Abdurahim Vahobov 1954 yil 5 iyulda Toshkent shahrida tavallud topdi. 1961-1970 yillarda Toshkent shahar Chilonzor tumani 200-oʻrta maktabda oʻqidi. A.V.Vahobov 1970-1975 yillarda Toshkent Davlat universiteti Tarix fakultetining Siyosiy iqtisod boʻlimida taʼlim oldi va 1975 yilda imtiyozli diplom bilan tamomladi. Yosh mutaxassis Davlat komissiyasi qaroriga koʻra, ToshDU iqtisodiy nazariya kafedrasida oʻqituvchi lavozimida ishga qoldirildi.
1977-1980 yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Iqtisodiyot instituti aspiranturasida oʻqidi. 1983 yilda “Rivojlangan sotsializm sharoitida jamgʻarish va isteʼmol oʻrtasidagi nisbat” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1975-1993 yillarda Toshkent Davlat universiteti “Iqtisodiy nazariya” kafedrasida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. 1993-2003 yillarda Iqtisodiyot fakulteti dekani, oʻrindoshlik asosida “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi.
2001 yilda “Bozor munosabatlari tizimida ijtimoiy fondlar” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2003-2005 yillarda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kafedrasini boshqardi. 2005-2006 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar markazi direktorining oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatdi. 2006-2012 yillarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bank-Moliya Akademiyasining rektori lavozimida ishlagan. 2012 yildan boshlab OʻzMU Iqtisodiyot fakulteti “Makroiqtisodiyot” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Professor A.V.Vahobov tashabbuskorligi va rahbarligida OʻzMU Iqtisodiyot fakultetida “Biznesni boshqarish”, “Jahon iqtisodiyoti”, Iqtisodiyot fakulteti uchun “Chet tili”, “Iqtisodiyotda matematik metodlar” kafedralari, fakultet kutubxonasi, uch lingafon va kompyuter sinflari ochildi. Prof. A.V.Vahobov tashabbusi va rahbarligida “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar”, “Biznes” yoʻnalishlari boʻyicha bakalavriaturaga, 1999-2003 yillarda “Menejment”, “Iqtisodiy nazariya”, “Mintaqaviy iqtisodiyot”, “Biznesni boshqarish”, “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar”, “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti” va “Makroiqtisodiyot” mutaxassisliklari boʻyicha magistraturaga qabul ochildi.
Olimning rahbarligi oʻlaroq 1993-2003 yillarda fakultetda faoliyat yuritayotgan kafedralar soni 9 taga, talabalar soni esa 450 nafardan 1300 nafarga yetdi va OʻzMU Iqtisodiyot fakulʼteti mamlakatda iqtisodchi kadrlar tayyorlaydigan, faol ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan yetakchi ilmiy markazlardan biriga aylandi.
Prof. A.V. Vaxabov 2005 yil sentyabrdan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar markazi (hozirgi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti) direktorining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi va ushbu ilmiy markazni Iqtisodiyot huzuridagi “Samarali sanoat siyosati”, Moliya vazirligi huzuridagi “Moliyaviy tadqiqotlar instituti” va Markaziy bankning ilmiy tadqiqot instituti va markazini birlashtirish asosida tashkil etish ishlariga rahbarlik qildi. Ushbu markaz mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirishning amaliy muammolarini tadqiq etish bilan shugʻullana boshladi.
2006 yilda prof. A.V. Vaxabov Oʻzbekiston Respublikasi Bank-Moliya Akademiyasi rektori etib tayinlandi. Uning rahbarligi va tashkilotchiligi asosida olti mutaxassislik boʻyicha yiliga 120 ta magistrant tayyorlaydigan akademiya 12 mutaxassislik boʻyicha yiliga 200 magistrant qabul qiladigan respublikada moliya, bank, sugʻurta, soliq mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurtiga aylandi. Akademiyani xalqaro aloqalari rivojlandi va magistrantlarning aksariyati Xalqaro Valyuta jamgʻarmasi, Yaponiya hukumatini Moliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi, Shveysariya Markaziy banki, Koreya Respublikasi hukumati grantlari, Lyuksemburgning “Moliya texnologiyalarini uzatish agentligi”, Germaniyaning Bremenxavfen amaliy fanlar universiteti. Chexiyaning Biznes va Menejment universitetlari bazasida malakaviy amaliyotni oʻtkazish, jahonning yetakchi ilmiy markaz va universitetlarni professor-oʻqituvchilari tomonidan akademiya magistrantlariga maʼruza oʻqish va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish amaliyoti joriy qilindi. Bank-Moliya akademiyasi huzuridagi muntazam faoliyat yuritadigan 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit, 08.00.08 – Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit, 08.00.04 – Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti ixtisosliklari boʻyicha respublikada yagona doktorlik dissertatsiyalari himoya qiluvchi birlashgan ixtisoslashgan ilmiy kengash ochildi va 2006-2012 yillarda muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatdi. Akademiyada “Iqtisodiy nazariya”, “Moliya, pul muomalasi va kredit”, “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit”, “Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti” ixtisosliklari boʻyicha doktarantura ochildi.
Akademiya professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati ortib (ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilar ulushi 92% ga yetdi) mamlakatda yuqori malakali iqtisodchi kadrlarni oʻqitishning interfaol, zamonaviy pedagogik usullarini qoʻllash orqali tayyorlaydigan yetakchi ilmiy markazlardan biriga aylandi.
Prof. A.V. Vaxabov taniqli, yetakchi iqtisodchi olim sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, , Bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbar xodimlari uchun muntazam maʼruzalar oʻqib bordi va davra suhbatlari oʻtkazdi.
Professor A.V. Vaxabov 2012 yildan eʼtiboran OʻzMU Iqtisodiyot fakulteti Makroiqtisodiyot kafedrasini boshqarib kelmoqda. Prof. A.V. Vaxabov taniqli olim sifatida OʻzMU huzuridagi pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish mintaqaviy markazi, TDIU huzuridagi pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazida malaka oshirayotgan professor-oʻqituvchilarga muntazam ixtisoslik fanlaridan maʼruzalar oʻqiydi va amaliy mashgʻulotlar olib boradi. Uning bevosita rahbarligida tashkil etilgan Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi doktorlik dissertatsiyalari himoyasi boʻyicha 08.00.01 – “Iqtisodiyot nazariyasi”, 08.00.12. – “Mintaqaviy iqtisodiyot” ixtisosliklari boʻyicha D.067.02.15. (2002-2007 yy.) va Oʻzbekiston Respublikasi Bank-Moliya Akademiyasi huzuridagi 08.00.07. – “Moliya, pul muomalasi va kredit”, 08.00.08. – “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit”, 08.00.04. – “Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti” ixtisosliklari boʻyicha D.005.25.01. – sonli (2007-2012 yy.) Ixtisoslashgan Kengashlarga raislik qilgan. 2014-2016 yillarda Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi 14.07.2016.1.03.01. – sonli Ilmiy Kengash aʼzosi va 2017 yildan boshlab esa Toshkent Moliya instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.1.17.01. – raqamli Ilmiy Kengash raisining oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
2018 yildan eʼtiboran Oʻzbekiston Milliy Universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc 03/30.12.2019.1.01.11 raqamli ilmiy kengash raisi oʻrinbosari, kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi va Kimyo xalqaro universiteti huzuridagi DSc.03/06.06.2024.I.133.01 raqamli ilmiy kengash raisi hisoblanadi.
1995-2023 yillarda prof. A.V.Vaxabov tashkilotchiligi va rahbarligida 80 dan ortiq xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferensiyalari oʻtkazildi. U yirik olim sifatida 1995-2024 yillarda Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot Dasturi, AQSh Taraqqiyot agentligi, AQSh elchixonasi, Yaponiya Xalqaro Taraqqiyot agentligi (JAICA), Yevropa Ittifoqining TASUS-TEPUS dasturlari, Daniya taʼlim va tashqi ishlar vazirligi, Folksvagen fondi, Jahon kredit ittifoqi kengashining oʻndan ortiq xalqaro oʻquv, ilmiy loyihalari grantlariga sazovor boʻldi.
Prof. A.V. Vaxabov ilmiy rahbarligida 2005-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining koʻplab fundamental va amaliy ilmiy grantlari amalga oshirildi.
1. OT-F-124 – Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni faollashtirish va qishloq hududlarida institusonal islohotlarni chuqurlashuvi (2007-2011 yy.);
2. F-1-115 – Iqtisodiyotni modernizasiyalashning konseptual asoslarini takomillashtirish (2012-2016 yy.);
3. F-1-176 – Barqaror iqtisodiy rivojlanishni “yashil iqtisodiyot” asosida taʼminlashning konseptual asoslarini takomillashtirish (2017-2021 yy.).
4. A-2-61 – Pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini taʼminlash yoʻnalishlari (2014-2016 yy.).
5. PZ-20170930109-Aholini ijtimoiy jihatdan muhtoj qatlamlarini aniqlash va ularni ijtimoiy-himoya qilish tizimi manzilligini kuchaytirish mexanizmini takomillashtirish yoʻnalishlari (2018-2020 yy.)
6. A-OT-2021-461-“Umumtaʼlim muassasalarida moliyaviy savodxonlik asoslari va qimmatli qogʻozlar bozorini oʻrganish boʻyicha multimediya texnologiyalariga asoslangan oʻquv kursi platformasini yaratish” (2021-2022 yy.)
7. AL-5522012157-“Oʻzbekistonda aholi kambagʻalligini aniqlashning interaktiv shaklidagi elektron platformasini yaratish” (2022-2023 yy.)
Prof. A.V. Vaxabov jahonning quyidagi yetakchi universitetlarida malaka oshirgan, ilmiy stajirovkada boʻlgan, maʼruzalar oʻqigan, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarida ilmiy maʼruzalar bilan qatnashgan: Varshava Universiteti (Polsha, 1989 y.); Jahon banki instituti (AQSh, 1995 y.); Kopengagen Universiteti (Daniya, 1995 y.); Kopengagen Biznes maktabi (Daniya, 1998 y.); Surrey Universiteti (Buyuk Britaniya, 1995 y.); Moskva Davlat universiteti (Rossiya, 1990, 1995, 1996, 2006 yy.); Kiev Davlat universiteti (Ukraina, 1995, 1996 yy.); Birlashgan Vena universiteti (Avstriya, 1996, 1997, 1998 yy.); Rossiya Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatchilari Akademiyasi (Rossiya, 1996, 1997 yy.); Rossiya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Moliya universiteti (Rossiya, 2007, 2009 yy.); Qozogʻiston Milliy universiteti (Qozogʻiston, 1995, 1996, 2006 yy.); Chonju universiteti (Koreya Respublikasi, 1996 y); Boku Davlat universiteti (Ozarbayjon ,1995, 1996 yy.); Moldova Boshqaruv Akademiyasi (Moldova, 1996 y.); Tojikiston Milliy universiteti (1995,1996 yy.); Tbilisi Davlat universiteti (Gruziya 1997y.); Amsterdam universiteti (Niderlandiya 1997 y.);Erevan Davlat iqtisodiyot universiteti (Armaniston 1998 y.); Garvard Universiteti (AQSh, 1999 y.); Budapesht Universiteti (Vengriya 2001 y.); Ekzeter Universiteti (Buyuk Britaniya, 2001 y.); Qirgʻiziston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi (Qirgʻiziston Respublikasi, 1996, 2006, 2016 yy.); Xitoy Ijtimoiy fanlar Akademiyasining Sharqiy Yevropa, Rossiya, Markaziy Osiyo instituti (Xitoy, 2005 y.); Telʼ-Aviv Universiteti (Isroil, 2007 y.); Bryussel universiteti (Belgiya, 2007 y.); Moliyaviy texnologiyalarni uzatish agentligi, Lyuksemburg universiteti (Lyuksemburg, 2007, 2010 yy.); Bremerxafen Texnologiya universiteti (Germaniya, 2008, 2017 yy.); Frankfurt moliya va menejment Akademiyasi (Germaniya, 2007, 2009 yy.); Potsdam universiteti (Germaniya 2007 y.); Shanxay universiteti (Xitoy, 2008 y.); Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (Singapur, 2007 y.); Yodjou texnologiya instituti (Koreya Respublikasi, 2008 y.); Yaponiya Moliya Vazirligi huzuridagi Siyosiy Tadqiqotlar instituti (Yaponiya, 2009, 2010 yy.); Sankt-Peterburg Xalqaro Bank instituti (Rossiya, 2011 y.); Praga oliy iqtisodiyot maktabi (Chexiya, 2011 y.); Praga iqtisodiyot va menejment universiteti (Chexiya, 2012 y.); Koreya rivojlanish instituti (Koreya Respublikasi, 2016 y.); Koreya xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti (Koreya Respublikasi, 2016 y.); Seul Milliy universiteti (Koreya Respublikasi, 2016 y.), Kolumbiya universiteti, Chikago universiteti, Ruzvelt universiteti, Missuri universiteti (AQSh, 2023 y.).
Professor A.V.Vaxabov tomonidan 400 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan, 42 darslik, oʻquv qoʻllanma, 12 ta ilmiy monografiya, 37 ta ilmiy-metodik qoʻllanma, 162 ta ilmiy maqola, shu jumladan, 34 tasi xorij ilmiy jurnallari, jumladan Scopus platformasiga kiruvi ilmiy jurnallarda 5 ilmiy maqolalar va xalqaro konferensiya materiallari toʻplamlarida chop etilgan. Prof. A.V.Vahobov “Milliy iqtisodiyotni modernizasiyalash va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash” mavzusida ilmiy maktab yaratib, uning rahbarligida 40 fan nomzodlari (PhD) va 10 fan doktori (DSc) jumladan, toʻrtta xorijlik olim dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Prof. A.V. Vaxabov ilmiy tadqiqotlari xalqaro ilm ahillari tomonidan eʼtirof etilib Google Scholar Citation maʼlumotlar bazasida 734 iqtibosga ega boʻlib, Xirsh indeksi – 15 ga teng.
2012 yilda Chexiya Respublikasining Iqtisodiyot va menejment universitetining taklif etilgan faxriy professori (visiting professor) unvoniga sazovor boʻldi. 2014 yilda Rossiya Mehnat va bandlik akademiyasi aʼzoligiga saylandi. 2015 yil Termiz Davlat universiteti faxriy professori ilmiy unvoniga sazovor boʻldi. 2023 yilda AQSh Iqtisodiyot fanlari akademiyasining akademigi haqiqiy aʼzoligiga saylandi.
Prof. A.V. Vaxabov 2011 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligini 20 yilligi koʻkrak nishoni, 2022 yilda Oʻzbekiston Faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi vasiylik kengashi qaroriga koʻra birinchi darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni, 2023 yilda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini “Universitet iftixori” esdalik nishoni, 2023 yil 25 sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Prof. A.V. Vaxabov taniqli olim sifatida 2005-2012 yillarda “Oʻzbekiston iqtisodiyoti axborotnomasi”, “Ekspert. Biznes” ilmiy-amaliy jurnallari, 2012 yildan “Iqtisodiyot va moliya”, 2023 yildan “Innovatsion iqtisodiyot”, “Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyoti”, xalqaro “Alfraganus” ilmiy jurnallari tahririyat kengashi aʼzosi hisoblanadi.
A.V. Vaxabov isteʼdodli olim, yuqori malakali mutaxassis, mehnatsevar, prinsipial, tajribali rahbar, fan tashkilotchisi va mohir pedagog sifatida xorij va Respublika iqtisodchi olimlari hurmatini qozongan.
Oilali, uch farzandning otasi.