Sobir Turdiyevich Tursunov 1964-yil 13-oktyabrda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ishchi oilasida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy. Ixtisosligi vrach-pediatr, boshqaruv magistri, pedagog. Tibbiyot fanlari nomzodi, pedagogika fanlari doktori, professor.
Mehnat staji 37 yil. 23 yil ilmiy pedagogik ish stajiga ega, hozirgi vaqtda Toshkent shahar Sergeli Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi direktori lavozimida faoliyat koʻrsatmoqda.
1981-yilda Qarshi shahridagi 8-oʻrta maktabni oltin medal bilan tugatgan. 1981-yilda Oʻrta Osiyo Pediatriya meditsina institutiga oʻqishga kirib, uni 1988-yilda tamomlagan. 1989-1990-yillarda vrach-internat, 1990-1991-yillarda Toshkent Pediatriya meditsina institutiga katta laborant, 1991-1994-yillarda aspirant, 1994-1995-yillarda klinik farmakologiya kafedrasida assistent, 1995-1996-yillarda Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasida yetakchi mutaxassis, 1996-1999-yillarda Qashqadaryo viloyat hokimligida bosh mutaxassis, 2001-2002-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi tinglovchisi, 1999-2005-yillarda Qarshi tibbiyot kolleji direktori, 2005-2009 hamda 2009-2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi lavozimlarida ishlagan.
Rossiya davlat tibbiyot universitetidagi Ixtisoslashgan kengashda tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun “Новые возможности применения антиоксидантов для лечения и профилактики при аллергических реакциях немедленного типа” mavzusida 14.00.36 – allergologiya va immunologiya ixtisosligi boʻyicha bajarilgan dissertatsiyasini 1994-yil 19-sentyabrda himoya qilgan.
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Ixtisoslashgan kengashda Pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olish maqsadida “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida “Sogʻlomlashtirish maktabi pedagogik tizimini rivojlantirish” mavzusida 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi va tarixi ixtisosligi boʻyicha bajarilgan dissertatsiyasini 2011-yil 21-iyunda himoya qilgan.
Shuningdek pedagogik faoliyatini davom ettirib oʻrindoshlik asosida 2010-2012-yillarda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida dotsent, 2012-yildan 2015-yilgacha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Zoologiya, anatomiya va fiziologiya kafedrasida professor vazifasini bajaruvchisi boʻlib ishlagan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etilishiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bevosita uning muallifligi va tahriri ostida oʻrta maxsus kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylar uchun “Bolalar kasalligi va uning anatomik – fiziologik xususiyatlari”, “Sogʻlom turmush tarzi”, “Teri-tanosil kasalligi”, “Asab-ruhiy kasalligi” hamda “Tibbiy biofizika” fanlaridan oʻquv qoʻllanma va darsliklar yozgan. Shuningdek, Mustaqillik – xalqimizning tarixiy gʻalabasi, Формирование “школы здоровья” в профессиональном колледже, Qizlarni oilaviy hayotga tayyorlashda reproduktiv salomatligini mustahkamlash va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish kabi mavzulardagi kitoblar muallifi.
2001-yilda Qashqadaryo viloyatida “Shifo va ziyo” tibbiy-maʼrifiy viloyat gazetasini tashkil etgan.
Oʻtgan yillar davomida 2 ta monografiya, 7 ta darslik, 30 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanma hamda 70 ga yaqin ilmiy, 300 dan ziyod ijtimoiy-siyosiy, madaniy–maʼrifiy mavzularda maqolalar tayyorlagan.
Sobir Turdiyevich Tursunov Nizomiy nomidagi Pedagogika universiteti ilmiy kengashi hamda Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar taʼlimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining ilmiy-metodologik kengashi aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan. Institut ilmiy-pedagogik faoliyatida yuz berayotgan barcha oʻzgarishlarga bevosita aloqador.
