Olim

MAHKAMOV BAXTIYOR SHUHRATOVICH

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor

   Mahkamov Baxtiyor 1985-yilda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. U 1992-yildan 2002-yilgacha Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 9-sonli o‘rta maktabda o‘qib, uni imtiyozli tamomlagan. 2002-yilda Toshkent Davlat texnika universitetining Biznes boshqaruv fakulteti “Moliyaviy menejment” yo‘nalishiga kirib, imtiyozli diplom bilan tugatdi. Shu davrda olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida 2005-yilda u Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi.



   2006-2008-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Iqtisodiyot va boshqaruv fakultetining “Menejment” mutaxassisligiga o‘qishga kirib, magistr unvoniga ega bo‘ldi. Olim o‘z ish faoliyatini 2007-2013-yillarda “Uzdunrobita” Qo‘shma korxonasi marketing bloki, marketing tadqiqotlari bo‘limi mutaxassisi, yetakchi mutaxassisi lavozimlarida ishlashdan boshlagan. Ushbu korxonada O‘zbekistonda birinchi bor Brand Health, CSI marketing tadqiqotlarini  amalda qo‘llagan. Shundan so‘ng G.V.Plexanov nomli RIU Toshkent filiali “Mehnat iqtisodiyoti va boshqaruv” kafedrasi o‘qituvchisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi OO‘MKHTR markazi “Ta’lim iqtisodiyoti, investisiyasi va marketing” bo‘limi boshlig‘i, “Elektromagnit moslashuv markazi” Davlat unitar korxonasida 1-toifali injener va keyinchalik “Radiochastota taqdimotlarini muvofiqlashtirish” bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2020-2021-yil iyun oyiga qadar “Elektromagnit moslashuv markazi” Davlat unitar korxonasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan olim hozirda o‘z ish faoliyatini Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti rektori sifatida davom ettirmoqda. Olim “Globallashuv va iqtisodiyotni modernizasiyalash sharoitida uyali aloqa xizmatlarini samarali rivojlantirish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borib, Shvetsariyada malaka oshirgan hamda BMT tashkilotining ITU da O‘zbekiston delegatsiyasi safida qatnashgan. 2018-yilda Hindiston hukumati tomonidan ta’sis etilgan ITEC programmasida ishtirok etib, g‘olib sifatida grand asosida Hindistonning Mumbay shahrida “Axborot texnologiyalar menejmenti” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirgan.



   B.Sh. Mahkamov muallifligida 6 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta monografiya hamda respublika va xalqaro konferensiyalarda, ilmiy jurnallarida 45 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan, shundan 18tasi Oliy attestasiya komissiyasining ro‘yxatiga kiruvchi ilmiy jurnallarda chop etilgan. Maqolalar O‘zbekiston, Hindiston, Polsha, Koreya, Indoneziya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning nufuzli va yuqori impakt faktorga ega bo‘lgan jurnallarida chop etilgan.