Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, professor Ulugʻov Abdulla Oʻzbekovich 1960 yil 5 dekabrda Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi Qorasuv qishlogʻida tugʻilgan. Qishloqdagi oʻrta maktabda oʻqigan (1968 – 1978). ToshDU oʻzbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan (1978 – 1983). “Hozirgi oʻzbek qissachiligi taraqqiyoti tamoyillarining adabiy tanqidchilikdagi talqini (70–80-yillar qissalari misolida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan (1988).
Oʻzbek filologiyasi fakultetida laborant, katta laborant, oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent lavozimlarida ishlagan. 2016 yildan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasida professor lavozimida faoliyat koʻrsatadi.
“Hozirgi oʻzbek qissachiligi” (“Oʻzbekiston”, 1987), “Qissachiligimiz qirralari” (“Oʻqituvchi”, 1991), “Adabiyotshunoslikka kirish” (“Universitet”, 2000, 2005), “Inson ibratga intiladi” (“Oʻzbekiston”, 2007), “Asl asarlar sehri” (Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2007), “Vatan – jon va tan” (Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2008), “Qalb qandili” (“Akademnashr”, 2013) kitoblari, “Adabiyotshunoslik nazariyasi” darsligi (Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018), Olimning “Jahon adabiyoti (Turkiy xalqlar adabiyoti)” darsligi zarur oʻquv adabiyoti sifatida Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2020 yil 30 iyundagi 359-sonli buyrugʻiga asosan universitetlar va pedagogika institutlari filolog, jurnalist talabalariga darslik sifatida tavsiya etilib, 2021 yilda “Muharrir” nashriyotida bosilib chiqqan (Toshkent: “Muharrir” nashriyoti, 2021 – 424 bet). Adabiyotshunosning ulugʻ oʻzbek mutafakkiri Alisher Navoiyning shaxsiy hayotiga bagʻishlangan “Vaqfiya” – buyuklik dalolatnomasi” monografiyasi (Toshkent: “Muharrir” nashriyoti, 2020. – 168 bet), mashhur oʻzbek adibi Abdulla Qahhorning “Dahshat” hikoyasi tahlil qilingan “Durdona yoxud tag maʼnoga toʻla “Dahshat” monografiyasi (Toshkent: “Muharrir” nashriyoti, 2019 – 120 bet), “Arastu anglatgan adabiyot” monografiyasi (Toshkent: “Muharrir” nashriyoti, 2022. – 236 bet), “Chingiz Aytmatov muhtasham adabiy olami” monografiyasi (Toshkent: “Muharrir” nashriyoti, 2023. – 168 bet), “Rauf Parfi – hassos shoir” monografiyasi (Toshkent: “Muharrir” nashriyoti, 2024. – 392 bet) nashr etilgan.
Izlanuvchan adabiyotshunosning “Sinovli dunyo sirlari yoxud “Tarixi anbiyo va hukamo”dan muddao” monografiyasi(Toshkent: “Factor press”, 2023. – 464 b.)da ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiyning paygʻambarlar va hakimlar tarixiga bagʻishlangan “Tarixi anbiyo va hukamo” asari tahlil etilgan.
Respublika gazeta-jurnallarida 350 dan ortiq adabiy-tanqidiy, publitsistik maqolasi, “Eng baxtli kun” (“Tong yulduzi” gazetasi), “Shayx Najmiddin Kubro” (“Guliston” jurnali) dramalari, ayrim hikoyalari (“Shoʻrtepadagi shoʻrlik”), tarjimalari bosilib chiqqan. “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Tafakkur”, “Guliston”, “Saodat”, “Jahon adabiyoti”, “Yosh kuch”, “Sanʼat” jurnallarida, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Xalq soʻzi”, “Oʻzbekiston ovozi”, “Maʼrifat”, “Tong yulduzi”, “Hurriyat”, “Mohiyat” “Milliy tiklanish”, “Fidokor”, “Hordiq”, gazetalarida turli muammolar toʻgʻrisidagi adabiy-tanqidiy, ilmiy-nazariy, publitsistik maqolalari, esselari chop etilgan.
