Halim Toʻrayev - yirik tarixchi manbashunos olim. “DOʻSTLIK” ordeni sohibi.
Halim Toʻrayev 1953-yil 9-avgustda Buxoro viloyati Vobkent tumanida tavallud topgan. 1979-yil Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU) ning tarix fakultetini tugatgan. Olim oʻz mehnat faoliyatini 1979 yil Buxoro viloyat oʻlkashunoslik muzeyi (hozirgi Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi)da boshlagan. 1990-yilning sentyabridan hozirgi kunga qadar Buxoro davlat universitetining Tarix kafedrasida (Buxoro tarixi) faoliyat yuritib kelmoqda. 1982-1989, 2003-2007 yillar OʻzFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining mustaqil tadqiqotchisi sifatida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan.
Uzoq yillik mehnat mahsuli sifatida 2007-yil Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti huzuridagi Ixtisoslashgan D-015.14.01 raqamli Kengash yigʻilishida “Buxoro xonligining XVI-XVII asrlar ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-madaniy hayotida Joʻybor xojalarining tutgan oʻrni” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Ilmiy tadqiqot yoʻnalishi tarixiy manbashunoslik, Oʻzbekistonning oʻrta asrlar davri tarixi masalalari. Shu yoʻnalish doirasida qoʻlyozma hujjatlar va qoʻlyozma asarlarni tadqiq qilib, Buxoro xonligi oʻrta asrlar tarixining dolzarb masalalari yuzasidan qator maqola va kitoblarni eʼlon qilgan. Tadqiqot obyektining xronologik davri XVI-XIX asrlarni oʻz ichiga oladi.
1981-1990-yillar mobaynida besh marotaba Moskvadagi anʼanaviy Xalqaro nufuzli ilmiy anjuman – “Бартольдовские чтения” (Bartoldxonlik)da oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan. Ushbu konferensiyalardagi ishtiroki davomida jahonning oʻsha davrdagi taniqli sharqshunoslari bilan uchrashib, tegishli ilmiy maslahat va yoʻl-yoʻriqlar olishga muvaffaq boʻlgan.
2008-2012 yillarda OʻzFA Tarix, OʻzFA Sharqshunoslik institutlari huzuridagi Ixtisoslashgan Kengashlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti huzuridagi Umumiy tarix, Tarixiy manbashunoslik, Fan va texnika tarixi ixtisosliklari boʻyicha dissertatsiya mavzularini Muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashining aʼzosi. 2012 yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʻyicha jamoatchilik Kengashining aʼzosi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2017-yil H. Toʻrayev OAKning tarix, falsafa, siyosiy fanlar boʻyicha ekspert kengashi aʼzosi etib tayinlandi. U Ixtisoslashgan kengashlar va OAK ekspert kengashi aʼzosi sifatida qator yillardan beri respublikamizda yetuk mutaxassis ilmiy kadrlarni tayyorlashda munosib hissa qoʻshib kelmoqda. 2017-2024 yillar mobaynida H.Toʻrayev 70 ga yaqin falsafa doktori (PhD) va fan doktori dissertatsiyalariga, shuningdek, 50 dan ortiq professor va dotsent ilmiy unvonlariga talabgorlar ishiga ekspert xulosalari berib, respublikamiz ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasini oliy malakali kadrlar bilan boyitishda faollik koʻrsatmoqda.
H.Toʻrayev oʻz ilmiy faoliyati davomida Toshkent, Dushanbe, Turkiston (Qozogʻiston), Ashxobod, Moskva, Tokio-Toshkent, Anqara kabi shaharlarda boʻlib oʻtgan Xalqaro ilmiy konferensiya va simpoziumlarda maʼruzalar bilan ishtirok etgan.
2001-2009 yillarda Markaziy Osiyoni tadqiq qilish Fransuz instituti (IFEAC) tomonidan eʼlon qilingan loyihalar doirasida Buxoro shahrining tarixiy topografiyasiga doir qator tadqiqotlarni amalga oshirgan. Tadqiqot natijalari esa alohida kitob holda, shuningdek, mazkur institutning internet saytida eʼlon qilingan.
