Olim

TOʻXLIYEV BOQIJON

Filologiya fanlari doktori, professor

Boqijon Toʻxliyev Sirdaryoning yonginasidagi Oʻzbek Oqjar qishlogʻida tugʻilgan. Uning otasi Toʻxliboy Karimov maktabda oʻqituvchi, maktab direktori boʻlib ish boshlaganlar. Keyinchalik jamoa xoʻjaligining, qishloq jamoa kengashining raisi, oxirgi paytlarda esa jamoa xoʻjaliklararo qurilish tashkilotining xodimlar boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlaganlar.



Onasi Savriniso Karimova uy bekasi boʻlganlar. Yoshlik paytlarida onasi ertaklarni, bolalar qoʻshiqlarini koʻp aytib berar edilar. Bu xislat ularga onalari – enasi (“buvi” qishloq shevasida shunday deyiladi) Gulshanbibidan oʻtgan. Enasi ham bizlarga ham juda koʻp ertaklarni aytib berganlar. Ular, ayniqsa, ertaklarning matni tarkibidagi sheʼrlarni qoʻshiq qilib aytishga usta ekanlar.



B.Toʻxliyev tasavvurlari odamlarga, umuman, olamga qarashining shakllanishi va kengayishida amakisi Tursunboy Karimovning oʻrni juda katta boʻlgan. U kishi hali talabalik paytidayoq uni “domla” deb chaqirar ekanlar. (Bu qishloqda shunaqa, oʻqituvchini ham yo “muallim”, yo “domla” deb atash hozirgacha ham rasmdan qolmagan).



Undan kattalar: akalarim Omonboy, Qoʻchqorboy, Kimsanboylar kitobning ashaddiy shaydolari boʻlishgan. Ular oʻqigan kitoblarni baʼzan soʻrab, baʼzan soʻramasdan yosh Boqijon ham oʻqir edi. Kichik akasi oʻsha paytlarda qishloqda pochtachilik vazifasini  bajargani uchun uylarida har doim yangi gazeta va jurnallar boʻlgan. Oilada “Lenin uchquni”, “Gʻuncha”, “Gulxan” singari gazeta va jurnallar “bir chetdan” oʻqib chiqilgan.



Maktab sakkiz yillik edi. Shuning uchun 9-10 sinflarni u qoʻshni qishloqda oʻqigan. Bu yerda Eʼzozxon Rasulxonov (matematika), Maqsudjon Mirzosaidov (kimyo), Nodir Boʻriboyev (ona tili va adabiyot) singari oʻqituvchilar saboq berishgan. Eʼzozxon aka unga gap kelgan vaqtda “sen matematik boʻlishing kerak”, – deguvchi ekanlar.



B.Toʻxliyevning oʻqituvchilik kasbini tanlashimda mana shu ustozlarning barchasi havas uygʻotgani tasodif boʻlmasa kerak.



U 1970-yilda Xoʻjand universitetiga oʻqishga kiradi. Uning oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi boʻlishida E.Shodiyev, H.Mamadov, V.Rahmonov, E.Sheraliyev, A.Berdaliyev, P.Hamdamov, H.Mirxaydarov singari ustozlarga boʻlgan havasi  muhim  omil boʻlganiga shubha yoʻq.