Uning adabiy-tanqidiy maqolalarida hozirgi adabiy jarayon tahlil qilinib, sheʼriyatda, roman, qissa, hikoyalarda bugungi kun kishilarining dunyoqarashi, ruhiy-maʼnaviy olami qanday gavdalantirilgani toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. A.Ulugʻovning adabiy-tanqidiy maqolalari markazida doimo adabiy qahramon muammosi turadi. U badiiy asarlarda inson obrazining koʻrsatilishi, adabiy qahramonlar timsolida kishilarning tashqi qiyofasi va ichki olami aks ettirilishiga eʼtibor qaratib, adabiy janrlarning xususiyatlari, ijodkorning badiiy mahorati toʻgʻrisida oʻziga xos mushohada yuritadi. A.Qodiriy, A.Qahhor, A.Oripov kabi ijodkorlar asarlarida hayot hodisalari va inson dunyosi sanʼatkorona mahorat bilan koʻrsatilgani xususida mulohaza bildiradi.
Adabiyotshunosning qator maqolalari Turkiyada nashr etilgan “Turk dunyosi adabiyoti” koʻp jildli qomusida, AQSH, Hindiston, Makedoniya, Chexiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston kabi davlatlarda boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy konferensiya, simpozium, ilmiy toʻplamlarida eʼlon qilingan.
“Turkiy adabiyot xazinasi” turkumida nashr etilgan 100 jildlik asarlar toʻplami 60-jildida ulugʻ ozarbayjon adibi Muhammad Said Oʻrdubodiyning “Qilich va qalam” romanini nashrga tayyorlab, unga “Tarixning tiniq tasviri, turmushning teran tahlili” maqolasini taqdim, chop ettirgan (Toshkent: “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2022. – 824 b. – 3 – 27-betlar). 95-jildida turkman adibi Xidir Deryayevning “Qismat” romanini nashrga tayyorlab, unga “Tarixiy davr koʻzgusi” maqolasini taqdim etib, chop ettirgan (Toshkent: “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2022.– 480 b. – 3 – 15-betlar).
Mazkur turkumning 17-jildi(Abdulla Qahhor, Mirkarim Osim, Said Ahmad hikoyalari)dan uning “Hikoyada hayot manzaralari” maqolasi oʻrin olgan (Toshkent: “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2022. – 592 b. – 3 – 14-betlar).
Adabiyotshunos adabiy-tanqidiy maqolalarida zamonaviy adabiy jarayonni asosiy obyekt qilib olgan va oʻzbek adiblari asarlarini jahon adabiyoti namunalari bilan qiyoslashga intilgan. U asarlarida inson obrazi qanday gavdalantirilganiga eʼtibor qaratgan holda, hikoya, qissa, romanlarda hayot hodisalari va adabiy qahramon obrazi qanday aks ettirilgani xususida mulohaza bildirgan.
Hamda shu asosda zamonaviy oʻzbek adabiyotida hayot haqiqati va inson obrazini gavdalantirishda qanday oʻsish-oʻzgarish, yangilanish roʻy berganini koʻrsatishga harakat qilgan. A. Ulugʻov XX asr oʻzbek adabiyoti namunalarini bu jihatdan tahlil qilish, baholash uchun jahon adabiyoti mumtoz asarlarini andoza, mezon qilib olish orqali bu davrda oʻzbek adabiyotida muayyan ijobiy oʻzgarish yuz berganini A. Qodiriy, A.Qahhor, A.Oripov kabi ijodkorlar asarlari misolida asoslashga intilgan. Adabiyotshunosning “Hozirgi oʻzbek qissachiligi”, “Qissachiligimiz qirralari” kitoblarida zamonaviy oʻzbek qissalarida turmush voqeligi va inson obrazi qanday gavdalantirilgani xususida mulohaza bildirilsa, “Inson ibratga intiladi”dagi maqolalarda adabiy qahramonning ijtimoiy hayotdagi qadri va adabiyotdagi ahamiyatiga eʼtibor qaratilib: “Adabiy qahramon azal-azaldan adabiyotning eng muhim muammolaridan biri sanaladi. Chunki adabiyotning “qiyofa”si, yaʼni unda odam va olam manzarasining aks etishi avvalo adabiy qahramonlarda namoyon boʻladi. Adabiy qahramon obrazi har bir davrda milliy adabiyotda inson dunyosini anglash, tushunishda qanday darajaga erishilganini koʻrsatadi. Negaki qahramon dunyoqarashida, uning feʼl-atvori, kechinmalarida muayyan tarixiy davrning oʻziga ijtimoiy siyosiy xususiyatlari, kishilarning turmush tarzi