Olim

SAIFNAZAROV ISMOIL

Falsafa fanlari doktori, professor

Falsafa fanlari doktori, professor Ismoil Saifnazarov 1948 yil Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida tavallud topgan, 1966 yilda Yangiyoʻl shahridagi 4-son A.Navoiy nomli oʻrta maktabni bitirgan, 1971 yilda Toshkent davlat universiteti falsafa va siyosiy iqtisod boʻlimini falsafa ixtisosligi boʻyicha tugatib, Toshkent xalq xoʻjaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) “Falsafa” kafedrasi assistenti lavozimida oʻz mehnat faoliyatini boshlagan, keyinchalik turli boshqa rahbar lavozimlarda ish yuritganligiga qaramay, ushbu oliygoh bilan doimiy hamkorlik qilgan va hozirgi kunda ushbu dargoh, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Ijtimoiy gumanitar fanlar” kafedrasi professori sifatida faoliyat olib bormoqda.



I. Saifnazarov Toshkent xalq xoʻjaligi instituti “falsafa” kafedrasi assistenti, katta oʻqituvchi, dotsent, professor va kafedra mudiri (1990-1993; 1998-2010) institut yoshlar qoʻmitasi kotibi (1976-1979), Xorijiy talabalar dekani (1979-1985), institut partiya qoʻmitasi kotibi (1985-1990), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi Respublika iqtisodiyot litseyi birinchi direktori (1993-1997), TDIU maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha birinchi prorektori (1997-2001), TDIU Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi (2002-2005), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi AKT masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari (2005-2008), Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari (2008-2012), AKT qoʻmitasi aʼzosi (2013-2014) lavozimlarida ishlagan.



2015 yil 12 yanvardan boshlab TDIU “Ijtimoiy gumanitar fanlar” kafedrasi professori lavozimida mehnat qilmoqda.



U ikki chaqiriq (2005-2009, 2010-2014) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va Oʻzbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi hamda partiya fraksiyasi rahbari (2008-2013) sifatida respublika miqyosida faol ijtimoiy –siyosiy faoliyat olib bordi.



I. Saifnazarov 1983 yili “Hartomonlama rivojlangan shaxsni shakllantirishda ishlab chiqarish kollektivlarining roli” mavzusida nomzodlik, 1992 yilda “Zamonaviy mehnat kollektivlarining ijtimoiy-axloqiy mohiyati” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. 1985 yilda dotsentlik, 1994 yilda professorlik ilmiy unvonini olgan.



1997 yili AQSH Nyu Pals universiteti, 1998 yili Malayziyaning Sedaya kolleji va 2001 yil Janubiy Koreyaning Xose unversiteti hamda 2022 yili Shvetsiyaning Lund universitetida xalqaro loyihalarda ishtirok etgan va malaka oshirgan.



Professor I. Saifnazarov ijtimoiy falsafa, dinshunoslik, maʼnaviyat, oila va yoshlar, siyosiy madaniyat, jamiyat axborotlashuvi,siyosatshunoslik, sotsiologiya, menejment va fan metodologiyasi sohalarida ilmiy faoliyat olib boradi. U 300 dan ortiq monografiya, risola, ilmiy maqola, tezis, darslik, oʻquv qoʻllanma va oʻquv-uslubiy ishlanmalar muallifidir. Professor I. Saifnazarov muallifligi va rahbarligida: “Falsafa” (oʻzbek va rus tillarida iqtisodiy mutaxassisliklar uchun darslik, “Filosofiya” (rus tilida), “Ilmiy ijod metodologiyasi” (oʻzbek va rus tillarida), “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” va “Fanning falsafiy masalalari ” (oʻzbek va rus tillarida), “Menejment asoslari” (Litsey va kollejlar uchun darslik, oʻzbek va rus tillarida), “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi”, “Dinshunoslik” kabi oʻquv qoʻllanmalari va oxirgi paytlarda “Yangi Oʻzbekiston:inson qadri ulugʻlangan yurt”(2023), “Pragmatizm – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining falsafasi sifatida”(2024) nomli monografiyalari nashr etilgan.



Professor I.Saifnazarov keyingi yillarda ijtimoiy fanlarning amaliy jihatini oshirish ustida izchil ish olib borib, qator innovatsion oʻquv loyihalari ishlab chiqdilar va 7 ta mualliflik guvohnomasi oldilar, ular qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:




  1. “Mening oilam – mening baxtim”. “Maʼnaviyat asoslari va



dinshunoslik” fanidan talabalarga mustaqil taʼlim boʻyicha uslubiy



qoʻllanma. T:-2017 yil. Mualliflik guvohnomasi № 000566, 2017 yil 18 sentyabr.



2. “Ustozim – hayotim chirogʻi”. “Falsafa” fanidan talabalarga



mustaqil taʼlim boʻyicha uslubiy qoʻllanma. T.: — 2017. Mualliflik guvohnomasi № 000567, 2017 yil 18 sentyabr.



3. “Mening mahallam – mening faxrim”. “Milliy gʻoya:asosiy tushuncha



va tamoyillar” va “Falsafa” fanlaridan talabalarga mustaqil taʼlim boʻyicha uslubiy qoʻllanma. T.: — 2017. Mualliflik guvohnomasi № 000568, 2017 yil 18 sentyabr. Ushbu loyiha Oliy taʼlim vazirligi tomonidan barcha OTM lariga tadqiq etilgan.



