Olim

TURSUNMURATOV TURDIMUROD MAXAMATQULOVICH

Siyosiy fanlar doktori, dotsent

Siyosiy fanlar doktori, dotsent Turdimurod Maxamatqulovich Tursunmuratov, 1967 yilda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida tugʻilgan. Millati oʻzbek.



2015 yildan buyon 2015 yilning noyabr oyidan boshlab Toshkent shahridagi Inxa universitetining yoshlar masalalari, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori lavozimida faoliyat olib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.



T.Tursunmuratov 1983 yilda Toshkent shahridagi Respublika yosh fiziklar va matematiklar maktabini tamomlagan. Shu yili Respublika miqyosida oʻquvchilar oʻrtasida fizika fanidan oʻtkazilgan olimpiadasida nufuzli uchinchi oʻrinni egallab sohaga oid yoʻnalishlarga ega universitetlarga imtihonsiz qabul qilinishi huquqini beradigan imtiyozli diplom bilan taqdirlangan. U 1993 yilda N.E.Bauman nomidagi Moskva Davlat texnika universitetini “Koinotda uchuvchi apparatlar va tezlatgich bloklar” mutaxassisligi boʻyicha muvaffaqiyatli tugatdi. Talabalik yillarida dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari qatoridan joy olgan N.E.Bauman Universiteti professori Y.I.Klyuev rahbarligida yupqa devorli metall konstuktsiyalarning sunʼiy yoʻldosh va raketalarda ishlatilishi muammolarini oʻrganib, matematik modellar yordamida ularning katta yuklamaga bardosh berishini oʻrgandi.



Shu bilan birga u M.V.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universitetining Yadro Fizikasi Institut professori L.D. Bloxintshev qoʻlida Yadro fizikasi, Kvant mexanikasi, Uchta jism masalasi kabi fanlardan qoʻshimcha bilim va koʻnikmalar oldi.



T.Tursunmuratov oʻzining ilmiy faoliyatini 1994 yili Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Yadro Fizikasi Instituti Nazariy fizika boʻlimida boshladi. Institutda yosh mutaxassis, dunyoning yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari va olimlarining uzoq yillar davomida oʻylantirib kelayotgan, Quyoshda yuz beradigan jarayonlar bilan bogʻliq “Neytrino muammosi” deb nom olgan mashhur fenomenni oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirdi.



Tadqiqotlar natijalari gʻarb mamlakatlarining nufuzli ilmiy jurnallari sahifalarida chop etildi.



T.Tursunmuratov 1997 yili Oʻzbekiston Respublikasi Koinotni tadqiq etish “Uzbekkosmos” agentligiga ishga oʻtib u erda amaliy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalarni boshqarish boʻlimida rahbar lavozimida faoliyat olib bordi.



“Ubekkosmos” agentligida faoliyat olib borish bilan birga u turli xalqaro grantlar sohibi boʻlib dunyoning yetakchi ilmiy va oquv markazlari dasturlarida ishtirok etdi.



1999 yilda BMT ning Osiyo va Tinch Okeani hududlari mamlakatlarining “Koinot fanlari va texnologiyalari” markazi tomonidan Hindistonning Gujarat shtatida joylashgan Fizika laboratoriyasida tashkil etilgan maxsus kurslarda oʻz malakasini oshirdi.



2001 yili Fransiyaning Strasburg shahrida joylashgan Xalqaro koinot universitetining Germaniyaning Bremen Universiteti bilan hamkorlikda tashkil etgan akademik dastur doirasida tahsil oldi va ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etdi.



2002 yili yosh tadqiqotchi Amerika Qoʻshma shtatlari Davlat Departamenti granti sohibiga aylanib, AQShning Massachusets shtatida joylashgan Boston Universitetida koinot texnologiyalari sohasida ilmiy tadqiqotlar olib bordi.



Dunyoning turli nufuzli ilmiy maskanlarida olgan bilim va koʻnikmalari uning 2003 va 2006-yillarda Fransiyaning Strasburg shahridagi Xalqaro koinot universitetida, 2002-yili Avstriyaning Gratz Texnologiyalari universitetlarida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va dunyoning turli davlatlaridan kelgan ekspertlari uchun maʼruzalar oʻqish imkonini berdi.



