Sanʼatshunoslik fanlari doktori, mohir sozanda, mahoratli dirijor, malakali pedagog, milliy musiqiy sozlarimizning faol targʻibotchisi, ilmiy innovatsion gʻoyalar asoschisi Tashmatova Azatgul Rahimovna oʻzining serqirra ijodiy faoliyati bilan cholgʻu ijrochiligi sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshib kelmoqda. U musiqashunos olima sifatida oʻtgan asrning 90-yillarida musiqa olamiga kirib keldi va soha yoʻnalishi boʻyicha bir qator ilmiy-ijodiy muammolarni hal etishga muvaffaq boʻldi.
Azatgul Tаshmatova 2015-yilda “Shuhrat” medali, 2022-yilda “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2008 yildan buyon Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi aʼzosi.
Azatgul Tashmatova 1978-yilda Muxtor Ashrafiy nomidagi Toshkent (hozirda Oʻzbekiston) davlat konservatoriyasi “Xalq cholgʻularida ijrochilik” kafedrasiga “Afgʻon rubobi” va “Dirijorlik” sinflari boʻyicha oʻqishga kirdi. Mutaxassislik boʻyicha ijrochilik mahoratini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, professor Gʻulomqodir Ergashevdan, dirijorlik sir-asrorlarini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Anvar Liviyevdan oʻrgandi va shu tariqa kelajagini musiqa sanʼati bilan bogʻlashga ahd qildi.
Konservatoriyada o‘qib yurgan kezlarida u o‘ta qobiliyatli, o‘tkir zehnli, chaqqon va xotirasi kuchli bo‘lganligi sababli ham nazariy ham amaliy fanlarni puxta egalladi. Turli tadbirlarda boshlovchilik qildi va har xil mavzularda maqolalar yoza boshladi. Bu kelgusida musiqashunoslik kasbini egallashiga zamin yaratdi.
Shunisi qiziq-ki, ustozlari Oʻzbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Baxtiyor Atayev, Xalq taʼlimi aʼlochisi Sotvoldi Karimov va Oʻzbekiston sanʼat arbobi, professor Rustam Abdullayevlar haqiqatdan ham kelajakni koʻra olgandek, Azatgul Tashmatovaga musiqashunoslik yoʻnalishida o‘qishni tavsiya etgan ekanlar, chunki qahramonimiz oxir-oqibat amaliyotchi, yaʼni mohir afgʻon rubobchi va mahoratli dirijor boʻlishiga qaramay, bugungi kunda cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishi bo‘yicha birinchi va yagona sanʼatshunoslik fanlari doktoridir.
Azatgul Tаshmatova oʻz mehnat faoliyatini 1981-yilda Muhitdin Qori-Yoqubov nomidagi Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Toʻxtasin Jalilov nomidagi xalq cholgʻulari orkestri sozandasi (afgon rubobchi) sifatida boshladi.
Oʻqishni bitirgach kafedrada oʻqituvchi lavozimida qoldirildi. Orkestrdagi ish faoliyati uni 1986-yilda Toshkent (hozirda Oʻzbekiston) davlat konservatioriyasi musiqa tarixi va tanqid kafedrasiga aspiranturaga o‘qishga kirishiga turtki bo‘ldi. Oʻqish bilan bir vaqtning o‘zida orkestrda konsert ijrochiligi faoliyatini ham davom ettirdi.
U 1989-1995-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat xodimlarining malakasini oshirish instituti “Ijtimoiy fanlar va madaniyat” kafedrasida
avval oʻqituvchi, soʻngra katta oʻqituvchi, 1995-1998-yillarda “Ijodkor yoshlar uyi” direktori oʻrinbosari lavozimida ishladi. Shu davr mobaynida u yosh iqtidor egalarini aniqlash va ularni komil inson sifatida tarbiyalashga hamda cholgʻu ijrochiligi sanʼati rivojiga oʻz hissasini qoʻshdi.
