Olim

SALOMOV O‘KTAM RAXIMOVICH

Texnika fanlari doktori, professor

Salomov Oʻktam Raximovich 1977-yilning 20-iyun kuni Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ziyolilar oilasida tugʻilgan.



1994-yilda maktabni muvaffaqiyatli bitirgan.



Yoshligidan ilmga boʻlgan chanqoqlik uni Toshkent sari yetaklagan. Toshkent Davlat universitetiga oʻqishga kirib, fizika mutaxassisligini egallash bilan birga, universitet yoshlar tashkilotini boshqargan. Talabalik yillarida, 1994-1999- yillarda u  ustozlari rahbarligida  fizika fanining sir-asrorlarini chuqur oʻrgangan va 1999-yilda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Issiqlik fizikasi boʻlimi aspiranturasiga qabul qilingan. 2003-2004 yillarda esa ilmiy izlanishlarini Fransiya davlatining Pyer va Mariya Kyuri nomidagi 6-Parij universiteti aspiranturasida davom ettirgan. 2004-yilda shu yerda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



2004-2008 yillarda yosh olim Oʻ.R.Salomov Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Issiqlik fizikasi boʻlimida kichik ilmiy xodim lavozimida faoliyat koʻrsatgan hamda 2008-2010 yillarda shu yerda u doktoranturani oʻtagan. Doktoranturadan soʻng u 2010-2011 yillarda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida yangi loyihalar boʻyicha muhandis lavozimida ishlagan.



Ilmiy izlanishlarga boʻlgan ishtiyoq uni 2011-yilda Italiyaning Turin politexnika universiteti doktoranturasiga yetaklagan va 2014- yilda ilmiy izlanishlarini muvaffaqiyatli yakunlab doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va unga doktorlik ilmiy darajasi berilgan.



2014-yilda u Toshkentga qaytib, oʻzi uchun qadrdon boʻlib qolgan Turin politexnika universitetida dastlab yangi loyihalar boʻyicha muhandis, soʻngra kafedra dotsenti, oʻquv ishlari boʻlimi boshligʻi lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan.



O‘.R.Salomovdagi ilmiy salohiyat, rahbarlarga xos qat’iyat va ustozlarga xos fazilatlarini sezgan hukumatimiz rahbarlari uni 2016-yilda Andijon mashinasozlik instituti rektori lavozimiga tayinlashgan.  Institut rektori sifatida oʻquv-tarbiya ishlarining zamon talablari darajasida takomillashuviga erishdi. Bu dargohda u 2019 yilgacha yoshlarga bilim berish, ilmiy salohiyatni koʻtarish va xalqaro aloqalarni rivojlantirish yoʻlida samarali mehnat qilgan.



 2019-2020-yillarda u Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori  lavozimida faoliyat yuritgan.  U rektor boʻlgan yillari universitetda taʼlim sifati yanada koʻtarildi. Koʻplab xorijiy hamkorliklar amalga oshirildi. Mazkur hamkorliklar natijasida universitet talabalari va bitiruvchilari koʻplab xorijiy kompaniyalarining turli dasturlari va boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashishlari uchun imkoniyat yaratildi. 



 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.



2021-yilning 14-yanvar kunidan boshlab u Fargʻona politexnika instituti rektori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.



Oʻ.Salomov institutda rektorlik faoliyatiga kirishish chogʻidan boshlab, muhandis kadrlarga sifatli taʼlim berish, talabalarni amaliyotga bogʻlash, ilm-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini yoʻlga qoʻyish va shu kabi koʻplab ishlarni amalga oshirishga kirishdi. Uning mehnatlari samarasi natijasida institutda ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan jami 19 ta markaz yaʼni kafedralar birlashtirib oʻzining yoʻnalishida ilmiy markazlar tashkil qilindi. Til oʻrgatish, tayyorlov va malaka oshirish markazi, oʻquv-ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish markazi, media-markaz, qurilish materiallari akkreditatsiya markazi, AKT inkubatsiya markazi shular jumlasidan. Yana bir eʼtiborli jihati, ushbu markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qoʻllagan holda 14 ta “Spin-off” korxonasi ochildi.



Hozirgi kunda ushbu markaz va spin-off korxonalari tashkil qilinganligiga 3 yil boʻlyapti. Mazkur tizimda bevosita ishtirok etgan talabalar hozirda oʻzlari korxonalar ochib, ishchi oʻrin yaratishyapti. Mana shu mexanizm orqali talabalarimiz nafaqat yaxshi mutaxassis balki ishchi oʻrin yarata oladigan innavatsion  tadbirkor boʻlib yetishmoqda, bu esa  institut rektori Oʻktam Salomovning mehnatlari samarasidir.      