U Toshkentga aspiranturaga hujjat topshirganida, avval, ustoz Yoqubjon Isʼhoqovni soʻrab borgan. Hali talabalik yillaridayoq ustozning maqola va kitoblarini oʻqib, u kishiga havas qilib yurgan. Domla unga “qiyin, lekin istiqbolli” mavzu – “Qutadgʻu bilig”ning poetikasi”ni tavsiya etadilar. Bu yoʻlda ustozning marhamati, keng feʼli, shogirdga nisbatan cheku chegara bilmaydigan mehru muhabbati, shaxsiy kutubxonasidagi manbalardan cheklovlarsiz foydalanish imtiyozi uning eng boy va mustahkam tayanchlari boʻladi. Ayni mana shu omillar asosiy adabiyotlar bilan tanishuv jarayonining ichiga nisbatan tezroq kirib borishiga keng va nurli yoʻl ochib berdi. Buning natijasi sifatida yakunda uning kamtarona ishiga ancha jiddiy, muhimi, yuqori baho beriladi. Jumladan, oʻsha paytlarda turkiyshunoslar olamida ancha mashhur boʻlgan ozarbayjonlik olim, aruz ilmining eʼtirof etilgan mutaxassisi, filologiya fanlari doktori, professor Akram Jafar (Jafarov Akram Saftar oʻgʻli, 1905-1991) “Диссертация написана на уровне между кандидатскими и докторскими диссертациями” (“Dissertatsiya nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari oraligʻidagi saviyada yozilgan”) deb baho bergan edi.



Aziz Poʻlatovich Qayumov ham olim taqdiridagi yana bir nurli nuqta sifatida alohida oʻrin tutadi. Yosh olim bu kishi bilan bir tashkilotda ishlagan, oʻziga shogird qilib olgan ustozni minnatdorchilik bilan esga oladi. Domlaning tavsiyalar bilan mashhur sharqshunoslar va yirik adabiyotshunoslar A.Krimskiy, akad. Krachkovskiy, E.E.Bertels asarlarini sinchiklab oʻqish imkoniga ega boʻlganimning natijalarini hozirgacha ham chuqur his etib turadi. Domlaning sharofati bilan mutaxassislar yaxshi biladigan “Nad arabskimi rukopisyami” (“Arab qoʻlyozmalari ustida”) kitobini zamzama qilibgina qolmay, u haqda Ilmiy kengashda maʼruza ham qilgani uning xotirasidagi oʻchmas sahifalarini tashkil etadi.



Boqijon Toʻxliyev taqdirning inoyati bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida sal kam oʻttiz yil ishladi.



B.Toʻxliyev 2016-yildan buyon Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik” kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda. Bu yerda A.Mannonov, G.Rixsiyeva, Q.Omonov, Q.Sodiqov, M.Qodirov, T.A.Muxtorov, Sh.Shomusarov, U.Muhibova, D.Muhiddinova, singari olimligi bilan odamligi uyqash boʻlgan yirik siymolar bilan yonma-yonligidan huzur tuyadi.



Olim Sinfdosh, kursdosh, qishloqdoshlari, Toshkentdagi barcha yaqinlari, xususan, odamiylikning eng oliy darajalaridan saboq berib kelayotgan Sotimjon aka, Abduxalil, Nasimxon, Baxtiyor, Oʻktam aka, Toʻxtasin, Xudoynazar (olloh joyini jannatda qilsin), Mirsalimlar tufayli har kuni ularga olqish va duolarini aytadi.



“Devonu lugʻot it-turk” qadimiy maqollarga boy manba. Ulardan birida “Ashich aytur tubum altun, choʻmich aytur men qaydaman?” (“Qozon aytur tubim oltin, choʻmich aytar men qaydaman?”) Xuddi shunga oʻxshash sanalgan manbalarning yonida, ularni kamsitmagan holda,  olimning ulardan ham ilgariroq oila aʼzolari, turmush oʻrtogʻi Manzuraxon, qizlari Nargiza, Feruza, Dilfuzalar, oʻgʻli Bahodir, ular qatorida kelini Sitora, kuyovlari Behbud, Bahodirjon, Ilyosjonlar, bir etak nabiralari bilan faxrlanishini, ular bilan birgalikning oʻzini Xudoning inoyati deb bilishini aytgan olimning shukronalari ham eʼtirofga sazovor.



Darvoqe, yaqindagina olimning  koʻkragiga “Xalq maʼorifi aʼlochisi” koʻkrak nishoni yoniga “Mehnat shuhrati” ordening qadalishi olimning koʻpyillik samarali mehnatlarining munosib natijasi boʻldi.