Azatgul Tаshmatova 1998-yilda “Oʻzbekistonda xalq cholg‘ulari orkestri ijrochiligining shakllanish va rivojlanish muammolari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
1998-2003-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi sanʼatshunoslik instituti “Zamonaviy musiqa va folklor” boʻlimida ilmiy xodim lavozimida ishladi. Shu vaqtning oʻzida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi Sohaviy ilmiy-tadqiqot eksperimental laboratoriyasiga rahbar etib tayinlanganligi bois u institutdagi faoliyatini oʻrindoshlik asosida davom ettirdi.
Azatgul Tаshmatova 1999-2007-yillarda “Orkestr dirijorligi” kafedrasida dotsent, 2007- yildan bugungi kunga qadar “Xalq cholg‘ularida ijrochilik” kafedrasida avval dotsent, 2018-yildan buyon professor lavozimida ishlab kelmoqda.
Oʻzbekistonda cholgʻu ijrochiligi sanʼati va orkestr ijrochiligi yoʻnalishida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan Azatgul Tashmatova muallifligida mustaqillik davrida ilk bor uch (oʻzbek, rus, ingliz) tilda rangli tasvirda “Musiqiy cholgʻular muzeyi katalogi”(T., 2006y.) nashr etildi.
Mazkur Katalog Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 15 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Eng yaxshi oʻquv adabiyotlari va multimedia asarlari” tanlovida I-oʻringa sazovor boʻlgan.
Musiqashunos olima A.Tashmatovaning mazmunli maʼruzalar bilan chiqishlari nafaqat Respublikamizda, balki Qozogʻiston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi xorijiy mamlakatlarda oʻtkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda ham mutaxassislar tomonidan koʻp marotaba eʼtirof etilgan. Uning 300 dan ortiq ilmiy, ilmiy-uslubiy va ilmiy-ommabop maqolalari ilmiy toʻplam va maxsus jurnallarda nashr etilgan.
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida 2011, 2013, 2015 va 2024 -yillarda bo‘lib o‘tgan VIII-XI va XIII “Sharq taronalari” — Xalqaro musiqa festivallari doirasida Azatgul Tashmatova rahbarligida Mirzo Ulug‘bek madrasasida oʻtkazilgan milliy cholgʻular koʻrgazmalari hamda qayd etilgan katalog taqdimoti mutaxassis-olim va sanʼatkorlar tahsiniga sazovor boʻldi va ular uchun metodologik ahamiyat kasb etdi.
Azatgul Tashmatova 1998-yildan 2018- yilga qadar Sohaviy ilmiy-tadqiqot eksperimental laboratoriyasiga rahbarlik qildi. Shu davr mobaynida uning tashabbusi bilan
laboratoriya ustalari tomonidan bir qator milliy musiqa cholg‘ulari zamonaviy ijrochilik talablariga moslashtirildi va o‘quv amaliyotiga joriy etildi. Uning saʼyi-harakatlari bilan mazkur laboratoriya 2000-yildan eʼtiboran “Milliy cholgʻu” ilmiy-ishlab chiqarish eksperimental laboratoriyasi nomi bilan yuritila boshladi.
Laboratoriyada cholgʻularni zamonaviy ijrochilik talab darajasiga moslashtirish bilan shugʻullanadigan ilmiy boʻlim, tajribaviy musiqa cholgʻularini yasaydigan ustaxona va musiqa cholgʻulari saqlanadigan kolleksiya mavjud edi. Mazkur laboratoriyada cholgʻular 1943-yildan eʼtiboran kolleksiya sifatida yigʻila boshlangan va u faqatgina ilmiy izlanuvchilar hamda ilmiy xodimlar uchun ochiq edi, xolos.
2002-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi yangi binosining ochilishi munosabati bilan ushbu cholgʻular kolleksiyasi “Musiqa cholgʻulari muzeyi”ga aylantirildi. Shaxsan yurtboshimiz mazkur muzeyga tashrif buyurib, “Milliy cholgʻu” ilmiy-ishlab chiqarish eksperimental laboratoriyasining tarkibiy qismi boʻlmish “Musiqa cholgʻulari muzeyi”ning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Maktabgacha taʼlim muassasalari uchun yaratilgan milliy cholgʻular majmuasi ularning eʼtiborini oʻziga jalb etdi va mazkur cholgʻular bilan qiziqib, hattoki ularni qoʻllariga olib chalib ham koʻrdilar.
