Qosimjon Sodiqov «Oʻzbekiston mustaqilligiga 20 yil», «Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 sentyabr Farmoniga binoan Sodiqov Qosimjon Pozilovichga «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berildi.
2023 yilning 1 dekabrida Turkiya Respublikasi Turk til qurumining faxrli aʼzolari qatoriga kiritildi.
Hozirda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida professor lavozimida ishlamoqda.
Sodiqov Qosimjon Pozilovich 1954 yili Toshkentda tugʻilgan.
Toshkentdagi 155-o‘rta maktabda o‘q‘igan.
Toshkent davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetining bitiruvchisi (1980).
1979–1982 yy. Toshkent shahridagi 204- oʻrta maktabda ona tili va adabiyoti oʻqituvchisi boʻlib ishladi.
1983–1998 yy. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar institutida kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, doktorant, boʻlim boshligʻi. Shu bilan birga, 1987–1993 yillarda Toshkent davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetida, 1993–1998 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida oʻrindosh sifatida dars berdi.
1999 yildan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi universiteti)ga toʻliq ishga oʻtdi. Bu yerda Turkiyot kafedrasi professori, 200 yildan kafedra mudiri, 2008 yildan Mumtoz filologiya kafedrasi mudiri, 2020 yildan beri Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik kafedrasining professori lavozimida ishlamoqda.
Q. Sodiqov 1987 yili filologiya fanlari doktori Gʻubaydulla Aydarov ilmiy rahbarligida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili va adabiyoti instituti qoshidagi ixtisoslashgan kengashda «Qutadgʻu bilig»ning til xususiyatlari (uygʻur yozuvli nusxa asosida)» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
1992 yili Toshkent davlat universiteti qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengashda «ХI–ХV asrlar uygʻur yozuvli turkiy yodgorliklarning grafik-fonetik xususiyatlari» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini yoqladi.
1999 yili 10.02.06 – Turkiy tillar ixtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvonini oldi.
Ilmiy yoʻnalishi – qadimgi va eski turkiy tillar; oʻzbek yozma adabiy tili tarixi; qadimgi turkiy yozuvlar; matnshunoslik va adabiy manbashunoslik.
Olim 400 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlarni amalga oshirgan. Jumladan, katta-kichik jami 47 ta kitob: bular monografiyalar, darsliklar va oquv qoʻllanmalar hamda ilmiy-ommabop risolalar; 350 dan ortiq maqolalar chop ettirdi.
Q. Sodiqov matnshunos-manbashunos sifatida Mahmud Koshgʻariyning «Devonu lugʻati-t-turk», Ahmad Yugnakiyning «Hibatu-l-haqoyiq», Alisher Navoiyning «Muhokamatu-l-lugʻatayn» asarlarini, koʻk turk (turkiy run) yozuvidagi toshbitiglarning bir guruhini, uygʻur yozuvida bitilgan yorliqlar, maktublar va vasiqalarning ilmiy nashrlarini yaratdi. Turkiy tillar, oʻzbek yozma adabiy tili tarixi, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik, eski turkiy xalqlarning diniy-falsafiy qarashlari, qadimgi turkiy adabiyotga bagʻishlangan monografiyalar, darslik va oquv qoʻllanmalar chop ettirdi.
Q. Sodiqovning kitoblari «Oʻzbekiston» nashriyoti, «Fan» nashriyoti, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti / Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, «Akademnashr», «Maʼnaviyat» nashriyoti, «Yozuvchi» nashriyoti, Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining nashriyoti, «Innovatsiya-Ziyo» nashriyotlarida chop etilgan.
Q. Sodiqovning kitoblari Turkiyada ham chop etilgan. Uning «Uygʻur yozuvida bitilgan eski turkiy vasiqalar» deb atalgan monografiyasi 2021 yili Аnqaradagi «Akçağ» nashriyotida chop etildi. Yana oʻsha yili Q. Sodiqov nashrga tayyorlagan Mahmud Koshgʻariyning «Turkiy soʻzlar devoni [Dīvānu Luğāti-t-türk]» kitobi Istanbuldagi «Akademik Kitaplar» nashriyotida Хаlqaro Тurkiy Kengash otaligʻida chop etildi.
Olimning ilmiy maqolalari, oʻzbek tilidan tashqari, chet ellardagi universitetlarning jurnal va ilmiy to‘plamlarida rus, turk, ingliz, yapon, uyg‘ur tillarida ham chop etilgan.