namoyon boʻladi” deb taʼkidlangan. Ushbu kitobdagi maqolalarda doston, roman, hikoya, qissa, tragediya, drama, sheʼr insonning ruhiga taʼsir koʻrsatishi, oʻylantirishi, umuman, adabiyot ibrat olish mumkin boʻlgan adabiy qahramonlar taqdim etib, ularning turli holatlarini koʻrsatib berishi bilan ijtimoiy salmoqqa ega ekani qayd etiladi. “Asl asarlar sehri” esa Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor va Abdulla Oripov asarlari tahliliga bagʻishlangan boʻlib, unda diqqat markaziga “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Sarob” romanlari, “Anor”, “Bemor”, “Oʻgʻri”, “Dahshat” kabi hikoyalar qoʻyilib, ularda adabiy qahramonlar obrazi qanday gavdalantirilganiga urgʻu beriladi. “Qalb qandili” adabiy-tanqidiy maqolalar, adabiy portret, adabiy tanqidiy ocherkdan iborat boʻlib, unda dastlab Gʻafur Gʻulom, Abdulla Oripov, Xurshid Davron, Ikrom Otamurod, Abduvali Qutbiddin, Halima Ahmedova, Aziz Said sheʼrlari tahlil qilingan. “Sheʼrsevar el shoiri” adabiy portreti va “Tildan dilga” maqolasida esa isteʼdodli shoir Eshqobil Shukur ijodi yoritilgan.
“Baxtinning baxti va…” adabiy-tanqidiy ocherkida ulugʻ faylasuf, mashhur adabiyotshunos Mixail Baxtin ijodiy faoliyati bilan tanishtirilgan. A.Ulugʻovning “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida, turli toʻplamlarda bosilgan “Tush– gʻaroyib jumboq”, “Arastu anglatgan adabiyot”, “Gʻaddor yoxud tuhmatnomalarni kim bitgan?”, “Zamon va makon musavviri” kabi maqolalarida teran ilmiy kuzatishlar ehtiros bilan ifodalangan. “Adabiyotshunoslik nazariyasi” darsligi oliy oʻquv yurti talabalariga moʻljallangan boʻlib, unda adabiyotshunoslikdagi anʼanaviy qarashlar bilan zamonaviy yondashuvlarni oʻzaro uygʻunlashtirishga harakat qilingan. Adabiyotshunosning “Vatan – jon va tan” kitobida XX asr oʻzbek sheʼriyatida Vatan mavzusi qanday talqin qilingani haqidagi adabiy-tanqidiy maqolalari hamda “Tabarruk Termiz” badiasi jamlangan. Maqolalarda Fitrat, Choʻlpon, Hamzaning Vatan ozodligi orzusida yonib bitgan sheʼrlari, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda Oʻzbekistonni toʻlib-toshib madh
etgani, Abdulla Oripovning ayni mavzudagi sheʼrlari Vatan toʻgʻrisidagi tasavvurimizni teranlashtirish bilan adabiyotimizda chinakam yangilik boʻlgani bayon qilingan. “Tabarruk Termiz” badiasida ushbu qadimiy shahar jonajon yurtimizning muborak maskanlaridan biri ekanligi taʼriflangan.
A.Ulugʻov “Sanʼat”, “Bozor, pul va kredit”, “Boshlangʻich taʼlim” jurnallari, “Hurriyat” gazetasi va boshqa nashrlarda oʻrindoshlik asosida faoliyat olib borgani uchun sohaga tegishli koʻplab maqolalarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Uning tarjimasida Turdali Masutovning necha oʻn yillardan beri dunyo ahlini bezovta qilib kelayotgan afgʻon voqealariga bagʻishlangan “Qil ustidagi qismat” hujjatli qissasi (Toshkent:“MЕRIYUS” XMNK, 2016. – 416 bet) bosilib chiqqan.
Maqolalari Istanbulda chop qilingan “Turk dunyosi yozuvchilari ensiklopediyasi”da, Ozarbayjon, Qozogʻistonda nashr etilgan ilmiy toʻplamlarda bosilib chiqqan.
2011 yilda “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan.
2013 yilda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 22 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan “Vatan uchun yashaylik” III Respublika tanlovida uning “Qalb qandili” kitobi ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlangan.
Turkiyada nashr etilgan “Turk dunyosi adabiyoti” koʻp jildli qomusida qator maqolalari eʼlon qilingan.
Ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasi professori sifatida faoliyat olib bormoqda.
U 14.05.1992 yildan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosidir (guvohnoma raqami YU №0131).