2003-yilda Аzatgul Таshmatova Vazirlar mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi tomonidan eʼlon qilingan tanlovda ishtirok etib, mazkur muzeyni “Davlat noyob ilmiy obyektlari” roʻyxatiga kiritishga muyassar bo‘ldi.
Azatgul Tashmatova tashabbusi bilan mazkur “Musiqa cholgʻulari muzeyi” tashkil etildi va uning rasmiy ochilishi 2004-yil 27 mayda boʻlib oʻtdi. Hozirgi kunda ushbu muzeyda oʻzbek xalqining 1000dan ortiq noyob milliy cholgʻulari hamda Boltiq boʻyi, Rossiya, AQSh, Fransiya, Yaponiya, Vetnam, Koreya, Hindiston, Italiya, Mongoliya va Malayziya kabi xorijiy davlatlarning musiqa cholgʻulari saqlanmoqda. Shuningdek, muzey eksponatlari zamonaviy ijrochilik talab darajasiga moslashtirilgan, yaʼni modifikat-siyalashtirilgan cholgʻular bilan ham boyib bormoqda.
Azatgul Tashmatova Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi va respublika miqyosida oʻtkaziladigan turli tadbirlar, jumladan har yili fevral oyida boʻlib oʻtadigan “Taʼlim va mutaxassislik” Xalqaro koʻrgazmalarida, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida bahor oylarida muntazam ravishda Xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan “Navroʻz sadolari” koʻp ovozli ansambl va orkestrlar festivali, VIII-X va XIII “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivallari doirasidagi koʻrgazmalarda mazkur eksponatlardan unumli foydalanilmoqda.
Milliy cholg‘ularning faol targ‘ibotchisi Azatgul Tashmatova mazkur muzeyga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar, Indoneziya milliy orkestri hamda Balidagi xalqaro musiqa festivalining asoschisi va direktori Franki Raden va Isroillik xonanda, aktrisa Galit Giatlarni, Chung-Ang Universiteti professori Xyung Van Li, YUNESKOning Koreyadagi boʻlimi asoschisi Mun Xyung Suk va “Sorixuyun Kayagim Byungchangdan” guruhi (kayagimchi qizlar ansambli)ga muzeyning noyob eksponatlarini yaqindan tanishtirdi hamda ular rang-barang cholg‘ular ovoz tarovatidan bahramand bo‘lishdi va o‘zlarining dil so‘zlarini izhor etishdi. Xususan, Xyung Van Li Katalog muallifi A.Tashmatovaga “Oʻzbekiston va Koreya milliy cholgʻulari” nomli xuddi shunday katalog yaratish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, Azatgul Tashmatova koʻrgazmada namoyish etilgan va xorijiy mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan oʻzbek xalq cholgʻulari dovrugʻini xorijiy televideniyelar, Samarqand, “Oʻzbekiston 24” va boshqa bir qator telekanallar orqali nafaqat keng xalq ommasiga, balki dunyoga targʻib etdi.
Azatgul Tashmatovaning ilmiy-targ‘ibot ishlari boʻyicha qoʻlga kiritgan eng muhim yutuqlaridan biri, Ozarbayjon milliy konservatoriyasining ilmiy ishlar boʻyicha prorektori, sanʼatshunoslik boʻyicha falsafa doktori, professor Lala Guseynova – “Sharq xalqlari musiqa madaniyati” fanini “Musiqiy cholgʻular muzeyi Katalogi” asosida, oʻtayotganligini va bu talabalarda ushbu fanga nisbatan katta qiziqish uygʻotayotganligini koʻtarinki ruhda faxr bilan tilga olganligi boʻldi.
Bugungi kunda cholgʻu ijrochiligi sanʼati boʻyicha respublikada yagona olima hisoblanmish Azatgul Tashmatova malakali pedagog sifatida ham faoliyat yuritib, bir qator yetuk pedagog, sozanda va xalq cholgʻulari orkestri dirijorlarini tayyorlashga muvaffaq boʻldi.