T.Tursunmuratovning zamonaviy texnologiyalarga, xususan koinot texnologiyalari va yadro fizikasiga oid bilim va koʻnikmalarga egaligi, ingliz va rus tillarini mukammal bilishi uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida bosh ilmiy xodim va loyiha rahbari lavozimlarida faoliyat olib borishiga zamin yaratdi. 2005-2008 yillar davomida bu oliy dargohda u xalqaro munosabatlar, milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalariga oid qator yoʻnalishlarda ilmiy izlanishlar olib bordi.



2008 yili hukumat vakillari va Institut rahbariyatining tavsiyasi bilan T.Tursunmuratov Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Tashqi siyosiy faoliyat tahlili va strategiyasi Bosh boshqarmasida birinchi kotib lavozimida oʻz faoliyatini davom ettirdi. Vazirlikning rejasi doirasida tahliliy materiallar tayyorlash bilan birga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining (JIDU) mustaqil tadqiqotchisi sifatida ham ilmiy izlanishlarni amalga oshirdi.



2008 yilning 28 aprelida JIDUda “Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligini taʼminlashda ilmiy texnologik salohiyat omili” mavzuida 23.00.04 — Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari ixtisosligi boʻyicha siyosiy fanlar nomzodi (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.



Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Hayʼat kengashining qarori bilan 2008-2010 yillarda T.Tursunmuratov mamlakatimizning Belgiya davlati poytaxti Brussel shahrida joylashgan NATO tashkiloti huzuridagi Missiyasida birinchi kotib sifatida oʻz faoliyatini olib bordi. Bu erda u Oʻzbekistonning NATO bilan hamkorligining siyosiy jihatlari yoʻnalishiga masʼul diplomat boʻlishi bilan birga ikki tomonlama shartnomalar doirasida rejalashtirilgan ilmiy loyihalarni amalga oshirishda koordinator sifatida faoliyat olib bordi. Bunday loyihalardan bittasi sobiq Ittifoq davridan mamlakatimiz huzurida saqlanib qolgan, atrof-muhitga ekologik nuqtai nazardan katta tahdid solishi mumkin boʻlgan, koinotga uchuvchi apparatlar yoqilgʻisi “Melanj” komponentini utilizatsiyasi edi. 2008-2010 yillar davomida hukumatimiz tomonidan olib borilgan sayʼi harakatlar natijasida NATO tashkiloti tomonidan mobil zavod olib kelinib katta hajmdagi zaharli okislitel suyuq azotga aylantirilib koʻkalamzorlashtirish maydonlarida oʻgʻit sifatida ishatildi.



2010-2011 yillarda T.Tursunmuratov Tashqi siyosiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish tahlili markazida bosh ilmiy xodim sifatida milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalalari ustida ilmiy ishlarni amalga oshirdi.



2012-2015 yillarda Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Milliy va iqtisodiy xavfsizlik muammolari” kafedrasi mudiri vazifasini bajardi. Bu davrda u Xalqaro munosabatlar, Milliy xavfsizlik, Oʻzbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, MDH davlatlari hamkorligi kabi fanlardan maʼruzalar oqish bilan birga boshqaruv kadrlar vakillaridan tanlab olingan tinglovchilarning oʻnlab magistrlik diplom ishlariga rahbarlik qildi.



Shu bilan birga u Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni muvofiqlashtirish qoʻmitasining grantpri gʻolibi boʻlib, A-1-093 “Amaliy xavfsizlikda oʻyinlar nazariyasi”, A-068+A1-078 “Jamiyat siyosiy tizimi modernizatsiyalash va demokratlashuvining zamonaviy tendentsiyalari” nomli ilmiy tadqiqot dasturlarini amalga oshirishda loyiha rahbari va ilmiy tadqiqotchi sifatida ishtirok etdi.



2019 yilning 27 dekabr kuni T.Tursunmuratov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi ilmiy kengashda “Global texnologik rivojlanish sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi milliy xavfsizligiga yevroatlantik omilning taʼsiri” mavzusida 23.00.04 — xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari ixtisosligi boʻyicha doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qildi.



Dissertasiyada yevroatlantik tuzilmalarning Markaziy Osiyodagi siyosiy faoliyati xalqaro munosabatlarning ushbu hududdagi segmenti shakllanishiga ijobiy va salbiy taʼsiri asoslab berildi.



