Turabov Nurmuxammat Turabovich 1948 yil 10 dekabrda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tugʻilgan. 1973 yili Toshkent davlat universitetining (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) kimyo fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan.
Mehnat faoliyatini 1973 yildan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti Analitik kimyo kafedrasida boshlagan. 1985 yilda 02.00.02 – Analitik kimyo ixtisosligi boʻyicha “Кинетические методы определения фосфорорганических пестицидов карбофоса, хлорофоса, антио, ДДВФ и фосфамида с использованием реакции о-дианизидин-пероксид водорода” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1995 yilda 02.00.02 – Analitik kimyo ixtisosligi boʻyicha dotsеnt ilmiy unvonini va 2022 yilda professor ilmiy unvonini olgan.
1973-1985 yillar Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti “Analitik kimyo” kafedrasi katta oʻqituvchisi, 1985-1995 yillar Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti “Analitik kimyo” kafedrasi dotsenti v.b., 1995-2000 Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti “Analitik kimyo” kafedrasi dotsenti, 2000-2005 yillar Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti “Analitik kimyo” kafedrasi mudiri, 2005-2018 yillar Oʻzbekiston Milliy universiteti Kimyo fakulteti “Analitik kimyo” kafedrasi dotsenti, 2018-2022 yillar Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti “Analitik kimyo” kafedrasi professor v.b. va 2022 yildan buyon Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakulteti analitik kimyo kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
N.T.Turabov 1998 yildan boshlab oʻrta maktab oʻquvchilari, akademik litsey oʻquvchilarini respublika va Xalqaro Olimpiadalarda kimyo fanidan tayyorlab keladi. U tayyorlagan oʻquvchilar qator yillar Respublika va Xalqaro Mendeleyev Olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni egallagan, shulardan 3 tasi kumush, 4 tasi bronza va bir nechta diplom bilan taqdirlangan hamda nufuzli oliy oʻquv yurtlariga imtihonsiz qabul qilingan.
2008 va 2013 yillarda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadalari da jyuri aʼzosi sifatida ishtirok etgan. Respublika va shahar olimpiadalarida kimyo sohasi boʻyicha jyuri aʼzosi sifatida qatnashib keladi. Koʻp yillardan beri talabalarning bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari himoyalari boʻyicha DAK aʼzosi (OʻzMU, GulDU) hamda raisi (TerDU, 2018-2024) sifatida qatnashib kelmoqda.
N.T.Turabov 2000 yildan buyon OʻzMU kimyo fakulteti talabalarini “Analitik kimyo” fanidan Respublika va Xalqaro Olimpiadalarga tayyorlab keladi. Shogirdlari qator yillar Respublika Olimpiadalarida nufuzli oʻrinlarni egallagan va Angliyaning Bristol universitetiga taʼlim olgan.
Shuningdek, Oliy attestatsiya komissiyasining roʻyxatida boʻlgan “Oʻzbekiston Milliy universiteti xabarlari” jurnali, “Research focus” va “International scientific journal of Chemistry and technology” xalqaro ilmiy jurnallarining tahrir hayʼati aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Turabov Nurmuxammat Turabovich “Ayrim ogʻir va zaharli metall ionlarining mikromiqdorlarini ekologik omil sifatida monitoring qilish va ularni aniqlashning yangi spektrofotometrik hamda kompleksonometrik usullarini ishlab chiqqan taniqli Respublikamiz olimdir.
N.T.Turabovning ogʻir va zaharli metall ionlarini analiziga bagʻishlangan 600 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan boʻlib, shundan: 6 ta darslik, 12 ta oʻquv qoʻllanma, 24 ta uslubiy qoʻllanmalar, 11 ta monografiya, 5 ta mualliflik guvohnomasi, 2 ta OʻzR patentlaridir. Shuningdek, bir nechta xalqaro, MDH va respublika ilmiy anjumanlarida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan. Jumladan, Moskva davlat universitetida anʼanaviy oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyalarida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan.
2008 yili “Analitik kimyo laboratoriya mashgʻulotlari” nomli oʻquv qoʻllanmasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining “Isteʼdod” jamgʻarmasi tomonidan “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti” Respublika tanlovi gʻolibi II-darajali diplom bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy universiteti Kimyo fakulteti “Analitik kimyo” kafedrasida oʻtkaziladigan akademik Sh.T.Tolipov nomidagi (1993, 1998, 2003, 2008, 2013, 2018, 2022 y.y.) “Analitik kimyoning dolzarb muammolari” Respublika ilmiy-amaliy anjumanining doimiy tashkilotchisi hisoblanadi, shuningdek, Termiz davlat universitetida anʼanaviy ravishda oʻtkaziladigan akademik A.Gʻ.Gʻaniyev, akademik N.A.Parpiyev va professor X.T.Turabovlar nomlariga bagʻishlangan “Analitik kimyoning dolzarb muammolari” Respublika ilmiy-amaliy anjumanining (2002, 2005, 2008, 2011, 2014, 2017, 2020, 2022 y.y.) doimiy ishtirokchisidir.
Nurmuxammat Turabovich Turabov Respublikamizda ilmiy, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashda ham oʻzining hissasini qoʻshmoqda, jumladan, uning ilmiy rahbarligida 6 nafar fan nomzodlari va falsafa doktorlari (PhD) tayyorlangan. Hozirgi kunda esa 4 nafar tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
Shuningdek, Nurmuxammat Turabovich Turabovning rahbarligida 4 nafar Ulugʻbek nomidagi Davlat stipendiatlari tayyorlangan.
Uning “Ayrim ogʻir va zaharli metall ionlarining mikromiqdorlarini ekologik omil sifatida monitoring qilish va ularni aniqlashning yangi spektrofotometrik hamda kompleksonometrik usullarini ishlab chiqish” ilmiy-tadqiqotlari natijalari Respublikamiz sanoat korxonalarida joriy qilinib, katta iqtisodiy foyda bermoqda. U 2021-2022 yillarda bajarilgan “AM-FZ-2019081452 “Etilen asosida siklogeksan sintezi texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi Davlat innovatsion granti, 2015-2017 yillarda bajarilgan “A-12-53 Polimer tashuvchilarga immobillangan reagentlar bilan atrof muhit obyektlarida ekotoksikantlarning fotometrik va sorbsion-fotometrik aniqlash usullarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyiha, 2017-2020 yillarda OT-F7-54 sonli “Nanostrukturali, gʻovakli va polimer – kremnezem gibrid nanokompozitsion materiallar hosil boʻlishining fizik – kimyoviy qonuniyatlari va mexanizmlarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyiha, 2012-2016 yillarda F-7-22 “Fenollarni regioselektiv nitrozolash” mavzusidagi fundamental loyihada, 2003-2007 yillarda 3F-3.24. “Инверсионные электроаналитические методы в анализе объектов окружающей среды, природных и промышленных материалов” mavzusidagi fundamental grantlar aʼzosidir.
2023 yili Nurmuxammat Turabovich Turabovning “Analitik kimyo” 2 nashr darsligi “Yilning eng yaxshi oʻquv-adabiyoti muallifi” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan va universitet rektorining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.