Shuningdek, Azatgul Tashmatova konservatoriya talabalariga “Ijrochilik sanʼati tarixi”, “Ansambl bilan ishlash uslubiyoti”, “Xalq cholgʻularida oʻqitish uslubiyoti”, “Xalq cholgʻulari bilan tanishuv” fanlaridan oʻzbek va rus tillarida yuqori saviyada maʼruzalar oʻqib, mazkur fanlar boʻyicha oʻquv adabiyotlarini yaratib kelmoqda. Talabalarning bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik hamda doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilmoqda.
Azatgul Tashmatovaning 2007-yilda iqtidorli kompozitor Mustafo Bafoyevning
“Buxoroi-sharif” teleoperasi asosida yaratgan oʻquv-uslubiy qoʻllanmasi ikki doston va yigirma ikki naqshdan iborat boʻlib, unda Buxoroning tarixiy shaxslari va tarixiy obidalari madh etiladi.
Oʻquv-uslubiy qoʻllanmadan joy olgan asarlar ham ijro ham dirijorlik jihatdan juda qiziqarli va hammani oʻziga jalb eta olishi bilan nafaqat mutaxassislar, balki keng qamrovli tinglovchilar qalbidan ham chuqur joy olgan. Eng asosiysi kompozitor oʻz mahorati orqali xalq cholgʻulari orkestridan unumli foydalangan holda uning turli qirralarini ochib berishga muyassar boʻlgan.
Azatgul Tashmatova orkestr ijrosi va asarlarning mazmun-mohiyatini shu darajada taʼriflab berganki, ijroni koʻrmay eshitgan tinglovchi baʼzi-bir asarlarni orkestr emas, balki maqom ansambli ijro etgan deb taxmin qilsa, jonli tarzda tinglaganlar esa kompozitorning milliy cholgʻular tabiatini shu darajada chuqur bilganligiga lol qoladi. Nafaqat ilmiy, balki maʼnaviy va tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan mazkur oʻquv-uslubiy qoʻllanma oliy oʻquv yurtlarida “Dirijorlik” fanida keng qoʻllanilmoqda.
Xalq cholgʻulari antologiyasi zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan innovatsion texnologiyalar asosida yaratilgan ilk nashr hisoblanadi. Oʻquv qoʻllanmada barcha milliy musiqiy cholgʻular ovoz tarovati boʻyicha klassifikatsiyalashtirilgan boʻlib, ularning shakllanishi, rivojlanish jarayonlari, turlari, amaliyotda qoʻllanilishi, tovush hosil qilish usullari, ijrochilik uslublari, mohir sozandalar, ilk ustozlar va sozgar ustalar haqida maʼlumotlar bayon etilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston kompozitorlari tomonidan yaratilgan maxsus asarlar, oʻquv va oʻquv-uslubiy qoʻllanma hamda darsliklar haqida sharhlar berilgan.
Azatgul Tashmatova tomonidan yaratilgan darslik, oʻquv qoʻllanma, oʻquv- uslubiy qoʻllanma va monografiyalar oliy taʼlim muassasalari uchun yangi avlod adabiyotlari sifatida oʻquv jarayoniga tadbiq etilgan.
Serqirra ijodkor A.Tashmatovaning olamshumul ahamiyatga ega boʻlgan yana bir qirralari – bu innovatsion gʻoyalar asosida oʻzbek xalq cholgʻularining modifikatsiya-lashtirilgan turlarini yaratganligidir.
Modifikatsiyalashtirishga qadar bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilari uchun maxsus musiqa cholgʻulari yaratilmaganligi bois, uzluksiz taʼlim tizimining boshlangʻich va oʻrta boʻgʻinlarida boʻshliq mavjud edi. Mazkur boʻshliqni toʻldirish va uzluksiz taʼlim uzviyligini taʼminlash maqsadida Azatgul Tashmatova tomonidan oʻzbek xalq cholgʻulari modifikatsiyalashtirildi.