4. “Mening hayot falsafam” mavzusida Falsafa fanidan mustaqil ish va yakuniy nazorat oʻtkazish uchun uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi hamda ular boʻyicha ham talabalar qiziqarli taqdimotlar tayyorlab, ularni oʻquv auditoriyalarida namoyish etmoqdalar. Mualliflik guvohnomasi № 000945, 2018 yil 8 oktyabr. Ushbu mavzu boʻyicha BIMM va TDIU qoshidagi mintaqaviy malaka oshirish markazlarida ham pedagog-tinglovchilarning mustaqil ishlari tashkil etilib, qiziqarli, munozaralarga boy taqdimotlar oʻtkazilgan.



5.“Mahallamning faol tadbirkori va innovatsion tafakkur” mavzusida professor A.Muxtarov va dotsent D.Ernazarov bilan hamkorlikda Falsafa fanidan 2-kurs talabalarining oraliq nazoratini oʻtkazish boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi va uning asosida Toshkent shahrining 30 dan ortiq mahallalarida talabalarning taqdimotlari oʻtkazildi. T.: — 2018. Mualliflik guvohnomasi № 001129, 2018 yil 27 dekabr.



6. “Mahallamning olim va ziyoli kishilari” mavzusida TDIU magistratura talabalarining “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” fanidan oraliq nazoratini tashkil etish boʻyicha oʻquv uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi va uning asosida talabalar izlanish olib bordilar va qiziqarli taqdimotlar tayyorladilar hamda ularni mahallalarda namoyish etdilar. Ushbu loyiha magistratura talabalarining mustaqil ilmiy izlanish olib borish koʻnikmalarini shakllantirish, olimlar va ziyolilar hayoti, kasbiy hamda ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishish orqali ularning ilm-fan, olimlar, ustozlar, ziyoli kishilar haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga, ularga boʻlgan hurmat eʼtiborini oshirishga amaliy yordam koʻrsatmoqda. T.: -2019. Oʻzbek va rus tilidagi loyihalar uchun Mualliflik guvohnomalar № 002031, № 002030, 2020 yil 21 fevral.



Professor I.Saifnazarov 2018-2020 yillar P3- 20170929280 – “Oʻzbekistonning jadal rivojlanishi sharoitida yoshlarning tolerantlik dunyoqarashini shakllantirish” mavzusidagi 330 mln soʻmlik ilmiy-amaliy loyihaga rahbarlik qilgan. SCOPUS xalqaro ilmiy nashrlar tizimiga kiruvchi jurnallarda 7 ta dolzarb mavzularda ilmiy maqola nashr etgan, ularga 55 dan ortiq iqtiboslar berilgan, iqtiboslar soni muntazam oshib bormoqda. Scopus bazasida 4-xirsh indeksiga ega.



Professor I.Saifnazarov rahbarligida 3 fan doktori, 10 ta falsafa doktori(PhD) tayyorlangan, hozirgi kunda uning ilmiy rahbarligida 3 ta doktorant va 5 ta mustaqil tadqiqotchilar ilmiy izlanish olib bormoqdalar.



Professor I.Saifnazarov jamoatchilik asosida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.F.01.05 raqamli Ilmiy kengash raisi, 2 ta xalqaro va 5 ta Respublika ilmiy jurnallari tahririyati aʼzosi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi “Taʼlim, fan jamoatchilik kengashi” hamda “Filologiya va ijtimoiy fanlar ilmiy-texnik kengashi” raisi, Adolat Sotsial demokratik partiyasi Siyosiy kengashi aʼzosi, TDIU Faxriylar kengashi raisi, Xoja Axmad Yassaviy nomli xalqaro xayriya fondi boshqaruvi aʼzosi sifatida ham faol ishlar olib bormoqdalar.



Professor I.Saifnazarov 1-darajali “Mehnat faxriysi”, “O‘zbekiston Mustaqilligi 10, 20, 30 yilligi”, “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 15, 20, 25 yilligi”, “O‘zbekiston Oliy ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.



U muntazam gazeta, televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-falsafiy masalalar bo‘yicha o‘zining mazmunli maqolalari, chiqishlari, suhbatlari va takliflari bilan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etmoqda, ayniqsa Prezident saylovlari, Yangilangan Konstitutsiyani qabul qilish jarayonlarida mustaqil ekspertlar hamjamiyati a’zosi sifatida “Ijtimoiy davlat”, “Dunyoviy davlat”, “Ta’lim sohasi, unda o‘qituvchi-ustozlar maqomini ko‘tarish”, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish”, “Mahalla va oila institutlarini rivojlantirish” va boshqa masalalar yuzasidan o‘zining aniq taklif va mulohazalarini OAV larda bildirib bordi.



Hozirgi kunda professor I.Saifnazarov ijtimoiy fanlarni amaliyot, hayot bilan yaqinlashtirish yo‘llari, yoshlarning ma’naviy immunitetini, tolerantlik dunyoqarashini shakllantirishning innovatsion usullarini yaratish, zamonaviy mustahkam oilani shakllantirish, mahalla institutining tarbiyaviy ahamiyatini oshirish va ijtimoiy fanlarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha izchil ilmiy tadqiqot ishlari olib borish, yangi yetuk ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va shu ishlar orqali Yangi Uchinchi renessans ilmiy asoslarini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.



 I.Saifnazarov taniqli olim, siyosat va jamoat arbobi, mahoratli pedagog, mehribon ustoz, mohir tashkilotchi, tashabbuskor va yuqori madaniyatli fidoiy inson sifatida na faqat universitetimizda, balki respublikamiz ziyolilari o‘rtasida ulkan hurmatga ega.