B.O.Turayev – falsafa fanlari doktori (DSc), professor, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori bosh maslahatchisi, yetakchi ilmiy xodimi, Turon Fanlar Akademiyasi akademigi, 1-darajali mehnat faxriysi, isteʼfodagi polkovnik.
U 1979 yili nomzodlik dissertatsiyasini, 1994 yil fan doktori dissertatsiyasini himoya qilgan, 1989 yil dotsent ilmiy unvonini, 2014 yil professor ilmiy unvonini olgan. U falsafa fanlarining ontologiya, gnoseologiya, logika sohasiga hamda respublikamizda fan va jamiyat taraqqiyotining turli yoʻnalishlariga oid dolzarb falsafiy muammolariga oid 1mingdan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop kitob va maqolalar hamda 200ga yaqin maxsus tahliliy materiallar muallifi, 100dan ortiq ilmiy anjumanlar tashkilotchisi, Milliy istiqlol gʻoyasi konsepsiyasini yaratish boʻyicha ishchi guruh aʼzosi boʻlgan. Falsafa yoʻnalishlarida 8ta fan doktori dissertatsiyalariga (DSc) ilmiy maslahatchi, 14 ta fan nomzodi va falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalariga ilmiy rahbar boʻlgan.
B.O.Turayev faylasuf-olim sifatida xorijda, xususan, Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov na Donu, Yekaterinburg, Novosibirsk, Ufa, Riga, Tallin, Olmaota, Pavlodar, Ashxabad, Bishkek, Kiyev, Irkutsk, Minsk, Xarkov, Xabarovsk, Dushanbe, Boku, Tbilisi, Istanbul, Nyu York, Parij, Tunis, Kuala Lumpur kabi shaharlarida tadqiqot olib borayotgan taniqli faylasuf-olimlar bilan faol ilmiy hamkorlik qiladi, xorijiy nashrlarda koʻplab ilmiy maqolalar chop etgan.
B.O.Turayev ontologiya va bilish nazariyasi hamda tabiatshunoslik konsepsiyalari sohasida respublikamizda koʻzga koʻringan taniqli olim, uning borliq, fazo va vaqt haqida, kosmologiyaning falsafiy muammolari haqida yozgan kitoblari zamonaviy oʻquv darsliklariga kiritilgan, barcha oʻquv yurtlarida uning borliq haqidagi monografiyasidan, logikaga oid masala va mashqlaridan keng miqyosda foydalanishadi. Uning fazo, vaqt va harakatni na faqat materiyaning balki borliqning atributlari deb asoslovchi gʻoyasi jahon falsafasida eʼtirof etildi. B.O.Turayev bu konsepsiyasida borliqni ham moddiy ham maʼnaviy reallik sifatida talqin etadi.
Uning tabiatshunoslik falsafasi qoidalariga oid, olamning kosmologik manzarasi tahliliga oid ilmiy va ommabop asarlari, oʻquv qoʻllanmalari va lugʻatlari na faqat respublikamizda, balki jahondagi keng jamoatchilikka ham tanishdir. Uning 2015 yili Germaniyada rus tilida nashr qilingan “Olamning rivojlanuvchan fazo-vaqt manzarasi” (“Razvivayushayasya prostranstvenno — vremennaya kartina mira”) monografiyasi shu soha olimlarining eʼtirofini qozondi. Borliqning fazo va vaqt xususiyatlari talqiniga oid ingliz tilida yozilgan asari ham koʻpchilik tomonidan qiziqish bilan oʻrganilmoqda.
B.O.Turayev sinergetika metodologiyasini takomillashtirish yoʻnalishida ilmiy-falsafiy maktab tashkil etdi. Uning hozirgi paytda olib borayotgan tadqiqotlarida sinergetika fanini umumfalsafiy metodologiya sifatida talqin etganligi bu fanning metodologik imkoniyatlarini kengaytiradi. Hozirgi paytda uning 11 shogirdi sinergetika masalalariga oid tadqiqotlar ustida izlanish olib bormoqda, xususan, 2 ta shogirdi bu yoʻnalishda fan doktori (DSc) dissertatsiyasini himoya qildi, 9 shogirdi falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSs) ilmiy darajasini olish uchun izlanish olib bormoqda. Bu borada u shogirdlari bilan “Sinergetika: mohiyati, qonuniyatlari va amaliyotda namoyon boʻlishi” (1917), “Sinergetika-2: nazariya va amaliyot” (2022), “Sinergetika-3: maʼnaviy meros”(2023) jamoaviy monografiyalarini tayyorlashdi. Bu kitoblar faylasuflar eʼtiboriga sazovor boʻldi. Kelajakda ular “Sinergetika-4: sunʼiy aql” loyihasi ustida izlanish olib borishni rejalashtirmoqda.
B.O.Turayev koʻp yillardan buyon respublikamizda oliy malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni attestatsiya qilish ishlariga ham faol qatnashib keladi. Oliy Attestatsiya komissiyasining falsafa sohasida ekspert komissiyasi aʼzosi hamda ilmiy kotibi boʻlgan, Falsafa va huquq institutidagi, Oʻzbekiston Milliy universitetidagi va Samarqand davlat universitetidagi falsafa yoʻnalishidagi ilmiy kengashlarning aʼzosi hamda raisi boʻlib faoliyat olib borgan. SamDU qoshida ilmiy kengash tashkil etilishining tashkilotchilaridan. Uzoq yillar mobaynida Samarqand davlat universiteti qoshida tashkil etilgan maxsus imtihon komissiyasiga raislik qilib keldi.
B.O.Turayev falsafa tarixi sohasida, maʼnaviy merosimiz taraqqiyoti yoʻnalishida ham izlanishlar olib bordi. Dunyoga tanilgan mutafakkirlarimiz merosini targʻib etishga oid koʻplab asarlar, ilmiy toʻplamlar, jamoaviy monografiyalar tayyorlash tadqiqotlariga rahbarlik qildi.
U “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali (Oʻzbekiston), “Falsafa va hayot” internet-jurnali (Oʻzbekiston), “European Multidisciplinary Journal of Modern Science” internet-jurnali (Germaniya) tahrir hayʼati aʼzosi hamda “International Journal of Philosophical Studies and Social Sciences” internet-jurnali (Oʻzbekiston) Bosh muharriri.
Ilm-fanga qoʻshgan ulkan hissasi, koʻp yillik ilmiy-ijodiy faoliyati uchun B.O.Turayev 2000 yili “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 2002 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 10 yil” esdalik nishoni, 2017 yilda “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni, 2021 yilda “Mehnat faxriysi” I darajali koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. U 2021 yil 19 aprelda Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Vasiylik kengashining №1–Qaroriga asosan BIRINChI DARAJALI “MEHNAT FAXRIYSI” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.