Modifikatsiyalashtirish natijasida bolalar musiqa va sanʼat maktablarining 1-3 sinflarida tahsil olayotgan turli yoshdagi oʻquvchilar uchun har jihatdan qulay, ularning oʻsib borayotgan gavda tuzilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan, ijro paytida pardalarni aniq bosib, talab etilgan tovushni sof va sifatli ijro etish imkoniyatiga ega boʻlgan, bugungi kun talablariga toʻliq javob beradigan “Bolalar anʼanaviy dutori” (patent № IAP 05966-2019) va “Qashqar rubobi” (patent № IAP 06051-2019) hamda yuqori sinf oʻquvchilari uchun “Qashqar konsert rubobi” (patent № IAP 06120-2019) yaratildi va amaliyotga joriy etildi.
Shuningdek, talabalar va professional sozandalar uchun “Prima rubobi”ning zamonaviy ijrochilik talablariga javob bera oladigan koʻrinishi – menzura va pardalar joylashuvi qayta ishlanib, barcha registrlarda ovoz tarovati ruboblar oilasiga xos yoqimli va ijrochilik imkoniyatlari yanada kengaytirilgan modifikatsiyasi yaratildi (patent № IAP 05963-2019).
Talabalar va professional sozandalar uchun XX asr oʻzbek musiqa amaliyotida qoʻllanilmagan, lekin hozirgi zamonaviy ijrochilik talablariga to‘liq javob beradigan, tovush koʻlami va ijrochilik imkoniyatlari kengaytirilgan, yuqori registrda ham sifatli ovoz tarovatiga ega boʻlgan, modifikatsiya-lashtirilgan, innovatsion yetti torli “Afgʻon rubobi” yaratildi va amaliyotga joriy etildi (patent № IAP 05965-2019).
2019-yilda Azatgul Tashmatovaning ilmiy gʻoyasi asosida modifikatsiyalashtirilgan sakkiz turdagi oʻzbek xalq cholgʻulariga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk Agentligi tomonidan Ixtiro Patentlari olindi.
Yuqorida qayd etilgan modifikatsiya-lashtirilgan cholgʻularning nafaqat bolalar musiqa va sanʼat maktablari, balki umumiy oʻrta taʼlim maktablarida tahsil olayotgan oʻquvchilarni jismonan sogʻlom, maʼnan boy, dunyoqarashi va fikrlash doirasi keng, komil inson sifatida tarbiyalashda oʻrni beqiyosdir.
Serqirra ijodkor Azatgul Tashmatova Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakori
uyushmasining aʼzosi sifatida turli sanalarga bagʻishlab oʻtkaziladigan tadbirlar va ijodiy kechalarda faol ishtirok etadi. Uyushma konsert zalida xalq cholg‘ulari uchun yaratilgan maxsus asarlar hamda mahoratli kompozitorlar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar taqdimotlarini mazmunli tarzda olib borib, talabalarning o‘z kasbiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttiradi.
Shu bois, aniq maqsad sari muttasil intiluvchi Azatgul Tashmatova uyushma raisi O‘zbekiston sanʼat arbobi, professor Rustam Abdullayev tomonidan bir necha bor “Yilning eng faol musiqashunosi” sertifikati bilan taqdirlangan.
Tashmatova Azatgul Raximovna 2023- yilda sanʼatshunoslik yoʻnalishi boʻyicha dunyo miqyosida ilk bor Ixtiro patentlari asosida “Modifikatsiyalashtirilgan oʻzbek xalq cholgʻularini yaratish” mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini katta muvaffaqiyat bilan himoya qildi.
Mazkur diplomni Azatgul Tashmatovaga O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin Turdimuratovich Urinbayev tantanali ravishda topshirib, quyidagi fikrlarni bayon etdi: “Sizning doktorlik dissertatsiyangiz – bu bizning faxrimiz, xalq cholg‘ularida ijrochilik yo‘nalishining faxri hisoblanadi. Siz xalq cholg‘ulari ijrochiligi tarixida yangi sahifani ochib berdingiz. Biz yoshlar, shogirdlaringiz siz erishgan darajalarni ko‘rib, sizdan stimul olamiz. Mana shu yo‘nalishda ijod qilayotgan va ilmiy ishlar yozayotgan yoshlar sizga havas qilib, sizdan o‘rnak olib, falsafa doktori, fan doktori ilmiy darajasiga erishib, mazkur sahifalarni to‘ldirib borishini tilab qolaman. Inson o‘z oldiga maqsad qo‘yib, unga erishish yo‘lida ildam qadamlar bilan mehnat qilishi kerakligini Sizning timsolingizda ko‘rdim va juda xursand bo‘ldim. Siz konservatoriya ilmiy salohiyatini oshirishda ham samarali mehnat qilyapsiz, mana shu mehnatlaringiz bardavom bo‘lsin. Biz siz bilan faxrlanamiz”.