Ilmiy ish doirasida 2014 yilda Afgʻonistondan Xavfsizlikka koʻmaklashuvchi xalqaro kuchlar (ISAF) chiqib ketishiga qaramay, Amerika Qoʻshma Shtatlari tashqi siyosati doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi oʻzining geosiyosiy va geostrategik muhim ahamiyatini saqlab qolgani asoslab berildi.



Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan geosiyosiy va geostrategik raqobat sharoitida va mamlakatning ichki siyosiy barqarorligini taʼminlash maqsadida, EI, NATO tomonidan mintaqa davlatlari uchun ajratilgan maqsadli mablagʻlari va texnik qoʻllab-quvvatlashi asosida, narkotiklar noqonuniy tarqalishining oldini olishning axborot-kommunikatsion va koinot texnologiyalariga asoslangan mintaqaviy xavfsizlik tizimini yaratishning zarurati asoslab berilgan.



Markaziy Osiyo mintaqasi seysmik faol hududda joylashganligi hamda mintaqa davlatlarida, xususan, Oʻzbekiston Respublikasida yirik sanoat korxonalarining soni ortib borayotganligidan kelib chiqib, EI va NATO ilmiy fondlari va agentliklari bilan hamkorlikda texnogen xarakterdagi tahdidlarning oldini olish boʻyicha milliy tizimni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish zarurati ochib berilgan.



Siyosiy fanlar doktori Tursunmuratov Turdimurat Maxamatqulovich 2019-2021 yillarida Oʻzbekiston Islom akademiyasining “Xalqaro munosabatlar” kafedrasida, 2022-2024 yillarda Ijtimoiy siyosiy fanlar Institutining “Xalqaro munosabatlar” kafedrasida dotsent hamda 2023-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy metodik markaz professori v.b. sifatida oʻrindoshlik asosida ish olib bormoqda.



U mazkur oquv yurtlarida zamonaviy oʻqitish usullari, pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia taʼlim resurslaridan foydalangan holda “MDH doirasidagi integratsion jarayonlar” hamda “Konfliktologiya” fanlari boʻyicha oʻquv dasturlari doirasida maʼruza va seminarlarni oʻtdi.



T.Tursunmuratov ilmiy rahbarligida Sobirov Javohirxon Alloberganovich, Oʻzbekiston Islom akademiyasi, Xalqaro munosabatlar kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi sifatida “Oʻzbekiston tashqi siyosatida turkiy davlatlar tashkiloti vektori va uning istiqbollari” mavzusida 23.00.02 — siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar ixtisosligi boʻyicha siyosiy fanlar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya ishini amalga oshirib 2024 yilning 26 iyun kuni Oʻzbekiston Sharqshunoslik Institutida Ilmiy seminarda oz ishini taqdim etdi va himoyaga tavsiya etildi.



Shu bilan birga T.Tursunmuratov mustaqil tadqiqotchi G.Djumaeva “Makaziy Osiyoda buyuk derjavalarning geosisysiy manfaatlariʼ (“Geopolitichekie interesi velikix derjav v Tsentralnoy Azii”) mavzuidagi doktorlik dissertatsiysini (DSc) ilmiy maslhatchi sifatida hamda B.Abdulhalikiov ʼRaqamli texnologiyalaning yoshlar mafkuraviy immunitetiga taʼsiri” mavzuidagi falsafa fanlari doktori (PhD) disertsiyasiga ilmiy rahbarlik qilmoqda.



Siyosiy fanlar doktori T.Tursunmuratov 2020 yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi Ilmiy daraja beruvchi DSc.20/13.05.2020 DSc,23/03 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar aʼzosi.



U Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda boshqa tegishli organlar ishchi guruhlarida ham faol ishtirok etadi.



S.f.d. T.Tursunmuratov 2015 yilning noyabr oyidan boshlab Toshkent shahridagi Inxa universitetining yoshlar masalalari, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori lavozimida faoliyat olib bormoqda. Bu lavozimda u nafaqat talaba yoshlar tarbiyasi va maʼnaviy barkamolligi ustida, balki ulaning raqamli texnologiyalar sohasida yetuk mutaxassislar boʻlib shakllanishlari, turli ilmiy hamda startap loyihalarni amalga oshirib mamlakatimizning texnologik salohiyatini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadigan muhandislar boʻlib etishishlari ustida tinimsiz ish olib boradi.