), “Kognitiv tilshunoslik” (2006), “Semantika” (2013), “Til nazariyasi va lingvometodologiya” (2015), “Pragmalingvistika” (2008), “Tarjimashunoslikning kognitiv asoslari” (2019) kabi monografiyalari respublikamizda tilshunoslikning zamonaviy yoʻnalishlari shakllanishi va yangi tahlil metodlari ommaviylashishiga zamin yaratdi hamda olib borilayotgan tadqiqotlar samarasini taʼminlash, yosh izlanuvchilarga tilshunoslik fanining ilgʻor yutuqlari bilan tanishishga imkon tugʻdirdi. Bu borada ayniqsa Sh.Safarov tomonidan tuzilgan “Tilshunoslik terminlari lugʻati, A dictionary of linguistics (Toshkent: Lesson press, 2023.- 354) lugʻatining oʻrnini taʼkidlash kerak.



U xalqaro miqyosida oʻtkazilgan “Международные стандарты в области прав человека”, “Законодательство Республики Узбекистан и международно-правовые нормы в области защиты прав осужденных лиц, находящихся под стражем” kabi seminarlarda maʼruzachi va trener sifatida ishtirok etgan.



Sh.Safarovning jamoatchilik faoliyati koʻp holatlarda uning xalqaro hamkorlik sohasidagi harakatlarida yorqin namoyon boʻladi. U “Oʻzbekiston-Polsha doʻstlik jamiyati” va “Oʻzbekiston-Xitoy doʻstlik jamiyati” kabi tashkilotlar aʼzosi sifatida yurtimizning xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik munosabatlari mustahkamlanishiga hissa qoʻshib kelmoqda. Olim, shuningdek, 2014-yilda Samarqand davlat chet tillar instituti va Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti hamkorligida tashkil qilingan Konfutsiy instituti direktori lavozimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Ushbu institut Sh.Safarov rahbarligida Xitoy Xalq Respublikasi hamda Oʻzbekiston respublikasi oʻrtasidagi madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi aloqalarni keng koʻlamda yoʻlga qoʻyish borasida faoliyat koʻrsatayotgan muassasalardan biriga aylandi. Samarqand Konfutsiy institutining nufuzi va madaniy-maʼrifiy markaz maqomidagi salohiyati xorijlik siyosatchilar, mutaxassislar tomonidan uzluksiz taʼkidlanmoqda.



Sh.Safarovning eʼtibori maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlar samaradorligini koʻtarish, uni yangi bosqichlarga olib chiqish bilan bir qatorda ilmiy faoliyatda fidokorlik koʻrsatishga qaratilgan. Olim oʻzining samimiyati, kamtarona feʼl-atvori, mehnatsevarligi, yurtiga boʻlgan mehr-muhabbati bilan jamoatchilik, hamkasblari orasida hurmat-ehtirom qozongan.