Q. Sodiqovning «Uygʻur yozuvi tarixi (manbashunoslik va kitobat tarixi masalalari)» (Toshkent, 1997); «Koʻk turk bitiglari: matn va uning tarixiy talqini» (Тoshkent, 2004); «Turkiy yozma yodgorliklar tili: adabiy tilning yuzaga kelishi va tiklanishi» (Toshkent, 2006); «Qutadgʻu bilig »ning uygʻur yozuvli Hirot nusxasi» (Тоshkent, 2010); «Oltin Orda va temuriylar davrida yaratilgan turkiy yorliqlar: tarixiy-filologik talqin» (Toshkent, 2013); «Eski turkiy hujjatlar: matn interpretatsiyasi va stilistikasi» (Toshkent, 2015); «Ilk va oʻrta asrlarda yaratilgan turkiy hujjatlar» (Toshkent, 2016); «Ilk va oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda kechgan etno-lingvistik jarayonlar» (Toshkent, 2018); «Eski oʻzbek yozma adabiy tili» (Toshkent, 2020); «Uugʻur yozuvida bitilgan eski turkiy vasiqalar» (Аnqara, 2021) singari monografiyalari;
«Turkiy til tarixi» (Toshkent, 2009); «Matnshunoslik va manbashunoslik asoslari» (Toshkent, 2017); «Qadimgi turkiy xalqlarning diniy-falsafiy qarashlari» (Toshkent, 2004); «Tarixiy leksikografiya» (Toshkent, 2013) singari oʻquv qoʻllanmalari; «Oʻzbek mumtoz adabiyoti (Qadimgi turkiy adabiyot)» (Toshkent, 2022) darsligi;
Q. Sodiqov tuzgan «Qutadgʻu bilig» soʻzligi» (Toshkent, 2020) mutaxassislar tarafidan keng e’tirof etilgan. Turkologiyada bu kitoblar tez-tez tilga olinadi.
Q. Sodiqov turkolog-mutaxassis sifatida Moskva (2001, 2018), Sietl (2007), Istanbul (1999, 2000, 2018, 2021), Anqara (1996, 2005, 2007, 2018, 2019, 2021), Izmir (2000), Ulan-Batoʻr (2010), Аlmati (1985, 2000, 2022), Urumchi (2012), Тoshkent (2000, 2006, 2007, 2010, 2011, 2014, 2015, 2017, 2018, 2019, 2020, 2021, 2022, 2023), Nukus (2021), Samarqand (2014, 2017, 2023), Chimkent (2020), Karabuk (2022), Barnaul (2023), Navoiy (2018), Qoʻqon (2022) shaharlarida oʻtkazilgan хalqaro ilmiy anjumanlarda maʼruzalar qilgan.
Shuningdek, u respublika miqyosida oʻtkazilgan bilim yoʻnalishiga tegishli ilmiy konferensiyalar va davra suhbatlarida ham oʻz maʼruzalari bilan izchil qatnashib kelayotir.
Uzoq yillar Oʻzbekiston Oliy attestatsiya komissiyasi huzuridagi filologiya fanlari boʻyicha ekspert guruhi aʼzosi, shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar instituti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi boʻldi. Hozirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi himoya ilmiy kengashlari aʼzosidir.
Shu choqqacha Q. Sodiqovning ilmiy maslahatchiligi ostida 5 nafar izlanuvchi filologiya fanlari doktori dissertatsiyasini yoqladi; ilmiy rahbarligi ostida18 nafar izlanuvchi oʻzlarining fan nomzodi va falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini yoqladi. Ayni kezlarda ham uning ilmiy maslahatchiligi va rahbarligi ostida bir qancha izlanuvchi fan doktori (DSe) hamda falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini yozmoqda.
2024 yilning 11 – 18 fevral kunlari Аlisher Navoiy хalqaro jamoat fondi tarafidan Alisher Navoiy merosi va koʻhna Xuroson tuproqlaridagi qutlugʻ qadamjolarni oʻrganish maqsadida Eron Islom Respublikasiga uyushtirilgan oʻn kishilik ilmiy ekspeditsiya tarkibida ham qatnashgan.
Q. Sodiqov Oʻzbekiston televideniyesi va radiosida ilmiy-ommabop, maʼrifiy suhbatlarda, matbuotda esa oʻz maqolalari bilan qatnashib turadi.
Q. Sodiqov hozirgi paytda professor sifatida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mumtoz filologiya; matnshunoslik va adabiy manbashunoslik; sharq falsafasi boʻlimlari talabalariga dars oʻtadi. U bakalavrlik taʼlim yoʻnalishida «Eski oʻzbek tili», «Matnshunoslik va manbashunoslik asoslari», «Epigrafika va paleografiya», «Mumtoz matn stilistikasi»; magistraturada «Yozma yodgorliklar tili», «Falsafiy matn stilistikasi», «Badiiy matnning filologik talqini», «Qoʻlyozma oqish amaliyoti» fanlaridan dars oʻtadi.
Q. Sodiqov kafedra taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv rejalarini tuzishda faol qatnashib kelmoqda. U o‘zi o‘qitadigan fanlarning namunaviy o‘quv dasturlarini tuzgan.
U, chorlovlarga koʻra, mutaxassis sifatida qadimgi turkiy yodgorliklar tili va yozuv tarixidan Хitoy Хаlq Respublikasining Lanjou shahridagi Milliy tillar universiteti uygʻur tili fakulteti doktorant-izlanuvchilariga; Janubiy Qozogʻiston universiteti filologiya fakulteti talabalariga darslar oʻtgan. Shuningdek, u respublikamizning bir qancha oliy o‘quv yurtlarida mahorat darslarini ham o‘tib turadi.
Q.Sodiqovning darslari va televideniyeda uning bilan o‘tkazilgan ilmiy-ommabop, maʼrifiy suhbatlar internet saytlariga joylashtirilgan.