Shu tariqa Azatgul Tashmatova O‘zbekiston ilm-fani, taʼlimi va musiqa sanʼati tarixida yangi sahifani ochib berdi.
2023-yilda A.Tashmatova doktorlik (DSc) dissertatsiyasi asosida “Oʻzbek xalq cholgʻulari ijrochiligida innovatsion jarayonlar” nomli monografiyani (rus tilida) chop ettirdi. Mazkur monografiyada o‘zbek xalq cholgʻularini ilk gʻoya asoschilari tomonidan takomillashtirish, Ashot Petrosyans rahbarligida modernizatsiyalashtirish hamda Azatgul Tashmatovaning ilmiy g‘oyasi asosida
modifikatsiyalashtirish jarayonlari yoritib berilgan.
2024-yilda Azatgul Tashmatova tomonidan Oʻzbekiston sanʼat arbobi, professor, mahoratli kompozitor Habibulla Rahimov asarlari misolida oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun “Ijrochilik sanʼati tarixi” nomli oʻquv qoʻllanma nashr etildi. Ushbu oʻquv qoʻllanmada H.Rahimovning dutor, dutor va xalq cholgʻulari orkestri uchun yaratgan asarlarining ijrochilik tahlili berilgan boʻlib, ular oʻquvchi va talabalar uchun mazkur asarlarni ijro etishda nazariy va amaliy manba boʻlib xizmat qiladi.
Azatgul Tashmatova barcha ilmiy-ijodiy ishlarini o‘z oilasi bilan chambarchas bog‘lagan holda olib bormoqda. Uning shu kungacha erishgan yutuqlarida oila aʼzolarining ham hissasi beqiyosdir.
Bugungi kunda Azatgul Tashmatova vafoli yor, uch hafar farzand: ikki qiz va bir o‘g‘ilning mehribon onasi, to‘rt nabiraning sevimli buvijonisidir. Farzandlarining hammasi oliy maʼlumotli mutaxassislar bo‘lib, ular yurt ravnaqi uchun o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Hayotiy va ijodiy faoliyati eng gullagan ayni paytda Azatgul Tashmatova yoshlarga oʻzining boy tajriba va chuqur bilimlarini jon-dili bilan oʻrgatib kelmoqda. Oʻz shogirdlari, hamkasblari va maslakdoshlari ongiga chegarasi va yakuni boʻlmagan oʻzbek xalq cholgʻularida ijrochilik sanʼati sirlarini mukammal egallash orqali XXI asr dunyo musiqa madaniyatining ajralmas qismi boʻlmish, xalq cholgʻularida ijrochilik sanʼati rivojining yangi istiqbolli qirralarini ochishga undamoqda.
Oʻz kasbining fidoiysi, kamtarin, samimiy, mehnatsevar va jonkuyar inson Azatgul Tashmatova ilmga chanqoqligi, oʻtkir zehni, oʻziga va oʻzgalarga talabchanligi, ilmiy salohiyatini oshirish borasida tinmay izlanishi, Vatanga boʻlgan muhabbati, murabbiylik mahorati va ilmiy-ijodiy ishlari bilan keng jamoatchilik eʼtiborini qozongan. Shu bois, sanʼatshunoslik fanlari doktori, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi “Xalq cholgʻularida ijrochilik” kafedrasi professori Azatgul Tashmatova oʻzbek musiqashunosligida alohida oʻrin egallaydi va yoshlarga har tomonlama oʻrnak boʻla oladi.