Shuningdek, institut 2022- yili natijalari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hisoblangan milliy reyting  yakuniy koʻrsatkichlariga koʻra 98 ta OTMlari ichida Top-5 talikdan oʻrin egalladi. 2021- yil yakunlariga koʻra ushbu reytingda institut 34-oʻrinni egallagan edi, bu gal esa 29 oʻrin yuqori pogʻonaga koʻtarildi. Bu esa tarixiy natijadir. Institutimiz nafaqat milliy reytingda balki, xalqaro maydonda ham oʻz oʻrniga ega boʻlib, yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻlmoqda. 



Dunyoda eng nufuzli hisoblangan QS tashkiloti Jahon universitetlari reytingi World University Rankings 2024 ni eʼlon qilindi. Unda Osiyo mintaqasi boʻyicha ham universitetlar reytingi natijalari qayd etilgan boʻlib, oliygohimiz ushbu reytingning barcha maqsadli koʻrsatkichlari boʻyicha Top-1000 talikdan joy oldi hamda 801+ oʻrinda eʼtirof etildi. Bu koʻrsatkich bilan institutimiz Oʻrta Osiya oliygohlari ichida 51 oʻrinni egalladi. Taʼkidlash joizki, yurtimizdagi 14 ta oliy taʼlim muassasasi ushbu reytingda ilk bor joy oldi va ular orasida institutimiz ham borligi barchamizga faxr va iftixor  tuygʻusini bagʻishladi. Shuningdek, 2023-yilgi Times Higher Education reyting agentligi Impact reytingi boʻyicha barcha maqsadli koʻrsatkichlari boʻyicha  ham institutimiz eʼtirof etildi.



 Bundan tashqari institut oxirgi 3 yilda 110 dan koʻp xorijiy oliy taʼlim muassasasi va 20 ta xalqaro tashkilot bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyildi, 3 ta universitet bilan qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etilgan. Ayni chogʻda, AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Portugaliya, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning yetakchi professor-oʻqituvchilari, soha mutaxassislarini institutimizdagi taʼlim jarayoniga jalb etildi. Hozir ular talabalarga ilgʻor yondashuvlar asosida saboq bermoqda. Oʻz navbatida, yigit-qizlarning darsdan tashqari boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli ilmiy va sport toʻgaraklari, maʼnaviy-maʼrifiy klublar faoliyatini yoʻlga qoʻyganmiz. Xalqaro tanlovlar va bellashuvlarda ishtirok etuvchi jamoalar ham shakllantirilgan. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻktam Salomovning say’i harakatlari tufayli institutda muhandislik sir-asrorlarini oʻrgatuvchi zamonaviy eko tizim yaratildi.



Haqiqiy olim izlanishdan hech qachon toʻxtamaydi, bedor tafakkuridan bunyod boʻlgan hayotbaxsh gʻoyalarni taqdim etish, oʻzi tanlagan fan yoʻnalishida yangiliklar yaratish uchun harakat qilaveradi.



Ustoz Oʻktam Rahimovichning ilmiy ishlari natijalarining koʻlami va salmogʻi haqida fikr yuritish uchun ularning roʻyxatini bir nazardan oʻtkazishning oʻziyoq kifoya qiladi. Zero, monografiyalar, kitoblar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar va ishlanmalar, Respublika va xalqaro ilmiy anjuman materiallarida nashr qilingan ishlar, Respublika va xalqaro ilmiy-amaliy ommabop jurnallar va ilmiy toʻplamlarda nashr qilingan ishlar, dasturiy mahsulotlar muallifligi guvohnomalari, ustoz tahriri va taqrizi ostida nashr etilgan ishlar, ilmiy rahbarlik va opponentlik faoliyati mahsullari ustozning pedagog olim sifatida asrga tatigulik mehnat qilganligi va shunga yarasha ulkan natijalarga erishganligidan guvohlik beradi.



Oʻ.Salomov tomonidan jami 33 ta ilmiy-uslubiy ishlar, shundan 3 ta darslik, 2 ta monografiya, 1 ta oʻquv qoʻllanma, 8 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 50 dan ortiq ilmiy maqola (25 dan ortigʻi nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda) chop ettirilgan hamda 8 ta guvohnoma va patentlar olingan.



Oxirgi ikki yildagi ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 6 ta davlat ilmiy-amaliy-innovatsion loyihalarining ishtirokchisi boʻlgan, 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda stajirovka oʻtagan. Jumladan, Rossiya, AQSH, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Belorusiya va boshqa davlatlar. Oʻ.Salomov rahbarligida 2 nafar tadqiqotchi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun muvaffaqiyatli dissertatsiya himoya qilgan.



Oʻktam Salomov dunyo miqyosdagi yirik olim, iqtidorli fan tashkilotchisi, kamtarin va pok inson, oʻz ishining fidoyisi, institut jamoasining yuksak hurmatiga sazovor boʻlgan talabchan va mehribon rahbardir.