Olim

TASHATOV ALLANAZAR QARSHIYEVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Allanazar Tashatov mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirishda va fizika taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlashda oʻzining kamtarona hissasini qoʻshib kelayotgan jonkuyar fidoiy olimlardan biri.    A. Tashatov muallifligida 7 ta monografiya, 8 ta oʻquv qoʻllanma, 5 ta patent va 350 dan ortiq ilmiy maqolalari xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida, hamda xalqaro va respublika miqyosidagi konferensiya materiallari  chop etilgan.



Hozirgi kunda Qarshi davlat universiteti Fizika fakulteti Nazariy va eksperimental fizika kafedrasida professorlik lavozimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. U shogirdlariga mehribon, gʻamxoʻr, toʻgʻri yoʻlni koʻrsata oladigan ilmli olim.



Tashatov Allanazar Qarshiyevich 1959 yil 20 fevralda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida tavallud topgan.



1966-1976 yillarda Dehqonobod tumanidagi Qorashina posyolkasida 70-maktabni oltin medal bilan tugatib, shu yili Toshkent davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) fizika fakultetiga oʻqishga kirib, 1981 yili mazkur universitetning “Fizikaviy elektronika” ixtisosligini imtiyozli diplom bilan bitirgan.



1990 yilda Moskva Fizika-texnika institutida “Исследование количественного состава и свойства ионно-имплантированнмх слоев Si, GaAs и сплава Pd- Ba методами вторичной электронной спектроскопии” mavzusida nomzodlik ishini himoya qildi. 1995 yilda dotsentlik unvoniga sazovor boʻldi. 2008 yilda OʻzFA Elektronika institutida “ Исследования структурм и свойств тонких гетероструктурнмх пленок, созданных методами эпитаксии и ионной имплантации” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Koʻp yillardan buyon doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari boʻyicha ixtisoslashgan OʻzFA ning Ion-plazma va lazer texnologiyalar instituti, Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengashlar aʼzosi, Qarshi davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/31.03.2021. FM.70.06 raqamli ilmiy kengash semenar raisi. Ilmiy kengash ishida faol ishtirok etib 2 ta DsC doktorlik va 11 ta PhD falsafa doktorlik dissertatsiya ishlariga rasmiy opponentlik qilgan.



1982-1988 yillarda Toshkent politexnika instituti (hozirgi ToshDTU) “Eksperimental va nazariy fizika” kafedrasida kichik ilmiy xodim va aspiranti, 1988-1997 yillarda assistenti, dotsenti sifatida faoliyat koʻrsatgan.



1997-2000 yillarda Qarshi muhandistlik-iqtisodiyot instituti “Fundamental va gumanitar fanlar” fakulteti dekani, 2000-2009 yillarda “Muhandis-texnika” fakulteti dekani, 2009-2010 yillarda “Neft va gaz” fakulteti dekani, 2010-2012 yillarda “Elektr energetika” kafedrasi professori v.b. lavozimida faoliyat koʻrsatgan. 2012-2018 yillarda Qarshi davlat universiteti “Fizika-matematika” fakulteti dekani, 2018-2021 yillarda “Fizika” kafedrasi professori, 2021 oktabr oyidan buyon “Nazariy va eksperimental fizika” kafedrasida professorlik lavozimida faoliyat koʻrsatmoqda.



Ixtisosligi boʻyicha fizik, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent, bir necha yillar davomida universitet Ilmiy kengashi, “QarDU xabarlari” ilmiy-uslubiy jurnalining tahririyati aʼzosi sifatida fan va taʼlimning rivojlanishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda, oʻtgan vaqt mobaynida 8 ta oʻquv qoʻllanma, 7 ta monografiya, 5 ta patent, 5 ta DGU, 70 dan ortiq Scopus, Google Scholar, Wep of Science va OAK tasarrufidagi jurnallarda ilmiy maqolalar chop etib kelmoqdaman. 350 dan ortiq ilmiy ishlari xalqaro va respublika miqyosidagi konferensiya materiallarida chop etilgan. 2012-2018 yillarda Fizika-matematika fakulteti dekani sifatida ish faoliyati mobaynida fakultet aʼzolarining ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar bilan shugʻullanishlariga, yoshlarga ilmiy jihatdan koʻmak berishga xamda iqtidorli talabalar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratdi.



Oʻz faoliyatim davomida koʻplab shogirdlar yetishtirdi va tayyorladi. Shogirdlarining  fizika-matematika fanlar boʻyicha falsafa doktorlik dissertatsiya PhD ishini muvaffaqiyatli himoya qilishida rahbarlik qildi. Bundan tashqari 14 ta magistlik dissertatsiyasi va 20 dan ziyod Fizika taʼlim yoʻnalishi talabalarining bitiruv malakaviy ishlarini tayyorlandi va tayyorlanmoqda.



A.K.Tashatov “Qarshi davlat universiteti va Qashqadaryo viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida talabalar oʻqitish sifatini yaxshilashga qaratilgan munosabatlarni mustahkamlash” grant loyihasi aʼzosi. Grant loyihasi asosida Qashqadaryo viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalari bilan shartnomalar imzolangan va bajarib kelinmoqda.



A.K.Tashatov oʻquv-uslubiy majmualarni takomillashtirishda, uslubiy qoʻllanma va koʻrsatmalar ishlab chiqishda hamda oʻquv jarayonida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etishda keng foydalanib kelmoqda. Jumladan, A.K.Tashatov zamonaviy oʻqitish usullaridan, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia taʼlim resurslaridan foydalangan holda Fizika taʼlim yoʻnalishi talabalariga “Fizikaviy elektronika” “Kvant mexanikasi asoslari” fanlaridan va Fizika mutaxassisligi magistrlariga esa “Yarim oʻtkazgichlar fizikasi” fanlardan maʼruzalar oʻqiydi va amaliy mashgʻulotlarni olib boradi.



A.K.Tashatov olib borayotgan barcha fanlarga jiddiy yondoshib, mazkur fanlarni yuqori pedagogik saviyada oʻtib kelmoqda. Talabalarda aqliy jarayonlarni faollashtirish va ularda ichki harakatlar rejasini amalga oshirish uchun u oʻz maʼruzalarida zamonaviy pedagogik texnologiyalarning interfaol usullaridan, yaʼni “Bumerang” texnologiyasi, “Aqliy hujum”, “Muammoli savollar”, “Bahs-munozara” metodlaridan keng foydalanmoqda. Talaba yoshlarning mustaqil ravishda ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularni haqqoniy (obyektiv) boʻlishga oʻrgatish hamda ularda nazariya va amaliyotni uzviy bogʻlay olish koʻnikmalarini shakllantirish uchun seminar va amaliy mashgʻulotlarda “3x4” texnologiyasi, “Tarmoqlar” texnologiyasi, “Keys stadi texnologiyasi”dan foydalanib kelmoqda. Har oʻquv yilida malakaviy bitiruv ishlariga va magistrlik dissertatsiyalariga ham rahbarlik qiladi.



U oʻz ish faoliyati davomida koʻplab shogirdlar yetishtirdi va tayyorlamoqda. Uning rahbarligida 1ta PhD, 10 ta magistrlik dissertatsiyasi va 70 dan ziyod “Fizika” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalarining bitiruv malakaviy ishlari tayyorlandi.



Hozirgi kunda A.K.Tashatov ilmiy rahbarligida oltita magistr va uchta erkin izlanuvchi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. U Oliy taʼlim va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimidagi attestatsiya jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda.