Usarov Maxamatali Koraboyevich 1960 yil 15-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi, Fargʻona viloyati, Beshariq tumanida tugʻilgan.
Usarov Maxamatali Koraboyevich 1983 yilda Toshkent Davlat universitetini (hozirgi OʻzMUni) “Mexanika” mutaxassisligi boʻyicha tamomlab, shu yili OʻzR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutiga injener lavozimiga ishga qabul qilingan. Maxamatali Koraboyevich 1984-1987 yillarda OʻzR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti aspiranti, 1987-2014 yillarda OʻzR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida injener, kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim va katta ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan hamda doktarantura boʻlimida oʻqigan. U 2014 yildan hozirgi kunga qadar shu institutning "Fazoviy inshootlar dinamikasi" laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
M.K. Usarov 1990 yilda «Qoʻshimchasi boʻlgan uch qatlamli plastinalar ustuvorligi» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan. 2010 yilda esa katta ilmiy xodim ilmiy unvonini olgan. M.K. Usarov 2018 yilda «Qalin anizotrop plastinalarning bimomentli nazariyasi» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi. 2022 yili esa professor unvonini oldi.
Soʻnggi 20 yil ichida M.K. Usarov rahbarligida bajarilgan davlat grantlari asosida olib borilgan fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar laboratoriya ilmiy faoliyatida muhim oʻrin egallaydi. Bu davrda elastiklik nazariyasining uch oʻlchovli dinamik masalalarini gipotezalarsiz ikki oʻlchovli dinamik masalalarga keltirish va ularning sonli yechimlarini qurish usullari ishlab chiqildi hamda inshootlar dinamikasining dolzarb masalalarini yechishga tatbiq etildi.
M.K. Usarovning koʻp yillik ilmiy faoliyati davomida fundamental va amaliy yoʻnalishlarda, jumladan: qalin anizotrop plastinalar, qobiqlar egilishi va tebranishlarining gipotezalardan holi boʻlgan bimomentli nazariyasi hamda qalin ortotrop toʻldiruvchili uch qatlamli plastinalarning egilish va tebranishlar bimomentli nazariyasi ishlab chiqildi. Ushbu nazariyani hozirgi kunda M.K. Usarov oʻz shogirdlari bilan rivojlantirib kelmoqda.
Qurilgan plastinalar nazariyalari asosida koʻp qavatli binolarning seysmik tebranishlarini ifodalovchi fazoviy qalin plastinasimon dinamik kontinual modelini hamda uch qatlamli plastina koʻrinishidagi dinamik kontinual modellarini qurgan.
M.K. Usarov MDH davlatlari va respublikamizning bir qancha nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda ilmiy faoliyat olib boradi.
Jumladan, Rossiyaning Sankt-Peterburg Politexnika universiteti, Kaliningrad Davlat universiteti, Tomsk Davlat universiteti va Ukrainaning Xarkov universiteti hamda respublikamizning bir qancha oliy o‘quv yurtlari shular jumlasidandir.
Undan tashqari, xorijiy va respublika miqyosida oʻtkaziladigan nufuzli ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etadi.
M.K. Usarov Xarkov universiteti ilmiy jurnalining redkollegiya a’zolari safiga qabul qilingan. Professor M.K. Usarov koʻp yillardan beri OʻzR Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tashkil etilgan ilmiy darajalar beruvchi bir nechta ilmiy Kengashning aʼzosidir.
M.K. Usarov tomonidan 2 та ilmiy monografiya chop etilgan. Respublika va xorijiy nufuzli jurnallarda va ilmiy anjumanlar materiallarida 150 ga yaqin ilmiy maqolalar chop etilgan. Shu jumladan Web of Science bazasiga kiruvchi jurnallarda 6 ta maqola chop etilgan boʻlib h-indeksi 3 ga, SCOPUS bazasi tarkibiga kiruvchi jurnallarda 19 ta maqola chop etilgan boʻlib, h-indeksi 13 ga teng. Undan tashqari 10 dan ortiq nufuzli xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etilgan.
M.K. Usarov rahbarligida 2020 yilda Ayubov Gʻayratjon Toʻxtasinovich va 2021 yilda Mamatisayev Gʻiyosiddin Ilxomiddinovich deformatsiyalanuvchan qattiq jismlar mexanikasi yoʻnalishi boʻyicha dissertatsiya himoya qilgan va texnika fanlari boʻyicha falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan.
M.K. Usarov koʻp yillik ilmiy faoliyati natijalariga koʻra 2016 va 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 va 30 yillik yubiley koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.
Respublikamizda soʻnggi yillarda baland va koʻp qavatli binolarning bunyod etilishi munosabati bilan Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasining farmon va qarorlari eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan M.K. Usarovning ilmiy ishlari seysmik faol hududlarda quriladigan baland qavatli binolarni seysmik mustahkamlikka hisoblash usullarini ishlab chiqishga yoʻnaltirildi. 2023 yilda Usarov M.K. “Seysmik xavfsizlik sohasi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
M.K. Usarov OʻzR FA turli anjumanlarida faol ishtirok etadi. U shaxmat boʻyicha OʻzR Fanlar Akademiyasining ikki karra chempioni boʻlgan (2008, 2009 yillar) va uch marta faxrli ikkinchi oʻrinni (2005, 2006 va 2011 yillar) hamda ikki marta faxrli uchinchi oʻrinni olgan (2012, 2014 yillar). M.K. Usarov 2015 yili shaxmat boʻyicha sport ustaligiga nomzodlik darajasini bajargan.
Navroʻz bayrami munosabati bilan 2023 yil yangi ochilgan shaxmat klubida
yosh shaxmatchilar musobaqasi Usarov M.K. va Shaxmatning rapid (tezkor) yoʻnalishi boʻyicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov oʻrtasida oʻtkazilgan tezkor shaxmat oʻyini bilan ochib berilgan.
Professor M.K. Usarov rahbarligida institutning ilmiy ishlari borasida bugungi kunda 10 ta mualliflik guvohnomalari va 3 ta Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan berilgan ixtiro uchun patent, bir dona foydali model patenti mavjud.
Hozirgi kunda Maxamatali Koraboyevich OʻzR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, “Fazoviy inshootlar dinamikasi” laboratoriyasi mudiri lavozimida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
M.K. Usarov oliy oʻquv yurtlarida magistrlarga mexanika fanlari boʻyicha dars oʻtib, yoshlarga oʻz bilimlarini berib kelmoqda. Bir nechta magistrlik dissertatsiya ishlariga rahbarlik qilgan. M.K. Usarov Oliy oʻquv yurtlarida davlat imtihon komissiyalari aʼzosi sifatida ishtirok etib kelishi va olib borayotgan ilmiy izlanishlari bilan yurtimizda mexanika fanining rivojlanishiga oʻzining munosib hissani qoʻshib kelmoqda.