Sobir Turdiyevich Tursunov pedagogik faoliyat bilan birga jamoat ishlarida ham faol ishtirok etadi. U vazirlik, institut va yuqori tashkilotlar tomonidan berilgan vazifalarga masʼuliyat va javobgarlikni his qilgan holda ularni tashabbuskorlik va ijodiy yondashuv asosida bajaradi, ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Oʻzining ilmiy-pedagogik va kasbiy mahoratini takomillashtirishga alohida eʼtibor beradi. Barchaga xushmuomala boʻlish bilan birga oʻtilgan mashgʻulotlarni oʻzlashtirishga talabchanlik bilan yondashadi.
Sobir Turdiyevich Tursunov ilmiy rahbarligida pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) boʻyicha 10 ga yaqin ilmiy izlanuvchiga ilmiy rahbar boʻlib kelgan.
Shuningdek, S.T.Tursunov 20 dan ortiq mustaqil izlanuvchiga rasmiy opponent boʻlgan, 100 dan ortiq mustaqil izlanuvchilar hamda tayanch doktorantlarning dissertatsiya va avtoreferatlariga taqrizlar hamda oʻquv qoʻllanmalarga ham taqrizlar bergan.
2016-yil 13-fevralda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti “UNISEF” ning vaksinalar yordamida boshqariluvchi yuqumli kasalliklar va immunizatsiya dasturini tibbiy taʼlimga tatbiq etish” boʻyicha 40 soatlik seminarda ishtirok etganligi haqida K№ 4/1 raqamli sertifikat bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti va taraqqiyoti yuksalishini keng qamrovli aholiga, maktab oʻquvchilariga, oliy oʻquv yurti talabalari ilmiy xodimlariga yanada koʻproq maʼlumot tarzda yetkazishda oʻz asarlari, maqolalari bilan ommaviy axborot vositalarida yoritib turadi
Sobir Turdiyevich Tursunov Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan taʼlim islohotlari va taʼlim tizimi rivojiga katta hissa qoʻshmoqda. Xalqaro hamkorlik aloqalarini amalga oshirish, ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Belorussiya davlatining D.A.Saxarova nomidagi tibbiyot muassasasi, Yujno-Uralsk davlat tibbiyot universiteti, Litva davlati tibbiyot universiteti hamda Antonova nomidagi Vitebsk davlat tibbiyot kolleji bilan ikki tomonlama faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, taʼlim toʻliq xorijiy tillarda olib boriladigan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari salmogʻini oshirib borish, jahon ilmiy tadqiqotlar bozori tendensiyalaridan kelib chiqib, sohalarga ixtisoslashtirish maqsadi qoʻyilgan.
Bir necha jamoat ishlarida qatnashgan. Xususan, 2002-2004-yillarda Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat saylov komissiyasi raisi vazifasida va hozirgi kunda esa Oʻzbekiston “Adolat” sosial–demokratik partiyasi faoli hamda “Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi tahrir hayʼati aʼzosi. Shuningdek, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi 28-saylov okrugi deputati etib saylangan.
Sobir Turdiyevich Tursunov ilmiy va pеdagogik malakasini oshirish va tajriba almashinish maqsadida Belorussiya Respublikasida oʻtkazilgan konferensiya ishtirokchisi, shuningdek, ushbu anjumanda oʻz nutqi bilan ishtirok etgan.
S.T.Tursunovning xizmatlari hukumat tomonidan bir necha bor taqdirlangan boʻlib, ular jumlasiga: Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10,15, 20 va 30 yilligi munosabati bilan esdalik koʻkrak nishoni, 2007-yilda “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti “Shuhrat medali” bilan taqdirlangan.
S.T.Tursunov liderlik qobiliyatiga ega tashkilotchi va keng koʻlamda fikrlovchi rahbardir. U katta hayot tajribasiga ega boʻlish
bilan birga, yuksak maʼnaviyat sohibi, atrofdagilarga namuna, oʻziga va jamoa aʼzolariga nisbatan sofdil va talabchan rahbar.
Oilali 4 nafar farzandning otasi hamda 10 nafar nabiralarning bobosi.