H.Toʻrayev 20 ta monografiya, 9 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar muallifidir. 330 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari mamlakatimiz va xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilgan. Oʻnlab magistrlik, yuzlab bitiruv-malakaviy ishlari, ayni paytda esa 5 ta doktorlik (DSc) va 10 ta falsafa doktori (PhD) ilmiy ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligi ostida 7 yosh tadqiqotchi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va tarix fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʻldi. Tarix fani rivojiga qoʻshayotgan hissasi, oʻquv adabiyotlari yaratish borasidagi xizmatlari inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasi tomonidan 2020-yil unga professor ilmiy unvoni berildi.
Uning 2007-2023 yillarda nashr etilgan “Joʻybor xoʻjalari”, “Чорбакры и их преемники”, “Учение Яссави в Бухаре”, “Шейбанидские правители и суфийская практика”, “Еthnical process and socio-political, economic history in the heritage of Pulat Soliyev”, “The life and the scientific heritage of Mirza Sami”, “Mahalliy oʻlkashunoslarning ilmiy merosida tarixiy topografiya va meʼmoriy obidalar tarixi”, “Исторические хроники в научном наследии Миён Бузрука”, “Buxoro tarixi”, “Mirzo Abdulazim Somiyning tarixiy asarlari”, “Накшбандия в жизни её современных предсавителей”, “Туркестан в политической жизни государства шейбанидов”, The life and the scientific heritage of Mirza Sami, “Buxoro tarixi” asari jahon va mahalliy tarixshunoslikda”, “Две точки зрения по историко-топографическому плану Бухары Ахмада Дониша”, “К проблеме сохранения памятников материалной културы”, “Buxoro toponimikasi”, “Buxoro tarixi yozma manbalari” “Oʻzbekiston tarixi (X jild) (Buxoro tarixi)” kabi monografiya, qoʻllanma va maqolalari soha mutaxassislari uchun muhim qoʻllanma boʻlib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tavsiyasi bilan H.Toʻrayevning 2020 yil nashr etilgan “Buxoro tarixi” nomli oʻquv qoʻllanmasi, “Buxoro toponimikasi”(2021), “Buxoro tarixi yozma manbalari” (2023) darsliklari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administrsiyasi topshirigʻi bilan koʻp tomlik “Oʻzbekiston tarixi” kitobining X tomi doirasida nashr etilgan “Buxoro tarixi” monografiyasi (630 bet, 2023) tarixchi talabalar, tadqiqotchilar va Buxoro tarixi bilan qiziquvchilar uchun gʻoyat zarur oʻquv va ilmiy adabiyot hisoblanadi.
H. Toʻrayevning xayrli ishlaridan yana biri shuki, u Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasi hududida oʻtmishda joylashgan va bizgacha saqlanmagan XVIII asr yodgorligi – masjid, madrasa maqbara toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qoʻlyozma hujjatlardan qidirib topishga hamda bu boradagi qimmatli tarixiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan Doniyolbiy vaqfnomasini nashrga tayyorlab chop etishga muvaffaq boʻldi (2023). Ushbu yodgorliklar shu vaqf hujjatida qayd etilgan maʼlumotlar asosida qayta tiklanmoqda.
H.Toʻrayevning ijtimoiy-maʼrifiy faoliyati Respublika, viloyat rahbariyati, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan munosib bahosini oldi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan H.Toʻrayev “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 20 yilligi” (2011-yil) va “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” (2021-yil) koʻkrak nishonlari, 2016, 2020 yillarda OʻzR Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining faxriy yorliqlari, 2020 yil Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi Buxoro viloyat komissiyasi rahbariyatining faxriy yorligʻi, 2024-yil Madaniy meros agentligi faxriy yorligʻi hamda 2024-yil I-darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
H. Toʻrayev 2018-yil “DOʻSTLIK” ordeni bilan mukofotlangan.
H.Toʻrayev koʻp qirrali olim, mohir pedagog, jonkuyar ustoz, tashkilotchi va yuksak madaniyatli inson sifatida el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan.