Rustamjon Sadriddinovich Samarov 1970 yil 9-may kuni Samarqand viloyati, Samarqand tumani “Kulbayipoyon” mahallasida shifokorlar oilasida dunyoga keldi. U 1977 yil Samarqand viloyati, Samarqand tumanidagi 39-sonli umumtaʼlim maktabining 1-sinfiga qabul qilingan va shu maktabni 1987 yilda aʼlo baholarga bitirgan. 1993 yili Samarqand Davlat universitetini imtiyozli diplom bilan tugatgan.
Professor R.Samarovning 3 nafar farzandi (2 oʻgʻil va 1 qiz) hamda 6 nafar nabirasi (Sardor, Baxtiyor, Sitora, Manijabonu, Diyora va Mehranbonu) bor.
Rustamjon Sadriddinovich Samarov 1997 yilning 1-iyunida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti huzuridagi ixtisoslashtirilgan kengashda 19.00.05 — «Ijtimoiy psixologiya, etnopsixologiya» ixtisosligi boʻyicha psixologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilgan.
U 2005 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabini «Siyosatshunoslik: tizimli tahlil va istiqbolni belgilash» mutaxassisligi boʻyicha bitirib, siyosiy fanlar magistri darajasiga ega boʻlgan.
2005 yilning 9-dekabrida Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Ixtisoslashgan kengashda 09.00.11 — «Ijtimoiy falsafa» ixtisosligi boʻyicha falsafa fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining qarori bilan unga 2009 yili dotsent, 2019 yili professor ilmiy unvoni berilgan.
Rustamjon Sadriddinovich 2022 yili “Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi” esdalik nishoni, 2021 Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining I darajali “Namunali xizmatlari uchun”, 2021-yil “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining 30 yilligi” esdalik nishoni, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 2021-yil 27-sentyabrdagi 777-sonli buyrugʻiga asosan “Malakali ustoz” koʻkrak nishoni, 2021-yili “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni, 2022-yili “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
Ustoz Rustamjon Sadriddinovichning 2024-yilgacha hisoblaganda 28 yillik umumiy ilmiy-mehnat faoliyatiga ega.
Oʻz mehnat faoliyatini Samarqand tumanidagi 33-sonli oʻrta maktabda oʻqituvchi sifatida boshlab, keyinchalik Samarqand davlat universitetining Umumiy psixologiya kafedrasida katta laborant, stajyor tadqiqotchi boʻlib ishlagan. Oliy taъlim muasasalaridagi pedagogik faoliyatini Samarqand davlat tibbiyot institutida boshlab, 1998-1999 yillarda Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutining «Falsafa va sotsiologiya» kafedrasida katta oʻqituvchi, dotsent vazifasini bajaruvchi, 2000 yildan Samarqand oliy harbiy qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtining Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasida haqiqiy harbiy xizmatni “katta leytenant” harbiy unvonida davom ettirgan. 2001-2003 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasining Kasbiy psixologik tanlash markazining psixologik kuzatuv boʻlimi boshligʻi, 2003-2005 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabining tinglovchisi, 2005-2011 yillarda ushbu maktabning oʻqituvchisi, 2012-2013 yillarda Toshkent islom universiteti “Falsafiy fanlar va psixologiya” kafedrasining professori, oʻrindoshlik asosida “Ishonch” psixologik markazining psixologi, 2013-2014 yillarda Toshkent avtomobil yoʻllar instituti “Falsafa va maʼnaviyat asoslari” kafedrasining mudiri, 2014 yilda Toshkent davlat texnika universiteti “Falsafa va milliy gʻoya” kafedrasining professori, 2018 yilning noyabridan 2019 yilning fevraligacha Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha prorektor, 2019 yildan 2022 yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi boshligʻining Ilmiy va innovatsiya ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarda faoliyat yurutgan oʻzbek olimi edilar. 2022 yilning noyabr oyida Qurolli Kuchlar safidan istefoga chiqarilgan, zaxiradagi polkovnik.
Professor Rustamjon Samarov istefoga chiqandan soʻng 2022 yilning dekabridan IIV Jamoat xavfsizli masalalarini oʻrganish ilmiy-amaliy markaz yetakchi ilmiy xodimi sifatida ishlab keldi.
Eʼlon qilgan ilmiy maqolalarning umumiy soni 140 ta (shu jumladan 20 tasi respublika va xalqaro konferensiyalar materiallarining toʻplamida eʼlon qilgan). 5 ta monografiya, 1 ta darslik, 1 ta harbiy atamalar lugʻati va 9 xorijiy jurnallardagi maqolalar muallifi edi.
Professor R.Samarov nafaqat falsafa va psixologiya fanlaridan balkim politalogiya, sotsiologiya va tarix fanlaridan yetuk mutaxassis edi. Olim vatanparvar va fidoyi ustoz, murabbiy sifatida oʻqishning ilgʻor texnologiyalarini zamon ruhi bilan uygʻun bogʻlagan holda, talabalar, kursantlar va magistratura tinglovchilariga saboq berib kelgan. Uning shu vaqtgacha 20 dan ortiq shogirdlar tayyorlagan boʻlib, ular orasidan harbiy psixologiya, harbiy sotsiologiya, falsafa va siyosatshunoslik fanlaridan fan nomzodlari, falsafa doktorlar (PhD) yetishib chiqdi.
Fan nomzodi va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun sotsiologiya (S.Ahrorov), psixologiya (D.Abdumajidova, F.Boqiyev, V.Ahrorov, A.Urinov), falsafa (D.Raxmanov, Amirxòjayev Shukurjon Qurbanoviz, Xaydarov Raxmatullo Ergashyevich), siyosatshunoslik (K.Haydarov) fanlaridan tayyorlangan dissertasiya ishlariga ilmiy rahbarlik qildi.
U turli tashkilotlarda ishlash bilan bir qatorda psixologik maslahat va psixologik yordam koʻrsatish bilan yaʼni bolalarni qobiliyatini erta aniqlash va ularni hayotga moslashtirish, oila masalalarida oʻz maslahatlarini berib kelgan. Uzoq yillar davomida Ilmiy kengashlarda aʼzo, ilmiy loyihalar muallifi, xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan konferensiyalar tashkilotchisi sifatida ham faoliyat olib bordi.
Iqtidorli olim respublikamizda taʼlim sohasidagi islohotlar mazmuni boʻyicha ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, davlat tashkilotlaridagi maʼrifiy oʻqishlarda maʼruzalar qilib turgan. R.Samarov Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi targʻibotchisi sifatida turli davlat tadbirlarida faol qatnashib, Respublika boʻylab seminar-treninglar oʻtkazish bilan bir qatorda “Harbiylik kasbiga muhabbat”, “Vatanga sadoqat” kabi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, keng koʻlamli bunyodkorlik islohotlarini targʻib etishda amalga oshirilgan ishlarda tashabbuskorlik koʻrsatgan.
R.Samarov oʻz kasbiy hamda jamoatchilik faoliyati bilan birgalikda ilmiy salohiyatini ham namoyon qilib kelgan. Jumladan, “Jamiyat va qurolli kuchlar feminizatsiyalashuvi” (monografiya, 2005 yil), “Siyosiy matn tahlili” (monografiya, 2010 yil), “Xavfsizlikning metodologik asoslari” (monografiya, 2010 yil, “Tizimli tahlil: nazariyasi va amaliyot masalalari” (monografiya, 2017 yil), “Jangovar oʻrtoqlik psixologiyasi” (metodik qoʻllanma, 2020 yil), “Harbiy atamalarning izohli lugʻati” (2020 yil), “Zamonaviy urush va qurolli toʻqnashuvlar tendentsiyasi: harbiy sanʼatning rivojlanish konteksida (metodologik yondashuv)” (monografiya, 2021 yil), “Axborot xavfsizligi psixologiyasi” (darslik, 2022 yil), “Sohibquron Amir Temur harbiy sanʼati” (2022 yil), “Oʻzbekiston tarixi (Oʻzbekiston harbiy sanʼati tarixi)” (VII jild, 2023 yil) ilmiy izlanishlari mahsuli sifatida kursant va tinglovchilar foydalanib kelmoqda.
R.Samarov ilm-fanga qoʻshgan hissasi harbiy psixologiya, siyosatshunoslik, falsafa sohalarida qilgan ilmiy izlanishlari, yozgan ilmiy maqolalari, qoʻllanma va monagrafiyalarida oʻz aksini topgan. Jonkuyar ota, ziyoli inson sifatida 3 nafar farzandlarini oliy maʼlumotli psixolog boʻlib yetishib chiqartirdi. Xususan, oʻgʻli Sadriddinov Suxrob Rustamjonovich psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent, oʻgʻli Sadriddinov Sayrob Rustamjonovich va qizi Sadriddinova Dilnura Rustamjonzodalar psixologiya magistri boʻlib etishdilar.
Professor, zaxiradagi polkovnik Rustamjon Sadriddinovich Samarov 54 yillik qissqa umri davomida oʻzidan judda yaxshi nom qoldirgan olim, oilaparvar, mehribon ota, bobojon va fidoyi ustoz-murabbiy sifatida har bir kishining qalbida qolgan oʻzbek oʻgʻloni edi. Farzandi Suxrob Rustamjonovich, dadajoni haqida eslar ekan, “ularning hayot yoʻllari men uchun katta saboq maktabidir, men undan koʻp narsani oʻrgandim, dadajonim menga har doim aytardilar: “Oila muqaddas, “Men bormanmi yoʻqmanmi har doim extiyot boʻl”” deb taʼkidlar edilar, mana bugun dadajonimsiz hayotimning 35-kuni oʻtish arafasida, men esa “…. extiyot” boʻlyapman…..” deydi.
Ustozning oxiratlari obod, joylari Firdavs bogʻlaridan boʻlsin!